Kinematikadagi asosiy tushunchalar va jismlar harakatini o’rganish
Kinematika-mexanikaning bir bo’limi bo’lib, bunda uning asosiy masalasining bir qismi hal qilinadi. Bu bo’limda o’quvchilar butun fizika kursini o’zlashtirish uchun zarur bo’lgan tushunchalar bilan tanishadilar. Bu tushunchalarga moddiy nuqta, koordinataviy tizim, sanoq tizimi, ko’chish, tezlik, o’rtacha va oniy tezlik, tezlanish, vektor va uning proyektsiyalari tushunchalari kiradi. Shuningdek, bu bo’limda o’quvchilar butun fizika kursini o’zlashtirish uchun zarur bo’lgan harakatning nisbiylik nazariyasi tushunchasi bilan tanishadilar. Ushbu mavzuda shakllantirilayotgan tushunchalar fizika kursining boshqa bo’limlarida ko’p qo’llaniladi. Shuning uchun bu tushunchalarni o’zlashtirilishi katta ahamiyatga ega.
Mexanikani o’rganish moddiy nuqta kinematikasidan boshlanadi. Mexanik harakatlarni klassifikatsiyalash uchun moddiy nuqta harakat trayektoriyasi tushunchalarini kiritish zarur. Harakat vaqtida jismning istalgan nuqtasi hosil qiladigan chizig’i trayek-toriya deyiladi, degan tushuncha murakkab emas. Bu tushuncha konkret misollar ustida oydinlashtiriladi: bo’rning doskaga qolgan izi va hokazo. Moddiy nuqta tushunchasi esa juda abstraktdir. Shuning uchun bu tushunchaning kiritilishi o’quvchilarga yetarli darajada batafsil asoslab berilishi lozim. Jismlar harakatining ba‘zi turlarini o’rganishda bu tushunchaning zarurligini va undan foydala-nishga to’g’ri kelishini tushuntirish lozim. Biz fizikaning mexanika bo’limini o’rganishda modellashtirish usulidan foydalanib ko’plab kinematik masalalarni hal etamiz. Misol uchun, jismning ilgarilanma harakatini yozishni o’rganishda uning bironta nuqtasining harakat qonunlarini bilish kifoya. Shuning uchun ham jismning ilgarilanma harakatini o’rganishda uni moddiy nuqta deb, modellashtirib tushuntirish mumkin.
O’quvchilar jism vaziyatini uning koordinatalari bo’yicha aniqlash usulini o’zlashtirib olishlari uchun ularga biron harakatlanayotgan jismning bir necha turli vaziyatini qayd etishni va tanlab olingan sanoq sistemasiga nisbatan vaziyatdagi koordinatalarini aniqlashni taklif etish lozim. Koordinata tushunchasi faqatgina biror sanoq sistemasiga nisbatan ma‘noga ega ekanligini uqtirib o’tish muhimdir. Doska bo’yicha ko’chirilayotgan bo’r, suyuqlik bilan to’ldirilgan uzun shisha naydagi havo pufagi harakatlanayotgan jism bo’lishi mumkin. Sinf doskasiga ikkita koordinatalar sistemasini chizib o’quvchilarga ularning har birida A va B jismlarning koordinatalarini aniqlashni taklif etish shu va shunga o’xshash mashqlar orqali koordinatalarning nisbiyligini o’zlashtirishga yordam berish maqsadga muvofiqdir.
Dostları ilə paylaş: |