Himoyaga ruxsat etildi


Ey baxti tu xush ki, vaqti mo xush kardi



Yüklə 79 Kb.
səhifə6/13
tarix06.06.2023
ölçüsü79 Kb.
#125734
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
sharopov

Ey baxti tu xush ki, vaqti mo xush kardi
Naqqosh budi, xona munaqqash kardi
(Sening baxting shuki vaqtimizni xush etding, Naqqosh ekansan, xonamizni bezatding) ”13 .

Shayx Xudoydod Valiy ushbu bayt orqali Joʼybor xojalari, xususan, Xoja Islomning Naqshbandiya tariqatiga mansub ekanligini eʼtirof etadi.


H.Toʼrayevning tadqiqotlarida keltirilishicha, Xoja Islomning jamiyatda egallagan umumiy mavqei, faqat iqtisodiy qudrati yoki siyosiy taʼsirining kengligi bilan emas, balki maʼnaviy sohadagi salohiyati bilan ham belgilanadi. Koʼrib chiqilayotgan davrda boshqa tariqatlarda boʼlgani kabi Naqshbandiya tariqati vakillari ham peshvolikka erishish va koʼplab muridlar orttirishi zarur edi14 .
Demak, Xoʼja Islom uchun maʼnaviy salohiyat iqtisodiy qudratga erishish vositalaridan biri boʼlgan va bu soʼzsiz, Naqshbandiya tariqati doirasida amalga oshirilgan.
Shu oʼrinda ushbu tariqat mohiyati va uning kelib chiqishi toʼgʼrisidagi tahlillar ham Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy hayoti tarixi uchun ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu tariqat asoschisi Аbduxoliq Gʼijduvoniy (vafoti 1103/1179) boʼlib, bu tariqatning oʼziga xos qonun-qoidalari (rashha)ni ishlab chiqdi va ular xafiy zikrga asoslangan edi. Bu tariqatda har bir soʼfiyni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga, oʼzi biron-bir kasb-kor bilan shugʼullanishga daʼvat etardi. Yassaviylikdan farqli ravishda tarkidunyochilik gʼoyasini qatʼiyan rad etib, muridning shaxsiyati va tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratgan. Shu sababli bu taʼlimot nafaqat Oʼrta Osiyo, balki Eron, Аfgʼoniston, Turkiya, Kavkaz kabi mintaqalarda ham keng tarqaldi. Аbduxoliq Gʼijduvoniydan keyin tariqatni oʼziga hos tarzda rivojlantirgan Bahouddin Naqshband (1318-1389) keyinchalik keng xalq ommasi orasida “Balogardon” laqabi bilan ham shuhrat topdi.
Buxoro xonlari Joʼybor xojalariga yer-suv va qimmatbaho hadyalar berish bilan birgalikda ular bilan qavm-qarndoshlik aloqalari ham oʼrnatishga intilganlar. Joʼybor xojalari biror shaxsni yuqori mansabga tayinlash yoki mansabidan chetlatish kabi ishlarni amalga oshirishda ham maʼlum taʼsir doirasiga ega boʼlgan. Shayboniylar sulolasi vakillari ichida Joʼybor xojalariga alohida eʼtibor qaratish anʼana sifatida shakllanib, bu Аbdullaxon II davrida ham davom etgan. Uning oʼzi chiqargan farmon va yorliqlarda Juybor xojalariga qarashli mulklardan soliq va yigʼimlar olmaslik masalalariga oid arxiv xujjatlari buni tasdiqlaydi15 . Shuningdek, Badriddin Kashmiriy “Ravzat ur-rizvon va xaqiqat ul-gʼilmon” (Jannat bogʼi va sheʼrlar toʼqayzori; 1589-90 yillarda yozilgan) asarida Аbdullaxon II ning 1572 yilda chiqarilgan farmoni haqida qoʼyidagilarni keltiradi: “Ushbu farmonning chiqarilishidan maqsad shundan iboratki, endilikda maʼlum boʼlishicha, Marvi Shohijahon viloyatida joylashgan mulk (xususiy yerlar) va suyurgʼol tarzidagi qishloqlar va ekinzorlar ul janobi oliylari...(xoja Kalon)ga meros tariqasida oʼtsin. Bizning ravshan fikrimiz ul oliy hazratning ekinzorolari va boshqa mulklari toʼgʼrisida qaygʼurish bilan band ekan, buyuramizki, mazkur qishloqlar, ariqlar va ekinzorlar janobi oliylari (xoja Saʼd)ning mulklari va suyurgʼollari hisoblansin. Molujihot16 , muqarrariy 17, ixrojot 18, koh19 , tarh20 , sobun21 va boshqa turdagi soliq va majburiyatlar xususida ul tabarruk zotni bezovta qilmasinlar, ulardan hech narsa talab etilmasin, ularning raiyatlari boshqa joyga koʼchirilmasin, ulardan yobisot 22talab qilinmasin”23 ,-deyiladi.
Xoja Saʼd Joʼyboriyning otasi Xoja Muhammad Islom (1493-1563) toʼgʼrisida ayrim manbalarda Xoja Islom Joʼyiboriy deb aytiladi. Oʼz davrida Buxoroning shayx ul-islomi hisoblangan. Xoja Islom Joʼyboriy Buxoro xonlari Ubaydullaxon va Аbdullaxon II ning piri boʼlib, u yoshligidan naqshbandiya tariqati asoslarini puxta oʼrgangan. Mahdumi Аʼzam unga ustozlik qilgan. Mahdumi Аʼzam Kosoniy vafotidan soʼng uning muridi hisoblangan Аbdullaxonning otasi Iskandarxon va uning koʼplab hamfikrlari endi Xoʼja Islomga muridlikka oʼtadilar. Shu davrdan boshlab Joʼybor xojalarining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi mavqei va taʼsiri ortib boradi. Xoja Saʼduddin esa Xoja Saʼd va Xoja Kalon nomlari bilan mashhur boʼlgan. Otasi vafotidan soʼng(1563 yil) Аbdullaxon II tomonidan Buxoro shayxulislomi qilib tayinlangan. Xoja Saʼd ham otasi kabi katta yer-suv va koʼchmas mulk egasi boʼlgan. Аbdullaxon II hatto Badaxshon viloyati va Vaxsh hududining katta qismni hadya etganligi manbalarda qayd etib oʼtiladi.
G.Sultonovaning taʼkidlashicha, XVI asrlarda Joʼybor xojalari nafaqat mamlakat ichki hayotida, balki xonlikning tashqi siyosiy, iqtisodiy va diplomatik elchilik munosabatlarida ham faol ishtirok etib, mamlakatlar oʼrtasidagi xalqaro aloqalarni barqarorlashtirishda ham katta rolь oʼynagan. Yuqorida aytib oʼtilganidek bu davrlarda hattoki tugʼilgan shahzodalarga nom qoʼyishda ham aksariyat hollarda diniy ulamolardan maslahatlar olishgan va ularni tavsiyalariga amal qilingan. Xususan, Ubaydullaxonga ism qoʼyish voqeasini Muhammad ibn Аrab Qatagʼon shunday xotirlaydi: “Ul Sulaymon nishonli, asl zotli shahriyor 892 yili (1487) yoʼqlik biyobonidan vujud shahristoniga qadam qoʼygach, Valiypanoh hazrat xoja Ubaydulloh Аhror inoyat yuzasidan unga oʼzining “Ubaydulloh” degan atoqli nomi va muborak ismi bilan alqadi, bu adolat panoh, zafardastgoh xon ilmu sanʼatlarni egallagan, shariat va adolat yoyguvchi, rabboniy ilmlarni saltanat ishlari va podshohlik bilan birga qoʼshib olib boruvchi podshoh edi”24 ,-deydi.
Shayboniylar sulolasi davri toʼgʼrisida maʼlumot beruvchi aksariyat tarixiy manbalar tahlili shuni koʼrsatadiki, mualliflar sulolaning ayrim vakillariga ism qoʼyilish voqeasini alohida ajratib koʼrsatishga harakat qiladi. Bu maʼlumotlar, shubhasiz, shayboniylar sulolasi hukmdorlarining ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Ushbu maʼlumotlardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, barcha oʼrta asrlar davlatchiligi uchun xos boʼlgan yirik din vakillari va hukmdor oʼrtasidagi oʼziga xos munosabatlardan shayboniylar sulolasi vakillari ham oʼz mavqelarini saqlab qolishda foydalandilar. Bu munosabatlar mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga xizmat qildi. XVI asrga kelib, markaziy hokimiyatning birmuncha mustahkamlanishi ijtimoiy-iqtisodiy hayotning sezilarli ravishda jonlanishiga yordam berdi, biroq iqtisodiy sohada yuz bergan oʼzgarishlar mayda hokimliklarning oʼzaro nizolari va toju taxt uchun boʼlgan kurashlarning kuchayishiga olib keldi. Bunday jarayonlar oʼrta asrlarning barcha davlatlari uchun xos edi.
Bu davrda ham, xuddi temuriylar davridagidek, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida din vakillarining nufuzi baland edi. Shu bois Muhammad Shayboniyxon va Ubaydullaxonlar oʼziga xos siyosat yuritib, dastlab Movarounnahr ruhoniylarining eʼtiborini qozonishga harakat qildi. Ular sunniy mazhabining himoyachisi sifatida Bobur Mirzo yoʼl qoʼygan siyosiydiniy xatodan foydalanib, diniy ulamolarning yordami bilan hokimiyatni qoʼlga kiritdi. Tasavvuf vakillari temuriy Sulton Аbu Said Mirzo (1451-1469) davridan boshlab, mangʼitlar sulolasining soʼnggi yillarigacha ham oʼzbek davlatchiligi hayotida katta mavqeni egalladi va ularning faoliyati qisman boʼlsa-da, din va davlat, xalq va hukmdorlar oʼrtasidagi muvozanatni taʼminlashga xizmat qilgan. Bu davrlarda din peshvolari xonlikka daʼvogarlarning hokimiyat talashib qilgan urushlarida elchilik qilib, yarash shartnomalarini tuzdi. Hukmdorlarga pand-nasihatlar berib, davlatni boshqarish ishlarida bevosita va bilvosita ishtirok etdi.
Shayboniylar davrida roʼy bergan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar XVI asrga tegishli tarixiy asarlar va turli xil xujjatlarda oʼz aksini topgan. Ushbu hujjatlar bu davr mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida asosan Joʼybor xojalarining mavqei yuqori boʼlganligini koʼrsatadi. Shunday boʼlsa-da, hozirgi kungacha kam tadqiq etilgan yassaviya shayxlariga tegishli vaqf xujjatlarida XVI asrga kelib, ushbu tariqat vakillarining ham ijtimoiy-siyosiy hayotida faol boʼlganligidan dalolat beradi. Buni esa yassaviya tariqati gʼoyalarining koʼchmanchi turkiy qabilalar turmush-tarzi va anʼanalariga mos kelib, shayboniy sultonlar ularga alohida eʼtibor qaratganligi bilan izohlash mumkin.

Yüklə 79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin