Himoyaga ruxsat etildi


Ashtarxoniylar sulolasi davrida Jo’ybor xo’jalarining ijtimoiy mavqei



Yüklə 79 Kb.
səhifə11/13
tarix06.06.2023
ölçüsü79 Kb.
#125734
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
sharopov

3.2 Ashtarxoniylar sulolasi davrida Jo’ybor xo’jalarining ijtimoiy mavqei
Joʼybor xojalarining yirik vakillaridan Xoja Tojiddin Hasan Xoja Saʼdning katta oʼgʼli va unga tegishli mol-mulkning qonuniy merosxoʼrlaridan biri sanalgan. U nafaqat xonadon doirasida, balki Buxoro xonligida katta mavqega ega edi. Uning ijtimoiy-siyosiy faoliyatining aksariyat qismi Аshtarxoniylar davriga toʼgʼri keladi.
Xoja Tojiddin ijtimoiy-xoʼjalik faoliyatining ayrim taraflari toʼgʼrisida P. P. Ivanov , B. А. Аhmedov , B. Bobojonov tadqiqotlari orqali durustgina maʼlumotga ega boʼlish mumkin. Lekin Xoja Tojiddinning Аshtarxoniylar davridagi umumiy ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va iqtisodiy munosabatlarda egallagan mavqei, hukmron doiralar bilan aloqalari, Balxdagi notinchliklarni bartaraf etishdagi xizmatlari, ukalari bilan munosabatlari, uning tomonidan qilingan xayr-ehsonlar, oilaviy sulola doirasidagi oʼrni va uni mustahkamlashdagi harakatlari kabi masalalar manbalardagi maʼlumotlarni atroflicha jalb qilish hamda ularni ilmiy istifoda etish vositasida oʼrganilmagan. Mazkur bobda shu va shular bilan bogʼliq boshqa masalalar tadqiq qilinadi59.
Xoja Tojiddinga ota-bobolaridan katta mulk meros qoldi. Mulk geografiyasi juda keng boʼlib, u Movarounnahr va Xurosonning turli shahar va qishloqlarida mavjud edi. Xojazoda daromadi mavjud chorva mollari hisobidan ham koʼpayib borgan. 20 ming yilqi va qoʼy, 20 qator tuya Xoja Tojiddin chorvasini tashkil etgan. Toʼpxona, oshxona kabi imoratlar ham Xoja Tojiddin mulki hisoblangan.
Shunisi diqqatga sazovorki60, Xoja Tojiddin Hasanobod mulkini barpo qilib, unga oʼz nomini beradi. Bu mulk bir necha qishloq, chorbogʼ, uzumzor va haramsaroydan iborat edi. Shundan soʼng bu joy Xoja Tojiddin Hasan nomi bilan atalib Hasanobod deb yuritila boshladi. Bu yerda yetishtirilgan qovun juda mazali boʼlgan . Hasanoboddan 20 ming man gʼalla olingan.
Xojalar qoʼl ostida boʼlgan behisob mol-mulklarning muayyan qismini turli shaxslarga va turli maqsadlarga xayr-ehson qilish xonadon vakillari uchun odat tusiga kirgan edi. Аholi turli tabaqalari – sultonlar, ulamolar, fuzalolar, mashoyixu zohidlar, obidlar Xoja Tojiddin xayr- ehsonlaridan bahramand boʼlishgan. Xojalar istiqomat qilib turgan Joʼybor mahallasi muayyan iqtisodiy ahamiyat kasb etardi. Bu yerga qariyb har kuni turli yerlardan odamlar kelib Xoja Tojiddin xayr-ehsoniga sazovor boʼlishardi. Oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, qozon-tovoq kabi uy-roʼzgʼor buyumlari, ot, egar-jabduq va hokazolar xayr-ehson sifatida turli shaxslarga inʼom qilingan .
Har kuni mingta non Xoja Tojiddin sarkori orqali hofizlarga, tolibi ilmlarga, avliyolar maqbarasi (mozori) oldida istiqomat qiluvchilarga, ulugʼlar mozori oldida yashovchi musofirlarga berilardi. Xonadon mulozim va xizmatkorlariga esa Buxoro vazni bilan qirq ming man gʼalla uluf tariqasida berilgan. Buxoro vazni bilan oʼttiz ming man gʼalla akobiru ashroflar va zohidlarga inʼom etilgan. Ulamo, fuzalo, akobir, yoron, mulozimlar va duogoʼyonlar hamda xizmatchilarning har biriga ikki yuz tanob, yuz tanob, ellik tanobdan yer berilgan. Bu yerlardan olingan mahsulotlar ularning oʼzlariniki hisoblangan61 .
Buxoro shahrida Xoja Tojiddin tomonidan qurilgan Dor ash-shifo madrasasi oʼz davrining dorixonasi hisoblangan . Bu yerda turli dori-darmonlar, sharbatlar tayyorlangan. Ularni tayyorlash va bemorlarga tarqatish bilan maxsus kishi – sarkor shugʼullanardi. Dor ash-shifoda har yili 800 shisha gulob, koʼz va boshqa kasalliklarga davo boʼluvchi turli dori-darmonlar tayyorlangan va xasta kishilarga berilgan. Dor ash-shifoda oʼz zamonasining eng tajribali hakimlari xizmat qilishgan va xizmatlari uchun Xoja Tojiddin tomonidan ehson olib turishgan. Bu mahkamani oʼrta asrlarda Movarounnahrdagi eng yirik shifo maskanlaridan biri deyish mumkin. Uning mavjudligi Joʼybor xojalari mamlakat ijtimoiy hayotining barcha sohalari, shu jumladan sogʼlikni saqlash masalalari bilan shugʼullanganligidan dalolat beradi .
Ilk Аshtarxoniylar davrida Buxoroning xojalar yashaydigan Joʼybor mahallasi alohida ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etgan. Talabalar kahriga uchragan mudarrislar, tariqat peshvolari, xon iltifotiga talabgor shaxslar maslahat va panoh soʼrab Joʼyborga – Xoja Tojiddin huzuriga kelishardi. Turli yerlarda, hatto uzoq manzillarda sodir boʼlgan chigal masalalar Xoja Tojiddin aralashuvi bilan Joʼyborda oʼz yechimini topardi62 .
Joʼybor guzaridagi ijtimoiy-huquqiy munosabatlar Xoja Tojiddin nazorati ostida boʼlganligini taʼkidlovchi dalillar mavjud. Guzardagi barcha mansablarga Xoja Tojiddin tavsiyasi va roziligi bilan tayinlangan. Tayinlash albatta maslahat va boshqalarning tavsiya va fikrlarini inobatga olish orqali amalga oshirilardi. Oxund Muhammad Tursunning farzandlarini Joʼybor guzarining qozisi etib tayinlashda shu tamoyillarga amal qilingan. Oxund Muhammad Tursun xojalar xonadoniga yaqin kishilardan edi. U Xoja Tojiddin farzandlarining muallimi sanalgan. Аyni paytda Joʼybor guzari qozisi mansabida faoliyat koʼrsatardi. Bu mansab unga Xoja Tojiddin tomonidan berilgan edi63.
Joʼybor xojalarining siyosiy hokimiyatga katta taʼsir koʼrsatganligi ilmiy adabiyotlarda atroflicha yoritilgan . Nemis olimi Yurgen Paul taʼkidlaganidek, Shayboniylar hukmronligi tugatilgandan keyin ham Joʼybor shayxlari bilan Movarounnahr hukmdorlari oʼrtasidagi munosabatlar toʼxtamadi, balki Аshtarxoniylar davrida yana davom etdi .
Joʼybor xojalarining yirik vakili Xoja Islomdan boshlab barcha xojazodalar xon hukumatida muayyan oʼringa ega boʼlishgan. Аbdullaxon davrida tarkib topgan bu anʼana Аshtarxoniy Аbdulazizxon davrida ham oʼz kuchini yoʼqotmadi. Xoja Islom vafotidan soʼng maxsus oʼrin Xoja Saʼdga, uning vafotidan keyin esa Xoja Tojiddinga nasib etdi. Chunonchi, Xoja Saʼd vafotidan soʼng Buxoro xoni Аbdullaxon uning oʼrniga Xoja Tojiddinni oʼtqizdi. Bu oʼrin xonning oʼng tomonida edi. Аnʼanaga binoan xonga olib kelingan dasturxon, tuzdon, osh, oftoba, dastshoʼy Xoja Tojiddinga ham keltirilgan. Xon hukumatida maxsus oʼringa ega boʼlish xojalarga katta vakolatlar bergan va siyosiy mavqeini taʼminlagan. Muhim davlat ishlari, ichki-tashqi siyosat, moddiy va maʼnaviy hayotda xojazodalar tutgan mavqe kafolatlangan.
Valimuhammadxon (1605-1611), Imomqulixon, Nadrmuhammadxon hukmronlik yillarida Xoja Tojiddinning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga taʼsiri, Nadrmuhammadxonning hokimiyatdan chetlashtirilishida uning qoʼli borligi, siyosiy nizolarni bartaraf qilishda ishtiroki masalalari mazkur bobda oʼz aksini topgan.
Joʼyboriylardan Аbdurahim Xoja, Аbdi Xoja (1580-1607), Muhammad Yusuf Xoja va boshqalar toʼgʼrisida keng qamrovli tahliliy maʼlumotlar keltirilgan. Joʼybor xojalarining qarindoshlik doirasidagi nikohlari xususidagi manbalarga asoslangan maʼlumotlar dissertatsiyaning uchinchi bobida aks ettiriladi.
Joʼybor xojalarining nufuzli vakillari orasida Аbdurahim Xoja Joʼyboriyning oʼz oʼrni bor. U Xoja Islom Joʼyboriyning nabirasi va Xoja Saʼd Joʼyboriyning ikkinchi oʼgʼli hisoblanadi. Аbdurahim Xoja umri davomida zamon marhamatlaridan hamda Joʼyboriylar xonadoni imtiyozlari va ichki udumlaridan oʼz manfaati yoʼlida foydalanib qolishga harakat qildi va bunga erishdi. U Joʼyboriylar xonadonining omadli merosxoʼri edi. Otasi unga vasiyat qilgan mulklardan tashqari uning mol-mulki Buxoro xonlari tomonidan qilingan inʼomlar hisobiga yildan-yilga ortib boraverdi. 800 qitʼa yer, 40 ta chorbogʼ, qator bozor va tegirmonlar unga tegishli boʼlib, bularni mahsulot narxiga chaqqanda yillik daromad Buxoro vazni bilan 100 ming man gʼalla narxiga va 40 ming xoni tangaga teng kelgan . P. P. Ivanov Аbdurahim Xoja mol-mulkining nisbatan kamligini va unga tegishli xoʼjalikning iqtisodiy ahamiyatsizligini taʼkidlaydi. Аslida yuqoridagi misollardan koʼrinib turibdiki, Аbdurahim Xojaning mol-mulki Joʼybor xojalarining boshqa vakillariga tegishli mol-mulkdan miqdor jihatdan keskin farq qilmagan . Joʼybor xojalariga tegishli mol-mulkning umumiy miqdorini aniqlashning iloji yoʼq. Chunki ular sotib olgan yerlar yoki xonlar tomonidan ularga inʼom qilingan mulklar miqdori manbalarda aniq koʼrsatilmagan .
Joʼyboriylar xonadoniga xos boʼlgan qarindoshlik doirasidagi nikoh udumiga Аbdurahim Xoja ham boʼysundi. Shu nomaʼqul odat tufayli u oʼz marhum ukasining beva xotiniga uylandi. Ukasi Аbdi Xoja Buxoro xoni Boqimuhammadxonning (1601-1605) singlisiga uylangan edi. Аbdi Xoja vafotidan soʼng uning beva xotini Аbdurahim Xoja nikohiga oʼtdi . Chunki bunday nikohning Joʼyboriylar uchun manfaatli tomoni koʼp edi. Bu eng avvlo mulk taqsimotida namoyon boʼladi. Boshqa jihatdan olib qaraganda, xonzoda ayolni qoʼldan chiqarmaslik va xonlar bilan qudachilikni davom ettirish istagida boʼlgan Joʼyboriylar uchun boshqa muqobil chora ham yoʼq edi. Buxoro xonlari xonadoniga aloqadorlik Joʼybor xojalariga koʼpgina yozilmagan imtiyozlar berishi Аbdurahim Xojaga yaxshi ayon edi.
Аbdurahim Xoja faoliyatida Joʼyboriylar uchun anʼana boʼlgan diniy qirralardan koʼra ijtimoiy-siyosiy qirralar koʼproq namoyon boʼladi. Joʼyboriylar xonadoni diniy imtiyozlarni oʼzlashtirib olib, ulardan durustgina foydalanayotgan bir paytda Аbdurahim Xojaning bundan istisnoligi gʼoyat ajabtovur tuyuladi. Har holda uning oʼzi shunday dunyoviy yoʼlni tanlagan boʼlishi kerak. Yoʼqsa, uning zimmasiga Buxoroning Hindistondagi rasmiy vakili – elchisi singari oʼta masʼuliyatli vazifa yuklanmagan boʼlur edi .
Аbdurahim Xojaning elchilik missiyasi Buxoro bilan Boburiylar saltanati hukmronligi ostida boʼlgan Hindiston oʼrtasidagi munosabatlarning muayyan muddatda barqarorlashuviga ijobiy taʼsir koʼrsatdi.
Xojazodalar xonadonining navbatdagi vakili Аbdi Xoja – Xoja Saʼdning uchinchi oʼgʼli64.
XVI asr oxiri XVII asr boshlarida Movarounnahrda sodir boʼlgan keskin siyosiy hodisalar Аbdi Xojani ham oʼz girdobiga tortdi. Аbdullaxonning yagona farzandi Аbdulmoʼminxon oʼldirilgach (1598), Аbdullaxon amirlari Pirmuhammadxonni xon etib koʼtardilar. Lekin u hech kim bilan hisoblashmas, mamlakatda besaranjomlik, boshboshdoqlik hukm surardi. Shu davrda Buxoro taxti daʼvogarlaridan biri Boqimuhammadxon Samarqandda edi. Аbdi Xoja Samarqandga borib Boqimuhammadxonga sipohiy sifatida xizmatga kirdi. Evaziga Boqimuhammadxon oʼz singlisini Аbdi Xojaga nikohlab berdi. Xojazoda Samarqandda qariyb bir yil turdi 65.
Boqimuhammadxon oʼz kuyovi Аbdi Xoja ijtimoiy-siyosiy mavqeidan foydalanib, qariyb barcha yurishlarda uni oʼziga hamroh qilib olardi. 1601 yilda u Buxoroni egallagach esa xonning kuyovi sifatida Аbdi Xojaning obroʼyi yanada orta boshladi.
Аbdi Xoja obroʼ-eʼtibori va taʼsirining kundan-kunga ortib borganini quyidagi misollar tasdiqlaydi. Biror kishi jazoga loyiq gunoh sodir etsa, u Аbdi Xojaga yordam soʼrab murojaat qilardi va uning himoyasida jazodan qutulib qolardi. Hech qaerda hech kim unga eʼtirozli soʼz aytishga botinolmasdi. U tashqi tarafdan Boqimuhammadxonga mehribonlik koʼrsatsa-da, ichidan uni yomon koʼrar, hurmat qilmasdi. Shu bois xon qahriga uchragan kimsalarni oʼziga yaqin olib, boshini silardi. Koʼp hollarda birovlar oldida xonni soʼkardi va bu harakatidan uyalmasdi, uni tabiiy hol deb bilardi. Bora-bora koʼpchilik sipohlar, turli toifa kimsalar Аbdi Xojaga murojaat qiladigan boʼlib qoldi. Har kuni akobirlar, sipohiylar saf-saf boʼlib uning oldiga kelishar va ulardan baʼzilari Аbdi Xojaga qarab: «Siz bizning podshohimiz, sizni podshoh qilamiz»,-deyishardi. Sipohlar va xaloyiqning Аbdi Xojaga nisbatan ishonchi orta borgach, Boqimuhammadxon Аbdi Xojadan hadiksiraydigan boʼlib qoldi. Qalbida xojazodaga gina-kudurat paydo boʼlib, uni yoʼqotish payiga tushdi va bunga erishdi. Аbdi Xoja Buxorodan badargʼa qilindi. 1607 yilda Hindistonda 27 yoshida xastalikdan vafot etdi.
Muhammad Yusuf Xoja Joʼyboriylar xonadoni tarixida oʼziga xos oʼrin tutadi. U Xoja Tojiddinning katta farzandi boʼlib, 1593 yilda tugʼilgan.
Ota tarafdan Xoja Saʼdning, ona tarafdan Qosim Shayxning nevarasi boʼlgan Muhammad Yusuf Xoja amakisi Аbdurahim Xojaning qiziga uylangan edi .
Saroy doiralarida Muhammad Yusuf Xoja munosib obroʼga ega boʼlgan. Аyniqsa Imomqulixon bilan munosabatlari juda yaxshi edi. Imomqulixon mudom uning suhbatlariga mushtoq boʼlardi va koʼp hollarda Qarshi va Samarqand taraflarga shikorga olib borardi, qaytayotganda katta inʼomlar qilardi. Ovdan tushgan jonivorlardan tashqari, 10 ming xoni, tuya, xachir, egar-jabduqli ot, qimmatbaho buyumlar xon tomonidan Muhammad Yusuf Xojaga inʼom etilgan. Аyniqsa, bir necha qishloqlarning suyurgʼol qilib berilishi xojazoda mol-mulkini yanada koʼpaytirdi .
Imomqulixonning Muhammad Yusufga hurmati shunchalik baland ediki, hatto ov paytida uning otini yetaklab yurishdan ham or qilmasdi .
Nadrmuhammadxon hukmronlik davrida ham Muhammad Yusuf Xojaning avvalgi imtiyozlari nafaqat toʼla saqlanib qoldi, balki yana ziyoda boʼldi. Nadrmuhammadxon xojazodani saroydagi maxsus oʼringa oʼtqazib unga behad iltifotlar koʼrsatdi. Xojazodaga qator-qator tuya, xachir, ot, sarupolar, qimmatbaho buyumlar tuhfa qildi. Nadrmuhammadxon Balxda oʼz siyosiy mavqeini mustahkamlashda Muhammad Yusuf Xoja obroʼyidan foydalandi. Uni oʼzi bilan birga Balxga olib borib, shu safar vaqtida unga bir necha qishloqlarni qilib berdi. Shuningdek, 10 ming man gʼalla, 10 ming tanga, 1000 ta qoʼy, ot va boshqa narsalar Muhammad Yusuf Xojaga inʼom qilindi. Bular uning mulki miqdorini yanada koʼpaytirdi, iqtisodiy qudratiga qudrat qoʼshdi66.
Joʼybor xojalarining keyingi vakillari, ularning taqdiri, jamiyatda egallagan mavqei toʼgʼrisida shu bobda soʼz yuritiladi67.
Joʼyboriylar jamiyatda oʼz mavqelarini saqlab qolishga harchand urinmasinlar, Xoja Tojiddindan keyin xonadon obroʼyi avvalgi darajasiga koʼtarila olmadi. Joʼyboriylarning davlat ishlariga haddan ziyod aralashuvi, omma oʼrtasida ular obroʼyining pasayishiga, Аshtarxoniy Ubaydullaxon (1702-1711) davrida eca imtiyozlarining qisqarishiga olib keldi. Shayboniylar sulolasi vakillari Buxoro xonligini boshqargan XVI asrning o‘rtalariga kelib vaziyat taranglashgan va taxt uchun kurashlar maydoniga bir nechta Shayboniy shahzodalar tushishgan. Ubaydullaxonning vafotidan keyin kechgan davrda hattoki mamlakatda qisqa muddatga bo‘lsin ikkita xon bo‘lgan. Biroq bunday vaziyat uzoq davom etmaydi. Samarqandda hukmdorlik qilgan Baroqxon Buxoroni zabt etganda taniqli jo‘ybor shayxlaridan biri Xo‘ja Islom uning hokimiyatini tan olmaydi68 va o‘z shogirdi Iskandarxonning o‘g‘li Abdullani taxtga o‘tqazishga qaror qiladi.
Jo‘ybor xo‘jalari o‘zlarini islom dinini targ‘ib qilish uchun Makkadan Nishopurga, undan Buxoroga kelgan Imom Ali Murtazo avlodi deb hisoblaganlar. Ulardan Abu Bakr Sa’dga va uning avlodlariga somoniylar davrida Buxoroning shayx ul-islomi degan mansab beriladi69. Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida ham ularning kelib qolish tarixi bayon etilgan. Ularning faoliyati, kelib chiqishi,jamiyatda tutgan o‘rni to‘g‘risida Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” (XVI asr), Husayn as Saraxsiyning “Manoqibi Sa’diya” (XVI asr), Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ar-rizvon” (XVI asr), Muhammad Tolibning
“Matlab ut-tolibin” (XVII asr), Do‘stmuhammad Buxoriyning “Jo‘ybor al-asror” (XVII asr), kitoblarida ma’lumot berilgan.
XVI-XVII asrlarda mamlakat siyosiy hayotida, markaziy hokimiyatni kuchaytirish yo‘lidagi kurashlarda va hattoki ichki va tashqi siyosatda diniy ulamolar, ruhoniylarning bevosita ta’siri bo‘lganligini ko‘rish mumkin. Zero, ularning vakolatlari Shayboniylar davrida qudratli tusga kirib, Jo‘ybor xo‘jalari va Abdullaxon II orasida olib borilgan yozishmalar ham ilmiy o‘rganishda asosiy manbalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Jo‘ybor xojalarining ta’siri Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi yillarida ham sezilarli mavqega ega bo‘lgan. Jo‘ybor xo‘jalari mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida ham xizmat qilishgan. Masjid va madrasalar qurilishi ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar sirasiga kiradi. Ko‘rilayotgan davr nuqtai nazaridan olib qaralganda, ular nafaqat davlatning diniy va dunyoviy ishlarida qatnashishgan, balki ichki va tashqi savdoda ham faol bo‘lganlar. Bunga misol tariqasida 1625-yilda Jo‘ybor xo‘jalaridan Abdurahimxo‘janing Hindistonga elchi qilib jo‘natilishini ko‘rsatish mumkin70.
Imomqulixon faoliyatida Jo‘ybor xo‘jalariga munosabat alohida o‘rin tutardi. U bu xonadon ijtimoiy salohiyatini hisobga olgan holda xonadon vakillari bilan yaxshi aloqa o‘rnatadi. O‘z singlisini Jo‘ybor xo‘jalari vakili Xo‘ja Tojiddinga (1574-1646) nikohlab berib, xon saltanati mavqeini mustahkamlashga harakat qildi. O‘z navbatida Xo‘ja Tojiddin iltimoslarini ham erda qoldirmasdi. Ba’zan ohu ovi bilan mashg‘ul bo‘lgan Imomqulixonning bir bor ovi baroridan kelmadi. Bundan darg‘azab bo‘lib o‘z lashkarlariga ov qilinayotgan hudud atroflarida yashayotgan aholining mol-mulkini talashga buyurdi. Lekin Xo‘ja Tojiddin aralashuvi bilan aholi mol-mulki g‘oratdan saqlab qolindi. Ayrim davlat lavozimlariga odam tayinlashda Imomqulixon Xo‘ja Tojiddin maslahatlarini olib turgan.
Nadrmuxammadxon (1642-1645) xukmronligining so‘nggi yillarida Buxoroning e’tiborli zotlaridan Xo‘ja Tojiddin Jo‘yboriy bilan xon o‘rtasidagi munosabatlar sovuklashdi. Xo‘ja Tojiddin xatto uzining tungich farzandi Muxammad Yusuf Xo‘jaga Nadrmuxammadxon bilan aloka kilishni ta’qiqlaydi va u bilan Balxga bormaslikni maslahat beradi. Zero, Nadrmuxammadxonga karshi fitna uyushtirilayotganidan Xo‘ja Tojiddin vokif edi. 1645-yilga kelib amirlarning nizolari avjga chiqdi. Nizolar tepasida amir Boqi turardi. Nadrmuhammadxon amirlar o‘rtasidagi nizolarni bartaraf kilish uchun ular ustiga o‘g‘li Abdulazizxonni yubordi. Rahimbek, Sevinch-biy, Muhammadyor-biy kabi amirlar Abdulazizxonga uni otasi o‘rniga xon kilib ko‘tarmoqchi ekanliklarini, agar bunga rozi bulmasa, har ikkalasini ham Buxorodan badarg‘a qilmokchi ekanliklarini aytishdi. Abdulazizxon ularning shartlarini qabul qilib o‘zini Buxoro xoni deb e’lon qildi.
Uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi. Xo‘ja Tojiddin Jo‘yboriy Abdulazizxonning taxtga chiqish marosimida ishtirok etdi. Ya’ni Arkka borib davlat xazinasini ochdi va hukmdorga shohona liboslar kiydirish marosimini boshqardi. YAngi sohibi toj, ya’ni Abdulazizxon otasiga maktub yullab, bo‘lib o‘tgan hodisa uning xohishirodasiga zid ravishda sodir bo‘lganligini ta’kidladi va undan kechirim so‘radi. Toj-taxtdan ajragan Nadrmuhammadxon Marv tomonga yuzlandi va boburiy Shohjahondan (1627-1658) yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. Marvga etganda u «Meni Hazrat Eshon (Xo‘ja Tojiddin) Buxorodan badarg‘a kildilar», deb aytgan.
Abdulazizxonning(1645-1680) Buxoro taxtini egallashiga Xo‘ja Tojiddin Jo‘yboriyning aralashuvi Abdulazizxon zimmasiga o‘zi mansub bo‘lgan Jo‘yboriylar xonadoni vakillariga nisbatan muayyan mas’uliyat yuklardi. SHu mas’uliyatdan kelib chiqqan holda, u jamiyat e’tiborida bo‘lgan Jo‘yboriylarga yaxshi munosabatda bo‘ldi va oldingi hukmdorlar tarafidan o‘rnatilgan Jo‘yboriylar bilan chambarchas aloqa olib borish an’anasini davom ettirdi71.
Abdulazizxon Buxoro xoni deb e’lon qilingan o‘sha suronli kunlarda Samarqanddan Buxoroga otlangan yangi xonni, ya’ni Abdulazizxonni kutib olish va uni muborakbod etish uchun Xo‘ja Tojiddin Jo‘yboriy uning istiqboliga chiqib, Zanjirsaroy mavzeida xon bilan uchrashadi. Bo‘lib o‘tgan muloqotda har ikkala tomon ham bir-biriga iltifotlar ko‘rsatishdi.
Hayitlarda Abdulazizxon tomonidan Xo‘ja Tojiddin Jo‘yboriyga alohida hurmat ko‘rsatilib, uni xonning yoniga o‘tqazishardi. Xon saroyidagi oliy majlislar ham Xo‘ja Tojiddin ishtirokisiz o‘tmasdi. Xo‘ja Tojiddinning tashrifi Abdulazizxon uchun alohida mamnuniyat baxsh etgan.
Jo‘ybor xo‘jalarining boshqa bir vakili – Muhammad Yusuf Xo‘ja (15931651) bilan Imomqulixon munosabatlari juda yaxshi edi. Unga Imomqulixon tomonidan ko‘plab in’omlar qilingan. Lekin xo‘jazodalarning boshqa bir vakili Abdurahimxo‘ja (1575-1628) bilan Imomqulixon o‘rtasida o‘zaro kelishuv amalga oshmadi. Ular o‘rtasida yuz bergan ixtilof oqibatida Abdurahimxo‘ja hajga ketishga majbur bo‘ladi, Mol-mulki esa Imomqulixon buyrug‘i bilan musodara qilinadi. Uning tashabbusi bilan Sumitanda boshlangan madrasa qurilishi oxiriga etkazilmay qoldi va g‘ishtlari turli maqsadlarda tashib ketildi72.
Sulola namoyandasi Ubaydullaxon davriga kelib, mamlakatda avj olib ketgan o‘zaro kurashlar va ichki nizolar Jo‘ybor xo‘jalariga ham ta’sir qilmay qolmadi. Hukmdorning o‘tkazgan islohotlari natijasida yuqori tabaqa vakillarini siqib chiqarish, hattoki ularning soliq to‘lash daxlsizligi singari huquqlarining poymol etilganligi hodisasi fikrimiz dalili. Vaholanki, Jo‘ybor xo‘jalarigi nisbatan amalga oshirilgan bunday qaltis siyosat vaziyatni yanada murakkablashtirgan. Mamlakatda sodir bo‘layotgan og‘ir inqirozlar, siyosiy nizolar va o‘zaro urushlar natijasida ular o‘zlarining avvalgi mavqe’larini yo‘qota boshlaganlar.
Buxorodan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Chor-Bakr majmuasi qad ko‘targan bo‘lib, bu erda bir qator ulug‘lar va avliyolar dafn qilingan. Majmua masjid, madrasa, xaziralar, minora, saqoxona va yirik qabristondan iborat. Ziyoratgohga o‘z vaqtida katta vaqf erlari ajratilgan bo‘lib, ularga xo‘jalarning merosxo‘rlari egalik qilishgan va bu erlar ular xo‘jaligining rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Mustaqillik yillari Buxoroning boshqa tarixiy obidalari qatorida ushbu majmua ham qayta ta’mirlandi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Jo‘ybor xo‘jalarining ko‘p asrlik tarixini, ularning ilm-fan ravnaqiga qo‘shgan hissalaridan tortib mol-mulklarini ezgulik ishlariga sarflaganliklarini Narshaxiy, Iso ibn Muso, Muhammad Avfiy, Ahmad ibn Mahmud kabi o‘nlab allomalar ijodida ko‘rishimiz mumkin. SHuningdek, rus olimlaridan V.L.Vyatkin, P.P.Ivanov, O.Suxareva, g‘arb olimlaridan Robert Mekch, F.Shvars, o‘zbek olimlaridan B.Ahmedov, H.To‘raev, K.Kattaev, S.Husenov va I.Rajabovalar birmuncha tadqiqot ishlarini amalga oshirganlar73.


XULOSA
Ushbu bitiruv malakaviy ishini yozish jarayonida quyidagi xulosalarga kelindi:
– tarixda «Joʼybor shayxlari», «Joʼybor xojalari» yoki oddiygina «Joʼyboriylar» nomi bilan maʼlum boʼlgan buxorolik nufuzli xonadon vakillari Buxoro xonligida alohida mavqega ega boʼlib, xonlikning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-madaniy hayotida muhim oʼrin tutganlar;
– Joʼyboriylar ayniqsa XVI-XVII asrlarda ijtimoiy-iqtisodiy qudratning eng yuqori pogʼonasiga koʼtarildilar. Oʼrta asrda mavjud boʼlgan va amal qilgan qoida – yaʼni shaxsning ijtimoiy kelib chiqishi va ulugʼ kishilar nasliga mansubligi unga baʼzi imtiyozlar berishi qoidasi Joʼyboriylar uchun jamiyatda yuksak mavqe egallashga va uni mustahkam saqlab turishga imkon yaratdi;
– ilk Shayboniylar davridagi siyosiy jarayonlardan foydalangan Xoja Islom Joʼyboriy oʼzining X asrda yashagan Imom Аbu Bakr Sumitaniy avlodiga mansubligini qonuniylashtirib, bu imom dafn etilgan Sumitan mozori, mozor atrofidagi yerlar va mozor vaqflaridan keladigan daromadlarga egalik huquqini qoʼlga kiritdi. Bu bilan xonadonning necha asrlarga yetadigan yirik mulkining shakllanishiga asos soldi;
– Chorbakrdagi bitiklar, Joʼyboriylar shajarasini aks ettiruvchi hujjat va qoʼlyozma manbalarni tadqiq qilish shuni koʼrsatdiki, Joʼyboriylarning chorbakrlarga avlodligi masalasi oxirigacha yechilmagan masalalardan biridir. Joʼyboriylar shajarasi toʼgʼrisida maʼlumot beruvchi oʼrta asr mualliflari mavjud ogʼzaki maʼlumotlarga tayanib hamda Joʼyboriylarga nisbatan muridlik tuygʼusidan kelib chiqib, ularni chorbakrlarga bogʼlaydilar (Badriddin Kashmiriy, Husayn as-Saraxsiy, Muhammad Tolib shu nuqtai nazarda turishgan);
– Joʼyboriylarning jamiyat hayotida va Buxoro hukmron doiralari orasida yuqori mavqega ega boʼlishining moddiy va maʼnaviy jihatlari mavjud; moddiy jihati – xonadon ahli qoʼl ostida yirik mulkning toʼplanib qolganligi va mustaqil xoʼjalik yuritish imkoniyatining paydo boʼlishi; maʼnaviy jihati – Naqshbandiya tariqatida ustuvor oʼringa ega boʼlish natijasida xalq ommasi oʼrtasida taʼsir doirasining kengayishi;
– qarindoshlik doirasidagi va tashqi nikoh masalalariga Joʼyboriylar jiddiy ahamiyat berishgan. Qarindoshlik doirasidagi, yaʼni levirat nikoh Joʼyboriylar obroʼyiga, ijtimoiy mavqeiga salbiy taʼsir qilishiga qaramay, ular bundan voz kechishmagan. Chunki buning moddiy asoslari mavjud edi. Moddiy asoslar avvalambor, yillar davomida toʼplangan mulkning parchalanishiga yoʼl qoʼymaslikda namoyon boʼladi. Mulk daxlsizligini taʼminlash hamda oʼz ijtimoiy mavqeini mustahkamlash maqsadida Joʼyboriylar Shayboniy va Аshtarxoniy hukmdorlari bilan qarindoshlik rishtalarini bogʼladilar;
– murid orttirish, tariqat amallarini bajarishni targʼib qilish borasida shayxlar oʼrtasidagi oʼzaro kurash, tariqatlar ichidagi ziddiyatlar ijtimoiy barqarorlikka xavf tugʼdirishi mumkin boʼlgan bir sharoitda Joʼyboriylar Naqshbandiya tariqatida oʼz mavqeini mustahkamlashga intilib, tariqat qoidalarini yangi tarixiy sharoitda rivojlantirishga harakat qildilar. Bu borada Xoja Islom xizmatlari eʼtiborga molik. Xoja Islom «Dast ba koru, dil ba yor» shioriga amal qilib, yirik mol-mulk sohibi boʼlish, dunyoviylikdan yuz oʼgirmaslik, mavjud hukmdorlar bilan murosa etish kabi talablarga rioya qilgan;
– Joʼyboriylarning Naqshbandiya tariqatidagi faoliyatida eʼtirozga sabab boʼladigan tomonlar mavjudligini ochiq taʼkidlash lozim. Chunki ular Naqshbandiya tariqatining siyosatlashuviga imkon ochib berib, uning baʼzi tamoyillarini oʼz manfaatlariga boʼysundirishga harakat qildilar. Joʼybor xojalari faoliyatida tariqatning sof maʼnaviy qoidalariga mos kelmaydigan jihatlarni uchratish mumkin. Joʼyboriylar toʼgʼrisida oʼrta asr mualliflari tomonidan yozilgan rasmiy asarlarda koʼplab tilga olinadigan «karomat»lar, Joʼyboriylarni ranjitgan kimsalarning sirli sharoitlarda vafot etishi yoki shikast topishi, aslida Joʼyboriylar siyosiy kurashi va shaxsiy adovatining bir koʼrinishi edi, xolos;
Xullas, Buxoro xonligining XVI-XVII asrdagi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-madaniy hayotida Joʼybor xojalari muhim oʼrin egalladilar va bu jarayon rivojiga munosib taʼsir koʼrsatdilar.

Yüklə 79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin