XIV–XV asrlarda Oltin O‘rda. XIV asrning birinchi yarmida Oltin O‘rda davlati o‘z qudratining cho‘qqisiga erishadi. Bu jarayon O‘zbekxon (1312–1342) va uning og‘li Jonibek (1342–1357) nomi bilan bog‘liqdir. Oltin O‘rda qudratini mustahkamlagan omillardan biri islom dinining qabul qilinishi bo‘ldi. O‘zbekxon 1314-yilda islomni davlat dini deb e’lon qiladi. Unga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan zodagonlar va hatto qarindoshlari qatl etiladi. Mo‘g‘ullar davlati asoschisi Chingizxon barcha diniy e’tiqodlarga birday munosabatda bo‘lishni vasiyat qilgan edi. Uning avlodlari bu vasiyatni bajarishga harakat qilganlar. Oltin O‘rda poytaxti Saroyshahrida turli diniy ibodatxonalar qurilgan. Botuxon davrida shahar Saroy Botu deyilgan. O‘zbekxon va Jonibek davrida Oltin O‘rda shaharlari gullab-yashnagan. Ular iqtisodiy va madaniy hayot markazlariga aylangan. Saroy Botu va Saroy Berka dunyoning eng katta shaharlari qatorida bo‘lgan. Jonibekning vafotidan so‘ng Oltin O‘rda taxti uchun kurash boshlangan. To‘xtamishxonXIV asrning oxirida uni o‘n besh yilga yana birlashtirgan. Lekin davlat tarixining fojiali sahifalari aynan uning hukmdorligi bilan bog‘liqdir. Bunga To‘xtamishning Movarounnahr hukmdori Amir Temur bilan raqobati sabab bo‘lgan. Amir Temur Jo‘ji ulusiga qarshi uch marta yurish qilgan. Shimoliy Kavkazda 1395-yilda To‘xtamishning Amir Temurdan mag‘lubiyati Saroy, Saroy Berka, Astraxan shaharlarining vayron etilishiga sabab bo‘lgan. Shundan keyin savdo yo‘llari janub tomonga siljigan. Amir Temurning yurishlari Oltin O‘rdani uzil-kesil zaiflashtirgan. Oltin O‘rda XV asrning birinchi yarmidan qator xonliklarga bo‘linib ketgan. Ulardan eng yiriklari Qrim, Qozon, Sibir, Qozoq xonliklari va No‘g‘ayO‘rdasi bo‘lgan.