O’zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning huquqlarini ta’minlash
O’zbekistonda faqat O’zbekiston fuqarolarigina emas, umuman, har qanday shaxsning huquq va erkinliklari ta’minlanadi. Shuning uchun Konstitutsiyada faqat fuqaro emas, shaxs, uning hayoti, qadr-qimmati, sha’ni va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi, deb ko’rsatilgan.
Konstitutsiyaning ikkinchi bo’limi “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan bo’lib, ana shuning o’zi huquq va erkinliklar fuqaro bo’lmaganlarga ham taalluqli ekanligini ko’rsatadi.
Konstitutsiyaning muqaddimasida O’zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olishi belgilangan. Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalarida esa, har qanday shaxsning, qaerda yashashidan, qaysi mamlakat fuqarosi bo’lishidan qat’i nazar, huquq va erkinliklari ta’minlanishi belgilangan.
Xalqaro huquq qoidalaridan kelib chiqib, Konstitutsiyamizga: “O’zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar”, degan qoida kiritilgan (23-modda).
O’zbekiston ishtirok etgan xalqaro va ikki tomonlama shartnomalarda inson huquqlarini hurmat qilishga sodiqlik mavjud va u mamlakatimizda turli sabablar bilan yashab turgan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga asos bo’ladi.
Xalqaro huquq qoidalarini e’tirof etish mamlakatimizdagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga barcha shaxsiy, iqtisodiy huquqlaridan foydalanishga imkoniyat yaratilganligini bildiradi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar yashash, daxlsizlik, vijdon erkinligi, mehnat qilish, bilim olish va hokazo huquqlarga ega va ular davlat tomonidan ta’minlanadi.
Sud organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning ham huquqlarini ta’minlash, himoya qilish vazifasi yuklatilgan.
O’zbekistonda istiqomat qiluvchi va boshqa sabablar bilan O’zbekistonda bo’lib turgan chet el fuqarolarining huquqlari shu mamlakatlarning O’zbekistondagi vakolatli organlari tomonidan ham qo’shimcha himoya qilinadi, ta’minlanadi. Bu borada xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilinadi.
Yuqorida tilga olingan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman) mamlakatimizda yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning huquqlarini ta’minlashda ishtirok etadi. Unga bu borada tegishli vakolatlar va vazifalar yuklangan. “Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman) to’g’risida”gi Qonunning 2-moddasiga asosan, u O’zbekistonda yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning huquqlari buzilishi yuzasidan berilgan shikoyatlarni ko’rib chiqadi. Shikoyat yuzasidan, uni hal qilish maqsadida o’z tekshiruvini o’tkazadi. Shikoyat asosli bo’lsa, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxsning talabi qondiriladi, bu esa, uning huquqi buzilishining oldini oladi yoki huquqi buzilgan bo’lsa, buzilgan huquqi tiklanadi.
Fuqarolik ishlari quyidagilar tomonidan yuritiladi:
- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti;
- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi;
- O’zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi;
-O’zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi, Respublikaning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari.
Qonunda ularning vakolatlari ko’rsatib qo’yilgan.
Dostları ilə paylaş: |