Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish
Shaxs fuqaro bo’lgach, fuqaro va davlat o’rtasida ma’lum munosabatlar orqali uzviy bog’lanish vujudga keladi. Bu bog’liqlik o’zaro huquq va majburiyatlar orqali mustahkamlanadi.
Fuqaroning davlat oldidagi majburiyatlari uning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan burchlari orqali amalga oshirilsa, o’z navbatida, davlatning fuqaro oldidagi majburiyatlari ham Konstitutsiyada belgilangan mas’uliyati orqali amalga oshiriladi.
Davlatning fuqaro oldidagi mas’ulligi konstitutsiyaviy tuzum printsiplari darajasiga ko’tarilganligi (2-modda) mamlakat ichkarisida ham, tashqarida ham davlat faoliyatini fuqarolarning huquqlarini, manfaatini himoyalashga yo’naltirishga asos bo’ladi.
Konstitutsiyaning 22-moddasida bu masalaning qonuniy ifodasi o’z o’rnini topgan. Unga asosan, “O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi”.
Fuqarolarni mamlakat hududida himoya qilish turli vositalar orqali amalga oshiriladi. Bular:
- fuqarolar huquq va erkinliklarining Konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo’yilishi;
- fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ta’minlovchi, buzilgan huquqlarni tiklovchi davlat organlari tizimining o’rnatilishi;
- fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi nodavlat tuzilmalari faoliyatiga ko’maklashish.
Avval aytilganidek, fuqarolar huquqlarini ta’minlashda sud organlarining faoliyati alohidadir. “Sudlar to’g’risida”gi Qonunda sudlarning asosiy vazifasi fuqarolar huquqlarini himoya qilish, deb ko’rsatilgan. Boshqa davlat organlarining faoliyatiga tegishli qonunlarda ham fuqarolarning huquqlari, xavfsizligini ta’minlash vazifasi mavjudligini ko’ramiz.
Konstitutsiyaning 100-moddasida, mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga kiritilgan vazifalar qatorida, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash ko’rsatilgan, bu “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonunda yanada kengroq ifodalangan. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi tarkibida inson huquqlarini himoya qiluvchi maxsus tuzilmalar tashkil qilingan va ular samarali faoliyat ko’rsatmoqda.
2011 yil 23 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida norma ijodkorligi va huquqni qo’llash amaliyoti sohasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan qilib belgilandi.
O’zbekistonda fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlar tizimi yaratilgan. Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman) va Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi milliy markazi inson huquqlarini himoya qilishda muhim rol o’ynovchi milliy institutlardandir.
O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari, manfaatlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki boshqa mamlakatlar hududida ham davlat tomonidan himoya qilinadi. Bu vazifani bevosita O’zbekistonning chet mamlakatlardagi diplomatik va konsullik idoralari bajaradi. O’zbekiston fuqarolari chet ellarda surishtiruv, tergov, sud organlari tomonidan javobgarlikka tortilsa, davlat ularni huquqiy himoya qilish, advokatlar bilan ta’minlash choralarini ko’rishi mumkin.
Bularning barchasi O’zbekiston Konstitutsiyasining 43-moddasida mustahkamlangan: “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”, – degan qoidaning amaliy ifodasidir. Davlatning fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash mas’uliyati mamlakat ichkarisida ham, xorijiy mamlakatlarda ham amalga oshiriladi.
Fuqarolar huquqlarini himoya qilishda Ombudsman instituti muhim rol o’ynaydi, bu haqda Prezidentimiz shunday degan edi: “Oliy Majlis tarkibida inson huquqlari masalasi bilan shug’ullanuvchi vakillik tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi, deb o’ylayman. Bu Oliy qonunchilik organimiz maqomiga mos keladi. Muhimi u jamiyatimizda inson huquqlari muammosini hal etishni yangi sifat darajasiga ko’tarishga xizmat qiladi”3.
2004 yil avgustda “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman) to’g’risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Ushbu Qonunda Vakilni saylash tartibi takomillashtirildi. Shuningdek, uning huquqiy maqomi birmuncha aniqlashtirildi. Uning asosiy vazifasi sifatida fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish belgilandi. Bundan tashqari, Vakilning huquqlari va shikoyatlarni ko’rib chiqish chog’idagi huquqlari alohida tartibda belgilandi.
Xuddi shuningdek, 1996 yil 31 oktyabrdagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tashkil etilgan Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi milliy Markazi fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda alohida o’ringa ega. Unga quyidagi vazifalar yuklatilgan:
- inson huquqlari bo’yicha milliy qonunchilik va xalqaro huquq normalarini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishga ko’maklashish;
- inson huquqlari sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
- mamlakatda inson huquqlari ahvoli haqida milliy ma’ruzalar tayyorlash va boshqalar. Markazga fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, fuqarolarni huquqiy ma’lumotlar bilan ta’minlash borasida ham ko’plab vazifalar yuklatilgan.
Dostları ilə paylaş: |