Bilvosita xarajatlar esa mahsulotlar ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lmagan xarajatlar hisoblanib, ularga ma’muriy-boshqaruv xarajatlari, boshqaruv asbob-uskunalarini saqlash va foydalanish xarajatlari kiradi.
Rejalashtirilishiga qarab xarajatlarni qisqa va uzoq muddatli xarajatlarga ajratish mumkin. Qisqa muddatli xarajatlar korxonaning taktik maqsadlarini amalga oshirishga imkon beradi.
Uzoq muddatli xarajatlar esa korxonaning strategik maqsadiniamalga oshirishda yuzaga keladi. Ularga ilmiy tekshirishlar, yangi texnologiyalarni olib kirish va rivojlantirish, tayyor mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar kiritiladi.
Korxonalar faoliyatida yarim o’zgaruvchan xarajatlar ham yuzaga keladi. Yarim o’zgaruvchan xarajatlar bir vaqtning o’zida ham o’zgaruvchan, ham doimiy xarajat xususiyatiga ega bo’lgan xarajatlar hisoblanadi. Ularga telefon xizmati xarajatlarini kiritish mumkin. Bunda bir oylik aniq to’lanishi lozim bo’lgan summa — doimiy xarajatlar, shaharlararo va xalqaro so’zlashuv xarajatlariesa o’zgaruvchan xarajatlar guruhiga kiritiladi.
Smeta kalkulyatsiyasidan mahsulotlar ishlab chiqarish yoki ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyani qo’llash va kelgusi davrlarda sarflanadigan xarajatlar smetasini tuzishda foydalaniladi. Ushbu usul korxonada yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish, mahsulotlar bahosini belgilash va ishlab chiqarish jarayonining iqtisodiy samaradorligini aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
Ishlab chiqarish yo’nalishidagi hamma xarajatlar mahsulot tannarxiga kiritiladi. Bu esa ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlarni to’liq va o’z vaqtida hisobga olish, shuningdek, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarni tejash hamda ulardan samarali foydalanish ustidan nazorat qilishga imkon beradi.
Ishlab chiqarish xarajatlarini asosiy va yordamchi ishlab chiqarishlar bo’yicha hisobga olingani tashkil etish.Korxonalarning ishlab chiqarish jarayonida sodir bo’ladigan har bir muomalaning buxgalteriya hisobini yuritishda quyidagi hisobvaraqlar guruhidan foydalaniladi:
- 2010-“Asosiy ishlab chiqarish";
- 2310-"Yordamchi ishlab chiqarish";
- 2510-“Umumishlab chiqarish xarajatlari”;
-2610-“Ishlab chiqarishdagi yaroqsiz mahsulotlar“;
- 3110-“Oldindan to’langan operativ ijara haqi”;
- 3120-“Oldindan to’langan xizmat haqi”;
- 3190-“Boshqa kelgusi davr xarajatlari”;
- 8910-“Kelgusi xarajatlar va to’lovlar rezervlari”.
Ishlab chiqarish xarajatlarini elementlari va kalkulyatsiya moddalari bo’yicha hisob yuritishni ta’minlash maqsadida asosiy ishlab chiqarishning barcha xarajatlari 2010 - “Asosiy ishlab chiqarish” hisobvarag’ida tayyorlanayotgan mahsulot turlari bo’yicha guruhlanadi.
2010 - “Asosiy ishlab chiqarish” hisobvarag’idan xarajatlarni hisobga olishda quyidagi korxona va tashkilotlar foydalanadi:
- mahsulot ishlab chiqarshi bo’yicha sanoat va qishloq xo’jaligi korxonalari;
- qurilish-montaj, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish bo’yicha pudrat, geologiya va loyiha qidiruv tashkilotlari;
- xizmatlar ko’rsatish bo’yicha transport va aloqa korxonalari;
- ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlarini bajarish bo’yicha ilmiy-tadqiqot korxonalari;
- avtomobil yo’llarini asrash va ta’mirlash bo’yicha yo’l xo’jaliklari.
Yordamchi ishlab chiqarishdagi mahsulot (ish, xizmatlar) tannarxini aniqlash uchun tegishli xarajatlar 2300 – “Yordamchi ishlab chiqarishni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvaraqlarida guruhlanadi.
Shuningdek, mazkur hisobvaraqlarda 21-sonli BHMSga muvofiq, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar balansida turgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik bo’linmalari xarajatlari ham hisobga olinishi mumkin.