Jinoiy beparvolikning irodaviy holati aybdorning ruhiy
imkoniyatlari va quvvati ijtimoiy xavfli oqibatning oldini olishga
qaratilgan zarur faoliyatni amalga oshirishda faollashmaydi.
O‘z-o‘ziga ishonish va beparvolikda irodaviy holatlar bir-biriga
o‘xshash. U va bu holatda ham kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatga
nisbatan ijobiy oqibat mavjud bo‘lmaydi, ya’ni aybdor zararli oqibatlar
kelib chiqishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ymaydi va xohlamaydi. Ular
o‘rtasidagi farq shunda ko‘rinadiki, o‘z-o‘ziga ishonishda shaxs kelib
chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatning kelib chiqishini mavhum tarzda
oldindan anglab, ongli ravishda xavfli irodaviy harakatlarni sodir qiladi,
biroq bunda shaxs o‘z hisobidagi ayrim omillarni xavfli oqibat kelib
chiqishining oldini olish maqsadida ishlatadi, beparvolikda irodaviy xohish
aybdorga ijtimoiy foydali yoki ijtimoiy neytral tasavvur qilinib, uning hech
qanday chora ko‘rmasligiga sabab bo‘ladi.
207
NOTA BENE ! Beparvolik ehtiyotsizlikning shunday turiki, unda shaxs o‘zining
harakati yoki harakatsizligining ijtimoiy xavfli oqibatlarini anglamaydi,
o‘z xulq-atvori ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga
ko‘zi yetmaydi, lekin ko‘zi yetishi lozim va mumkin bo‘ladi.
Jinoiy beparvolik shaxsning o‘z qilmishiga va uning ijtimoiy xavfli
oqibatlariga nisbatan ruhiy munosabatning shakli sifatida o‘z-o‘ziga
ishonish va tasodifiy, aybsiz holda zarar yetkazish o‘rtasidagi oraliq
holatni egallaydi.
5-§. Murakkab aybli jinoyat JK 23-moddasi murakkab ayb shaklida sodir etilgan jinoyatlar uchun
javobgarlikni belgilab beradi. Ushbu qonunga ko‘ra, «agar shaxsning
qasddan jinoyat sodir etishi natijasida ehtiyotsizlik orqasida boshqa
ijtimoiy xavfli oqibatlar yuz bergan va shunday qilmishni qonun qattiqroq
javobgarlik bilan bog‘lagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan
deb topiladi».
Bir jinoyat tarkibida ikki ayb shaklining mavjudligi ayrim jinoyat
tarkiblariga kiritilgan: jinoyat qonuni bir tarkibga yuridik jihatdan mustaqil
bo‘lgan ikki jinoyatni: birinchisi, qasddan sodir etilgan jinoyatlar;
ikkinchisi, ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan ikki mustaqil jinoyatni
birlashtiradi. Ularning har biri mustaqil tarkib hosil qilishi mumkin, lekin
ular subyekt xususiyati bilan bir-biriga mosligi jihatdan yangi jinoyat
tarkibini hosil qiladi.
Ikki ayb shaklining bir jinoyat tarkibida mavjud bo‘lishi faqat
kvalifikatsiya qilish belgisi sifatida namoyon bo‘ladi: qasd qasddan sodir
etilgan jinoyat tarkibining asosiy tashkil etuvchi elementi sifatida qaralsa,
ehtiyotsizlik kvalifikatsiya qilinayotgan belgiga nisbatan olinadi. Bunday
hollarda qasd (to‘g‘ri yoki egri) asosiy jinoyat tarkibining subyekt
belgilariga kiritilib, ehtiyotsizlik (o‘z-o‘ziga ishonish) esa, kvalifikatsiya
qilishdagi belgi sifatida olib qaraladigan asosiy jinoyat tarkibiga
kirmaydigan oqibatga nisbatan ruhiy munosabatni ifodalaydi.
208
Bir vaqtning o‘zida aybning ikki shaklini o‘zida mujassam etgan
jinoyatlarning soni Jinoyat kodeksida unchalik ko‘p emas.