MEMBRANALI HUJAYRA ORGANELLALARI Membranali hujayra organellalariga mitoxondriya, endoplazmatik to’r, plastinkasimon kompleks (Golji kompleksi), lizosoma va peroksisomalar kirib, ularning tuzilishida elementar biologik membrana ishtirok etadi.
Membranalar asosan lipid, oqsil, suvdan tashkil topgan. Hujayra ichki tuzilmalarining membranalari oqsil va lipid tarkibining o`zgarishi bilangina farqlanmasdan ularning tarkibiga kiruvchi molekulalarning joylashishi va ultrastruktur tuzilishi bilan ham farqlanadi. Membrananing bunday o`ziga xos tuzilishi ularning funktsional ixtisoslanishiga bog`liq. Turli xil vazifani bajaruvchi membranalar fermentlar va ularning aktivlik darajasiga qarab farqlanadi. Fermentlarning aktivligi esa hujayraning boshqa komponentlari, ayniqsa suv va lipidlar bilan munosabatiga bog`liq. Bu holatda membranalar fermentlarning aniq joylashishi uchun struktur karkas rolini o`ynaydi. Shunday qilib, hujayra sitoplazmasining membranalari funktsional va struktur tarafdan aniq ixtisoslashtirilgan va bu holat membrananing ximiyaviy tuzilishi va molekulalarning joylashishiga bog`liq.
Membranasi bo`lmagan hujayra organellalari. Bu organellalarga turli xil tuzilishga ega bo`lgan va spetsifik vazifani bajaruvchi organellalar: ribosoma va polisoma, mikronaycha, sentrosoma va kiprikcha, xivchin va fibrillyar tuzilmalar kiradi.
Ribosomalar alohida tuzilmalar hisoblanib, ular ko`pincha endoplazmatik to`r bilan kompleks hosil qiladi.
Mikronaycha va sentrosomalar oqsil tabiatli subbirliklardan tashkil topgan. Oqsil globulalari marjonlar singari o`zaro bog`lanib ipsimon tuzilmalar hosil qiladi. Hujayrada sentrosoma singari mikronaychalardan tashkil topgan kiprikchalar, xivchinlar ham bo`lib, ular yuqorida qayd qilingan organellalardan farqli ravishda ustki tarafdan membranali struktura bilan qoplangan. Hujayraning fibrillyar tuzilmalari hujayrada turli funksiyalarni bajaradi. Fibrillyar tuzilmalar hujayra sitoplazmasiga ma’lum tartibda joylashishi yoki hujayraning mikrovorsinka, tonofibrilla, neyrofibrillalar, miofibrillalarni hosil qilishi mumkin.