3.H.Ahmedova she`rlari.
Men yongan otashning kulimasmi sen?!
Yoshligimning ishqqa to‘lgan kunlarin —
Javobi, ham so‘lg‘in gulimasmi sen?!
Fursat ber, ko‘nglimni yuvay tong bilan,
Shudringga tuldiray ko‘zim jomini.
Shuncha yashab hali topganimcha yo‘q,
Afsungar va dilbar xayot nomini.
Tunning daraxtida pishgan olmalar —
Yulduzlar hididan aylanar boshim…
Agar, oshiq bo‘lsang miskin jonimga,
Ko‘nglingga kelmasin achchiq ko‘z yoshim.
Ey dard, yolvoraman
Alloh ishqila,
Qorong‘u nigohim etgil munavvar.
Bedard shamol kabi kezay bog‘larni,
Kuyosh ufklardan keltirsa xabar.
Osmonga yuksalgan daraxtlar kabi
Zumrad havolarni tuyib yashayin.
O‘limdan qo‘rqmagan maysalardayin —
O‘zimni bir bora suyib yashayin.
Ey dard, ko‘zlarimga solmagin parda…
VATAN
Men hech kimga ko‘tarmadim qo‘l,
Va hech kimga yetmas ziyonim.
Ammo sening oldingda tuproq,
Ayb qilganday titraydi jonim.
Rayhonlarga chulg‘anib ketgan —
Onam hidi keladi sendan.
Bilamanki xokisorginam,
Sen hech narsa kutmaysan mendan.
Malomatga qolib bu boshim,
Senga bag‘rim berib yotgan chog‘.
Yupatding ham, tushunding meni —
Do‘stu yaqinlarimdan ko‘proq
Men tug‘ilgan kunimdan boshlab,
Talpinganim sen bo‘lding, ishon.
Sening zarra-zarralaringda —
Haq jamoli bo‘ldi namoyon.
O‘zga tuproq tortmas dilimni,
Joynamozim o‘zing, cho‘kdim tiz.
Axir sendan yuragimgacha
Bog‘lab turar ilohiy ildiz.
Bolam deb xo‘p yayratding meni,
Imkon berding o‘ynab kulgani
Faqat meni o‘lgandan so‘ng ham —
Quchog‘ingga olsang bo‘lgani
Juda befahm,
Ishonaman, kim nima desa.
Hatto daraxt bo‘lishin aytib,
Aldab qo‘yar
Kichkina maysa.
Muhabbatning ko‘chalarida
Ming adashib aldanganim rost.
Yupataman o‘zimni goho:
Aldanish ham oshiqlarga xos.
G‘animlardan shikoyatim yo‘q,
Do‘stlar meni aldadi yomon.
Garchi umid, orzularimni
Mehr bilan etganman ehson…
Hayot esa qistaydi hamon:
Yaxshi kun bor oldinda,
Yugur…
Ko‘p aldanib charchagan ko‘nglim
Ne uchundir,
Bo‘lar behuzur.
Men ham endi anoyi emas,
Hayot, meni aldama sen ham:
O‘sha kunga yetib borguncha
O‘lmaysan, deb,
Avval ich qasam.
***
Begunoh parvardigor,
Gunohkorman oldingda..
Maysalarga aylansam,
Qolamanmi yodingda?!
Rayhon bargi silkinib,
Yuz ochsa shabbodaga,
Shabnamga ko‘ngil bersam,
Qonamanmi bodaga?!
Ishq faslidan adashib,
Dil so‘rasa qaldirg‘och.
Karbalo dashti uchun
Jonim bo‘larmi xiroj?!
Subhidam kokillarin
Tarasa malak yog‘du.
Mendan umidin uzib,
Tashlab ketarmi qayg‘u?
Begunoh Parvardigor,
Gunohkorman oldingda
Halimadan voz kechsam
Qolamanmi yodingda…
Xayol kechalari qismat bog‘ida,
Yolg‘izlikda adashgan manmu?
Olloh, kaftlaringda bir kuni
Maysa bo‘lib egilamanmu?
* * *
Yomg‘ir kabi yog‘ilsa jonim,
Qarog‘larim bo‘larmikin jom?
Tig‘ urilgan bag‘rim qoniga
Yuragini chayarmu oqshom?
Men nur bo‘lib o‘psam jimgina,
Dil shahrining ertaklarini,
Tillarida so‘zlashamanmu
Onam qabrin chechaklarini?
Qushlar ko‘zin qorachig‘ida,
Asir etib ko‘milgan manmu?
O, jahannam otashi, sandan
Qochib, sanga intilamanmu?
Ko‘z yosh kabi silqigan jonni
Ichkanida ichikkan diydor,
Dil qonidan man sarhush o‘lsam,
Bandangmanmu, ayt, Parvardigor?!
Xayol kechalari qismat bog‘ida,
Yolg‘izliqda adashgan manmu?..
* * *
Ko‘ksimga qamadim haydalgan ishqni,
Kishanlar yasadim qorong‘u tundan.
Qonagan oyog‘in ko‘zimga surtib,
Bir yurak so‘radim telba Junundan.
Vujudni xokistar etdi alanga,
Yaproqni kuydirdi tiyra bo‘zlarim.
Qayta daraxt bo‘lib yuksatarmanmi,
Tuprokqa to‘lganda ishqli ko‘zlarim?
Yaratgan, azobing ichra ochildim,
Garchi nigohingda nihon edim man.
Zaminga xokistar bo‘lib qorishdim,
Qushlar ko‘zidagi osmon edim man.
Ko‘ksimga qamadim haydalgan ishqni,
Ashkim daryosidan yurakkinam nam.
Dilning ko‘z yoshini qurita olmas
O‘n sakkiz ming olam quyoshlari ham.
So‘ngagim ichida oqqan bahorlar,
Yo rab, muzlagaymi umrim so‘ngida?
Mening ishqqa to‘la o‘jar yuragim
Chirsillab yonmoqda ko‘zim o‘ngida.
Yongan yuragimni ko‘maman o‘zim,
Yaprokdar bandida qolar dog‘larim.
Bir kun daraxt bo‘lib yuksalsam, Olloh,
Meni tanigaymi kuzgi bog‘larim?!
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor,
Balki u xayolim, balki afsonam.
Pokiza kunlarin shu yo‘lga boglab,
Kechmoqda qismatim — yo‘lovchi sanam.
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…
Yuragim vujuddan ketar sitilib,
Yashayman kimningdir yodidan qochgan –
Adashgan arvohday unga intilib.
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…
Ruhimni izlayman, qayda u, evoh?
Osmon, yulduzlarning qabrini ko‘rsat,
Unda ko‘milganmi ruhim begunoh?
Ufklar ortida zangori yo‘l bor,
O‘lim erk ustiga qadalgan tug‘dir.
Ketaman, qontalash ufq ortiga,
Xayolim munavvar, yo‘lim yorug‘dir.
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor,
Hayqir, dalli dilim, sen nechun nigun?
Nega jim kechasan, la’livash qonim,
Sen kimni izisan, ko‘zimdagi mung?
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…
* * *
Tongotarda uyg‘oting meni,
Shudringlarni tinglayin bir oz.
Taskin beray yolg‘iz daraxtga
Yuragimning titrog‘iga mos.
Tongotarda uyg‘oting meni,
O‘qiy osmon ochgan kitobni.
Maysalarga yuzimni bosib,
Ular bilan kutay oftobni.
Tong, otarda uyg‘oting meni,
Chalay suvlar qo‘ng‘irog‘ini.
Kapalaklar uyidan topay
Bolaligim ko‘zmunchog‘ini.
Tong, otarda uyg‘oting meni,
Qizg‘aldoqni qo‘yay erkalab.
Har giyohga, har bitta gulag
Go‘zal tushdek boqayin yayrab.
Tong, otarda uyg‘oting meni,
Ko‘kdan so‘ray ishqning yo‘lini.
Ufqlarga ko‘mib kelayin
Sarkash Halimaning ko‘nglini.
* * *
Qadr degan bozorlarda meni arzon sotding, ey do‘st,
Suyagimni davralarning itlariga otding, ey do‘st.
Olloh slogan nazar edi, malakalardan xabar edi –
Gul ko‘nglimning sirlaridan to‘qib yotding, ey do‘st.
Men nur dedim nigohingni, savob balsam gunohingni –
Yuzimga qoralar chaplab, yana kulib qotding, ey do‘st.
Umidimni xarob aylab, ko‘zimni makrda boylab,
Jonimga gulxanlar joylab, dil qonimga botding, ey do‘st.
Halimani badnom etib, pinhon ajalini kutib,
Hasaddan zardoblar yutib, do‘zaxni uyg‘otding, ey do‘st.
* * *
Salom, boshim uzra aylangan xazon,
Keldingmi, ko‘nglimda etavergin sayr…
Ko‘zimga go‘dakdek jovdirab boqqan
Yam-yashil umidlar, xayr endi, xayr…
* * *
Agar gunohkorman — gunohim sensan,
Agar bepanohman — panohim sensan.
|