3. Fuqaroviy faollik va uning fuqarolik jamiyatidagi orni Fuqaroviylik va fuqaroviy ongni o’rganishdan asosiy maqsad fuqarolik jamiyatini barpo etishda fuqaroviy faollikni o’rganishdan iborat. Zero fuqarolik jamiyati nafaqat fuqaroviylik xususiyatlariga ega ongli fuqarolar vositasida, balki faol bo’lgan fuqarolar bilan barpo etiladi. Ana shu faollikni keltirib chiqaruvchi omillarni o’rganish muhim ahamiyatga egadir. Zero ular fuqarolik jamiyatini barpo etishning umumiy va xususiy qonuniyatlarini anglash imkonini beradi. Fuqaroviy faollikni ijtimoiy-siyosiy va mehnat faoliyatiga ijodiy yondashuv sifatida baholash mumkin. Aynan insonning fuqaroviy faolligi shaxsning to’laqonli rivojlanishiga, undagi imkoniyatlarning to’liq namoyon bo’lishiga xizmat qiladi. Fuqarolik pozitsiyasi hamda fuqaroviy faollikka ega bo’lish jamiyatda ro’y berayotgan barcha voqea-hodisalarni, ularning oqibatlari va mavjud muammolarning echimini chuqur anglashni taqozo etadi. Ijtimoiy faollik tushunchasi fuqarolik jamiyati tushunchasi bilan chambarchas bog’liqdir. Bu erda jamiyatning davlat faoliyatidan xoli holda jamoaviy tashabbuslar bilan rivojlanishi nazarda tutilmoqda. Bu partiyalarga a‘zolikni nazarda tutuvchi siyosiy faollik, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish, turli ijtimoiy tashabbuslar va ijtimoiy harakatlarni anglatadi. SHu ma‘noda jamiyat uchun foydali bo’lgan turli dasturlar va jamoat birlashmalarida ishtirok etish ham fuqaroviy faollikka kiradi. Aslini olganda jamiyat a‘zolarining asosiy ko’pchiligi jamiyatda mavjud qoidalar asosida faoliyat yuritgan holda ijtimoiy faollik ko’rsatishmaydi. Bunday passivlikning jamoat tartibini saqlash nuqtai nazaridan qaysidir darajada ijobiy jihatlari ham mavjud bo’lsa-da, fuqarolik jamiyatini qurishda fuqaroviy faollik juda muhim ahamiyatga ega ekanligini esda tutish lozim. Zero passiv fuqarolar hech qachon o’z huquqlari uchun kurashishmaydi. Fuqaroviy faollik o’z kuchiga ishonish, mavjud vaziyatni o’zgartirishga qodirlik hissining yaqqol namoyon bo’lishi bilan vujudga keladi. Ko’pgina hollarda fuqaroviy faollikning boshlang’ich nuqtasi sotsiologlarni qiziqtirgan masaladir. Zero aksariyat jamiyatlarda ijtimoiy o’zgarishlar davlat etakchiligida amalga oshiriladi va jamiyat a‘zolari keyinchalik bu o’zgarishlarga moslashishadi. Ko’pincha fuqaroviy faollik yoshlarda kuzatiladi. Albatta fuqaroviy faollikka ta‘sir ko’rsatuvchi omil faqat yosh bilan chegaralanmaydi. Bilim darajasi, dunyoqarash, tarbiya va hatto yashash manzili ham bunga ta‘sir ko’rsatadi. Ko’pincha yoshlar fuqaroviy faollik ko’rsatishni istashsa-da, siyosiy sohada bunday faoliyat ko’rsata olmaydilar. Boshqacha aytganda, yoshlar davlat siyosati murakkab bo’lganligi tufayli o’z istaklarini siyosatchilar oldida to’g’ri shakllantirishga qodir bo’lmaydilar. Boshqa tarafdan siyosiy soha yoshlardan ancha uzoq bo’lganligi tufayli yoshlar o’z manfaatlarini davlat siyosati bilan muvofiqlashtirishda murakkabliklarga duch kelishlari mumkin. SHu tufayli ularning ba‘zilari siyosiy partiyalarga a‘zo bo’lishadi, aksariyati esa umuman siyosatga qiziqmay qo’yadilar. Biror-bir sohadagi muammolarni bartaraf etish imkoniyati nodavlat notijorat tashkilotlarida mavjud bo’lganligi tufayli yoshlarning aksariyati shunday tashkilotlarga a‘zo bo’lib kirishadi. Davlatning siyosiy tuzilmalarida professional faoliyatga kirish fuqaro/yoshlardan ma‘lum ish tajribasi, bilim va ko’nikma talab qilsa, jamoat birlashmalariga a‘zo bo’lib kirish uchun ish tajriba talab etilmaydi, balki faqat qiziqishning o’zi etarli bo’ladi. O’tish davrini boshidan kechirayotgan mamlakatlarda fuqarolar ijtimoiy jarayonlarni boshqarish, mavjud vaziyatni o’zgartirish, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish bo’yicha o’z tashabbuslarini ilgari surish zarurligini anglab etadilar. Bu esa turli ko’ngillilar jamiyatlarining tuzilishiga sabab bo’ladi. Insonda boshqalarga yordam berish, ayniqsa muammoli vaziyatga tushgan vatandoshlariga, qo’shnilariga ko’maklashish hissi mavjud. Aynan boshqalarga yordam qo’lini cho’zgan kishi nafaqat muammoni bartaraf etishga hissa qo’shadi, balki u o’zligini ham yanada chuqurroq anglay boradi. SHuning uchun bo’lsa kerak, ko’ngillilik butun dunyoda keng tarqalgan hodisalardan biriga aylangan. Bu hodisa ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etishga o’z hissasini qo’shishga bel bog’lagan kishilarni umumbashariy miqyosda birlashtiradigan jarayonga aylangan. Ko’ngillilik turli shakllarda amalga oshirilishi, jumladan turli kasalliklarga qarshi kurashish uchun xayriya faoliyatidan boshlab qashshoqlik yoki tabiiy ofatlarga qarshi kurashish shaklida bo’lishi mumkin. Insonni ixtiyoriy faoliyat, ya‘ni ko’ngilli ishga chorlovchi istakning negizida har bir kishiga xos bo’lgan shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlar yotadi. Jumladan, boshqalarga naf keltirish, o’zini namoyon qilish va muloqot istagi kishini faollikka etaklaydi. Kishida ijtimoiy jihatdan e‘tirofga bo’lgan ehtiyoj ham mavjud. Professional va hayotiy tajribani qo’llash istagi ham kishini shunday faoliyatga chorlashi mumkin. O’z imkoniyatlarini ishga solish, o’z g’oyalarini tatbiq etish istagi ham kishini harakatlantiruvchi kuchga aylanishi mumkin. Ijtimoiy jarayonlarga ta‘sir ko’rsatish va ishtirok etish ehtiyoji ham kishini faollikka etaklaydi. Ko’ngilli faoliyat inson uchun o’z shaxsiy ehtiyojlari bilan jamiyat ehtiyojlarini uyg’unlashgan holda hayotga tatbiq etish uchun o’ziga xos imkoniyatdir. Bu ehtiyoj kishilarning o’z axloqiy burchlarini anglash hamda insonning barkamolligidan dalolat beradi. Ko’ngilli faoliyat yurita ekan inson axloqiy jihatdan takomillashib boradi, muloqot madaniyatini rivojlantiradi, o’zaro hamkorlik va birodarlik hissiga, insonparvarlik tuyg’usiga ega bo’ladi. Ko’ngillilik faoliyati faol va ijodiy xarakterga ega bo’lib, inson o’z salohiyatini namoyon etish imkoniyatiga ega bo’ladi. Bu faoliyat tevarak atrofda ro’y berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan faol munosabatning shakllanishiga, siyosiy voqelikka ziyrak nazar bilan qarashga yordam beradi. Aynan fuqaroviy faollikning o’zi bir necha jihatlar bilan ajralib turadi; - faol fuqaro guruhiga mansub kishilar asosan siyosiy va iqtisodiy tizim to’g’risida bilim olishga tayyor bo’lgan kishilardan iborat; - faol fuqarolarda o’z haq-huquqlarini faol amalga oshirish uchun bilim va qobiliyat mavjud; - faol fuqarolarda ana shu bilimlarni joriy qilish uchun ko’nikmalar mavjud bo’ladi1528. Fuqarolik faolligi bugungi kunda davlat uchun misli ko’rilmagan ko’makchiga aylanmoqda. Turli ijtimoiy loyihalarga birlashgan fuqarolar ro’y berayotgan, tug’ilayotgan va mavjud muammolarni muhokama qilish, ularning echimini topish va hukumatga taklif etish imkoniyatiga ega. Turli nodavlat tuzilmalaridagi etuk mutaxassislar bozor munosabatlari sharoitida kutilmaganda ro’y beradigan muammolar, bozorning betartartib jarayonlarida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishga hukumatga ko’makchilik qilmoqdalar. Ma‘lumki bozor munosabatlari sharoitida rang-barang ijtimoiy muammolar yuzaga kelaveradi, ammo ularning echimini hukumat hamisha ham o’z vaqtida hal etavermaydi. Boshqacha aytganda bunday muammolarni hukumat o’z vaqtida payqash imkoniyatiga ega emas. SHunday muammolar mavjudki, ularning oqibati jamiyat uchun qanchalik mudhish bo’lmasin, ularning mavjudligini tan olish yoki ularni bartaraf etish uchun aniq belgilangan institutlar mavjud bo’lmaydi. Agar hukumat fuqaroviy faollikni yuzaga chiqishiga imkoniyat yaratmas ekan, yoki turli nodavlat va jamoat birlashmalariga ana shunday muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo’yicha faol bo’lishga shart-sharoitlar yaratmas ekan fuqarolik jamiyatini barpo etish muammoligicha qolib ketaveradi. Fuqarolik jamiyati rivoj topgan mamlakatlarda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yurituvchi jamoat birlashmalari mavjud bo’lib, ular serqirra faoliyat yuritadilar. Masalan, jamiyatdagi ma‘lumotlilik darajasini oshirish yoki zamonaviy ta‘lim texnologiyalarini joriy etish bo’yicha ma‘lum tadqiqotlar olib borishadi va natijada parlamentga tegishli qonun o’zgartirishlari taklif etishlari mumkin. Tabiatni asrash yoki ekologik muammolarni bartaraf etish bo’yicha, yuqumli kasalliklarni oldini olish, shahar havosining ifloslanishi, chiqindilardan tozalash bo’yicha jamoat birlashmalari hukumatga qimmatli fikrlar bilan bir qatorda amaliy loyihalarni taklif etadilar. Bir so’z bilan aytganda, fuqarolik jamiyati uchun fuqaroviylik, fuqaroviy ong va fuqaroviy faollik juda muhim ahamiyatga egadir. Taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday jamiyat uchun inson salohiyatidan foydalanish, insonning o’zligida, uning qalbida mavjud bo’lgan birdamlik, saxiylik, bag’rikenglik kabi fazilatlarga murojaat etishning o’zi kifoyadir.