Fiskal siyosatning iqtisodiy mazmuniga doir turli xil qarashlarni tahlil qilish, aniq iqtisodiy-ijtimoiy tizimlar sharoitida amal qilish xususiyatlarini hamda davlatning iqtisodiyotga samarali ta’sir qilish dastaklaridan ekanligini asoslash va milliy iqtisodiyotning muvozanatligini ta’minlashdagi ustuvor yo‘nalishlarini, aniq iqtisodiy tamoyillarini belgilash zarur bo‘ladi. Chunki, davlat paydo bo‘lishi bilan fiskal siyosat jamiyatdagi turli xil iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishning zaruriy tarkibiy qismi va jamiyat rivojlanishini taqazo qiladigan talablaridan biri bo‘lib kelgan. Davlatning iqtisodiy siyosatiga mos ravishda moliyaviy siyosat dastaklari o‘zgarib va to‘xtovsiz takomillashib borgan.
Davlat fiskal siyosati– bu davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari tarkibiy qismini o‘zgartirish orqali milliy iqtisodiyotga ta’sir qilishni anglatadi.
“Fiskal” lotincha “fiscus” so‘zidan olingan bo‘lib, xazina degan ma’noni bildiradi. Bu o‘z navbatida “xazina siyosati” degan tushunchani ham yuzaga keltiradi. Fiskal, ya’ni xazina siyosatiga insoniyat tarixida o‘tgan yirik davlat arboblaridan biri, o‘rta asrlarda buyuk saltanat barpo qilgan Amir Temur katta e’tibor qilgan. U davlatni idora qilish tizimini yuzaga keltirishda asosan xazinani to‘ldiruvchi soliqlarga tayangan.
Bu davrning moliyasi iqtisodiy tizimning eng muhim unsurlaridan biri bo‘lib, u davlat boshqaruvida markaziy o‘rinni egallagan. Ammo, moliyaviy munosabatlar bu davrda o‘z rivojida yuqori darajaga etmagan bo‘lib, u aholi soliq to‘loviga nisbatan faqat o‘z mohiyatini xazinada topgan. Xazina har qanday tizimda ham davlatni boshqarish vositasi bo‘lib xizmat qilgan.
Shu bois “Temur tuzuklari”da “davlatu saltanat uch narsa bilan: mulk, xazina va lashkar bilan tirikdir. Dono vazir bularning uchalasini yaxshi ahvolda saranjom tutadi”, - degan fikr ilgari suriladi.
Fiskal siyosatdan iqtisodiyotni tartibga solish va uning muvozanatligini ta’minlash dastagi sifatida foydalanish haqidagi fikr ingliz iqtisodchisi D.M.Keynsga mansubdir2. U jamiyat taraqqiyot darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning 3 guruhini ajratib ko‘rsatib, birinchi guruhga: ishchi kuchining miqdori va malaka darajasi, mavjud uskunalar soni va sifati, tadbiq etiladigan texnologiya, raqobatning etuklik darajasi, iste’molchining didi va odatlari, turli jadallikdagi mehnatning og‘irligi, nazorat va ishlab chiqarishni tashkil etishning ahamiyati, shuningdek jamiyatning tarkibiy tuzilishini kiritadi, D.Keyns ikkinchi guruhga mustaqil o‘zgaruvchan omillarni: iste’molga moyillik, kapitalning samaradorligi va foiz normasini, uchinchi guruhga bandlik va milliy daromad hajmini kiritgan.
D.Keyns iqtisodiyotga davlatning aralashuvni mustaqil o‘zgaruvchan omillarga ajratib, u bandlik va milliy daromad hajmiga ta’sir ko‘rsatadi deb hisoblangan. Bunda xal qiluvchi shart sifatida davlat fiskal va pul kredit siyosati investitsiyalarni rag‘batlantirishda namoyon bo‘ladi, deb ko‘rsatadi.
Coliqlar fiskal siyosatning bir qismi sifatida namoyon bo‘lishini K.Makkonell va S.Bryu ko‘rsatib uni rag‘batlantiruvchi va to‘sqinlik qiluvchi siyosatlar sifatida ifodalashga alohida e’tibor qaratadi. Fiskal siyosatning asosiy maqsadi, -deb yozishadi ular, ishsizlik va inflyasiyani tugatishdan iboratdir. Tanazzul davrida kun tartibida rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat to‘g‘risidagi masala paydo bo‘ladi. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: (1) davlat xarajatlarining ko‘payishi yoki (2) soliqlarning pasayishi, yoxud (1) va (2)ni birga qo‘shib olib borish. Agar iqtisodiyotda ortiqcha talab tufayli paydo bo‘lgan inflyasiya sodir bo‘lsa, bunga to‘sqinlik qiluvchi fiskal siyosat mos keladi. Bunday fiskal siyosat quyidagilarni o‘z ichiga oladi: (1) xukumat xarajatlarining kamayishi, yoxud (2) soliqlarning ko‘payishi, yoxud (1) va (2)ning birga qo‘shib olib borilishi. Fiskal siyosat bashartida iqtisodiyot oldida inflyasiya ustidan nazorat qilish muammosi turadigan bo‘lsa, xukumat byudjetining ijobiy qoldig‘iga tayanishi lozim”3. XX asrning 20-yillariga kelib, davlat moliya siyosati neoklassik oqim vakillarining konsepsiyasiga asoslangan, uning asosiy yo‘nalishi quyidagilardan iborat bo‘lgan: davlatning iqtisodiyotga aralashmasligi; erkin raqobatga asoslangan xo‘jalik faoliyatini tartiblashda bozor mexanizmidan samarali foydalanish.
Davlat monopolistik kapitalizmining rivojlanishi oqibatida, 30-60 yillarga kelib moliyaviy siyosat negizida asosan keynischilik va neokeynschilik oqim maktablarining iqtisodiy konsepsiyalari joy oldi.
Keyinchalik yo‘nalishining moliyaviy konsepsiyasida quyidagi asosiy yo‘nalishlar ustuvorlikni egallagan;
Kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonining barcha muhim muammolarini resurslar taklifini o‘rganish bilan emas, balki resurslarning sotilishini ta’minlovchi talab nuqtai nazaridan qarab chiqish zarur;
Kapitalistik iqtisodiyot har doim ham o‘zini-o‘zi tartibga solishga layoqatli emas. Shunday ekan, mehnat va kapital yuqori darajada umumlashgan sharoitda davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvi muqarrardir. Bunda davlat tomonidan tartibga solish iqtisodiyotni narx yordamida tartiblash mexanizmi orqali to‘ldirib borilishi zarur;
Takror ishlab chiqarish jarayonida yuzaga keladigan ortiqcha ishlab chiqarish, iqtisodiy beqarorlik holatlarining sababi talabning etishmasligidandir, shunday ekan iqtisodiyotdagi muvozanatlikni ta’minlash muammosini talab nuqtai nazaridan hal qilish zarur. Buning uchun Keyns “samarali talab” tushunchasini kiritadiki, u daromad va bandlik, iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi muvozanatlikni o‘zida mujassamlashtiradi;
Davlatning iqtisodiyotni tartibga solishdagi muhim dastagi bu byudjet siyosatidir. Davlat byudjeti va moliyaviy siyosatning asosiy maqsadi ishchi kuchi va ishlab chiqarish uskunalarining bandligini ta’minlashdan iboratdir4.
Iqtisodiyotning siklik rivojlanishi va krizislarni bartaraf etishning asosiy dastagi bu – davlat xarajatlaridir. Keynsning fikricha, uning shakllanishi, tuzulishi va o‘sishi “samarali talab”ga erishishdagi muhim omildir.
Shunday qilib, Keyns davlat monopolistik kapitalislik iqtisodiyotni tartibga solishda yangi moliya nazariyasining ustuvor yo‘nalishini ishlab chiqdi. Mazkur moliyaviy siyosat Keyns izdoshlari tomonidan (Amerikada – R.Xarrod, A.Ouken, U.Xeller,
Buyuk Britaniyada – J.Vaysman, Fransiyada – F.Perru, Yaponiyada – K.Emi, X.Itolar) amaliyotga joriy etildi. Bu 40-60 yillarda iqtisodiyotni tartibga solishda ijobiy natijalarni berdi. 70-yillargacha ko‘pchilik etakchi g‘arb davlatlarning moliya nazariyasi va amaliyoti asosida Keyns nazariyasining qoidalari yotadi.
Neokonservatorlar Keyns ta’limotining ayrim kamchiliklarini topib, unga muqobil o‘z konsepsiyalarini ilgari suradi. Bular asosan quyidagilardan iborat:
Keyns konsepsiyasidagi inflsiyani jilovlash, ishlab chiqarish va bandlikni kengaytirishda moliyaviy dastaklardan foydalanish to‘g‘risidagi fikriga qarshi muomaladagi pul miqdorini kamaytirish haqidagi g‘oyalari;
Soliqlarning tez o‘sishi ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlarning moddiy manfaatdorligini pasaytirib yuborishi sababli taklifni kengaytirish orqali iste’molchilik talabini muvozanatlashtirish, soliqlarni ratsional darajada pasaytirib, erkin xususiy tadbirkorlik va bozor raqobatini rivojlantirish to‘g‘risidagi fikrlari;
Davlatning iqtisodiyotga aralashuvi faqatgina ayrim xizmatlar, xo‘jalik faoliyatini himoya qilish bilan cheklanishi kerakligi to‘g‘risidagi fikrlari;
Fiskal siyosat oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, uning uchta yo‘nalishi, ya’ni iqisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, barqarorlashtirish va iqtisodiy faoliyatni chegaralash siyosatlarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.
Iqtisodiy o‘sish maqsadlaridan kelib chiqib, fiskal siyosat bandlik darajasini va shu orqali YaIM real hajmini oshirishga yo‘naltiriladi. Bunda rag‘batlantiruvchi fiskal siyosatning dastaklari davlat xarajatlarining o‘sishi va soliq stavkalarining pasayishi hisoblanadi.
Boshqacha aytganda, hozirgi davrda davlatning byudjet barqarorligini ta’minlashga qaratilgan moliyaviy siyosati iqtisodiy inqiroz yoki turg‘unlik davrida byudjet taqchilligini bartaraf etish maqsadlariga qaratilishi zarur.
Agar davlat o‘zining fiskal va xarajatlar siyosatidan foydalanib, mahsulot ishlab chiqarish hajmini bir me’yorda ushlab turishga va narxlarning barqarorligini ta’minlashga intilsa, bunda uning iqtisodiyotni barqarorlashtirish orqali iqtisodiy jarayonlarini rag‘batlantirish yoki ushlab turishga qaratilgan moliyaviy siyosat turlicha maqsadni ko‘zlab, bir-biridan farqlanadi.
Davlatning iqtisodiy faollikni cheklash siyosati real YAMM hajmining potensial darajasidan keskin farq qilishini kamaytirishga yo‘naltirilib, bu ayni vaqtda iqtisodiy o‘sish va uning tanazzuli davrlarida inflyasiya va ishlab chiqarishdagi inqirozli jarayonlardan qochishga qaratiladi.
Iqtisodiyotning siklli rivojlanishini tartibga solish orqali makroiqtisodiy muvozanatlikni ta’minlab borishga qaratilgan fiskal siyosat bir qator moliyaviy vosita va iqtisodiy dastaklar yordamida amalga oshiriladi. Qo‘llaniladigan bu barcha moliyaviy vosita va dastaklar birgalikda tartibga solishning moliyaviy mexanizmini tashkil qiladi.