Tadqiqot predmeti. Investitsiya loyihalarini boshqarishni iqtisodiy baholash bilan bog’liq nazariy yondoshuvlar, metodologik asoslar va amaliy muammolar tadqiqotning predmeti hisoblanadi.
I bob. Investitsiya loyihalari iqtisodiy samaradorligini baholashning nazariy asoslari
1.1. Investitsiya loyihalari iqtisodiy samaradorligini baholashning ahamiyati va obyektiv zarurligi
“Loyiha” so’zi bugungi kunga kelib iqtisodiy nazariya va amaliyotda keng tarqalib ulgurdi. Uning mazmunini talqin qilishda ham turlicha qarashlar mavjudligi mazkur atamaning tub mohiyatini o’rganish va ochib berishga bo’lgan qiziqishni oshiradi.
Jahon bankining Iqtisodiy rivojlanish instituti mutaxassislari tomonidan aniqlanishicha loyiha: birinchidan, maqsadli faoliyat; ikkinchidan, foyda uning xarajatlaridan har doim ortiq bo’ladi; uchinchidan, u cheklangan vaqt va resurslarda qat’iy cheklanganlikka ega bo’ladi.
Iqtisodiy rivojlanish kompleks jarayon sifatida o’zini namoyon etadi va bunda mazkur sohada yuksalish bir qancha ko’rsatkichlar: yalpi ichki mahsulot, daromad, foyda, iste’mol darajasi, sog’liqni saqlash, umrning uzunligi, savodlilik, sifatning oshishi va shu kabilar orqali aks ettirilishi mumkin. Shu sababli ham loyiha g’oyasi barcha holatlar uchun bir xil mazmun kasb etmasligi mumkin va loyihani ishlab chiqish va uni baholashnig ham yagona namunaviy shakli bo’lishi mumkin emas. O’z navbatida, loyihalar ularning alohida elementlari va ko’rsatkichlarini ifodalovchi bir qator maqsadli tadbirlar, loyihani amalga oshirish va ko’zlangan natijaga erishishga qaratilgan boshqaruv tizimi va boshqalardan tashkil topadi.
Bunga ko’ra, uning mazmuniga berilgan turlicha ta’riflarni ham kuzatish mumkin:
Loyiha – muayyan boshlang’ich ma’lumotlar va talab etiladigan natijalar (maqsad) bilan bog’liq bo’lgan, uni yechish usulini o’zida mujassam etgan ayrim vazifa (“Loyihalarni boshqarish to’g’risida bilimlar Kodeksi”, Loyihalarni boshqarish instituti, AQSh);
Loyiha (angl. Project) – nima uylab topilgan yoki rejalashtiriladigan nimadir, masalan, katta korxona (tolkoviy slovar Webster).
Investitsiya loyihasini iqtisodiy baholash mablag’larni real aktivlar bilan turli operatsiyalarga (obyektlarga) joylashning mumkin bo’lgan variantlarni tanlash va asoslash jarayonida markaziy o’rinni egallaydi. Moliyaviy tahlil loyihadan keladigan samaraning uning har bir ishtirokchilarining o’z maqsadlaridan kelib chiqib, loyihani amalga oshirishdagi erishilishi lozim bo’lgan natijalarni qo’lga kiritish imkoniyatlarini ochib beradi. Iqtisodiy tahlilda esa, loyihaning milliy iqtisodiyotga beradigan samarasi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Xususan, Jahon banki xodimlari (mutaxassislari) har bir loyiha uchun uning iqtisodiyotga boshqa aniq resurslarni joylashtirishdagi o’zaro ziddiyatli variantlarga qaraganda ko’proq samara keltirishni aniqlashda keng tahlil ishlarini o’tkazadilar1. Yangi iqtisodiy islohotlargacha bo’lgan davrda, ya’ni markazlashtirigan rejalashtirish tizimi amal qilgan paytda kapital qo’yilmalarning samaradorligini baholash akademik T.S.Xachaturov ilmiy boshchiligida ishlab chiqilgan uslub asosida amalga oshirilar edi. Buning asosida kapital qo’yilmalarning iqtisodiy samaradorligini aniqlash tamoyillari samaradorlikning tarmoq me’yor koeffitsienti yordamida taqqoslama iqtisodiy samaradorlikni hisoblash yo’li bilan absalyut va nisbiy ko’rinishlardagi ularning qoplanishini hisoblash usullari yotar edi. Investitsiyalash variantlarini tanlashda ham ushbu uslublarning o’ziga xos o’rni bor edi, lekin ular qattiq dogmatik andozalar tizimi bilan chegaralangan edi. Shuning uchun ushbu uslublarda zarur bo’lgan ko’rsatmalar yo’q edi, ya’ni bular: bozor iqtisodiyoti uchun muhim bo’lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi noaniqlik va risklar, inflyatsiya sharoitidagi real va nominal qiymatlarni baholash va shu kabilardir. Shuningdek, kapital qo’yilmalarning samaradorligini aniqlashda, baholashda iqtisodiy, ijtimoiy va, ayniqsa, marketing jihatlari etarlicha hisobga olinmas edi, pul oqimi tahlili, balans tahlili, amortizatsiya hisobi va boshqalarga bo’lgan e’tibor uning uchun xos emas edi. Biroq, shunday deyishadiki, “vaqt tanlamaydi, unda yashashadi va hayotdan ko’z yumishadi”. Hozir esa boshqa zamon va boshqa vazifalar, muammolar yuzaga kelmoqda. Bugungi dolzarb masala esa jahon tajribalaridan eng yaxshilarini tanlab olib, uni O’zbekiston iqtisodiyotining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, amaliyotga qo’llab, imkoniyat darajasida qisqa tarixiy davr mobaynida “yovvoyi” bozordan,
Sivilizatsiyalashgan bozor iqtisodiyotiga o’tishdir. Investitsiya loyhalarini moliyaviy-iqtisodiy baholash ishlari “YuNIDO” uslubiyotida keng tadqiq etilgan bo’lib, bu uslubiyot loyihalarni tahlil etishda ahamiyatli o’rin tutadi. Bu uslubiyot u yoki bu loyihani moliyalashirishda qarorlar qabul qilish, shuningdek investitsiya oldi tadqiqotlari uchun mo’ljallangan kapital qo’yilmalarning samaradorligini baholashning jahon tajribasi batafsil yozilgan. Bularning barchasi bozor tahlilining jihatlariga, shuningdek texnik-iqtisodiy asoslashdagi savollarga, ya’ni xom ashyo bazasini baholash, qurilish maydonini tanlash, loyihalashtirish va texnologiyalarni tanlash, investitsiya loyihalarini investorlarning o’z mablag’lari evaziga, shuningdek tashqi moliyalash manbalari evaziga moliyalashtirishni ta’minlash, investitsiya loyihalarining iqtisodiy samaradorligini aniqlash (bular daromadlilikning ichki me’yori, sof diskontlashtirilgan daromad va h.k.) jarayonlariga tegishlidir. Investitsiyalarni baholash uchun sharoitlar mavjud bo’lganda, loyihani tayyorlash moliyaviy va iqtisodiy tahlil talablariga muvofiq holda o’tkazilishi kerak. Agar moliyaviy tahlil bo’yicha mutaxassis texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqishning boshlang’ich bosqichlarida ushbu jarayonga qo’shilgan bo’lsagina, tegishli mutaxassis orqali moliyaviy tahlil loyiha ishlab chiqilishining boshidan boshlab kuzatib borishi mumkin bo’ladi.
Investitsiyalash moliyaviy va iqtisodiy nuqtai nazardan kelgusida investitsiyalarning umumiy boshlang’ich qiymatini oshiruvchi sof foydani hosil qilish va olish maqsadida barcha turdagi moliyaviy, iqtisodiy resurslarning uzoq muddatga qo’yilishi sifatida aniqlanishi mumkin.
Kelgusidagi sof foydaga qiziqish loyihaga mablag’ soluvchi har bir ishtirokchi tomon uchun umumiy bo’lsada, kutilayotgan foyda yoki daromad har xil baholanishi va farq qilishi mumkin.
YuNIDO uslubi bo’yicha moliyaviy tahlilning muhim jihatlari bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
- investitsiya qarorlarining asosiy mezonlari;
- qo’yilmalarni baholash va loyiha qaytimi;
- loyihaning hayotiylik davri va uni gorizont rejalashtirish;
- risk, noaniqlik va boshqalar.
Moliyaviy tahlilning maqsadlari va andozasi “investitsiyalash” so’zining mazmuni bilan ma’lum bir ahamiyat darajasida aniqlanadi.
Investitsiyalash moliyaviy, iqtisodiy resurslarni kelgusida foyda olish yoki uni yaratish va ijtimoiy samaraga erishish maqsadida uzoq muddatga iqtisodiy resurslarni qo’yishdir.
Ushbu qo’yilmaning asosiy jihati investorning o’z mablag’larini investitsiyalash asosida ishlab chiqarish aktivlariga, shuningdek ushbu resurslarni ishlatish bilan yangi likvidlikni hosil qilishga o’zgartirishda namoyon bo’ladi. Yuqoridagilarni hisobga olish bilan “investitsiyalash” tushunchasi o’ziga xos
aniqlik kasb etadi, moliyaviy tahlil va loyihani so’nggi baholash esa loyiha bo’yicha talab qilinadigan qo’yilmalarni, kutilayotgan natijani, shuningdek kelgusi sof foydani tahlil etish va baholashni (qiymatini) ko’zda tutadi.
Ushbu maqsadlar uchun olib boriladigan tahlil yo’nalishlari quyidagilardir:
loyihaning bashorat qilinish xususiyatlarining haqkoniyligining tahlili;
investitsiyaning amalga oshuvchanligiga sezilarli ta’sir ko’rsatuvchi jiddiy o’zgarishlarni aniqlash bilan loyihalashtirilayotgan xarajat va daromadlarning tarkibi va ahamiyatliligini tahlil etish;
investitsiyalardan keladigan daromad ularning foydaliligi, samaradorligi orqali aks ettirilgan har yillik hosil qilingan va jamg’arilgan sof moliyaviy foydani aniqlash va baholash;
vaqt omilining kapital qiymati, baholar va noaniqlik sharoitida (aniq loyiha bilan bog’liq bo’lgan risklar) qabul qilinadigan qarorlar munosabatini hisobga olish.
Shunday qilib, moliyaviy tahlilning maqsadi va andozasi shundan iboratki, u investitsiyalash va moliyalashtirishdagi barcha savollarning echimi bilan bog’liq omillarni, shuningdek loyihadagi barcha moliyaviy oqibatlarni tahlil qiladi va aniqlaydi.
Loyihaning boshqa barcha qulay tavsifida u quydagilarni ta’minlamasa, loyiha hech qachon amalga oshirilmaydi:
- loyiha tovar va xizmatlarini sotish evaziga olingan daromadlar qo’yilgan
mablag’larni qoplamasa;
- investitsiyalar rentabelligini ta’minlovchi foyda firmaning xohshi darajasidan past bo’lmasa;
- investitsiyalarning qoplash muddati firma uchun muvofiq kelgan davrga mos kelsa.
Investitsion jarayonlardagi bunday natijalarga erishishning xaqiqiyligini aniqlash real aktivlarga solingan mablag’lar bo’yicha har qanday loyihaning moliyaviy-iqtisodiy ko’rsatkichlarini aniqlashning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Bunday baholashni o’tkazish har doim birmuncha qiyin vazifa hisoblanadi, chunki unda bir qator muhim omillar ta’sirini hisobga olish talab etiladi:
- birinchidan, investitsion xarajatlar faqat bir marta, yoki uzoq vaqt davomida bir necha marta amalga oshirilishi mumkin;
- ikkinchidan, investitsiya loyihasini amalga oshirishdan natijalar olish davrning davomiyligi va uzoq ekanligi;
- uchinchidan, uzoq muddatli operatsiyalarni amalga oshirish investitsiyalarning barcha jihatlarni baholashda noaniqlikning o’sishiga va xavfning tug’ilishiga olib kelishi mumkin.
Aynan mana shunday omillarning mavjudligi mumkin bo’lgan yo’qotishlarni minimal darajada bo’lishini asosli ravishda etarlicha hal etishga imkon beruvchi investitsiya loyihalarini baholashning maxsus usullarini yaratish zarurligini tug’dirdi.
Moliyaviy tahlil ishlari, qoidaga ko’ra, loyiha ishlab chiqilishini eng boshidan boshlab olib berilishi kerak.
“YuNIDO” tavsiyasiga muvofiq, investitsiya loyihalarini tayyorlash jarayonida moliyaviy tahlilni o’tkazish uchun quyidagi shakldagi ma’lumotlar talab etiladi: loyiha balans hujjati ruyxatlari, moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobot, balans hisoboti, pul mablag’lari xarakati jadvali, uz xususiy kapitali hisoboti, shuningdek jami kapital qo’yilmalar; aylanma mablag’larga bo’lgan talab; jami ishlab chiqarish xarajatlari, moliyalash manbalari to’g’risidagi ma’lumotlar ham ishlatilishi mumkin. Ushbu ma’lumotlar asosida loyihaning likvidliligini, moliyaviy barqarorligini, ishlab chiqariladigan mahsulotning rentabelligini aniqlash mumkin. Moliyaviy va iqtisodiy nuqtai nazardan, investitsiyalash kelgusida sof foyda olish va uni tashkil etish maqsadida iqtisodiy resurslarni uzoq muddatga joylash sifatida qaraladi. Garchi, kelgusi sof foydaga bo’lgan qiziqish va manfaatdorlik har bir tomon, loyiha ishtirokchisi uchun umumiy bo’lsa-da, lekin kutiladigan foydani baholash, haqiqatda, turlicha baholanishi mumkin. Moliyaviy tahlil moliyaviy omillar ta’sirini va ularning o’zaro bog’liqligini seza olish, kuzata olish kabi bilimlarga, shuningdek ko’rsatkichlar o’zgarishini bashoratlash va ular nisbatini hisoblab topish kabilarga ega bo’lishdek katta talablarni o’rtaga qo’yadi.
Investitsiya loyihasi, shuningdek mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy ahvol nuqtai nazaridan keng qamrovlikda asoslangan bo’lishi ham kerak bo’ladi. Bu, albatta, kompaniyaning korporatsiya maqsadlariga investitsiya loyihasini amalga oshirishning qanchalik mos kelishligini aniqlashda, investitsiya siyosati qanday yuritilishini va milliy iqtisodiyot bilan investorlar kelisha olishini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Shuningdek, ijtimoiy xulq-atvor, tafakkur, madaniyat va turmush tarzini, munosabatni o’rganish ham investorning investitsiya faoliyatini shakllantirish va rivojlantirishga katta ta’sir ko’rsatadi. Jamiyatning xohshi va manfaatlari, qiziqishlari loyihaning iqtisodiy baholanishiga ta’sir ko’rsatadi.
Tashqi savdoning yaxshi yo’lga qo’yilganligi, atrof-muhitdan himoyalanish mexanizmining amal qilishi, daromadlarga egalik qilish va ularni taqsimlash tizimining maqsadga muvofiqligi, davlatning tovar va xizmatlar narxini tartibga solib turishi va tez-tez o’zgartirishi, konvertatsiyaning mavjudligi, imtiyozlarning ko’pligi va qulayligi, investitsion siyosatning barqarorligi va shu kabilar loyihani iqtisodiy baholashda alohida o’rin tutadi. Investitsiya loyihalarini iqtisodiy baholashda quydagilarga alohida e’tibor beriladi:
- loyihaning milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga ta’siri baholanadi;
- kiritilayotgan resurslar va olinayotgan mahsulotlar ularning milliy iqtisodiyot uchun xaqiqiy qadr-qimmatini aks ettiradigan noaniq baholarda baholanadi;
- tahlilga iqtisodiyot uchun bevosita ta’sir etuvchi jihatlar kiritiladi (importga, eksportga, aholi bandliligiga, chet el valyutasiga, talab va taklifga, ekologik ahvolga va sh.k.), shuningdek bilvosita ta’sirlar (boshqa sohalarga bo’lgan ta’siri, sh.k.) ham kiritiladi;
- ijtimoiy shart-sharoitlar hisobga olinadi va x.k. lar.
Agar Jahon bankini oladigan bo’lsak, unda investitsiya loyihalarini iqtisodiy baholash jarayonida moliyaviy, institutsional, texnik, ijtimoiy va ekologik jihatlariga alohida e’tibor beriladi.
Bizda ham investitsiya loyihalarini baholashda va amalga oshirishda mazkur
jihatlarni hisobga olish maqsadga muvofiqdir.
Investitsiya loyihasi tsiklining investitsiya oldi tadqiqotlari eng ma’suliyatli
va ahamiyatli bosqichlaridan biri bo’lib, barcha moliyaviy va texnik-iqtisodiy
ma’lumotlarni tahlil etish va tizimli baholashni o’ziga qamrab oluvchi loyihaning
iqtisodiy samaradorligini baholash hisoblanadi.
Professor D.G’ozibekov bu to’g’risida quyidagilarni ta’kidlaydi, ya’ni “investitsiyalar xususida qarorlar qabul qilishda, investitsiya loyihalarini baholash, tanlash va amalga oshirishning ilmiy asoslangan metodologiya va metodikasidan foydalanish masalasi muhim hisoblanadi. Loyihaning kelajakka qaratilishi uning oldindan aytib berish mumkin emasligidan dalolat beradi, shu sababli investitsiya loyihasining sifat tavsiflarini hisobga olish muxim. Investitsiya loyihasi, odatda, resurslar va muayyan vaqt bilan cheklanadi hamda qo’yilgan maqsadga erishishni ko’zda tutadi”.
Mazkur fikrlardan ham investitsiya loyihasini baholashning ahamiyati va uning obyektiv zarurligi, naqadar, muhim ekanligini anglab olish mushkul emas. Shunday qilib, bozor munosabatlariga o’tishga qadar iqtisodiyotda kapital qo’yilmalarning absalyut va nisbiy samaradorligi usullari keng qo’llanilib kelinardi. Ularning asosi qilib, invetitsiyalarni amalga oshirish natijasida olinishi mumkin bo’lgan halq xo’jaligi samarasi mezonlari olingan edi. Absalyut iqtisodiy samaradorlik foydaning kapital sarflarga nisbati bilan aniqlangan. O’zining ijobiy roliga ega bo’lgan yuqoridagi ko’rsatkichlar bozor iqtisodiyotiga o’tish, yangi xo’jalik yuritish sharoitida talabga javob bermay qo’ydi. Bozor munosabatlari sharoitida investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning asosida boshqa mezonlar va usullar yotishi lozimligi ravshan bo’ldi. Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash usullari - bu uzoq muddatli kapital qo’yilmalarning qoplanishligi va foydaliligining istiqbolligini baholash maqsadida turli ob’ektlarga ularni kiritishning maqsadga muvofiqligini aniqlash yo’llaridir. Investitsiya loyihasi mashina va uskunalar, texnologiyalar, yangi materiallar va boshqa tadbirlarning yangi konstruktsiyasini ishlab chiqish bo’yicha takliflarni ham o’z ichiga qamrab olishi hamda puxta tahlildan o’tishi lozim.
“Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda investitsiya loyihalarini baholashga asoslangan, ularni o’zaro taqqoslay oladigan usullar keng qo’llaniladi”. Investitsiya loyihasi samaradorligini asoslash mezonlari bo’lib, maksimum foyda yoki daromadlilik, maqsadga erishish vaqtidagi minimum mehnat sarflari, bozor ulushi, mahsulot sifati va bahosi, zararsizlik va boshqalar hisoblanadi. Investitsiya loyihalari turli xil yo’llar bilan baholanishi mumkin, biroq ulardan ixtiyoriy birini qo’llab, investitsiyalarni ta’minlovchi daromad darajasini, keltirishi mumkin bo’lgan qo’shimcha foyda miqdorini bilish mumkin.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish investorning tanlagan sohasi va ko’zlagan foydasini ta’minlashga muvofiq yuz beradi. Investitsiya loyihalari samaradorligi loyihaning hayotiyligi davrida undan olingan natijalarning qilingan investitsiyalarni to’liq qoplashi va uning o’sishiga qo’shimcha olgan daromadlari hisobiga ta’sir etishi bilan, ko’zlangan daromadlilik darajasida foyda olishi bilan baholanadi. Loyiha qanchalik ko’p yashasa va yuqori foyda keltirsa, demak, uning samaradorligi yuqori va uzoq, davomli bo’ladi. Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash qanday olib boriladi?
Bugungi kunda investitsiya loyihalari samaradorligini baholashning usullari
mavjud bo’lib, bu vazifaning texnik muammolari kompyuter dasturlari yordamida
hal etiladi. Bunday dasturlar xususiy firmalar, Xalqaro moliyaviy institutlari
tomonidan ishlab chiqilgan.
Dostları ilə paylaş: |