II BOB QUYI ZARAFSHON OKRUGINING TABIIY GEOGRAFIK SHAROITI 2.1 Tabiiy geografik rayonlari Quyi Zarafshon okrugida yana yura, bo`r va paleogen davr yotqiziqlari orasida, bosimli, mineral er osti suvlari joylashib, Buxoro-Qarshi artezian xavzasiga kiradi. Okrugda qatlamlar orasida bosimli suvlar 1000-1500 m. chuqurliklarda, asosan yura davri oxaktosh va qumtoshlari orasida joylashgan bo`lib minerallashgan. Bunday er osti suvlari Gazli, Jarqoq, Toshquduq kabi joylarda burg`alaganda o`zi otilib chiqib, sarfi ba`zi joylarda (Jarkoq va Gazlida)sekundiga 20 litrgacha, minerallashish darajasi 1-10 grammgacha boradi. Bosimli minerallashgan er osti suvlari aksariyatining minerallashish darajasi 2 g/l. ga borib, undan shahar va kishloq aholisini ichimlik suv bilan ta`minlashda foydalanilsa bo`ladi. Quyi Zarafshon okrugida er usti tuzilishi, yotqiziqlari, er osti suvining xususiyatlari kabi tabiiy unsurlar ta`sirida turli xil tuproq turlari joylashgan.
Okrugda eng ko`p tarkalgan tuproq turlari sur-qo`ng`ir, qumloq-taqir, sho`rxok o`tloq-taqir, sug`oriladigan o`tloq, sug`oriladigan o`tloq-allyuvial, o`tloq va botqoq tuproqlaridir. Sur-qo`ng`ir tuproq turlari Buxoro-Qorako`l del`tasining ba`zi joylarida, del`tani o`rab olgan Qiziltepa, Dengizko`l, Azkamar, Toshquduq, Qoraqir, Qorako`l kabi plato va balandliklarda joylashib, chirindi miqdori kam (0,5-0,7%), chirindi saqlovchi qatlam yupqa (20-70 sm), tarkibida gips, xar xil tuzlar mavjud. Quyi Zarafshon okrugining chetki qismlarida ya`ni Qizilqum, Kimirek Sanduqli, Eshakchi qumliklariga tutashgan joylarida, del`taning ichki qismlaridagi ba`zi kichik hududlarda gil qumloq va qumli tuproqlari keng tarqalgan. Bu tuproq turlarida chirindi juda kam bo`lib, 0,3-0,4% ni tashkil etadi. Buxoro-Qorako`l del`tasining chetlarida taqir tuproqlari uchraydi. Shuningdek taqir tuproqlar kadimiy Daryosoy o`zanida ham mavjud bo`lib, tarkibida gipsning miqdori 7-9% ga, gumus miqdori esa juda kam bo`lib, 0,5% gacha boradi. Taqir tuproqlari shuningdek kadimiy sug`orilgan joylarda, xususan Varaxsha xarobasida ham uchraydi.
Quyi Zarafshon okrugining deyarli xamma qismida sho`rxoklar uchraydi. Sho`rxoklar ayniqsa Buxoro-Qorako`l del`tasining pastqvam grunt (sizot) suvi yuza bo`lgan joylarida xususan Sho`rko`l, Dengizko`l, Xojakob, To`dako`l botiqlarida, Gurdush, Maxanko`l Tayqir quruq o`zanlarida keng tarqalgan. Sho`rxok tuproqlar shuningdek sug`oriladigan mintaqa ichida grunt suvi yuza, lekin zovur-drenajlar yaxshi ishlamaydigan joylarda ham uchraydi. Quyi Amudaryo okrugining voha qismida asosan sug`oriladigan o`tloq (o`tloq-voha), sug`oriladigan o`tloqallyuvial tuproqlar joylashgan. Bu tuproq turlari ishlov berilishi tufayli tabiiy xususiyatlarini o`zgartirib, o`tloq voha tuprog`iga aylangan. Bunday tuproq turlari tarkibida chirindi miqdori 1,5 dan 4-6% gacha boradi. Ayniqsa, sug`oriladigan o`tloq-soz tuproq turida gumus ko`p bo`lib, 6% ga etadi. Buxoro-Qorako`l del`tasida o`tloq va botqoq tuproq turlari grunt suvi er betiga yaqin (0,5-1,0 m chuqurda) bo`lgan Zarafshon daryosi qayirida tor lenta hosil qilib joylashgan. Shunday qilib, yuqorida qayd kilinganlardan ma`lumki, Quyi Zarafshon okrugidagi sug`oriladigan tuproqlar er osti suvlarining yuzaligi, bug`lanishning kattaligi tufayli u yoki bu darajada sho`rlashgan bo`lib, o`z navbatida ularniig meliorativ holatini yaxshilab turishni talab etadi. Quyi Zarafshon okrugining o`simligi xam tabiat unsurlariga (rel`efi, iqlimi, er osti suvlari va tuproq qatlami xususiyatlariga) bog`liq holda bir xil tarqalgan emas. Akademik E. Zakirov Zarafshon vodiysining bu qismi o`simlik qoplamini quyidagi jamoalarga ajratgan: qumli, gipsli, sho`rxok va to`qay.
Qumli cho`llar vohaning atrofida joylashib, psammofit o`simlik turlari uchraydi. Oq saksovul Qorako`l del`tasining g`arbida, Sanduqli qumligidagi mustahkamlashgan marza va do`ng qumliklarda o`sadi. Bundan tashqari bu erlarda juzg`un, quyonsuyaq cherkaz, iloq kabi o`simliklar xam uchraydi. Oq va qora saksovul Buxoro del`tasining g`arbiy qismida uchrab, oq saksovul qumli erlarda, qora saksovul esa botiqlardagi sho`rxok tuproqli erlarda o`sadi. Shuningdek bu joylarda shuvoq, sho`ralar ham uchraydi. Juzg`un jamoasi Buxoro vohasining g`arbiy va sharqiy qismidagi Qorako`l vohasining janubi-sharqiy qismidagi kichik marza qumliklarda joylashgan. Juzg`un bilan birga yana kuyonsuyak selen, oq shuvoq, iloq kabi o`simliklar xam o`sadi. Partek jamoasi uncha baland bo`lmagan tepaliklarda toshloqli sur-qo`ng`ir tuproqlar tarqalgan joylarda o`sadi. Shuvoq jamoasi okrugda eng ko`p tarqalgan o`simlik turi bo`lib, asosan Buxoro-Qorako`l del`tasining sur-qo`ng`ir tuproq tarqalgan qismida uchraydi. Shuningdek yana juzg`un, partek singren, oq saksovul ham o`sadi. Buxoro vohasining g`arbiy qismida boyalish jamoasi tarqalgan. Bu qismda boyalishdan tashqari yana juzg`un, partek, iloq ham uchraydi. Buxoro vohasining qadimiy allyuvial tekislik qismida, qadimiy sug`orilgan taqirli tuproqlar tarqalgan qismida keyrek jamoasi tarqalib, yana shuvoq, ertezak (titr), boyalish kabi o`simliklar ham o`sadi. Buxoro del`tasining sho`rlashgan sur-qo`ng`ir tuproqlar tarqalgan qismida titr (yer tezak) tarqalgan.
Shuningdek yana karabaraq, bir yillik sho`ralar, yantoq, qora saksovul o`sadi. Quyimozor suv omborining shimoli-sharqiy qismida va okrugning sho`rxok joylarida sho`rxok cho`lga moslashgan o`simliklar - sarsazan, jing`il, ermak kabilar o`sadi. O`tloqsho`rxok tuproqlar tarqalgan joylarda ajriq keng tarqalgan. Zarafshon daryosining yangi qayirida va quyi qayirida, Maxandaryo, Toyqir, Saribozor kabi eski o`zanlarida, ko`llar atroflarida to`qay o`simliklar turi mavjud. To`qaylarda turang`il, jiyda, tol, lox, qamish, chingil, yantoq, yulg`un kabi o`simliklar o`sadi. Quyi Zarafshon okrugining voha qismida sug`orilib, dehqonchilik qilinadigan katta qismida tabiiy o`simliklar yuq qilinib, ekin dalalariga aylantirilgan. Quyi Zarafshon hayvonlari cho`lga xos bo`lgan vakillar bilan tavsiflanib, uzoq davom etgan jazirama, quruq, seroftob yozga moslashgan. Okrugda kalamushlar, sichqonlar, kushoyoklar, ilonlar, kaltakesaklar, echkemarlar har qadamda uchraydi. Shuningdek tulki, bo`ri, bo`rsiq, jayron, jayra, tipratikon; to`qaylarda chiyabo`ri, to`ng`iz, to`qay mushugi, qirg`ovul kabilar yashaydi. To`dako`l, Quyimozor suv havzalarida va ko`llarda esa baliqlar, qushlar (o`rdak, g`oz) yashaydi. Okrugning o`zlashtirilmagan qismida hasharotlardan qoraqurt, falang kabilar ham uchraydi.
Quyi Zarafshon okrugi tabiiy resurslarga boy hudud hisoblanib gaz, tuz, har xil qurilish xom ashyolari konlari mavjud. Ayniqsa, okrug qulay iqlimiy resurslarga ega bo`lib, vegetatsiya davridagi harorati +10° dan yuqori bo`lgan. kunlaridagi haroratning yig`indisi 4600-5150° ga, sovuqsiz kunlar o`rtacha 212- 214 kunga etadi. Bunday iqlimiy sharoitda oddiy, hatto ingichka tolali paxta, shirin-shakar mevalar etkazish mumkin. Quyi Zarafshon okrugida o`tloq-voha tuprog`ining mavjudligi undan dehqonchilikda keng miqyosda foydalanishga imkon beradi.
4-RASM Quyi Zarafshon okrugi o`z navbatida Buxoro-Qorako`l, Gazli, Sanduqli tabiiy-geografik rayonlariga bo`linadi. I. Buxoro-Qorako`l tabiiy-geografik rayoni Zarafshonning Buxoro-Qorako`l del`tasini va uning birinchi hamda ikkinchi qayirlarini o`z ichiga oladi. Bu rayon hududning ko`p qismi sug`orilib, vohaga aylantirilganligi tufayli okrugdagi yozi eng salqin (iyul`ning o`rtacha harorati 19,5°), qishi esa nisbatan iliq (yanvarning o`rtacha harorati -0,5°) hududi hisoblanadi. Vegetatsiyali qish 50% ga yaqin, +10° dan yuqori bo`lgan davrdagi haroratning yig`indisi 5150° ga etadi.7 Rayon tarkibida quyidagi landshaftlar mavjud:
1. Sug`oriladigan o`tloq-allyuvial tuproqlar tarqalgan landshaft. Bu landshaft Buxoro va Qorako`l del`tasidagi sug`oriladigan erlarni o`z ichiga oladi.
2. To`qay o`simliklari o`sadigan o`tloq-taqir tuproqli del`ta tekislikli landshaft. Bu landshaft o`z ichiga Maxandaryo, Gudjayli o`zanlarini va Qorako`l del`tasining atrofidagi berk botiqlarini oladi.
3.Cho`l qum tuproqli juzg`un o`suvchi eol jarayonlarida o`zgartirilgan landshaft. Bu landshaft Buxoro-Qorako`l vohasi orasidagi va chetlaridagi qumliklarni o`z ichiga oladi.
4.Buxoro-Qorako`l del`tasining kichik berk botiqlarini o`z ichiga oluvchi bir yillik sho`ralar o`suvchi sho`rxok-botqoklik del`ta tekisliklar landshafti.
II. Gazli tabiiy-geografik rayoni okrugning janubi-g`arbiy qismidagi Zarafshonning qadimiy allyuvial-akkumulyativ tekisliklarini o`z ichiga oladi. Rayon nisbatan sovuq kish (yanvarning o`rtacha harorati -1,5°), lekin quruq, issiq (iyul`ning o`rtacha harorati +31°), yoz bilan tavsiflanadi. Vegetatsiyali qish esa 41% ga boradi. harorati +10° bo`ladigan davrdagi haroratning yig`indisi 5130° etadi.
Rayon tarkibida quyidagi landshaftlar mavjud:
1. Shuvoq o`suvchi sur-qo`ng`ir tuproqli, mezokaynazoy negizli balandliklar landshafti. Bu Gazli ko`tarilmasini o`z ichiga oladi.
2.Shuvoq tarqalgan, sur-qo`ng`ir tuproqli, negizi pliotsen yoki to`rtlamchi davr jinslaridan iborat bo`lgan platoli landshaft. Bu landshaft asosan Qorako`l platosini o`z ichiga oladi.
3.Singren o`suvchi, cho`l qumoq tuproq tarqalgan del`ta tekisliklar landshafti. Bu landshaft asosan Kimirek qumligini o`z ichiga oladi.
4.Juzg`un va oq saksovul o`suvchi, cho`l qumli tuprog`i tarqalgan, eol jarayonida o`zgartirilgan del`ta tekisliklar landshafti.
5.Ko`l atroflarida va kichik botiqlardagi sho`rxoklarda o`suvchi bir yillik sho`ralar tarqalgan del`ta tekislik sho`rxoklar landshafti.
III. Sanduqli tabiiy-geografik rayoni. Rayon okrugning janubi-sharqiy va sharqiy qismi va u erdagi Setalitepa, Jarqoq, Qoravulbozor, Dengizko`l kabi platolarii hamda Sanduqli kumligining bir qismini oladi. Rayon Quyi Zarafshon okrugidagi qishi iliq (yanvarning o`rtacha harorati 0° dan yuqori) bo`lib, vegetatsiyali qish 70% ga etadi. Yozi esa issiq (iyul`ning o`rtacha harorati +30°) bo`lib, 10° dan yuqori bo`lgan davrdagi haroratning yig`indisi 5200°.
Rayon tarkibida quyidagi landshaftlar mavjud:
1.Sarisazanli sho`rxoklardan iborat, negizi mezokaynazoy jinslardan tashkil topgan berk botiqlar landshafti. Bu landshaft Dengizko`l botig`ini, Qorako`l shahri sharqidagi botiqni o`z ichiga oladi.
2.Oq saksovul tarqalgan eol qumli landshafti. Bu landshaft do`ng va barxan kumli joylarni (xususan Sanduqli kumligini) o`z ichiga oladi.
3.Singren o`suvchi, sur-qo`ng`ir tuproqli, eol jarayonlar tufayli qayta o`zgargan pliotsen eski to`rtlamchi davr platolar landshafti. Bu landshaftga Dengizko`l platosi va uning janubidagi qumli erlar kiradi.
4.Shuvoq tarqalgan, sur-qo`ng`ir tuproqni pliotsen eski to`rtlamchi davr platolar landshafti. Bu landshaftga Quyimozor va To`dako`l sho`rxogining sharqidagi platolar kiradi.
5.Shuvoq o`suvchi, sur-qo`ng`ir tuproqli, negizi mezokaynazoy jinslaridan tashkil topgan balandliklar landshafti. Bu landshaftga Kogon ko`tarilmasi, Jarqoq (uzunligi 12 km, kengligi 3-4 km), Qoravulbozor (uzunligi 11 km, kengligi 10 km), Saritosh (uzunligi 11-12 km, kengligi 6-7 km) platolari kiradi.
6 .Sug`oriladigan taqir tuproqli del`ta tekislik madaniy landshafti.
Quyi Zarafshon okrugining 1000 — 1500 m chuqurliklarida issiq mineral suvlar mavjud bo‘lib, ulardan davolanishda foydalanilmoqda.
Quyi Zarafshon okrugida yerusti tuzilishi, yotqiziqlar tarkibi va yerosti suvlarining xususiyatlariga bog‘liq holda turli xil tuproqlar tarqalgan. Okrugda sur-qo‘ng‘ir, qumoq, taqir, sho‘rxok, o‘tloq kabi tuproqlar eng ko‘p tarqalgan.