KIRISH Ekologiya yunoncha so’z bo’lib "oikos" (oykos) –yashash joyi, makon va «logos» – fan, so’zidan olingan bo’lib, tirik organizmlarning tevarak atrofdagi muxit bilan o’zaro munosabatini o’rganadigan biologic fan xisoblanadi. Ekologiya bu - organizmlar va ularning atrof- muhit bilan o’zaro sodir bo’layotgan hamkorligini o’rganadigan soha hisoblanadi.Ekologlar esa mana shu hamkorlikni o’rganadigan olimlardir.
Ekologiya muhit omillarining o`simlik va hayvonlar organizmiga ta`sirini, organizm va populyatsiyaning muhit omillariga ko`rsatadigan reaktsiyalarini, populyatsiyalar soni va tizimini bir xil saqlovchi mexanizmlarni (jarayonlarni), tabiiy guruhlarning biologik mahsuldorligini, biogeotsenozlar yoki ekosistemalarning harakatlanish qonuniyatlarini va biosferani o`rganadi. Tirik tabiat qanday tuzilgan, qaysi qonunlar asosida mavjud va rivojlanadi, u inson ta`siriga qanday javob beradi bularning barchasi ekologiyaning predmetidir.
Inson borki, hayot uchun kurashadi, tabiatning barcha injiqliklariga moslashishga intiladi, har bir kishi tabiat in`omlaridan foydalanadi, quradi, bunyod etadi. Odatda inson biror maqsadni ko`zlab tabiatning muayyan bir sohasida ijobiy yoki ko`pincha salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Kishilar o`zlari uchun istiqomat joylari barpo etar ekanlar, buni atrof-muhitning o`simlik va hayvonot dunyosiga qandaydir salbiy ta`siri bo`ladi, natijada tabiat kambag`allashib boradi. Inson qurilish materiallari sifatida tabiiy o`rmonlarni keragidan ortiqcha kesadi, demak o`simlik dunyosi qisqarib, u o`z navbatida atmosfera havosini musaffo bo`lishiga rahna tug`diradi, tuproq eroziyaga uchraydi, yer osti suvlari kamaya boradi, ko`chkilar paydo bo`lib, sel natijasida jarliklar hosil bo`lishi mumkin. Bu lavha insonning tabiatga ko`rsatgan ta`siridan bir parcha xolos.
Tabiatga nisbatan ko`r-ko`rona yondoshish, uning ehsonlaridan ayovsiz foydalanish pirovardida og`ir asorat qoldirishi mumkin. Bizni o`rab turgan butun tabiat, borliq, ming yillar mobaynida shunday bir muvozanatga kelganki, uning bir bo`lagiga etkazilgan ozor boshqa bo`laklariga ham salbiy ta`sir ko`rsatmay qolmaydi. Tabiatga ta`sir etishda ba`zi jiddiy xatolarga yo`l qo`yilishi mumkin ekanligini Orol fojiasi misolida yaqqol ko`rsatish mumkin.