14.1 Rotorli nasoslarning tavsifi, umumiy xossalari va qo’llanishi.
Hajmiy rotorli nasoslar–shesternyali, vintli, plastinkali (shiberli) va porshenli turlarga bo’linadi. Hajmiy rotorli nasoslar o’zgaruvchan sarfli (sarfi boshqariladigan) va o’zgarmas sarfli (sarfi boshqarilmaydigan) bo’lishi mumkin.
Bu turdagi nasoslarning sarfi ish bo’shlig’i kattaligiga va rotorning aylanishlar soniga bog’liq nasos elementlarining puxtaligi bosim yo’lidagi qarshilikka mos bo’lishi kerak. Agar bosim yo’lidagi berkitgich tasodifan yopiq bo’lib qolsa, bu holda yo nasos sinadi yoki nasos dvigateli ishdan chiqadi.
Rotorli nasoslar har xil bir jinsli suyuqliklarni uzatishda avtonom qurilma sifatida, Shuningdek, gidroyuritmalar tarkibida suyuqlikni harakatlantiruvchi yoki suyuqlikka kerakli energiya (bosim ) beruvchi nasos holida va harakatlanayotgan suyuqlik orqali o’zi harakat olib energiyasini boshqa mashinalarga (qurilmalarga) uzatuvchi gidrodvigatellar tarzida ham ishlatilishi mumkin Rotorli nasoslarning hajmiy FIK i 0,7- 0,95 atrofida bo’lib, nasosning ishkalanuvchi qismlarining yeyilishiga mos ravishda o’zgaradi.
Silindrlari umumiy blokka birlashtirilgan ko’p silindrli nasoslar rotor-porshenli nasoslar deyiladi. Porshenni harakatga keltirish usuliga qarab aylanuvchi va qo’zg’almas blokli-rotor–porshenli mashinalar mavjud. Agar blokda silindrlar radial joylashgan bo’lsa, bu nasoslar radial-porshenli deyiladi. Gidromashina blokida silindrlar aksial joylashgan bo’lsa-aksial porshenli nasoslar deyiladi. Ko’pchilik rotorli porshenli mashinalarning xarakterli tomoni shundaki, ularda so’ruvchi va uzatuvchi klapanlar yo’q. Bu xususiyat nasoslardan aylanishlar sonining yuqori qiymatlarida foydalanish imkoniyatini beradi.
Rotor-porshenli mashinalarda krivoship-shatunli mexanizm yo’q. Bu nasoslar gidrouzatmalarda, metalga ishlov berish stanoklariga moy uzatishda, ichki yonuv dvigatellariga yokilg’i, surkov moy, stanok kesgichlariga sovituvchi suyuqlik uzatishda ishlatiladi.