Guliston davlat universiteti xolbekova m., Fayzullayeva o
«TEZ YURAR» METODI «Tez yurar» metodi quyidagicha amalga oshiriladi: har bir talabaga qatori bo’yicha o’tilgan mavzular asosida tezlik bilan savollar beriladi.Ularning javobi ham juda tez bo’lishi darkor, ya’ni topqir bo’lishlari va javobni 2 sekund davomida topishlari kerak. (Agar kimki javob topa olmasa,avtobusdan tushib qoladi, chunki «Tez yurar» avtobus kutib o’tirmaydi). Shunday qilib, javobni tez topa olmaganlar tikka turib qoladilar, javob topganlar esa o’tiradi. «Tez yurar» metodidagi savolga javob topa olmaganda tikka turib qolishi,uning baho me’yori va uni talaba o’zi bilib turishi, bilmagan talaba boshqalarning javoblarini e’tibor bilan tinglashi kabi holatlar bolalarda qiziqish uyg’otadi. Qolaversa,eng asosiysi, talaba har bir javobi bilan o’z bilimiga o’zi baho qo’yib boradi. Talabalardagi qiziqish natijasida diqqat ortadi,bu esa his-tuyg’uga ta’sir qiladi, esda qoldirish jarayoni kuchayadi. «Tez yurar» metodining yana bir psixologik ahamiyati shundaki, takrorlash natijasida talabalarning nazariy-amaliy bilimlari puxtalanadi.Ma’lum mavzu o’tilgach,o’sha mavzu atrofida 50-60 ta savolga javob berish uchun talaba uni to’la idrok qilishi kerak. O’tilgan dars bo’yicha beriladigan savollardan tashqari avval o’tilgan mavzular bo’yicha ham 30-40 ta savollar beriladi.Yangi mavzu o’tilgach, o’sha mavzu (har darsda albbata oldin o’tilgan mavzularga qaytiladi) bo’yicha savollar avvalgi savollarga qo’shilgan holda beriladi. Shu zaylda har darsda albatta oldin o’tilgan mavzularga ham «eksprom-ekskurs» qilinadi. Bu kabi takrorlash xotirada qoldirishning puxtaligiga ta’sir qiluvchi metodlardan sanaladi. Ushbu metodga ko’ra, talabalarga uch marta savol berilsa-yu,birorta talaba uch marta tikka qolsa, u talaba yomon baho oladi yoki uch marta javob bersa «5» baho oladi.Bu metodni darsning uy vazifasini so’rash qismida, yangi mavzu o’tilgan yoki mustahkamlash va takrorlash darslarida o’tkazish mumkin .Tajriba shuni ko’rsatadiki, bu metod natijasida talaba tez o’ylashga - hozirjavoblikka o’rganadi. «Avtobusdan tushib qolmaslik uchun» har doim izlanadi. Bir talabaning javobini boshqalari eshitib, o’sha savol bo’yicha nazariy ma’lumotlari mustahkamlanadi. Bu metod talabadan ham, o’qituvchidan ham faollik talab qiladi. Darsda faollashtirish yo’l-yo’riqlaridan foydalanish jahon andozalari talablaridan biridir. «Tez yurar» metodida talaba bilimini o’zi aniqlaydi, o’zini o’zi baholaydi. Ya’ni bilimi qay darajada ekanligiga tashhis qo’yiladi va keyingi yangi mavzu bayonida shu tashhis asosida ularga bilim beriladi. Tajribalardan ma’lum bo’ldiki, «Tez yurar» metodini o’tkazish uchun beriladigan savollar :
a) tushunarli va aniq bo’lishi ;
b) qisqa, aniq javob talab qiluvchi bo’lishi ;
v) javobi «ha» va «yo’q» so’zlari bilan kelmasligi;
g) savollar kitobiy bulmasdan amaliyotdan olingan bo’lishi;
d) yangi yoki eski o’tilgan mavzular bo’yicha tayyorlanishi;
e) talabalarni mushohada asosida javob berishlarini ta’minlashi kerak.
Tadqiq qilingan «tez yurar» metodining ahamiyati haqida fikr yuritilar ekan, quyidagi jihatlar uslubiyat darsining samaradorligini ta’minlashiga ishonch hosil qildik .
a) hozirjavoblikka o’rganadi ;
b) hamma talaba birdan baholanadi;
v) nutqi rivojlanadi;
g) talabaning tafakkur faoliyatini oshiradi ;
d) ilmiy-nazariy bilimga ega qiladi;
e) talaba bilimiga tashhis qo’yiladi;
yo) fikrni erkin izohlay oladi;
j) talabalar psixologiyasiga e’tibor beriladi.