investitsiyalash obyektlarini tahlil qilish va olingan daromadlilikni davriy baholash va h. k. 9. Axborotlarning shaffofligi va konfidensialligi quyidagi yo‘llar bilan ta’minlanadi: Oldingi tahrirga qarang. axborotni qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq oshkor etish; (9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son) amalga oshirilgan investitsiyalar to‘g‘risida ta’sischilar oldida har yil hisobot berish; sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) xodimlari va boshqaruv organlari a’zolari tomonidan xizmat va maxfiy axborotdan sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) investitsiya siyosatiga muvofiq foydalanish. 10. Sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi) investitsiya faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur: a) O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2008-yil 22-apreldagi 41-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Sug‘urtalovchilar va qayta sug‘urtalovchilarning to‘lov qobiliyati to‘g‘risidagi nizom” (ro‘yxat raqami 1806, 2008-yil 12-may) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 20-21-son, 178-modda) bilan belgilangan sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) aktivlarini joylashtirishga oid talablarga va O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2008-yil 20-noyabrdagi 107-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Sug‘urtalovchilarning sug‘urta zaxiralari to‘g‘risidagi nizom” (ro‘yxat raqami 1882, 2008-yil 15-dekabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 52-son, 529-modda) bilan belgilangan sug‘urta zaxiralarini joylashtirish tartibiga oid talablarga rioya qilish; b) moliyaviy, texnik va axborot resurslari mavjudligini ta’minlash; v) mablag‘larni investitsiya qilish maqsadga muvofiqligi haqida mas’ul shaxsning yozma xulosalarini olish; g) mas’ul shaxsning ushbu Nizom bilan belgilangan malakaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash. 11. Sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi) investitsiya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan va sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini tashkil etishi lozim. IV. Investitsiya faoliyatini amalga oshirish tartibi 12. Sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi) joriy moliyaviy yilning 20-dekabriga qadar keyingi moliyaviy yil uchun sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) Kuzatuv kengashi yoki boshqa vakolatli organi tomonidan tasdiqlanadigan investitsiya siyosatini har yil ishlab chiqadi. 13. Investitsiya siyosati quyidagi asosiy elementlarni nazarda tutishi lozim: investitsiya faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq tavakkalchiliklarning tahlili; sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi) aktivlarining investitsiya faoliyati obyektlari bo‘yicha uzoq muddatli taqsimlanishi; sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi) aktivlarining investitsiya faoliyati obyektlari, geografik hududlar va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha taqsimlanish limitlari; investitsiya faoliyatining ma’lum bir obyektlariga investitsiya qilishning cheklovlari va taqiqlari; mas’ul shaxslarning qarorlarni qabul qilishdagi vakolat chegaralari va sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) aktivlarini investitsiya qilishdagi cheklovlarini belgilash; mas’ul shaxslarga qo‘shimcha malakaviy talablar; mas’ul shaxs tomonidan ekspertiza o‘tkazish va xulosa tayyorlash tartibi; investitsiya faoliyati bilan bog‘liq yomon sharoitlar oqibatlarini yumshatishga oid favqulodda holatdagi tadbirlar rejasi. 14. Mablag‘larni investitsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar mas’ul shaxs zarur hujjatlarni (biznes-reja, hisobotlar va h. k.) yig‘adi va mablag‘larni investitsiya qilish maqsadga muvofiqligi yuzasidan ekspertiza o‘tkazadi. Mas’ul shaxs ekspertiza natijasi bo‘yicha zarur hujjatlarni olgan kundan boshlab bir haftalik muddat ichida o‘zining yozma xulosasini tayyorlaydi.