Paradigmatik munosabat. Avvalgi mavzularda qulf va kalitlarga oid misol keltirgan edik. Turli kalitlar shodasi paradigmaga qiyoslangan edi. Kalitlar orasidagi munosabat paradigmatik munosabatga o‘xshaydi.
Paradigma a’zolari orasidagi munosabat paradigmatik munosabat deyiladi. Paradigmatik munosabat bir sistemaga kiruvchi birliklarning o‘xshashlik va farqlilik munosabatlaridir. Masalan, kelishiklar o‘zaro “oldingi so‘zni keyingi so‘zga bog‘lash” o‘xshashligiga ega bo‘lsa, har bir kelishikning bu o‘xshashlik ostidagi tafovutlari farqlilik munosabati hisoblanadi. O‘xshashlik va farqlilik munosabati bir necha ko‘rinishlarda voqelanadi. Farqlilik munosabati tilshunoslikda ziddiyat termini bilan nomlanadi.
Pаradigmatik munosabat keskin ziddiyatli va darajalangan ziddiyatli ko‘rinishlarda bo‘ladi. Masalan, a va o o‘nli fonemalari orasida keskin ziddiyatli paradigmatik munosabat (lablanganlik/lablanmaganlik) mavjud bo‘lsa, a, e, i unlilari orasida darajalangan ziddiyatli paradigmatik munosabat mavjud. Bunda unlilar tilning tanglayga ko‘tarilish darajasiga ko‘ra farqlanadi. Bu uchlikdan o‘rtadagisi olib tashlansa, qolgan ikki unli o‘zaro keskin ziddiyatli bo‘lib qoladi. Chunki a va i unlilari “quyi keng” va “yuqori tor” belgilariga ega. Yoki аytishmоq – kоyishmоq – janjallashmоq – yoqalashmоq – do‘ppоslashmоq – yoqa vayrоn bo‘lishmоq – qоniga bеlanishmоq qatori “ifoda bo‘yog‘ining oshib borishi” belgisi asosida darajalanadi va farqlanadi. Bu qator darajalanish (graduonimik) paradigmasi deyiladi. Qatordagi har bir birlik graduonim deb yuritiladi. Graduonimlar orasidagi munosabat graduonimik munosabat bo‘lib, paradigmatik munosabatning bir turi hisoblanadi.
Graduonimik munosabat bilan birga sinonimik, antonimik munosabatlarning barchasida eslatib turish xususiyati mavjud. Paradigma a’zolari teng qiymatli va teng huquqli birliklardir. Shuning uchun ular bir paradigmaga mansub bo‘ladi.
Iyerarxik munosabat. Lisoniy birliklar orasida iyerarxik, ya’ni pog‘onali munosabat ham mavjud. Pog‘onali munosabat deganda birlikning boshqasi tomonidan qamrab olinishi tushuniladi. Masalan, Halim va Кarim leksemalari erkak kishining ismlari bo‘lib, ayolning ismi bo‘lgan Halima, Salima leksemalariga qarama-qarshi turadi. Lekin ularning barchasini ism leksemasi qamrab oladi. Ism leksemasi esa, nomleksemasi bilan birgalikda, ot leksemasi tomonidan qamrab olinadi. Uni shartli ravishda quyidagicha tasavvur qilish mumkin (9-jadval):
9-jadval