To‘pni «tepib» fint qilish. Ana shu fintni bajarishning ba’zi xususiyatlarini ko‘rib chiqamiz. Yakkama-yakka tortishuvda qatnashayotgan raqib ro‘paradan yoki oldindan sal yon tomondan kelayotgan bo‘lsa, unga yaqinlashayotib, zarba beruvchi oyoq orqaga tortiladi. Bunday holat to‘p nishonga tepilishi yoki uzatib yuborilishidan dalolat beradi. Buni ko‘rgan raqib to‘pni tortib olishga yoki to‘p uchib o‘tishi kerak bo‘lgan zonani to‘sishga harakat qiladi. Buning uchun u harakatni sekinlashtiradigan va to‘xtatib qo‘yadigan tashlanish, shpagat, sirpanish harakatlarini bajaradi. Bundan tashqari, ana shunday holatlarda yakkama-yakka tortishuv harakatlariga o‘tish uchun birqadar vaqt kerak bo‘ladi. O‘yindagi vaziyat, sheriklari-u raqiblarining turishi, qarshilik ko‘rsatayotgan raqibning holati qandayligiga qarab, asl niyatni amalga oshirish bosqichini tegishli usulda sekingina tepilib, raqibdan oldinga, o‘ngga, chapga yoki orqaga qochib ketiladi.
Bordi-yu, to‘p uzatilgan bo‘lib, sheriklardan biri to‘pning harkat yo‘lida (qulayroq) vaziyatda turgan bo‘lsa, asl niyatni amalga oshirish bosqichida tup ochiq turgan sherikka o‘tkazib yuboriladi.
To‘pga kalla «urib» fint kilish.Tayyorlov bosqichida to‘pga kalla bilan zarba beriladigan dastlabki holatga o‘tiladi. Gavda orqaga engashib, zarba bermoqchidek harakat qilinadi. To‘p olayotgan o‘yinchi oldida yoki o‘ng tomonida bo‘lgan raqib buni ko‘rib, zarba berilishini kutib to‘xtaydi (old tomondagi raqib) yoki to‘p uchib ketishi kerak bo‘lgan tomonga harakatlanadi. O‘yinchi kalla urish o‘rniga o‘z taktik rejasini amalga oshirib, to‘pni ko‘krak bilan to‘xtatadi (ko‘pincha o‘ngga, chapga, orqa tomonga o‘tkazib) yoki to‘pni tegmay o‘tkazib yuborib, keyin 1800 aylanadi va to‘pni egallab oladi.
To‘pni oyoqda «to‘xtatib» fint qilish.To‘pni oyoqda to‘xtatib qilinadigan aldash harakati to‘p olib yurganda va uni sheriklaridan biri oshirib bergandan keyin turli usullarda bajaradi.
To‘p olib ketayotganda raqib uni yon tomondan va yondan-u orqaroqdan kelib olib qo‘yishga harakat qilganda to‘pni tagcharm bilan bosib va bosmasdan «to‘xtatish» finti ishlatiladi.
Birinchi holda to‘p olib ketayotganidagi yugurish qadamining navbatdagisida o‘yinchi tayanch oyog‘ini to‘la to‘p ortiga yaqin qo‘yib, uni raqibdan uzoqroq oyog‘i tagcharmi bilan bosib qoladi. Go‘yo to‘p bilan birga to‘xtamoqchidek aldamchi harakat qilinadi. Raqib bunga javoban harakatini sekinlashtiradi, ana shu paytda to‘pni olg‘a tomon sekingina tepiladi-da, yana olib ketilaveradi.
Ikkinchi holda esa tayyorlov bosqichida to‘pni to‘xtatayotganga o‘xshash harakat qilinadi. O‘yinchi harakatini sal sekinlatib, oyoq kaftini to‘p ustiga qo‘yadi. Asl niyatni amalga oshirish bosqichi oldingi yo‘nalishda tezlab ketilaveradi.
Sherik to‘pni uzatgandan keyin «to‘xtatib» aldash harkatini bajarishda bir oyoqqa tayangan holatga o‘tib, to‘xtatuvchi oyoq to‘p kelayotgan tomonga uzatiladi. Raqib to‘pni qabul qilib olayotgan o‘yinchiga hujum qiladi. Ana shu paytda o‘yinchi to‘pni to‘xtatish o‘rniga, uni o‘tkazib yuboradi-yu, 1800 ga aylanib, yana egallab oladi.