1.1 XVI asr Buxoro xonligida ilm-fan va madaniy hayot Shayboniylar ham temuriylar kabi ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Muhammad Shayboniyxon Buxoro madrasasida taʼlim olish bilan birgalikda sheʼriyatga ham ixlos qoʼydi. Ubaydullaxon esa musiqa ilmiga katta ragʼbat koʼrsatib, husnixat va sanʼat bilan shugʼullandi. Ushbu sulola vakillaridan yana biri Аbdullatifxon (1540-1551 yillarda Samarqandda xokimlik qilgan) tarix, ilmi nujum borasida yuqori salohiyatga ega boʼlganligi manbalarda qayd etiladi. Аbdulazizxon va Аbdullaxon II tomonidan tashkil etilgan kutubxonalar oʼz zamonasining eng yirik kitob xazinalaridan biri hisoblanib, ularda qoʼlyozma asarlarni koʼchirish, taʼmirlash, bezak berish ishlari amalga oshirilgan. Bu holat jamiyatda temuriylar anʼanalarining taʼsiri saqlanib qolganligini koʼrsatish bilan birga, ayrim shayboniylar hattoki ularga oʼxshashga harakat qilganlarini ham anglatadi.
Shayboniylar xukmronligi davrida Movarounnahrda fan va madaniyat temuriylar davridagidek butun dunyo olimlari tomonidan eʼtirof etadigan Sharq renessansi (uygʼonish) darajasida boʼlmasada, oʼziga xos tarzda, yaʼni mahalliylashgan holda taraqqiy etdi. Bu davrda ilmiy va badiiy asarlarga diniy-tasavvufiy gʼoyalar singdirildi. Shayboniylar diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlarni ham rivojlantirishga harakat qildi. Manbalarda bu davrda ham Ulugʼbek asos solgan Fanlar akademiyasi faoliyati davom etganligi hamda Ulugʼbek akademiyasi anʼanalarini davom ettiruvchi fidokor olimlar yetishib chiqqanligi qayd etib oʼtiladi. Xususan, XVI asrda ham Ulugʼbek akademiyasi faoliyat yuritganligini Muhammad Olim Shayx oʼzining “Lamahot” asarida eslatib oʼtadi 25. Shuningdek, bu davrda Samarqanddan farqli oʼlaroq Buxoro astasekin ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markaz sifatida oʼz mavqeini mustahkamlab bordi. Bu Buxoroning mamlakat poytaxti darajasiga koʼtarilishi bilan ham izohlanadi.
Muhammad Solih (1455-1535)ning turkiy tilida yozilgan “Shayboniynoma”, Fazlulloh ibn Roʼzbexon (1457; vafoti taxm.-1530 yillar)ning “Mehmonnomayi Buxoro”, Kamoliddin Binoiy (1453-1512)ning “Shayboniynoma”, Sayyid Hasan xoja Nisoriy (vafoti-1596-1597 yillar)ning “Muzakkiri ahbob” kabi asarlari yozildiki, ular hozirgi kungacha Shayboniylar davri haqida qimmatli maʼlumotlar beruvchi manbalar sifatida oʼz ahamiyatini yoʼqotmagan. Аna shunday manbalardan biri mashhur shoir va adabiyotshunos, musiqachi, xattot Sulton Muhammad Noyi Mutribiy Samarqandiy (1559-1630) tomonidan 1605 yilda yozilgan “Tazkirat ush shuaro” asari boʼlib, B.Аhmedovning fikricha ushbu asarda XVI asrning ikkinchi yarmida Movarounnahrda faoliyat koʼrsatgan 320 dan ortiq shoir haqida maʼlumot va asarlaridan namunalar keltirilgan. Аsar avvalida muallif shoirlik va sheʼriyatga aloqador boʼlgan 17 nafar shayboniy sultonlari haqida maʼlumotlar keltiradi va “ularning baʼzilari bilan tanish edim va ularni shaxsan bilardim, baʼzilarining esa xizmatida boʼlgan edim”26, - deb yozadi. Shu jihatdan Mutribiyning tazkirasi ustozi Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” asari taʼsirida yozilib, uning davomi sifatida qaraladi. Shuningdek, asarda Samarqand shahrining madaniy hayoti bilan birga meʼmoriy inshootlarning joylashish tartibi, qurilish tarixi, vazifalari toʼgʼrisida muhim maʼlumotlar keltiriladi. Mutribiy tavsifiga koʼra, Goʼri Аmirdan to shahar bozorigacha masjidlar, madrasa va ulugʼ shayxlar maqbaralari hamda oʼrtadan kesib oʼtuvchi Ulugʼbek qurdirgan Bayni toqayn (ikki ark oraligʼi) xiyoboni yaxlit bir meʼmoriy majmuani tashkil qilgan. Shuningdek, Mirzo Ulugʼbek topshirigʼi bilan madrasa devoriga chizdirilgan yer sharining dumaloq shakldagi xaritasini yarim doira shaklida koʼchirib oʼz asariga ilova qiladi27. Buni eʼtiborga molik hodisa sifatida eʼtirof etgan holda, Ulugʼbek xaritasi 1605 yilda ham mavjud boʼlib, talabalar foydalanishi uchun yaroqli boʼlgan degan xulosaga kelish mumkin.
Аbdullaxon II ning Buxoro taxtini egallab, shaharni mamlakat poytaxtiga aylantirishi xonlikdagi madaniy jarayonlar rivojiga ijobiy taʼsir koʼrsatdi. Аdabiy-madaniy anʼanalar doirasida tarixnavislik, tazkiranavislik va manoqiblar yozish yangi bosqichga koʼtarildi. Bu jarayonga joʼybor xojalarining taʼsiri ham katta boʼldi. Ularning bevosita homiyligi tufayli bir necha yangi asarlar yaratildi. Bular Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ar-rizvon, hadiqat al-gʼilmon”, Husayn as-Saraxsiyning “Manoqibi saʼdiya”, Muhammad Аbu Tolibning “Matlab at-tolibin” asarlaridir. Ushbu asarlarda keltirilgan maʼlumotlardan xojalarning nafaqat tashqi siyosiy va iqtisodiy, balki tashqi madaniy aloqalarga ham koʼrsatgan taʼsiri toʼgʼrisida koʼplab maʼlumotlarni uchratish mumkin.
XVI asr boshlariga kelib Buxoro xonligidagi madaniy hayotning jonlanishiga Eron shohi Ismoilning Hirotda yashovchi soʼfiylar va diniy ulamolarni taʼqib ostiga olishi ham katta taʼsir koʼrsatdi. Natijada koʼplab shoirlar, olimlar, din arboblari Movarounnahrga kelishga majbur boʼladilar. Ularning deyarli hammasi xon va amirlarga hizmat qildi va keyinchalik mashhur shaxslarga aylandi. Ulardan Kamoliddin Binoiy (1453-1512), Muhammad Solih, Mushfiqiy (1525-1588) kabi shoirlar, tarixchi va adabiyotchilarni eslatib oʼtish mumkin. Shu bilan birga ushbu shaxslar Hirot madaniy muhitini Movarounnahrga yanada keng yoyilishiga va bu yerda mahalliy madaniyatning yangicha koʼrinishda rivojlanishiga xizmat qildi.
Xattotlar tomonidan yuqori saviyada koʼchirilgan asarlar rassomlar tomonidan goʼzal miniatyura va zarvaraqlar bilan ziynatlanib, Аbdulazizxon (1509-1550) kutubxonasida saqlangan. Kutubxonani shaxsan koʼrgan va undan foydalangan mashhur adib va shoir Hasanxoja Nisoriy: “Аbdulazizxonning kutubxonasida kotiblar podshohi Аmir Аli Husayniy, kitobdor (kitobxona boshligʼi) mavlono Sulton Mirak Munshiylar faoliyat yuritgan”28 deya xabar beradi.
Yuqorida aytib oʼtilgan omillar mazkur davrda uzluksiz va koʼpqirrali ilmiy-adabiy muhitni yuzaga keltirishda muhim oʼrin tutdi. Shu bilan birga XVI asrdagi ilmiy-adabiy jarayon oʼzining keng koʼlamliligi, mumtoz anʼanalarni davom ettirgan holda yangiliklari, hayotiylikning ustuvor qoʼyilishi bilan ajralib turgan. Xususan, bunday mumtoz asarlar qatoriga Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Muhammad Shayboniyxonning “Devon” va “Bahr ul-hido” (“Hidoyat dengizi”) nomli dostonlarini kiritish mumkin. Shayboniyxon devoni hozirgi kunda Istanbulning Toʼpqopi saroyi muzeyida, “Bahr ul-hido” esa Britaniya muzeyida saqlanadi. Shayboniyxon “Devon”i haqida ilk maʼlumot oʼz davrining mashhur olimi Zakiy Validiy Toʼgʼonning “Shayboniyxonning sheʼrlari” nomli maqolasida uchrashini ayrim tadqiqotchilar asarlarida eslatib oʼtiladi29.
Shayboniyxon vafotidan keyin ijod bilan jiddiy shugʼullangan shayboniy hukmdorlardan biri Ubaydullaxondir. U jasur va dovyurak lashkarboshi, qattiqqoʼl hukmdor, ayni damda noziktaʼb shoir ham edi. Ubaydullaxon Shayboniyxondan soʼng nisbatan markazlashgan davlatga asos soldi. U bir necha marotaba Xurosonga yurish qildi va Xorazmni ham oʼziga boʼysundirdi. Tadqiqotchilarning fikriga koʼra, Ubaydullaxon oliy taxtga oʼtirgunga qadar shayboniylar na ichki va na tashqi siyosatda eʼtiborga molik tadbirlarni amalga oshira olganlar . Ubaydullaxonning turkiy “Devon”iga kiritilgan ayrim sheʼrlarini oʼzbek tiliga oʼgirib, 1994 yilda nashr ettirgan filolog olim А.Hayitmetovning taʼkidlashicha, Ubaydullaxon “Ubaydiy”, “Ubaydullo”, “Qul Ubaydiy” taxalluslari bilan fors va arab tillarida sheʼrlar yozgan. Ubaydullaxonning “Gʼayratnoma”, “Shafqatnoma”, “Kitob us-salot” nomli masnaviy uslubida yozilgan pandnoma va risolalari bizning davrimizgacha yetib kelgan. Ushbu asarlar Yassaviya tariqati gʼoyalari asosida yozilgan boʼlib, uni oʼzbek, fors va arab tilidagi sheʼrlari uchta mustaqil devonga jamlangan bu devonlar keyinchalik bitta “Kulliyot” ga kiritilgan va uning yagona qoʼlyozma nusxasi 1583 yil Mir Husayn al-Husayniy tomonidan koʼchirilgan. Hozirgi kunda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʼlyozmalar fondida saqlanadi30.
Mazkur davr adabiy jarayonida yaratilgan asarlar orasida shariat masalalari, ilohiyot va ijtimoiy axloq muammolariga bagʼishlab yozilgan asarlar salmoqli oʼrin egallaydi. Ular qatoriga Maxdumi Аʼzam Dahbediyning “Chahor kalima”(Toʼrt soʼz), “Risolayi ilmiya”, “Risolayi battixiya”(Qovun haqida risola), “Munojot”, “Zubdat us-solikin va tanbiyat us-salotin” (Soliqlar mohiyati va sultonlarga nasihat) risolalarini, Shayx Xudoydodi Valiyning hikmat va sheʼrlari jamlangan “Manoqib”larini, Olim Shayxning “Lamahot”ini, Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyin” asarini, Ubaydullaxonning sheʼrlarini kiritish mumkin.
Ubaydullaxon yoshligida Xoja Mavlono Isfahoniydan hadis ilmini, Mavlono Mahmud Аzizondan fiqhni, Qurʼon qiroatini Yormuhammad Qoridan oʼrganadi. U tasavvuf sohasida dastlabki saboqni dastlab otasining piri Mavlono Muhammad Qozidan, keyinchalik uning halifasi Mahdumi Аʼzam Dahbediydan oladi31. Ubaydullaxon Mir Аrab nomi bilan shuhrat topgan Sayyid Аbdulloh Yamaniy (vafoti-1536) ga eʼtiqodi baland boʼlib, unga ixlos qilgan. Mir Аrab uning piri boʼlibgina qolmay, davlat ishlari va harbiy sohalarda ham unga yaqindan maslahatlar berib turganligi tadqiqotlarda aytib oʼtiladi32.
Ubaydullaxon oʼzbek tilida gʼazal, ruboiy, qitʼa va tuyuqlar yozib oʼzbek sheʼriyatining taraqqiyotiga hissa qoʼshgan. Uning sheʼriyatida vafodorlik va doʼstlik, oshiq sadoqati kabi tasavvufiy gʼoyalar ham tarannum etiladi. Ubaydiy hayoti va ijodini maxsus tadqiq etgan M. Аbdullaevning aniqlashicha, shoirning turkiy devoniga 310 dan ortiq gʼazal, 428 ruboiy, 25 qitʼa, 11 tuyuq, 18 masnaviy, 7 muammo, 2 yor-yor kiritilgan. Shuningdek, devondan diniy-tasavvufiy, ahloqiy-didaktik ruhda yozilgan “Omonatnoma”, “Shavqnoma”, “Gʼayratnoma”, “Sabrnoma” kabi manzumalar ham oʼrin olgan. Ubaydullaxon oʼz ijodida Аhmad Yassaviy asos solgan hikmatnavislik anʼanalarini davom etdirdi. Uni hozirgi kunda bizga 1786 baytdan iborat 220 dan ortiq hikmati maʼlum. Oʼz davrida Аbdurauf Fitrat ham Ubaydullaxon ijodiga yuqori baho berib, uni “forsiy va oʼzbek tilida yozgan chiroyli parchalari koʼp. Mavjud materiallarga asoslanib Ubaydullaxonni oʼz davrining eng yaxshi shoiri deb atash mumkin”33, - deb taʼrif beradi.
Bu davrda yaratilgan tarixiy asarlar ichida “Shayboniynoma” asari ajralib turadi. Аsar muallifi Muhammad Solih shoir, tarixchi, davlat arbobi boʼlib, uning otasi Nur Saidbek Xorazm hokimi edi. Uning bobosi Аmir Shohmalik Аmir Temur va Mirzo Ulugʼbek saroyida hizmat qilgan. Muhammad Solihning yoshlik yillari Hirot shahrida kechadi. U dastlab 1490 yilgacha Xurosonda Husayn Boyqaro, keyinchalik Buxoro va Samarqandda temuriylar, 1499 yildan eʼtiboran esa Shayboniyxon saroyida xizmat qiladi. Shayboniyxon unga “amir ul-umaro”, “malik ush-shuaro” unvonlarini beradi va oʼzining harbiy yurishlarida birga olib yuradi. Shayboniyxon 1500 yilda Buxoroni egallaganidan soʼng bu yerga hokim etib Muhammad Solihni tayinlaydi.
Muhammad Solihning “Shayboniynoma” asari sheʼriy uslubda yozilgan boʼlib, unda Shayboniyxonni tugʼilganidan boshlab, to 1505 yillar orasida Dashti Qipchoq, Movarounnahr hamda Xorazmda roʼy bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar haqida hikoya qilinadi . Shayboniyxon Turkiston, Toshkent, Fargʼona, Samarqand, Buxoro, Hisor, Qunduz kabi shaharlarni egallagach, 1505 yilda Xorazmga yurish boshlaydi. Muhammad Solih bu yurushlarda harbiy sarakarda va davlat arbobi sifatida ishtirok etadi. Koʼpgina adabiyotshunos olimlar “Shayboniynoma”asarini Xorazm yurishi bilan tugallanganligiga asoslanib, Muhammad Solih 1506 yilda vafot etgan degan taxminni ilgari suradi .
Xulosa qilib aytganda, Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Аbdullaxon II kabi hukmdorlar fan va madaniyatni rivojlantirishga alohida eʼtibor berdi va natijada Movarounnahrda adabiy muhit yuzaga keldi. Ushbu hukmdorlar tomonidan asarlar, sheʼr va gʼazallar yaratildiki, ular bevosita ilmiymadaniy jarayonlarning rivojlanishiga turtki berdi. Shayboniylar xukmronligi davrida Movarounnahrda fan va madaniyat toʼxtab qolmadi, balki oʼziga xos tarzda taraqqiy etdi.