Himoyaga ruxsat etildi


II BOB. BUXORO XONLIGI IJTIMOIY-MADANIY HAYOTIDA JOʼYBOR XOʼJALARINING OʼRNI



Yüklə 79 Kb.
səhifə8/13
tarix06.06.2023
ölçüsü79 Kb.
#125734
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
sharopov

II BOB. BUXORO XONLIGI IJTIMOIY-MADANIY HAYOTIDA JOʼYBOR XOʼJALARINING OʼRNI


2.1. Joʼybor xojalari xonadoni tarixnavisligi
Jo’ybor xo’jalari xonadon tarixnavisligida muhim oʼrin tutgan “Ravzat ar-rizvon”, “Manoqibi saʼdiya”, ”Matlab at-tolibin” asarlarining yozilish tarixi, ularning Joʼybor xojalari xonadoni tarixini oʼrganishdagi ahamiyati atroflicha bayon etilgan. Shuningdek, “Аbdullanoma” asaridagi Joʼybor xojalari toʼgʼrisidagi maʼlumotlar tahlil qilingan.
Joʼybor xojalari tarixini aks ettiruvchi qator asarlar bizgacha yetib keldi, lekin bular orasida, nazarimizda, uch qoʼlyozma asar xonadon toʼgʼrisida toʼliq va atroflicha maʼlumotlarni oʼzida mujassamlashtiradi. Bular, Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ar-rizvon”, Husayn as-Saraxsiyning “Manoqibi saʼdiya” va Muhammad Tolibning “Matlab at-tolibin” asarlaridir. Boshqa asarlar kompilyativ xarakterda boʼlib, Joʼybor xojalari toʼgʼrisida qisqa maʼlumot beradi va ular Joʼybor xojalari toʼgʼrisidagi maxsus asarlar doirasiga kirmaydi. Yuqorida tilga olingan uch asar yozilish davri, maʼlumotlarni oʼzida mujassam etishi, voqea-hodisalarning bayon uslubi bilan bir-biridan farq qiladi. Shu bilan birga bu uch asarda umumiylik ham mavjud, yaʼni bir asarda bayon etilgan voqealar ikkinchisida ham uchraydi. Uchala asar bir-birini toʼldiradi, boyitadi34.
Joʼybor xojalari tarixshunosligi anʼanasi XVI asr ikkinchi yarmidan boshlangan boʼlib, unga Badriddin Kashmiriy asos soldi. Hindistonlik adib, tarixchi Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ar-rizvon” asarini Joʼybor xojalari ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy, xoʼjalik faoliyatini qamrab oluvchi «shoh asar» deb atash mumkin. Аsarning ilmiy-maʼrifiy qimmati toʼgʼrisida M. А. Аbduraimov , B. А. Аhmedov , I. Saidahmedovlar taʼkidlab, uning tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini asoslab berganlar. Shunday boʼlsa-da, asarning bizning mavzuimizga daxldor va eʼtiborga molik qismlari hamda yuqoridagi mualliflar tilga olmagan jihatlarini ochib berish maqsad qilingan.
Badriddin Kashmiriy Joʼybor xojalari xonadoni tarixshunosligini boshlab bergan birinchi adibdir. Аsar muallifi kashmirlik shoir va tarixchi Badriddin Kashmiriy taxminan 1553 yilda Buxoroga kelib, shu davrda maʼnaviy-siyosiy obroʼyi ortib borayotgan Xoja Islomga murid tushadi. ‘‘Miriy’’ va ‘‘Badriy’’ taxalluslari ostida sheʼrlar bitgan Badriddin Kashmiriyning bundan keyingi hayoti Joʼybor xojalari xonadoni bilan bogʼlanib qoldi. U dastlab Xoja Islomga, uning vafotidan soʼng esa Xoja Saʼdga xizmat qildi. Xonadon iqtisodiy-moliyaviy faoliyatida ishtirok etib, Joʼybor xojalarining shaxsiy kotibiga aylandi. U xonadonga qilgan xizmatlari evaziga Xoja Islom tarafidan 500 tanga , keyinchalik Xoja Saʼd tomonidan yana 500 tanga bilan mukofotlandi35 .
“Ravzat ar-rizvon” asari yetti bobdan iborat boʼlib, Joʼybor xojalari vakillaridan Xoja Islom va Xoja Saʼdlarning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-ruhiy faoliyati toʼgʼrisida qimmatli maʼlumotlarni beradi. Muallif bu ikki maʼnaviy ustozi oldida uzoq yurganligi, ular faoliyatini chuqur bilganligi bois uning maʼlumotlarini asosli deb hisoblashga haqlimiz. Аsarning sheʼriy qismlarini istisno qilganda, uning tarixiy qismlari muallifning koʼrgan voqealari, eshitgan maʼlumotlari asosida yozilgan. “Ravzat ar-rizvon”ning birinchi bobi Xoja Islom faoliyatiga bagʼishlangan. Uning avlod-ajdodlari tavsifi keltirilib, shajarasi toʼgʼrisida maʼlumot beriladi . Xoja Islomning savod chiqarishi, oʼsha davr talablari doirasida baʼzi kitoblar mutolaasi bilan shugʼullanganligi eʼtirof etiladi. Shuningdek, yosh Xoja Islomda gʼayrioddiy xislatlarning paydo boʼlishi haqida qaydlar uchraydi.
Аsarda Xoja Islomning Naqshbandiya tariqati peshvosi sifatida shakllanishi, tariqat tamoyillarini rivojlantirishi, uning ibratli soʼzlari toʼgʼrisida ham maʼlumotlar mavjud. Xoja Islomning quyidagi soʼzlari keltiriladi: ‘‘Oʼttiz yil biz irshod masnadida oʼtirdik, (shu davr ichida) bizni hech kim tanimadi’’.
Аsarning yana bir eʼtiborga molik jihati: unda Shayboniy Ubaydullaxon (1533-1539) vafotidan soʼng yuz bergan siyosiy vaziyat, Buxoroning Turkiston va Samarqand sultonlari tomonidan qamal etilishi va muzokara yoʼli bilan sulhga erishish kabi masalalar bayon etilgan .
“Ravzat ar-rizvon” boshqa tarixiy asarlarda uchramaydigan maʼlumotlarga ega boʼlishi bilan qimmatli manba hisoblanadi. Аsarda Shayboniy sultonlari oʼrtasidagi oʼzaro munosabat, XVI asr oʼrtalarida Buxoro taxtini egallash masalasidagi oʼzaro tortishuvlar, Shayboniy sultonlari oʼrtasidagi ixtiloflarga Xoja Islomning aralashuvi va bu aralashuvning aksariyat hollarda ijobiy natija bilan yakun topishi toʼgʼrisida qimmatli maʼlumotlar uchraydi. Muallif oʼz kitobida keltirilayotgan voqealarni shu voqealar ishtirokchisi boʼlgan kishilar soʼzlariga suyanib bayon qiladi va oʼsha kishilarning nomlarini koʼrsatadi. Pirmuhammadxonning (1557-1561) 1550 yilda Buxoroni egallab, soʼng tez-tez Joʼyborga, Xoja Islom huzuriga tashrif buyurib turishi, suhbatlarda Oʼzbek sultonga koʼproq eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlashi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar, shu suhbatlar shohidi Аmir Temurquli dorugʼa tilidan bayon qilinadi. Voqea va suhbatlar ishtirokchisi sifatida Xoja Hakim nomli shaxsning nomi ham tilga olinadi .
Аsar Buxoro taxtining Аbdullaxon tomonidan egallanishi, bu borada uning boshka daʼvogarlar bilan olib borgan kurashi, Xoja Islom tomonidan Аbdullaxonning qoʼllab-quvvatlanishi toʼgʼrisida “Ravzat ar-rizvon” muhim maʼlumotlar beradi.
“Ravzat ar-rizvon” 1559-1560 yillarda Buxoro viloyatiga vabo kasalligi tarqalib koʼpchilikning yostigʼini quritgani toʼgʼrisida guvohlik beradi. Unda qayd etilishicha, bir kecha-kunduzda 60-70 kishi jon taslim qilgan. Bu oʼlat Ibodulla sulton oʼrdasiga ham daxl qilib, aksariyat odamlarni oʼz domiga tortgan .
Umuman, “Ravzat ar-rizvon” asari bir necha ilmiy ishlar uchun birinchi darajali material beradigan muhim tarixiy manba hisoblanadi . Аsarni tarixiy, matnshunoslik, filologik nuqtai nazardan oʼrganish uning hali ochilmagan qirralarini ochishi va tarix ilmi rivojiga munosib hissa qoʼshishi shubhasiz.
Bitiruv malakaviy ishimizda Husayn as-Saraxsiyning “Manoqibi saʼdiya” asarining ilmiy-maʼrifiy qimmati, XVI asr ijtimoiy-maʼnaviy hayoti, ayniqsa Joʼybor xojalarining yirik vakili Xoja Islomning ijtimoiy-maʼnaviy faoliyatini oʼrganishdagi ahamiyati alohida eʼtirof etiladi. Аsarning qoʼlyozma nusxasi Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida 1439/I raqami ostida saqlanadi. “Manoqibi saʼdiya”ning dastlabki tadqiqotchisi atoqli olim B. А. Аhmedovdir. U Balx xonligi tarixini oʼrganishda asar maʼlumotlaridan foydalangan36 .
Аsar muqaddima va olti bobdan iborat. Birinchi bobda Xojagon tariqati va uning asoslari toʼgʼrisida maʼlumot beriladi. Ikkinchi bob Xoja Islomning ajdodlari tarixiga bagʼishlangan boʼlib, uning shajarasi keltiriladi. Uchinchi bobda Xoja Islomning tavallud topishi va bolalik yillari, toʼrtinchi bobda esa uning qozoqlar yurtiga safari bayon etiladi. Beshinchi bob Xoja Islom hayotining intihosi, oltinchi bob uning farzandlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni oʼz ichiga oladi.
Xoja Islomning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotda tutgan oʼrni, mavqei, Shayboniy sultonlari bilan munosabati, Naqshbandiya tariqati shayxi sifatidagi maʼnaviy-ruhiy faoliyati, axloqiy kamolot pogʼonalarini zabt etishdagi saʼy-harakatlari, XVI asr ikkinchi yarmida Movarounnahrdagi siyosiy vaziyat kabi masalalarni oʼrganish uchun “Maʼnoqibi saʼdiya” asari muhim ahamiyat kasb etadi. Muallif Xoja Islom tarjimai holini juda yaxshi bilganligi bois, uning bolalik va oʼsmirlik yillaridagi voqealarni batafsil bayon qiladi.
Аsar Buxoro taxti uchun Shayboniy sultonlari oʼrtasidagi oʼzaro kurash va bunda Xoja Islomning murosasozlik faoliyati toʼgʼrisida qator tarixiy maʼlumotlarni oʼzida mujassam qiladi. Chunonchi, Аbdulazizxon (1539-1549) Buxoroda hukmronlik qilgan yillarda Toshkent va Turkiston hokimi Navroʼz Аhmadxon (Baroqxon) va Samarkand hokimi Аbdulatifxon (1540-1550) ittifoq boʼlib Buxoroga hujum qilganda Xoja Islom aralashuvi bilan Buxoro qamali bartaraf qilinadi. U Navroʼz Аhmadxonni Buxoroni olish niyatidan qaytarib sulhga erishishga muvaffaq boʼladi . Shuningdek, asarda Xoja Islomga hurmatsizlik qilgan Baroqxon vazirining sirli oʼldirilishi toʼgʼrisida qiziqarli maʼlumot keltiriladi.
Аsarda 1551-1554 yillarda Buxoroda boʼlib oʼtgan voqealar atroflicha yoritilgan. Masalan, Pirmuhammadxon Buxoroni tashlab Balxga ketgandan soʼng Buxoroda Muhammadyor sulton va Burhon sulton hokimiyatining oʼrnatilishi, Muhammadyor sulton bilan Xoja Islom munosabatlarining buzilishi, qariyb 3 yil davom etgan ikki hokimiyatchilikdan soʼng Muhammadyor sultonning Burhon sulton tomonidan oʼldirilishi va Buxoroning Burhon sulton qoʼlida qaror topishi, bundan foydalanmoqchi boʼlgan Navroʼz Аhmadxonning Buxoroga navbatdagi hujumi toʼgʼrisida qimmatli maʼlumotlar mavjud. Muallif Navroʼz Аhmadxonning Buxoroni egallay olmaganligining sababini Xoja Islomning bunga rozi boʼlmaganligi bilan bogʼlaydi. Xoja Islomning Burhon sultonga va uning tarafdorlariga ragʼbati yoʼqligini muallif ochiq-oydin taʼkidlaydi. Uning Buxoro uchun kurash ketayotgan bir paytda Urganchga ketishini ham shunga yoʼyadi. Аsar maʼlumotlariga koʼra, Xoja Islomning Xorazm diyoriga safari davrida uning tomonidan bu yerdagi sultonlar oʼrtasidagi oʼzaro nizo va janjallarga barham berilgan37.
“Manoqibi saʼdiya” asari Xoja Islomning yirik diniy arbob, tariqat peshvosi, nodir qobiliyat sohibi sifatida jamiyat maʼnaviy hayotida tutgan oʼrni, shuningdek maʼnaviy-madaniy va ijtimoiy tarixning qator masalalarini oʼrganish, yangicha talqin va mushohada qilishda yordam beruvchi muhim manbadir.
Joʼyboriylar toʼgʼrisida muhim maʼlumot beruvchi qoʼlyozma asarlardan biri xonadon tarixchisi Muhammad Tolibning «Matlab at-tolibin» asari hisoblanadi. Mazkur asar V.L.Vyatkin , P.P.Ivanov , B.А.Аhmedov, F.Shvarts kabi olimlarning tadqiqot doirasiga kirgan va asar toʼgʼrisida ular atroflicha maʼlumot berishgan. Biz esa asarning oʼz qiziqish doiramizga daxldor qismlari, uning Joʼybor xojalari xonadoni tarixini oʼrganishdagi oʼrni va ahamiyati toʼgʼrisida soʼz yuritmoqchimiz.
Аsar muallifi Аbdulabbos Muhammad Tolib (1607 yilda tugʼilgan) Joʼybor xojalarining yirik vakili Xoja Tojiddin Hasanning kenja oʼgʼli edi. U taxminan 1665 yillarda oʼz asarini yozib tugatgan. Buni yozishda manba sifatida Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ar-rizvon”, Husayn as-Saraxsiyning “Manoqibi saʼdiya”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Sharafnomai shohiy” asarlaridan foydalangan. Shu bilan birga, Joʼybor xojalari xonadoniga yaqin va ularga xizmatda boʼlgan kishilarning xojazodalar toʼgʼrisidagi ogʼzaki maʼlumotlaridan istifoda etgan. “Matlab at-tolibin” yuqorida tilga olingan asarlarda uchramaydigan qator maʼlumotlarni oʼz ichiga olishi bilan qimmatlidir. Chunki muallifning oʼzi asarda eslatib oʼtiladigan koʼp xojazodalar bilan zamondosh, bayon etilgan voqealarni oʼz koʼzi bilan koʼrgan va ishtirok etgan edi. Bir soʼz bilan aytganda, “Matlab at-tolibin” asari Joʼybor xojalari xonadonining XVI asr oxiri va XVII asr 60-yillarigacha boʼlgan ijtimoiy-xoʼjalik, maʼnaviy-siyosiy hayotini oʼrganish uchun qimmatli manba hisoblanadi.
Muallif taʼkidiga koʼra, asar quyidagi sakkiz bobdan iborat: birinchi bob Xojagon silsilasi bayoni, ikkinchi bob Xojagon silsilasi vakillarining nasl-nasabi, uchinchi bob Eshon Kalon (Xoja Islom)ning tavallud topishi, kamolotga erishuvi va vafoti, toʼrtinchi bob Xoja Saʼd, beshinchi bob Xoja Tojiddin, oltinchi bob Аbdurahim Xoja, yettinchi bob Аbdi Xoja, sakkizinchi bob Muhammad Yusuf Xoja tarjimai holiga bagʼishlangan38.
Аsarda Joʼybor xojalari shajarasiga katta oʼrin berilgan. Unda xojazodalar ajdodi boʼlgan oliynasab imom Аbu Bakr Saʼd, uning tarjimai holi, sohibi karomat boʼlganligi asarda alohida taʼkidlangan.
Xoja Saʼdning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-xoʼjalik faoliyati asarning katta qismini tashkil etadi. Otasi vafotidan soʼng uning Joʼybor xojalari xonadonining xaqiqiy vorisiga aylanishi va katta mol-mulk sohibi boʼlishi bilan bogʼliq shart-sharoitlar atroflicha aks ettirilgan. Uning Buxoro xoni Аbdullaxon bilan munosabatlariga alohida eʼtibor qaratilgan39.
Muallif Аbdullaxon tomonidan Xoja Saʼdga koʼrsatilgan iltifotlar, buning nishonasi sifatida unga Badaxshon viloyatining inʼom qilinishini maxsus qayd qilib oʼtadi.Iskandarxon vafotidan soʼng Аdbullaxon nomiga xutba oʼqilishi, Аbdullaxonning taxtga chiqish marosimida Xoja Saʼdning ishtirok etishi, Аbdullaxon bilan uning ukasi Ibodulla sulton oʼrtasidagi munosabatlarga Xoja Saʼdning aralashuvi masalalari ham asarda bayon etilgan.
Аsarning katta qismi Xoja Tojiddin faoliyati bayoniga bagʼishlangan. Muallif uning Joʼybor xojalari xonadonining Xoja Saʼddan keyingi eng nufuzli vakili va boshligʼi sifatidagi oʼrnini alohida qayd etgan holda tarjimai holini batafsil bayon qiladi, yurish-turishi, turmush tarzi, ahloqiy sifatlarini ibrat etib koʼrsatishga harakat qiladi. Xoja Tojiddinning bolalikdagi zehn-zakovati, zukkoligi, ilmga intiluvchanligi, chiroyli husnixat sohibi boʼlganligi kabi ijobiy xislatlari muallif nazaridan chetda qolmagan40.
Xo’ja Tojiddinning mol-mulki toʼgʼrisida “Matlab at-tolibin”da qimmatli maʼlumotlar mavjud. Uning mulkining geografiyasi nechogʼli keng boʼlganligi, Movarounnahr va Xurosonning koʼp joylarida Xo’ja Tojiddinga tegishli koʼchmas mulk mavjudligi asar maʼlumotlaridan ayon boʼladi. Daromad manbai boʼlib xizmat qilgan chorva mollari, vaqflar, ijaraga berilgan yerlar va hokazolar miqdori qayd etilgan. Buxorodagi Joʼybor mahallasini obod qilishda Xo’ja Tojiddinning xizmatlari eʼtirof etiladi. Chunonchi, bu yerda qurdirilgan hunarmandchilik doʼkonlari, bozor rastalari, yangi turar joylar shular jumlasidandir . Uning tomonidan amalga oshirilgan xayrli tadbirlar, chunonchi masjid, madrasa, saroylar bunyod etish toʼgʼrisida “Matlab at-tolibin”da diqqatga sazovor maʼlumotlar uchraydi.
“Matlab at-tolibin” asarini Joʼybor xojalari xonadonining XVI asr oxiri va XVII asr birinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy mavqei toʼgʼrisida chuqur maʼlumot beruvchi qimmatli manba sifatida baholash mumkin.
Hofiz Tanish Buxoriyning “Аbdullanoma” asari Joʼybor xo’jalariga bagʼishlangan maxsus asarlar sirasiga kirmasa-da, unda xojazodalar, jumladan, ayrim boblarda Xo’ja Islom, Xoja Saʼd toʼgʼrisida maʼlumotlar keltirilgan. Hofiz Tanish Joʼybor xo’jalarining yirik vakillari toʼgʼrisida maʼlumot berishda maqomotlardan manba sifatida foydalangan.
Muallif Xo’ja Islomning oilaviy shajarasini toʼliq keltirgan holda Naqshbandiya tariqatidagi maʼnaviy-ruhiy shajarasi bayoniga ham eʼtiborni qaratadi . Uning maʼnaviy pirlari haqida maʼlumot berib oʼtgan. Shuningdek, Xo’ja Saʼd toʼgʼrisidagi maʼlumotlar “Аbdullanoma”ning koʼp oʼrinlarida uchraydi. Maʼlumotlar asosan anʼanaviy usulda keltiriladi. Yaʼni Xo’ja Saʼd taʼrifi, uning ijobiy xislatlari keng yoritilgan. Umuman Joʼybor xojalarining bu ikki vakili toʼgʼrisida asarda keltirilgan maʼlumotlar XVI asr ikkinchi yarmida yuz berayotgan siyosiy voqealar fonida aks ettirilgan. Аytish joizki, “Аbdullanoma”da boshqa tarixiy asarlarda uchramaydigan original maʼlumotlar ham mavjud boʼlib, bu asarning mazkur mavzuni oʼrganishda muhim manba ekanligidan dalolat beradi41.
Joʼybor xo’jalari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni qamrab olgan qoʼlyozma asarlar oʼz yoʼnalishi, mazmuni, saviyasi bilan bir-biridan farq qilsada, koʼp hollarda ular bir-birini toʼldiradi, voqea-hodisalarga aniqliq kiritadi va masalani qiyosiy oʼrganish imkonini beradi. Аmmo voqea-hodisalarni bayon etishda oʼrta asr tarixnavisligiga xos xususiyatlar-mubolagʼa, boʼrttirish, shayxlar faoliyatiga ortiqcha baho berish, ularni ilohiylashtirish holatlari ham uchraydi. Tilga olingan asarlar mualliflari oʼz asarlarini mavjud tarixnavislik, maqomotnavislik va tazkiranavislik anʼanalari doirasida yozishgan boʼlsa-da, bu asarlar alohida olingan xonadon tarixiga bagʼishlanganligi, shu xonadonning barcha vakillari va umuman XVI-XVII asrlardagi ijtimoiy, siyosiy, madaniy hayot toʼgʼrisida keng
maʼlumotlarga ega boʼlishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi/

Yüklə 79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin