KIRISH Mavzuning dolzarbligi. Mustaqillik ilm ahli oldiga yangi vazifalarni qoʼydi. Sovet mafkurasi taʼsiri ostida yozilgan tarix bugungi kunga kelib zamon talablariga mos kelmay qoldi. Yangicha talqin, yangicha mushohadaga zarurat aniq va ravshan sezilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bir guruh yetakchi tarixchilar va jurnalistlar bilan uchrashuvida: “Biz haqqoniy tariximizni tiklashimiz, millatimizni ana shu tarix bilan qurollantirishimiz zarur”, degan edi.
Markaziy Osiyoning oʼrta asrlar davri tarixiga oid tadqiqotlar keyingi 50 yil ichida koʼplab eʼlon qilindi. Qoʼlyozma manbalarga tayanib eʼlon etilgan ilmiy ishlar koʼlami ham talaygina. Ular faktik materiallarga boyligi bilan ajralib turadi. Lekin masalaning murakkab tomoni shundaki, bu ilmiy ishlarda masalaga sinfiy nuqtai nazardan yondashish, voqealar bayonini kommunistik mafkuraga moslashtirish, masalani davr tarixnavisligi anʼanalariga ogʼishmay amal qilgan holda yoritish juda kuchli. Olimlarning sharqshunoslik sohasida, ayniqsa, qoʼlyozma manbalarni oʼrganish borasida qilgan xizmatlarini inkor etmagan va kamsitmagan holda, mamlakatimiz oʼrta asrlar davri tarixini, madaniyatini, ijtimoiy-siyosiy hayotini yangicha nuqtai nazardan, haqqoniy, tarixiylik, ilmiylik, xolislik tamoyillari asosida oʼrganish zarur.
Buxorolik Joʼybor xojalari xonadoni tarixi, ichki hayoti, xonadon ahlining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan oʼrni masalasiga bagʼishlangan tadqiqotlarda ham bir yoqlamalikka yoʼl qoʼyilganligi, hukmron sovet mafkurasi qobigʼida hukm chiqarilganligi mavzuni qayta koʼrib chiqishni taqozo etmoqda. Shu mavzuga bagʼishlangan tadqiqotlar va ularning ilmiy darajasiga hurmat saqlagan holda, mavzuga qaytadan, yangicha nuqtai nazardan murojaat qilish lozim.