10.2. Gidromashinalarning turlari.
Nasoslarni guruhlash turlicha bo’lib, ularni tuzilishi, turli parametrlari, suyuqlikka energiya berish usuli va boshqalarga qarab guruhlash usullari mavjud. Eng ko’p tarqalgan usul ishlash printsipiga qarab guruhlashdir. Bunda nasoslar ikki katta guruhga bo’linib, ular kurakli va hajmiy nasoslar deyiladi. Bu nasoslar deyarlik barcha nasoslarni o’z ichiga oladi, lekin bir qancha boshqacha printsipda ishlaydigan nasoslar bunga kirmay qoladi. Bularga oqimchali nasoslar (uchinchi klass sifatida ajratish mumkin) va boshqa ko’targichlar (montejyu, erliftlar va boshqalar) kiradi.
Kurakli nasoslar markazdan qochma, o’qiy, propellerli, uyurmali nasoslarga bo’linadi. Tuzilishi va ishlash printsipi bir xil bo’lgani uchun ventilyatorlarni ham kurakli nasoslar guruhiga kiritish mumkin. Ventilyatorlarning ham markazdan qochma, o’qiy, propellerli turlari mavjud. Kurakli nasoslarni bitta valda bir yoki bir necha ish g’ildiragi o’rnatilishiga qarab, bir pog’onali va ko’p pog’onali nasoslarga ajratish mumkin. Markazdan qochma nasoslar so’rish usuliga qarab bir tomonlama so’ruvchi va ikki tomonlama so’ruvchi nasoslarga bo’linadi.
Hajmiy nasoslar ikki katta guruhga bo’linib, ular porshenli va rotorli nasoslar deyiladi. Bular yana bir qancha kichik guruhchalarga bo’linadi.
Oqimchali nasoslar esa ejektor, injektor va gidroelevatorlarni o’z ichiga oladi. Nasoslarni bunday guruhlashga ishlab chiqarishda eng ko’p tarqalgan ikki tur (markazdan qochma va porshenli) nasoslar atrofida barcha nasoslarni guruhlashga intilish asos bo’lgan.
Nasoslarni suyuqlikka bergan bosimining katta kichikligiga qarab, past bosimli (20 m. suv ust. gacha), o’rtacha bosimli (20-60 m suv ust. ga teng), yuqori bosimli (60m suv ust. yuqori) nasoslarga ajratish mumkin. Ularni bergan sarfiga qarab past, o’rta va yuqori sarfli nasoslarga bo’linadi.
10.3. Dinamik va hajmiy nasoslarning ishlash printsiplari.
Dinamik nasoslar o’zidan o’tkazayotgan suyuqlikning kinetik energiyasini orttiradi, so’ngra bu energiyaning ko’proq qismini bosim energiyasi (potentsial energiya) ga aylantiradi. Suyuqlikka dinamik nasoslar yordamida kinetik energiya berish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchidan, nasosning ish bo’lmasiga yoki ish g’ildiragiga kirishdan oldin siyraklanish hosil bo’lib, siyraklanish bosimi bilan ta’minlovchi idishdagi bosimlar farqi hisobiga suyuqlikning tezligi (ya’ni kinetik energiyasi) ortadi. Ikkinchidan, ish kamerasi yoki ish g’ildiragida mexanik harakat yordamida kinetik energiya beriladi. Kurakli nasoslarda katta tezlik bilan aylanayotgan ish g’ildiragi suyuqlikni aylanma harakat qildiradi, natijada suyuqlikning tezligi avvalo aylanma tezlik hisobiga ortadi. Bundan tashqari, aylanma harakat qilayotgan suyuqlikka albatta markazdan qochma kuch ta’sir qilib, uning markazdan qochma tezligini oshiradi. Shunday qilib suyuqlikning tezligi yana ortadi. Shu usul bilan nasos berayotgan energiyani kinetik energiya ko’rinishida qabul qiladi. Tabiiyki, markazdan qochma kuch ta’sirida suyuqlik nasos korpusiga borib taqalishi natijasida potentsial energiya (bosim ) ham qisman ortadi, lekin bu nasoslarda suyuqlikka asosan kinetik energiya beriladi. Nasosdan chiqishda esa avval spiral yo’l yoki yo’naltiruvchi apparat yordamida, so’ngra esa diffuzor yordamida suyuqlikning tezligini oshirib beriladi. Natijada suyuqlik olgan kinetik energiyaning ko’pchilik qismi potentsial energiyaga aylanadi. Suyuqlikning qolgan kinetik energiyasi uni inertsiya bo’yicha harakat qildiradi. Potentsial energiyadan esa zarruriyatga qarab turli maqsadlarda foydalaniladi.
Hajmiy nasoslarda esa nasosdan o’tayotgan suyuqlikka potentsial energiya ish bo’lmasining o’zida berilgani uchun dinamik nasoslardagi kabi uning chiqishida ham maxsus qurilmalar qo’llashga hojat qolmaydi. Bu nasoslarda suyuqlikka qisman kinetik energiya ham beriladi, lekin unga berilgan energiyaning asosiy qismi potentsial energiyadan iborat.
Bu ish porshenli nasoslarda porshenni ilgarilama–qaytma harakat qildiruvchi kuchi yordamida avval ish bo’lmasining hajmini oshirib, suyuqlikni so’rilish teshigi va so’rilish klapani orqali bo’lmaga kiritish, so’ngra uning hajmini kamaytirish hisobiga haydash teshigi va klapani orqali siqib chiqarish yo’li bilan amalga oshiriladi. Xuddi shu printsip porshen rotorli nasoslarda ham qo’llaniladi. Porshenli nasoslarda bir vaqtda bir necha porshen ishlashi mumkin. Bu holda nasos ko’p karra harakatli yoki qisqacha ko’p harakatli nasoslar deyiladi. SHiberli yoki plastinkali nasoslarda esa suyuqlikka potentsial energiya berish hajmi kamayib boruvchi bo’lmada ikki tomondan plastinkalar bilan chegaralangan hajmning avval bo’lmaning tor qismidan keng qismiga, so’ngra keng qismidan tor qismiga aylanma harakat yordamida siljitish yo’li bilan amalga oshiriladi. Bunday harakatni porshenli nasosdagi ilgarilama–qaytma harakatga qiyoslash mumkin. Ikki plastinka bilan chegaralangan hajm bo’lmaning tor qismidan keng qismiga siljiganda so’rish, keng qismidan tor qismiga siljiganida esa haydash protsessi vujudga keladi.
Dostları ilə paylaş: |