Kassa operatsiyalarini hisobga olish 21-sonli BHMC asoida olib boriladi. Korxona kassasidagi pul mablag’larining naqdligi va harakati to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari”;
5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
Zarur hollarda ayrim (transport, aloqa) korxonalarda “Korxona kassasi” va “Operatsion kassa” kabi hisobvaraqlar ochilishi mumkin.
Kassadagi pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlarning (5000) debeti bo’yicha korxona kassasiga kelib tushgan pul mablag’lari aks ettiriladi. Krediti bo’yicha korxona kassasidan to’lanadigan pul mablag’lari va limitdan ortiqcha pulni bankka topshirish aks ettiriladi.
Quyida kassadagi pul mablag’larini harakati bo’yicha muoamalalarni buxgalteriya hisobida aks ettirilishini ko’rib o’tamiz:
1) Kreditga sotilgan tovarlar bo’yicha foizlar naqd pulda olinganda (savdo korxonalarida):
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 4830 “Olinadigan foizlar”.
2) Mahsulot, ish va xizmatlarning naqd pulga sotilishi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 9010 “Tayyor mahsulotlarni sotishdan daromadlar” yoki
K 9020 “Tovarlarni sotishdan daromadlar” yoki
K 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar ko’rsatishdan daromadlar”.
3) Asosiy vositalar va boshqa aktivlarni sotishdan tushumning naqd pulda olinishi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 9210 “Asosiy vositalarning chiqib ketishi” yoki
K 9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi”.
4) Bankdagi tegishli hisobvaraqlardan pul mablag’lari kassaga kelib tushdi (ish haqi, nafaqa, mukofotlar va shu kabilarni berish uchun):
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” yoki boshqa pul mablag’larni hisobga oluvchi hisobvaraqlar.
5) Hisobdor shaxslar tomonidan ishlatilmagan oldin olingan bo’naklarning qaytarilishi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 4220 “Xizmat safarlariga berilgan bo’naklar” yoki
K 4230 “Umumxo’jalik xarajatlari uchun berilgan bo’naklar” yoki
K 4290 “Xodimlarga berilgan boshqa bo’naklar”.
6) Aktsiyani nominal qiymatidan yuqori narxda sotish natijasida olingan emissiya daromadi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 8410 “Emissiya daromadi”.
7) Ta’sischilar o’zlarining ulushlari hisobidan korxonaning ustav kapitaliga naqd pul mablag’larini kiritdi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 4610 “Ustav kapitaliga ta’sischilarning ulushlari bo’yicha qarzi”.
8) Kvartira ijarachilaridan qarz summasi kelib tushdi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 4890 “Boshqa debitorlar qarzlari”.
9) Kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari va boshqa to’lovlarning kelib tushishi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 4890 “Boshqa debitorlar qarzlari”.
10) Ishchilarga alohida uy-joy qurishga qarz berish uchun kredit summasi naqd pulda olindi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”
K 6810 “Qisqa muddatli bank kreditlari” yoki
K 7810 “Uzoq muddatli bank kreditlari”.
11) Pul mablag’lari kassadan topshirildi va bankdagi hisob-kitob hisobvarag’iga o’tkazildi:
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” yoki boshqa pul mablag’larni hisobga oluvchi hisobvaraqlar
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
12) Aktsiyadorlardan ularga tegishli aktsiyalar qaytarib sotib olindi:
D 8610 “Sotib olingan xususiy aktsiyalar - oddiy” yoki
D 8620 “Sotib olingan xususiy aktsiyalar - imtiyozli”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
13) Qimmatli qog’ozlarni xarid qilish bilan bog’liq xarajatlar to’landi (brokerlar xizmatiga haq):
D 0610 “Qimmatli qog’ozlar” yoki
D 5810 “Qimmatli qog’ozlar”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
14) Hisoblangan mehnat haqi va boshqa to’lovlar berildi (mukofot va shu kabilar):
D 6710 “Mehnat haqi bo’yicha xodim bilan hisoblashishlar”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
15) Hisobdor summalar berildi:
D 4220 “Xizmat safarlariga berilgan bo’naklar” yoki
K 4230 “Umumxo’jalik xarajatlari uchun berilgan bo’naklar” yoki
K 4290 “Xodimlarga berilgan boshqa bo’naklar”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
16) Xodimlarga berilgan qarz summasi:
D 4720 “Berilgan qarzlar bo’yicha xodimlarning qarzi”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
17) Turli xil summalar berildi (bajarish varaqalari bo’yicha va boshqalar):
D 6990 “Boshqa majburiyatlar”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
18) Korxonaning ajaratilgan bo’linmalari hisobiga naqd to’lanishi:
D 4110 “Ajratilgan bo’linmalardan olinadigan hisobvaraqlar”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
19) Tabiiy ofatlar bilan bog’liq turli xil qoplanmaydigan xarajatlar to’lanishi:
D 9720 “Favquloddagi zararlar”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
20) Pul mablag’larining kamomadi (inventarizatsiya natijasida):
D 4730 “Moddiy zararni qoplash bo’yicha xodimlarning qarzi”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
21) Hisoblangan foizlar bo’yicha qarzlar qoplanishi:
D 6920 “Hisoblangan foizlar”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
22) Ijaraga beruvchiga tegishli to’lovlarning to’lanishi:
D 6910 “To’lanadigan operativ ijara” yoki
K 6950 “Uzoq muddatli majburiyatlar - joriy qismi”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
K 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari”.
Hisobvaraq 5000 “Kassadagi pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”ga yozuv qilish uchun asos bo’lib kassir hisoboti xizmat qiladi.
Buxgalteriya hisobida kassa operatsiyalarini hisobga olish uchun maxsus registrlar: jurnal-order № 1 kassa hisobvarag’ini kredit operatsiyalari va qaydnoma № 1 debet operatsiyalarini hisobga oladi. Ushbu registrlar buxgalteriya dasturi 1C-Buxgalteriyada ham qo’llaniladi.
Jurnal-order № 1 va qaydnoma № 1 ni to’ldirish uchun kassirning hisobotlari asos bo’lib xizmat qiladi. Reestrda har bir hisobotga, kassa hisoboti tuzilgan muddatdan qat’iy nazar, bitta satr beriladi. Jurnalda band qilingan satrlar soni kassir tomonidan topshirilgan hisobotlar soniga mos kelishi kerak. Biroq, kassa hujjatlari kam bo’lgan holda, kassirning bir necha hisobotiga ko’ra, registrlarda har kuni emas, balki 3-5 kun davomida operatsiyalarni qayd etishga ruxsat etiladi. Bu holda “sana” ustunida yozuvlar qilinadigan dastlabki va oxirgi raqamlar ko’rsatiladi, masalan: 1-3, 15-17 va hokazo.
Bog’lanadigan (korrespondentlanadigan) hisobvaraqlari bo’yicha kun (bir necha kun) natijalari kassa hisobotida yoki unga ilova qilingan hujjatlarda aks ettirilgan bir xil operatsiyalar summalarini hisobga olish yo’li bilan, buxgalteriya yozuvlariga (o’tkazma) ko’ra, ilgari kassir hisobotida yoki hujjatlarda tushirilgan holda belgilanadi.
Naqd pul qoldig’i faqat oyning boshida va oxirida qaydnomada ko’rsatiladi. Oy davomida nazorat va operativ maqsadlarda kassir hisobotlarida ko’rsatilgan mablag’lar qoldig’i to’g’risidagi ma’lumotlardan foydalaniladi.
Kassa inventarizatsiyasi. Tashkilot kassasida har chorakda kamida bir marta taftish o’tkazilib, kassadagi barcha naqd pul va boshqa qimmatliklar birma-bir qayta sanalib, tekshirilishi shart.
Kassada taftish o’tkazish uchun tashkilot rahbarining buyrug’i bilan komissiya tuziladi. Mazkur komissiya tomonidan o’tkazilgan taftish natijalari bo’yicha ikki nusxada dalolatnoma tuzadi. Komissiya a’zolari kassadagi naqd pullar, qimmatli qog’ozlar va boshqa qimmatliklarni birma-bir to’liq qayta sanash yo’li bilan tekshiradi.
Dalolatnoma inventarizatsiya (tekshirish) o’tkazish komissiyasi a’zolari hamda moddiy javobgar shaxs tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi tashkilot buxgalteriyasiga topshiriladi, ikkinchi nusxasi moddiy javobgar shaxsda qoladi.
Inventarizatsiyani (tekshirishni) boshlashdan oldin har bir moddiy javobgar shaxs(lar)dan tilxat olinadi. Moddiy javobgar shaxslar almashganda, dalolatnoma uch nusxada tuziladi, bir nusxasi naqd pul va boshqa qimmatliklarni topshirgan moddiy javobgar shaxsga, ikkinchi nusxasi naqd pul va boshqa qimmatliklarni qabul qilib olgan moddiy javobgar shaxsga, uchinchi nusxasi tashkilot buxgalteriyasiga topshiriladi.
Kassa daftari elektron (dasturiy) tarzda yuritiladigan tashkilotlarda kassa hujjatlariga ishlov berish tizimining to’g’ri yuritilishi tekshirib turilishi shart.