Kurash choralari: Urug‘lik chigitning va urug‘lik olishga mo‘ljallangan paxtaning namligini 11 % dan past holatda saqlash; urug‘lik chigitni o‘simlik qoldiqlaridan toza bo‘lgan paxtadan olish; urug‘lik chigit olishga mo‘ljallangan paxta haroratini muntazam ravishda nazorat qilish, harorati 48 0S dan oshgan to‘plarni darhol jinlash; urug‘lik chigitni sovuq havo bilan shamollatib turish, harorati oshgan chigitni urug‘lik uchun ishlatmaslik (moy olish va h.q uchun qo‘llash) lozim.
Urug‘lik sifatida iloji boricha kislota yordamida tuksizlantirilgan, solishtirma og‘irligi bo‘yicha kalibrlangan chigit ishlatish zarur; bunda vazni yengil, pishmagan, ya’ni mikroorganizmlarga chidamsiz chigit olib tashlanadi. Odatda solishtirma og‘irligi 1,0 dan baland (suvda cho‘kadigan) chigitning ichki qismlari yengil chigitga nisbatan juda kam zararlangan bo‘ladi. Tuksizlantirish jarayonida qo‘llaniladigan kislota esa chigitni uning ustki qismlaridagi parazit mikroorganizmlardan xalos qiladi.
Ekilgan chigit chirishining oldini olish maqsadida chigiti mog‘orlashga chidamli bo‘lgan g‘o‘za navlarini yaratish va qo‘llash lozim.
Chigitning past haroratda o‘sish qobiliyati, uning dala sharoitida unib chiqish va mikroorganizmlarga chidamlilik darajasining ko‘rsatkichi bo‘la olishini nazarda tutgan holda, urug‘lik sifatida qullash uchun 18 0S da eng kami 90 % unib chiqish quvvatiga ega bo‘lgan chigit ishlatish maqsadga muvofiqdir. (Halion, Bourland, 1981).
Urug‘lik chigitni mikroorganizmlarga, ayniqsa parazit va mog‘or zamburug‘lariga qarshi yuqori samarali va keng spektrli fungitsidlardan biri yoki bir nechtasining aralashmasi bilan dorilash g‘o‘za nihollarining tekis va ravon unib chiqishini garovlaydigan muhim shartlardan biridir.
Nihol kasalliklari majmuasi
G‘o‘zani nihol kasalliklarining naqadar xavfliligini alohida ta’kidlash lozim, afsuski, bu kasalliklarga har doim ham yetarli darajada e’tibor berilmaydi, ular keltiradigan zararning haqiqiy bahosi aniqlanmaydi yoki bu zarar yomg‘ir, qatqaloq kabi tabiat hodisalariga to‘nkaladi. Buning asosiy sababi shundaki, shu paytgacha O‘zbekiston paxtazorlarida gommozdan boshqa nihol kasalliklarining yildan-yilga tarqalishi va rivojlanishi, ularni qo‘zg‘atadigan zamburug‘lar tarkibi va alohida turlarining viloyatlarda, mintaqalarda, turli tuproq iqlim sharoitlarida tarqalishi muntazam o‘rganilmagan; bu mamlakatimiz olimlari va mutaxassislari oldida bajarilishini kutayotgan muhim vazifalardan biridir.
Nima uchun nihol kasalliklari juda xavfli va jiddiy muammo deb hisoblanadi? Chunki, birinchidan, olimlarning hisoblariga ko‘ra, chigit unib chiqqan kundan boshlab 30 kun ichida, o‘sish va rivojlanish davrida yig‘ilishi mumkin bo‘lgan (potensial) paxta hosilining 80 % ning asosi, negizi, yaratilar ekan. Ikkinchidan, O‘zbekistonning ko‘pgina viloyatlarida har yili o‘rtacha g‘o‘za eqiladigan dalalarning eng kamida 10 – 15 %, ba’zi yillari esa 70 – 80 % gacha maydonlarini buzib ekishga to‘g‘ri keladi. Tuprog‘i zamburug‘lar bilan kuchli zararlangan dalalar, ob-havo noqulay bo‘lgan yillari, ba’zida kamida 2 va 3 martalab qisman yoki butunlay qaytadan eqiladi. misol uchun, 1993 va 2009 yillarda Samarqand viloyatining bir qator xo‘jaliklarida deyarli 80 % maydon 3 martagacha buzib ekilgan. O‘zbekiston bo‘yicha 1996 yil 122,2 ming ga maydonga chigit qayta ekilgan. Oddiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, agar nihol kasalliklaridan himoya qilish uchun urug‘lik chigit zamonaviy samarali dorilardan biri bilan ishlov berilib, sifatli chigitni ob-havo qulay sharoitda ekish hisobiga viloyatlarda qayta ekishni 2 barobar kamaytirsak, eng ozi bilan 15-20 ming tonna urug‘lik chigitni tejash mumkin.
Nihol kasalliklari xavfli va jiddiy muammo ekanligining yaqqol misoli sifatida AQShning o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi mutaxassislarining ko‘p yillik kuzatuv va tadqiqotlari natijalarini keltirishimiz mumkin. AQShda kasalliklar tufayli yo‘qotilgan paxta hosilini hisoblash bo‘yicha tuzilgan maxsus komissiyaning 1996 yilgi hisobotlarida ko‘rsatilishicha, 1995 yilda chigit va nihol kasalliklaridan 800000 toydan ko‘proq, pul hisobida esa deyarli 350 mln AQSH dollariga borobar paxta hosili yo‘qotilgan.
Nihol kasalliklari majmuasi faqatgina AQShda emas, dunyoning barcha g‘o‘za eqiladigan mamlakatlarida ham eng katta muammolardan biri bo‘lib, ularni bir nechta mikroorganizmlar qo‘zg‘atadi. Bu kasalliklar alomatlari bir-biriga juda o‘xshash bo‘lganligi uchun, tashqi ko‘rinishiga qarab ularni qaysi mikroorganizm qo‘zg‘atganligini bilish juda qiyin; buning uchun odatda niholning kasallangan qismlari laboratoriya sharoitida tahlil qilinishi lozim. G‘o‘zada nihol kasalliklarining asosiy qo‘zg‘atuvchilari qatoriga qo‘yidagi mikroskopik zamburug‘lar kiradi: Rhizoctonia solani, Thielaviopsis basicola, Fusarium spp, Pythium spp. Bu tuproqda yashaydigan zamburug‘larning har biri alohida yoki bir nechtasi baravarlikda qo‘yidagi nihol kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin: chigit unishidan oldin chirishi; chigit unayotgan paytda (urug‘palla hosil bo‘lishidan oldin yoki uning tuproq yuzasigacha bo‘lgan yo‘lida) chirishi; unib chiqqan nihol poyasining tuproq yuzasiga yaqin qismi noziklashishi; halqasimon yara bilan qoplanib chirishi va nihol halok bo‘lishi; niholning o‘q ildizi va yon ildizlarida, poyasi (gipokotil) va urug‘pallalarida dog‘lanishlar rivojlanishi, shu organlarning qisman yoki butunlay chirishi. Bu kasalliklar nihollar miqdorini kamaytirishi yoki ularni deyarli butunlay halok qilishi mumkin. Keyingi holda butun dala qayta eqilishi va ancha qo‘shimcha xarajatlar qilinishiga to‘g‘ri keladi (ya’ni urug‘lik, yonilg‘i, moy, mehnat qiymatlari va bevosita talofatlar – yo‘qotilgan qulay vaqt, hosilni kech yetilishi, hosil miqdorini kamayishi va h.k.)
Nihol ildiz chirishining makkorligi yana shundaki, u o‘simliklarni uzoq muddatga nimjon qilib qo‘yadi va natijada hosildorlik kamayadi. Misol uchun zamburug‘lar ta’siridan o‘q ildizning tuproq yuzasidan 5-7 sm dagi pastki qismi chirishi, o‘simlikni faqat bir nechta yuzaki yon ildizlarga qaram qilib qo‘yadi; bunday o‘simliklar yozda havo isib, yosh ko‘saklar rivojlana boshlagan paytda (hatto tuproq namligi ildiz sistemasi sog‘lom bo‘lgan o‘simliklar uchun yetarli bo‘lsa ham), halok bo‘lishi mumkin.
Chigit unishini va o‘simliklar o‘sishini sekinlashtiradigan omillar nihol kasalliklarining kuchli rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bu omillar – tuproq va havo haroratining past bo‘lishi, urug‘ni tavsiyadagidan chuqurroq ekish, qatqaloq, tuproqning ortiqcha namligi, yaxshi yumshatilmaganligi, patogen zamburug‘lar bilan zararlanganligi va b.q. Yana shuni esda tutish kerakki, chigit va nihol kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning ko‘pchiligi g‘o‘zadan boshqa ekin va begona o‘t turlarini ham zararlaydi, shuning uchun ular ilgari g‘o‘za ekilmagan dalalarning tuprog‘ini ham o‘zlarining sporalari va sklerotsiylari bilan zararlagan bo‘lishi mumkin.
Yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari bir necha mikroorganizmlar ham nihollarni kasallantiradi. Ularning qatoriga zamburug‘lar Alternaria spp., Ascochyta gossypii, Sclerotium bataticola, Phytophthora spp., gommoz bakteriyasi (Xanthomonas malvacearum) va nematodalar (Meloidodyne incognita va b.q.) kiradi. Qo‘yida g‘o‘za nihollarida uchraydigan asosiy parazit mikroorganizmlar va ular qo‘zg‘atadigan kasalliklar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Dostları ilə paylaş: |