Yer egaligi. Dehli sultonligida barcha yerlar hukmdorniki hisoblangan. Mamlakatda yer egaligining asosiy turi iqto’ bo‘lgan. Viloyat noiblari to‘plangan soliqlarning 10–20 % ini o‘ziga qoldirishi evaziga zarur bo‘lganda sultonga o‘z qo‘shinini berishi lozim edi. Yer egaligining yana bir turi – xolisa deb nomlangan. Xolisa davlat ixtiyoridagi yerlar bo‘lib, undan olinadigan soliqlar xazinaga tushib, davlat xarajatlari va maxsus qo‘shinni ta’minlash uchun ishlatilgan. Yer-mulklarning ma’lum qismi mahalliy hind feodallari – zamindorlarga tegishli edi. Dehli sultonligida vaqf yerlari va sulton hadya etgan yerlar ham bo‘lgan. Dehli sultonligi XIV–XV asrlarda. Eltutmishning vafotidan so‘ng mamlakatda taxt uchun kurash kuchayib ketadi. Bu urushlarda g‘olib chiqqan va taxtni egallagan Alouddin Xiljiy islohotlar o‘tkazib, davlat xazinasi daromadlarini ko‘paytiradi. Xiljiy kuchli qo‘shin tuzib, o‘zboshimcha feodallarni bo‘ysundiradi. Bu davlat vaqtinchalik bo‘lsa-da o‘zining avvalgi qudratini tiklashiga yordam beradi. Dehli sultonligining kuchli va intizomli qo‘shini bo‘lishi shimoldan mo‘g‘ullar hujumlarini qaytarish imkonini beradi. Xiljiyning vorisi Muhammad Tug‘luq1325-yilda taxtga keladi. U o‘z hukmdorligini otasi paytida mustaqillik yo‘lini tutgan knyazliklarni bo‘ysundirishdan boshlaydi. O‘zini «Iskandar Zulqarnaynning davomchisi» deb nomlagan sulton davrida Hindiston yarimoroli to‘liq birlashtiriladi. Sultonning soliq islohoti yuz bergan qurg‘oqchilik tufayli muvaffaqiyatsiz tugaydi. Tug‘luqning oltin va kumushpullar bilan teng muomalada bo‘lishi mo‘ljallangan mis tangalarini zarb qildirishi uni ko‘p o‘tmay qadrsizlanib ketishga, har ikki islohotning natijasiz tugashiga olib keladi. Keyingi hukmdor Feruzshoh Tug‘luqdavrida soliqlar kamaytirilib, davlat yerlari dehqonlarga ijaraga bo‘lib beriladi. Uning boshqaruvi paytida qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilikning yuksalishi, oqilona boshqaruvi sultonga xalq homiysi sifatida shuhrat keltiradi. Ammo mamlakatda XIV asrda boshlangan siyosiy tarqoqlik davrida, ayrim knyazlarning mustaqillikka intilish jarayoni kuchayib boradi. Dehlining keyingi sultoni Mahmud 1398–1399-yillarda Amir Temur qo‘shinlariga qarshi kurashadi. Lekin tajribali sarkarda Mahmud qo‘shinlarini yengib, Dehlini zabt etadi. Sohibqiron Samarqandga ko‘plab hind hunarmandlari, me’morlarini olib qaytadi. Shundan so‘ng Hindiston mayda knyazliklarga bo‘linib ketadi. Oradan o‘n yilcha vaqt o‘tib Sayyidlar sulolasi(1414–1451) taxtga keladi. Sayyidlar sulolasini afg‘on qabilalari sardori Bahlul Lo‘diy (1451–1489) taxtdan tushiradi. Uning nabirasi Ibrohim Lo‘diy Zahiriddin MuhammadBoburga qarshi kurashadi.