Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq to’lovchilar puxta o’zlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda o’qitish zarur. Sh. M. Mirziyoev
11 BOB. SOLIQLAR VA BOSHQA MAJBURIY TO’LOVLAR HISOBI
11.1. Asosiy me’yoriy-huquqiy hujjatlar
1. O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi.
2. “Buxgalteriya hisobi to’g’risida”gi O’zR qonuni (yangi tahrir). 13.04.2016 y. № O’zRQ-404.
3. “Xo’jalik sub’ektlarini xarajatlar hisobi va moliyaviy natijasini shakllantirish tartibini takomillashtirish to’g’risida”. O’zR Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 15 oktyabrdagi 444-sonli qarori bilan tasdiqlangan (o’zgartirishlar va ilovalar bilan).
4. “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risidagi Nizom”. O’zR Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan (o’zgartirishlar va ilovalar bilan).
5. “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi to’g’risidagi Nizom” (O’zR Adliya vazirligi 2004 yil 14 yanvarda 1297-son bilan ro’yxatga olingan).
6. O’zR 4-son BHMS “Tovar-moddiy zahiralar (yangi tahrirda)” (O’zR Adliya vazirligida 2006 yil 17 iyulda 1595-son bilan ro’yxatga olingan).
7. O’zR 21-son BHMS “Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy-xo’jalik faoliyatining buxgalteriya hisobi hisobvaraqlari rejasi va uni qo’llash bo’yicha Yo’riqnoma”. (O’zR Adliya vazirligida 2002 yil 23 oktyabrda 1181-son bilan ro’yxatga olingan).
11.2. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar tasnifi, turlari hamda hisobga olish vazifalari
Soliqlar va yig’imlar. Soliq deganda soliq kodeksida belgilangan, O’zRning Davlat byudjetiga yoki davlat maqsadli jamg’armasiga to’lanadigan majburiy beg’araz to’lov tushuniladi.
Yig’im deganda byudjet tizimiga soliq kodeksida yoki boshqa qonun hujjatlarida belgilangan majburiy to’lov tushuniladi, bu yig’imning to’lanishi uni to’lovchi shaxsga nisbatan vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan unga muayyan huquqlarni yoxud ruxsat etuvchi hujjatlarni berish shartlaridan biri bo’ladi.
Shaxsning zimmasiga sud tartibida yuklatilgan jarimalar va boshqa to’lovlar, shuningdek qonunda belgilangan hollarda mol-mulkni musodara qilish hamda boshqacha tarzda olib qo’yish soliqlar yoki yig’imlar jumlasiga kirmaydi.