Guliston davlat universiteti xolbekova m., Fayzullayeva o
«BU BIZNIKI» METODI «Bu bizniki» yoki «bu meniki» metodini bajarishda birinchi navbatda talabadagi erkinlik tuyg’usini rivojlantirish, o’z kuchiga ishonchsizlikni yo’qotish kerak, o’z bilimiga ishonish tuyg’usini singdirish darkor. Buning uchun talabaning ruhiy erkinligiga sharoit tug’dirish lozim. Biz tanlagan yangicha metodda talaba o’z ishiga ko’r-ko’rona yondoshishni ham, zerikishni ham, loqaydlikni ham yo’qotadi. Chunki talaba «Bu bizniki» o’yin-mashqini bajarish davomida «o’ziniki» ni ko’paytirishga harakat qiladi.
«Bu bizniki» metodi ma’lum mavzular o’tilgach, umumlashtirish, takrorlash, mustahkamlash darslarida o’tkazilishi mumkin.
Bunda talabalarni ma’lum guruhlarga ajratish asosida ularga topshiriqlar beriladi. Masalan: «Xoslangan uslublar» mavzusi o’tib bo’lingach, talabalar 5 guruhga ajratilishi va ularning har biriga xos ravishda topshiriqni bajarish topshirilishi mumkin. 1- guruh shartli ravishda «So’zlashuv uslubi», 2-guruh «Rasmiy uslub», 3-guruh «Ilmiy uslub», 4-guruh « Publitsistik uslub» va 5-guruh «Badiiy uslub» deb nomlanadi. Yozuv taxtasiga 30-40 ta qo’shimcha yoziladi yoki og’zaki o’kib beriladi. Talabalar o’zlariga tegishli qo’shimchalarni daftarlariga yozib boradilar, so’ng o’sha qo’shimchalarga misol va izoh beradilar.
«Bu bizniki» metod-mashg’ulotini o’tkazishda qo’yidagi metodik talablarga e’tibor berish kerak:
a)dars jarayonida 15-20 minutni, semestr oxirida, yirik bo’limlarni qaytarishda esa butun darsni ajratish mumkin;
b) metod-mashg’ulotni o’tkazishdan avval unga o’qituvchi puxta tayyorlanishi kerak;
v) mashg’ulotni o’tkazish uchun, avvalo, shu mavzuga oid bilimni puxta o’rgatish darkor;
Bu xildagi noan’anaviy metoddagi topshiriqlar faqat talabalarning so’z boyligini oshirish emas, balki yozish kerak bo’lgan so’zlarning imlosini ham puxta o’rganib olishga imkon beradi .
«Bu bizniki» metodini tajribada sinash natijasida qo’yidagi afzal tomonlar namoyon bo’ladi:
Darsda talabalarning faolligi oshadi;
Har bir talaba o’z bilimini namoyish qilish uchun (o’zinikini topish uchun) fikrlaydi, xotirlaydi;
Grammatik qoidalarning bevosita amaliyotda qo’llanishi tekshiriladi
«Bu bizniki» noan’anaviy metodi bilan talabalar olgan bilimlarini xotirada tiklaydilar,umumiylikdan xususiylik tomon boradilar. Bu esa talabalarning olgan bilimlarini amalda qo’llay olish ko’nikmalarini shakllantiradi, rivojlantiradi . Shunday qilib, talabalar bilimini sinash, uni nazorat qilish bilan birga rivojlantiruvchi maqsadlar ham amalga oshiriladi.