Jufti bor jarangli undoshlar: b, v, g, d, z, j, g‘ Jufti bor jarangsiz undoshlar: p, f, k, t, s, ch, sh, x. Jufti yo‘q jarangli va jufti yo‘q jarangsiz undoshlar bilan ham o‘quvchilar har xil fonetik sharoitda tovushlarni talaffuz qilishni kuzatish jarayonida tanishtiriladi. Buning uchun o‘quvchilar so‘z oxirida yoki unli tovushdan oldin kelgan ko‘l, bilim, otam, olmos; quyon, bino; shifoner, fabrika; tong, singil; qo‘y, kiyik kabi so‘zlardagi jarangli undoshning talaffuzini taqqoslaydilar va l, m, n, r, ng, y jarangli undosh tovushlar talaffuz qilinganda, ovoz va shovqin eshitilishini, ya‘ni jarangli undosh tovush ekanini, bularning jarangsiz jufti yo‘qligini (jufti yo‘q jarangli undosh tovush ekanini) bilib oladilar. Xuddi shunga o‘xshash usulda o‘quvchilar q, h undoshlari talaffuz qilinganda, faqat shovqin eshitilishini, jarangsiz undosh tovush ekanini, jarangli jufti yo‘qligini (jufti yo‘q jarangsiz undosh tovush ekanini) bilib oladilar. Kuzatish natijasi xattaxtaga quyidagi ko‘rinishda yoziladi (yoki kartonda tayyorlangan ko‘rgazma ko‘rsatiladi):
Jufti yo‟q, jarangli undoshlar:l, m, n, r, ng, y Jufti yo‟q jarangsiz undoshlar: q, h Bolalar jufti yo‘q jarangli undosh tovush so‘zning oxirida kelganda ham alifbodagi xuddi shu harf yozilishini, ya‘ni talaffuzi doim yozilishiga mos kelishini bilib olishlari yetarli. Jufti bor jarangli undosh tovushlar so‘z oxirida kelganda, bunday moslik bo‘lmaydi, ya‘ni ko‘pincha uning jarangsiz jufti talaffuz qilinadi (maktap, ozot kabi). Bunday so‘zlar o‘zbek tilida ko‘p bo‘lgani uchun I sinfdanoq o‘quvchilarni ularning ayrimlari bilan tanishtirish zaruriyati tug‘iladi. Dasturga ko‘ra, I sinf o‘quvchilari b va d jarangli undoshi so‘z oxirida kelganda, uning jarangsiz jufti p va t talaffuz qilinishi bilan va bunday so‘zlarning yozilishini qanday tekshirish bilan tanishtiriladi. Ularning talaffuzi va yozilishini tekshirishda fonetikaga asoslaniladi. O‘quvchilar fonetik bilimlariga asoslangan holda, jufti bor jarangli undoshlarning yozilishini quyidagicha tushuntiradilar:
– Kitob so‘zi oxirida jufti bor undosh tovushni eshityapman, shuning uchun so‘zni tekshirish kerak. Shu undoshdan keyin unli tovush eshitiladigan so‘z tanlayman: kitobi. Kitobi so‘zida b tovushi eshitilyapti, shuning uchun kitob so‘zida b harfini yozaman.
Bunday muhokama yuritish uchun o‘quvchilar quyidagi bilim va ko‘nikmalarni egallashlari kerak:
1. Jufti bor jarangli va jarangsiz undosh tovushlarni ajratish.
2. So‘z oxirida kelgan jufti bor jarangli undosh tovushning jarangsiz jufti eshitilishi, shuning uchun bunday so‘zlarni tekshirish kerakligini bilish.
3. Undosh tovush unli tovushdan oldin kelganda, boshqa tovush bilan almashmasligini bilish. Undosh tovushdan so‘ng unli tovush kelgan so‘z tekshiruvchi so‘z bo‘la olishini bilish.
4. Tekshiruvchi va tekshiriluvchi so‘zdagi undosh harfni taqqoslash (kitobi – kitob, maqsadi – maqsad, maqsadga). Shunday qilib, o‘quvchilar qanday so‘zlar tekshirishni talab qilishi va uning sababini, qanday so‘zlar tekshiruvchi so‘z hisoblanadi va nima uchunligini bilishlari zarur.
O‘qituvchi qanday so‘zlar tekshirishni talab qilishini tushuntirish uchun jufti bor jarangli va jarangsiz undosh tovushi bo‘lgan so‘zlar ustida kuzatish o‘tkazadi: maktabim – maktab, tuzi – tuz kabi.
O‘quvchilar yozilishi talaffuzidan farq qiladigan so‘zlarni va so‘zdagi jarangsiz undosh tovush o‘ziga mos harf bilan ifodalanishini taqqoslash bilan so‘zning oxirida jufti bor undosh tovush kelsa, u so‘z tekshirishni talab qilishiga ishonadilar. Tekshirishga tayangan holda, yozishga imkoniyat yaratish uchun o‘quvchilar tekshiruvchi so‘zni tekshiriladigan so‘zdan doim oldin yozadilar: avlodi – avlod, kitobi – kitob. Bo‘g‘in ustida ishlash Bo‘g‘in murakkab tushuncha bo‘lgani uchun boshlang‘ich sinflarda uning qoidasi berilmaydi. Dasturga ko‘ra, o‘quvchilarda so‘zni bo‘g‘inlarga bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish vazifasi talab etiladi. O‘quvchilar so‘zni bo‘g‘inlarga bo‘lishda so‘zda nechta unli bo‘lsa, shuncha bo‘g‘in bo‘ladi, degan tushunchaga asoslanadilar. Bu tushunchani ular savod o‘rgatish davridayoq hosil qiladilar. Bolalar yozilgan so‘zdan dastlab unli harfni topadilar, keyin so‘zda nechta unli bo‘lsa, uni shuncha qism (bo‘g‘in)ga bo‘ladilar.
I sinfda o‘quv yilining birinchi yarmida og‘zaki va yozma tarzda bo‘g‘inlarga bo‘lish, shuningdek, o‘qituvchi topshirig‘iga ko‘ra, muayyan bo‘g‘inli so‘z tanlash mashqlari har kuni o‘tkaziladi. So‘zni bo‘g‘inlarga to‘g‘ri va tez bo‘lish ko‘nikmasini hosil qilish 1-sinfda o‘tkaziladigan muhim mashqlar qatoriga kiradi. O‘quvchilar o‘qish va yozish jarayonini egallashda mana shu ko‘nikmaga tayanadilar. O‘zbek grafikasida bo‘g‘in tamoyili yetakchi tamoyil hisoblanadi. O‘quvchi so‘zni to‘g‘ri yozish uchun uni avval bo‘g‘inlarga bo‘ladi. Bo‘g‘inlardagi tovushlarning o‘zaro bir-biriga ta‘sirini aniqlaydi, undosh va unli tovushlarni ifodalash uchun zarur harflardan foydalanadi. O‘quvchi quyidagicha muhokama yuritadi:
Dasturga ko‘ra, tutuq belgili (ma'no, sun'iy kabi) so‘zlarni bo‘g‘inga bo‘lish va ko‘chirishda tutuq belgisi har doim birinchi bo‘g‘inda bo‘lishi, katta, ikki kabi ikkita bir xil undoshli so‘zlarni bo‘g‘inga bo‘lganda ikkita bir xil undoshning biri oldingi bo‘g‘inda qolishi, ikkinchisi keyingi bo‘g‘inga o‘tishi (kat-ta, ik-ki kabi) o‘quvchilarga 2-sinfdayoq o‘rgatiladi.
Adabiyotlar