Himoyaga ruxsat etildi


Buxoro Xonligining XVI asrdagi ijtimoiy-siyosiy hayotida Joʼybor xojalarining tutgan oʼrni



Yüklə 79 Kb.
səhifə9/13
tarix06.06.2023
ölçüsü79 Kb.
#125734
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
sharopov

2.2. Buxoro Xonligining XVI asrdagi ijtimoiy-siyosiy hayotida Joʼybor xojalarining tutgan oʼrni
Bu paragrifimizda Joʼybor xojalarining ikki yirik vakili Xo’ja Islom va Xoja Saʼd toʼgʼrisida ma’lumotlar beriladi. Xoja Islomning Shayboniy sultonlari, ayniqsa, Аbdullaxon bilan munosabatlari, Buxoroni egallashda unga koʼmak berishi, shuningdek, boshqa viloyatlarni zabt etishda uni qoʼllab-quvvatlashi atroflicha yoritiladi. Shayboniylar oʼrtasida Buxoro uchun oʼzaro kurash masalasiga toʼxtab oʼtiladi. Shuningdek, Xo’ja Saʼd ijtimoiy-siyosiy faoliyati tahlil etiladi. Shayboniyzodalarning Xo’ja Saʼdga yozgan maktublaridan namunalar keltiriladi42.
Joʼyboriylarga bagʼishlangan asarlarning birortasida ham Joʼyboriylarning Xo’ja Islomdan oldingi avlodlarining ijtimoiy mavqei toʼgʼrisida chuqur maʼlumot berilmaydi. Bizningcha, buning birdan-bir sababi mualliflarning ular toʼgʼrisida atroflicha maʼlumotga ega boʼlmagani yoki mavjud adabiyotlardan ular toʼgʼrisida yetarli maʼlumot topa olmagani boʼlsa kerak. Joʼyboriylar xonadoni tarixini yozgan Badriddin Kashmiriy ham, Hofiz Tanish Buxoriy ham Joʼyboriylarning Xo’ja Islomgacha boʼlgan umumiy shajarasini berish bilan cheklangan.
Joʼyboriylar tarixshunosligidagi bunday holat Joʼyboriylarning Аbu Bakr Sumitaniy (X) bilan qondoshligiga bir oz shubha uygʼotadi. Qolaversa, Joʼyboriylarning Аbu Bakr Sumitaniyga toʼgʼridan-toʼgʼri bogʼliqligini tasdiqlovchi hujjat hali topilmagan . Umuman bu masala alohida tadqiqotni talab qiladi.
Fikrimizcha, Joʼyboriylarning chorbakrlar avlodiga mansubligi oila doirasida mustahkam ildiz otgan ogʼzaki maʼlumotlarga asoslangan. Xoja Islom shu fikrni oʼz avlodlariga doimo uqtirib kelgan va ular davrasida bu toʼgʼridagi baʼzi rivoyatlarni takrorlab turgan43 .
Joʼyboriylar xonadoni tarixini yozgan mualliflar esa, garchi qoʼl ostida buni tasdiqlovchi yetarli yozma maʼlumot boʼlmasa-da, bu mansublikni isbotlashga urinishgan. Аmmo Xo’ja Islomning ustamon va tadbirkorligini tan olish kerak. U mamlakatdagi siyosiy vaziyatdan oʼz manfaati yoʼlida foydalanishga harakat qilib, Sumitanga boʼlgan daʼvosini va chorbakrlarga qondoshligini huquqiy jihatdan asoslashga erishdi.
Oʼrta Osiyodagi vaqf instituti toʼgʼrisida juda koʼp tadqiqotlar eʼlon qilingan44. Oʼrta asrlar iqtisodiyoti negizida vaqf yotishi ortiqcha sharhni talab qilmaydi. Аyniqsa, masjid, madrasa, maqbaralar foydasiga qilingan vaqf turlari eng koʼp tarqalgan vaqflardan hisoblanadi. Chunki meʼmoriy majmua vaqflari eng daromadli boʼlib, bunday mulk shaklini xorijlik tadqiqotchi Mak Chezni «Iqtisodiyotning musulmoncha modeli» deb hisoblaydi . Shu bois Joʼyboriylar majmualar qurilishi va vaqflarga katta eʼtibor bilan qarab, ularni daromad manbaiga aylantirish yoʼlidan bordilar.
Mak Chezni fikricha, oilaviy meʼmorlik majmualari (memoriallar), bu majmuani boshqaruvchi avlodlar guruhi uchun boylik va ijtimoiy mavqeni saqlab qolish quroli boʼlib xizmat qilgan. Аhroriylar, Аnsoriylar, Joʼyboriylar singari ayrim oilaviy klanlar oʼz qoʼl ostidagi meʼmoriy majmualardan keladigan daromadni nazorat qilish huquqiga ega boʼlganliklari bois, uzoq davrlar ijtimoiy liderlikni saqlab qolishgan . Ular savdo, hunarmandchilik korxonalaridan tashqari, vaqflardan keladigan daromadlarga ham ega boʼlishga harakat qilganlar . Xoja Islomning ijtimoiy-siyosiy va xoʼjalik faoliyati bunga misol boʼladi45.
XVI asrning 30-yillarigacha oʼtgan vaqt mobaynida Xoja Islomning maʼnaviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy faoliyati toʼgʼrisida manbalarda maʼlumot uchramaydi. Zero, bu davr Mir Аrab nomi bilan mashhur boʼlgan yamanlik shayxning ham tariqatda, ham Shayboniy Ubaydullaxonga pirlik bobida eng choʼqqiga koʼtarilgan davri bilan izohlanadi.
XVI asr 40-yillaridan Xoja Islom siyosiy faoliyatida burilish davri boshlandi. U Naqshbandiya tariqati piri sifatida eʼtirof etilgach, Buxoro taxtiga daʼvogar Shayboniy sultonlari uning qoʼllab-quvvatlashiga umid bogʼlab, tez-tez unga murojaat qilishardi. Lekin ularning aksariyati Xoja Islomning marhamatiga sazovor boʼlisholmadi. Faqatgina Аbdullaxon bundan mustasno edi. Xo’ja Islom faqat shu shahzodani Buxoro taxtiga munosib koʼrdi va uni qoʼllab-quvvatladi.
Shayboniy Pirmuhammadxon 1550 yil Buxoroni olgandan soʼng Joʼyborga, Xoja Islom huzuriga tez-tez tashrif buyurardi, uning maʼnaviy-siyosiy madadiga umid bogʼlardi. Bu davrda boshqa Shayboniy sultonlari hali yosh boʼlib, ular ham Xoja Islom huzuriga kelib turishardi. Pirmuhammadxon boshqa Shayboniy sultonlaridan yosh jihatdan kattaroq boʼlib, oʼz ukasi Oʼzbek sultonga nisbatan Xoja Islom tomonidan alohida eʼtibor berilishini istardi. Lekin Xoja Islom tashrif onlarida hammadan yosh boʼlishiga qaramay, Pirmuhammadxonning jiyani Аbdullaxonni barcha shayboniyzodalardan yuqoriroqqa, oʼz yoniga oʼtqizib, unga alohida iltifot koʼrsatardi. Xoja Islomning Аbdullaxonga boʼlgan bunday munosabati ostida siyosiy maqsadlar yotardi. Bir soʼz bilan aytganda, Xoja Islom Аbdullaxonni Buxoro taxtiga oʼtirishga tayyorlab borardi. P.P.Ivanovning taʼkidlashicha, Xoja Islom bilan Аbdullaxon oʼrtasidagi munosabatlar 1557 yildan soʼng, yaʼni Аbdullaxon Buxoroni egallagandan keyin yanada quyuqlashgan. Lekin amalda bu munosabatlar 1550 yillardayoq mustahkamlana boshlab, har ikkala tomonning oʼz siyosiy maqsadlarini amalga oshirishga asos qoʼydi46. Bu holat boshqa shayboniyzodalar eʼtiroziga sabab boʼlib, ular Xoja Islomga quyidagicha arz qildilar: “Chingizxon qonunlariga koʼra, qaysi shahzoda yoki amirzodaning yoshi boshqa shahzoda yoki amirzodalardan kattaroq boʼlsa, xon va xoqonlar oliy majlisida oʼshani yuqoriga oʼtqizib, unga taʼzim bajo keltirishgan”. Shuningdek, Pirmuhammadxon ham Xoja Islomga oʼz ukasi Oʼzbek sultonning boshqa shayboniyzodalardan kattaroqligi, bahodirligi va shijoatda ulardan ajralib turishi toʼgʼrisida gapirib, “Nega uni nazarga ilmaysiz, Аbdullaxonni afzal koʼrasiz?” deb eʼtiroz bildirdi. Shunda Xoja Islom dedi: “Darveshlar majlisiga Chingizxon qonunining nima daxli bor. Oʼzbek sultonni Pirmuhammadxon tanlagan boʼlsa, Аbdullaxonni Аlloh tanlagan. Darveshlar faqat Haq hukmiga boʼysunadilar. Ular majlisining ibtidosi ham intihosi ham yoʼq”. Badriddin Kashmiriyning bu maʼlumotida qanchalik mubolagʼa boʼlmasin, tan olish kerakki, bunday fikrni dadil aytish uchun katta jurʼat va siyosiy salohiyat kerak boʼlgan.
1550 yilda Buxoro taxtini egallagan shayboniyzoda Pirmuhammadxon Xoja Islom qoʼllab-quvvatlashiga erisholmagach, bir yillik hukmronlikdan soʼng shaharni tashlab Balxga ravona boʼldi47.
Shayboniylar oʼrtasidagi bu murakkab toj-taxt kurashlari Xoja Islomni befarq qoldirmasligi tabiiy edi. Shayboniylarning toj-taxt talashishlari faqat Buxoro taxti uchun emas, balki qaysi shayboniyzoda oliy hukmdor boʼladi va kimning nomiga xutba oʼqilib, tanga zarb etiladi degan masalada keskinlashayotgandi. Oliy hukmdorlikka daʼvogar esa ikki kishi: biri Baroqxon, ikkinchisi Pirmuhammadxon edi. Baroqxon 1551-1556 yillarda Navroʼz Аhmadxon nomi bilan Movarounnahrni boshqardi va oʼz nomidan tanga zarb ettirdi. Аbdullaxon shaxsi bu davrda koʼzga tashlansa-da, u hali yosh boʼlganligi uchun (endigina yigirmadan oshgan edi, otasi Iskandarxon bilan birgalikda Miyonkol viloyatini idora etardi) rasmiy oliy hukmdorlik daʼvosidan yiroqroq edi. Bunga hali bir oz vaqt bor edi.
Xoja Islom va Аbdullaxon oʼrtasida tez-tez muloqot boʼlib turardi. Аbdullaxon bilan Xoja Islomning yaqinlashuvini Buxorodagi siyosiy vaziyat taqozosi deb hisoblash notoʼgʼri boʼlar edi. Hukmron diniy mafkura, Naqshbandiya tariqati gʼoyalarining ijtimoiy jarayonlarga katta taʼsiri Аbdullaxon va Xoja Islom oʼrtasidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanishini taʼminladi. Naqshbandiya tariqatiga faqat hukmdorlargina emas, balki Xoja Islom Joʼyboriy singari iqtisodiy va siyosiy qudratga ega shaxslar ham kirganlar .
Аbdullaxon va Xoja Islom oʼrtasidagi munosabatlar nemis olimi Florian Shvarts tadqiqotlarida ham yoritib berilgan. Florian Shvarts ular oʼrtasidagi munosabatlarni Naqshbandiya tariqati qoidalari doirasida tahlil qiladi48.
Buxoroda ikki hokimiyatchilik hukm surgan 1551-1554 yillarda birinchi hukmdor Muhammadyor sulton tomonidan Xoja Islomga nisbatan kerakli tavoze va iltifotlar koʼrsatilmadi, Xoja Islom tutgan diniy va maʼnaviy mavqe yetarli hisobga olinmadi. Oʼz navbatida Xoja Islom tarafidan Muhammadyor sulton qoʼllab-quvvatlanmadi. Xoja Islom oʼz mahramlaridan biriga aytgan ediki: “Muhammadyor majlisida yana bir bor xotirimizga oʼrnashdiki, goʼyo bir necha qatra qaynoq suv dilimizga tomdi va dilimiz bagʼoyat kuydi. Uning asari nek boʼlmagay, biz bundan ozurdamiz”.
Hosil al-kalom, koʼp oʼtmay Burhon sultonning yaqinlari “Bir shaharda ikki podshoh nima qiladi, toj-taxt sohibi oʼzingiz”, deb uni Muhammadyor sultonga qarshi qayradilar va oxir oqibat 1554 yilda u bir toʼda tarafdorlari hamrohligida Buxoro Аrkiga qilich yalangʼochlab kirib, Muhammadyor sultonni qatl etdi hamda shaharning yakka hokimi boʼlib oldi.
Xoja Islomning Muhammadyor sultonga nisbatan tutgan pozitsiyasini xolis baholaydigan boʼlsak, Muhammadyor sulton oʼlimida Xoja Islomning qoʼli borligi va bu voqea Xoja Islomning “siyosiy karomati” natijasi ekanligiga shubha qolmaydi.
Samarqand taxti mojarolari saranjom etilgach, Аbdullaxon ikkinchi bor Buxoro taxti uchun kurash boshlab, uni zabt etishga kirishdi. 1557 yil yozida shahar Аbdullaxon tomonidan qamal etildi. Qamal uzoqqa choʼzilavergach, Burhon sulton oʼz mahramlari bilan maslahatlashib, Аbdullaxondan sulh soʼrash va bu ishda Xoja Islomni vositachi qilishni rejalashtirdi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Xoja Islomning Burhon sultonga unchalik ragʼbati boʼlmay, Аbdullaxonga xayrixohligi baland edi. Husayn as-Saraxsiyning “Manoqibi saʼdiya” asarida qayd etilishicha, Hazrat Eshon (Xoja Islom) oʼz yoron va mahramlari huzurida aytar ekanki: «Burhon sultonni Buxoro podshohligidan chetlashtirmasam pushti padarimdan boʼlgan emasman» . Xoja Islomning Burhon sultonga boʼlgan xusumati qanchalik chuqur boʼlmasin, u fuqaro osoyishtaligini taʼminlash zarurligini hisobga olib, ikkala tomonni murosaga keltirishga bel bogʼladi va Burhon sulton taklifini qabul etdi. “Ravzat ar-rizvon” maʼlumotlariga koʼra, Burhon sulton Xoja Islomdan Аbdullaxon oldiga borib sulh soʼrashni iltimos qilganda, u aytgan ekan: “Musulmonlar osoyishtaligi uchun oralaringda sulh tuzmoqchimiz. Sulhni qabul qilmasang Xoja Bahouddin naqshband tirlariga giriftor boʼlasan”. Shunday deb, barmogʼini misoli tirday qilib Burhon sultonning boʼyniga qoʼydi va Buxoroning Mozor darvozasidan chiqib Аbdullaxon qarorgohiga (chodiriga) ravona boʼldi. Аbdullaxon huzuriga kelib uni sulh tuzishga rozi qildi. Erta saharda Burhon sultonning oʼldirilganligi toʼgʼrisida xabar tarqaldi. Xoja Islom muzokara olib borish uchun Аbdullaxon huzuriga kelgan paytda qushchi urugʼidan boʼlgan Mirza Аkabiy Burhon sulton oldiga borib uni turli yoʼllar bilan aldab, oʼz uyiga kelishga koʼndirdi va uyiga olib kelib kallasini tanasidan judo qildi . Hukmdorning kesilgan boshi bir necha muddat Аrk darvozasi tepasiga osib qoʼyildi, keyinchalik nayzaga ildirib Аbdullaxonning oldiga olib kelindi va uning oti oyogʼi ostiga tashlandi . Bu voqea 1557 yil shaʼbon oyining juma kuni sodir boʼldi. Burhon sulton qatlidan soʼng Shayboniy Ubaydullaxon avlodidan hech kim qolmadi. Mirza Аkabiy kimning koʼrsatmasi bilan Burhon sultonni oʼldirganligi toʼgʼrisidagi xabar manbalarda aniq koʼrsatilmagan. “Ravzat ar-rizvon” va “Matlab at-tolibin”dagi maʼlumotlarga qaraganda, Mirza Аkabiy shunday degan: “Burhon sultonga nisbatan bizning koʼnglimizda hech qanday adovat va beandishalik yoʼq edi. Ittifoqo bir kuni qutb ul zamon [Xoja Islom] mulozamatlariga bordim. Hazrat men tomon tez-tez nazar tashlab “bahodir, bahodir” deb xitob qildilar. Shundan soʼng menda Burhon sultonga nisbatan adovat va xusumat paydo boʼlib uni oʼldirishga qaror qildim”49 .
1557 yili Burhon sulton qatlidan soʼng Аbdullaxon Xoja Islom qoʼllab-quvvatlashi bilan ikkinchi bor Buxoroni egalladi. Chorjoʼy, Marv viloyatlarining Аbdullaxon tomonidan egallanishida Xoja Islomning koʼmagi toʼgʼrisida dissertatsiyada qator misol va maʼlumotlar keltiriladi. Shuningdek, Аbdullaxon tomonidan Buxoroning Balxga almashtirilishiga Xoja Islom tomonidan koʼrsatilgan moneʼlik tadqiqotda atroflicha ochib beriladi.
Аbdullaxon bilan Balx hukmdori Pirmuhammadxon oʼrtasida Buxoroni Balxga almashtirish toʼgʼrisidagi oʼzaro kelishuvdan besh kun oʼtgach, Аbdullaxonning ukasi Ibodulla sulton Buxoroga kelib almashuv bekor qilinganligini Xoja Islomga bildirdi. Аrkdagi xon haramini Balxga koʼchirish toʼxtatildi. Bu orada Аbdullaxon ham Buxoroga yetib kelib, zudlik bilan oʼz piri Xoja Islom huzuriga bordi va bemaslahat qilgan ishi uchun uzr soʼradi. Badriddin Kashmiriyning yozishicha, shu kunlarda Xoja Islom Sumitanda qurilayotgan xonaqoh yaqinida oʼz mulozimi Mavlono Qosim Аxsigi bilan oʼtirardi. Аbdullaxon pir huzurida hozir boʼlganda Xoja Islom unga quyidagi kinoyali gaplarni aytdi: “Siz bu viloyatni (yaʼni Buxoroni) shamshir zarbi va bozu qudrati ila musaxxar etmagansiz. Shuning uchun uning qadrini bilmaysiz. Mudom sahro va togʼlarda sayr va shikor ila mashgʼulsiz. Bu viloyat qadrini biz bilamiz. Necha yillar riyozat chekib uni Sizning tasarrufingizga oʼtkazdik”.
Аbdullaxon oʼz vaʼdasiga koʼra, 1561 yil bahorida otasi Iskandarxonni Karmanadan chaqirib olib, oliy hukmdor sifatida Buxoro taxtiga oʼtqizdi uning nomidan “Iskandarxoniy” tangasi zarb etildi .
Joʼybor xojalari xonadoni vakillaridan biri Xoja Saʼdning ijtimoiy-siyosiy faoliyati toʼgʼrisidagi tahliliy maʼlumotlar ishning shu bobidan oʼrin olgan.
Xoja Saʼd Joʼybor xojalari xonadonining yirik vakili sifatida nafaqat shu xonadon doirasida, balki mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ham muhim oʼrin tutardi. Xoja Saʼdning ijtimoiy mavqei rus sharqshunosi P.P.Ivanov tomonidan ochib berilganligiga qaramay, uning Joʼybor xojalari xonadoni qonuniy vorisi sifatida shaklllanishi masalasi hali chuqur tahlil qilinmagan va qoʼshimcha tadqiqni talab etadi. P.P.Ivanov ishlarida asosan Xoja Saʼdning iqtisodiy faoliyatiga eʼtibor qaratilgan .
Baʼzi siyosiy chigal ishlarning Xoja Saʼd aralashuvi bilan joʼngina hal etilishi “Matlab at-tolibin” muallifi tomonidan xojazodaning karomati oqibati deb talqin etilsa-da, aslida bu Xoja Saʼdning ijtimoiy-siyosiy mavqei yuqoriligidan dalolat beradi.Аbdullaxon tomonidan Samarqandning olinishi ham Xoja Saʼd aralashuvi bilan roʼy berdi. Аbdullaxonning ashaddiy raqibi Bobo sultonning Dashti Qipchoqda qatl etilishi Xoja Saʼd koʼrsatmasi bilan amalga oshirilgan, degan fikr manbalarda ishonch bilan qayd etiladi. Bu ishni Xoja Saʼd yoronlaridan biri Bobur soʼfi bajargan. Bu xizmatlari uchun Bobur soʼfi Xoja Saʼd tomonidan 100 tanga va 5 sigir bilan taqdirlangan50.
Xoja Saʼdning Аbdullaxonni qoʼllab-quvvatlashi va unga siyosiy homiyligi mavjud shart-sharoit taqozosi hisoblanadi. Shunday qilinmaganda Аbdullaxon uchun kutilmagan voqealar yuz berishi, siyosiy barqarorlik izdan chiqishi mumkin edi.Shu bois Аbdullaxon koʼpincha Xoja Saʼd madadiga tayangan51, uning fotihalaridan umidvor boʼlgan. Muhim yurishlardan oldin yoki erishilgan zafarlardan soʼng Xoja Saʼd nomiga maktublar joʼnatgan. Maktub orqali murojaat qilish oliy hukmdor bilan maʼnaviy ustoz oʼrtasidagi munosabatlarda yangicha taomil vujudga kelganligidan dalolat beradi. Xoja Saʼd nomiga joʼnatilgan maktublar bunga misol boʼla oladi.
Qaysar Shayboniy sultonlaridan Bobo sulton shayboniyzodalar oʼrtasidagi nizolarni bartaraf qilishda Xoja Saʼd vositachiligining ahamiyatini yaxshi tushungan holda, unga quyidagi maktub bilan murojaat qiladi.
U [Аlloh] azizdir!
Oliyjoh… hidoyat martabat… irshodpanoh… zubdat ul-ashob… Hazrat Xoja Kalon Xoja Sizning avlod-ajdodlaringizga ixlosimiz [yuqori] edi. Zamona zayli bilan onhazrat mulozamatlaridan [bir oz] uzoqlashdik, ixlos-aqidamiz boqiy boʼlaversin. Sizdan iltimos shulki, bizni oʼzingizning qadimiy duogoʼyingiz deb hisoblab, xotiringiz hoshiyasidan oʼchirmang. Zamona fasodligi bilan bu [Shayboniy] birodarlar jamoati oʼrtasida nifoq voqe boʼldi. Sizdan iltimos, oʼrtaga tushib, gina-kuduratlarga barham bersangiz… to doʼstlar shodmon, dushmanlar koʼr boʼlsin… [Oldingizga] sadr as-sudur Xoja Muhammad Tohirni yubordik. Qolgan gaplarni u aytadi .
XVI asrning 50-60-yillarida Xoja Islomning, 70-80-yillarida esa Xoja Saʼdning ijtimoiy-siyosiy mavqei eng yuqori pogʼonaga koʼtarildi. Ular bilan Аbdullaxon oʼrtasida oʼrnatilgan mustahkam munosabatlar Buxoro xonligidagi mavjud siyosiy vaziyat taqozosi hisoblanadi. Аks holda Аbdullaxonning barqarorlikni mustahkamlash va xonlik hududlarini kengaytirish uchun olib borgan kurashlari muayyan toʼsiqqa uchrashi mumkin edi. Joʼybor xojalarining ikki yirik vakili yordamida Аbdullaxon oʼz siyosiy mavqeini mustahkamlashga muvaffaq boʼldi52.


Yüklə 79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin