: GAZLAMALAR ASSORTIMENTI REJA: 1. Ip gazlamalar assortimenti
2. Jun gazlamalar assortimenti
3. Shoyi gazlamalar assortimenti
1. Ip gazlamalar assortimenti Materiallarning turlari assortiment so‘zi bilan belgilanadi. Assortiment - bu inglizcha so‘z bo‘lib, u «kompleks» yoki «to‘plam» ma’nosini bildiradi. Turli ishlanishdagi va vazifadagi materiallarning biror-bir jinsli belgisiga ko‘ra jamlanuviga assortiment deyiladi. Ishlab chiqarish usuliga ko‘ra tikuvchilik materiallari to‘qima (gazlamalar), trikotaj, noto‘qima va boshqa materiallarga bo‘linadi. Shundan tikuvchilikda eng keng qo‘llaniluvchi gazlamalardir. Tikuv korxonalarida turli artikuldagi gazlamalar ishlatiladi.
To‘quvchilik sanoatida ishlab chiqarilayotgan gazlama turlari ichida ip gazlamalari alohida o‘rinda turadi. Ularning asosiy qismini klassik paxta tolasidan ishlab chiqarilgan turlari tashkil qiladi. Biroq ular bilan birga paxta tolasi viskoza, lavsan, nitron tolalari bilan aralashmasidan olinuvchi gazlamalar ham keng tarqalgan. Har yili ishlab chiqariladigan paxta tolali gazlamalarning (ip gazlamalar)
10–12 foizi yangi tuzilishdagi va pardozlanishdagi gazlamalar hisobiga o‘zgaradi. Ip gazlamalari karda yigirish, qayta tarash yoki apparat usulida olingan turli tuzilishdagi (yakka, pishitilgan, shakldor, aralash tolali tarkibida va hokazo) va chiziqli zichligi 5,88 dan to 263,2 teksgacha bo‘lgan iplardan ishlab chiqariladi. Ip gazlamalari turli rangdagi, shakldagi va o‘lchamdagi gul bosilgan, sidirg’a rangli, oqartirilgan, chipor va oqartirilmagan xom holda ishlab chiqariladi. Shu jumladan maxsus pardozlashlar ham qo‘llaniladi.
Ip gazlamalari turli maqsadlar uchun ishlatiladi. Ular ichki kiyim; erkaklar, ayollar va bolalar ko‘ylagi; kundalik, maxsus va sport kiyimlari; astar, qat; pardalik va hokazolar sifatida ishlatiladi. Ip gazlamalari turmushda hamma vaqt zarur va keng ishlatiluvchi gazlamalardir, chunki ularning gigiyenik xossalari (gigroskopikligi, havo o‘tkazuvchanligi va boshqalar) yaxshi, tashqi ko‘rinishi chiroyli, mustahkamligi, turli deformatsiyalar ta’siriga chidamliligi yuqori, yengil yuviladi, tez quriydi, yaxshi dazmollanadi.
To‘quvchilik buyumlarini tayyorlaganda deyarli hech qanday qiyinchilik tug’ilmaydi. Bichish to‘shamiga yaxshi taxlanadi, siljuvchanligi kam, bichish jarayonida surilmaydi va qiyshaymaydi, qirqilgan joydan iplari to‘kilmaydi, tikish paytida iplari ignalar bilan shikastlanmaydi, choklar yonidagi iplari siljimaydi.
Biroq ip gazlamalari ko‘p g’ijimlanadi, ishqalanishga chidamliligi kam, yuvganda kirishadi. O‘sha xususiyatlarni yaxshilash uchun ip gazlamalari paxta va sintetik tolalari aralashmasidan ishlab chiqarilayapti.