Sitoplazmaning fibrillyar tuzilmalari. Sitoplazmaning fibrillyar tuzilmalariga yo`g`onligi 10 nm keladigan mikrofibrillalar va yo`g`onligi 5-6 nm bo`lgan mikrofilamentlar kiradi.
Mikrofibrillalar (oraliq filamentlar) yoki tayanch fibrillalar hayvon hujayrasi uchun xarakterli bo`lib, u asosan epiteliy hujayralarida va ba’zan glial xujayralarda uchraydi. Mik-rofibrillalar oqsil tabiatlidir. Ular bir necha yuz fibrillalardan tashkil topgan tutamlar hosil qilishi mumkin, mikronaychalar singari tayanch funktsiyasini o`taydi.
Mikrofilamentlar sitoplazmaning chetki yuzalarida tutamlar hosil qilib joylashadi. Ularni amyobalar psevdopodiylarida yoki harakatdagi fibroblastlarning o`siqlarida ko`rish mumkin. Oxirgi vaqtlarda mikrofilament tutamlarida mushak to`qimasining qisqaruvchi elementlaridagi singari aktin, miozin, tropomiozin, a-aktinin topilgan. Mikrofilamentlar qisqarish vazifasini bajarsa kerak.
Maxsus organellalar. Ko`pgina qo`llanmalarda maxsus organellalar ham farqlanadi. Maxsus organellalar hamma hujayralar uchun taalluqli bo`lmay, faqat ba’zi hujayralarda uchraydi. Ularga epiteliy hujayralaridagi tonofibrillalar, mushak. hujayralaridagi yoki tolalardagi miofibrillalar va nerv hujayralaridagi neyrofibrillalar kiradi. Hozirgi vaqtda maxsus organellalarni ajratishning hojati yo`qdir. Chunki maxsus organellalarni hosil qiluvchi tuzilmalar boshqa hujayralarda ham uchraydi. Epiteliy hujayralaridagi tonofibrillalar boshqa hujayralarda ham uchrovchi mikrofibrillalarnnng katta bir to`plamidir. Elektron mikroskop ostida ular nozik ipchalar shaklida bo`lib, desmosomalarda tugaydi. Tonofibrillalar epiteliy hujayrasining mustahkamligini belgilasa kerak.
Miofibrillalar mushak to`qimasida uchrab, ular aktin, miozin, tropomiozin, a-aktinin kabi oqsillarni tutadi. Bu oqsillar boshqa hujayralarda ham topilgan. Mushak to`qimasida bu oqsillar juda ko`p bo`lib, tutamlar - miofibrillalarni hosil qiladi («Mushak to`qimasi» ga q.).
Neyrofibrillalar nerv hujayralarida uchrab elektron mikroskopik tadqiqotlar neyrofibrillalarning nozik mikrofibrillalaridan tashkil topganligi va bu sohada mikronaychalar borligini ko`rsatdi («Nerv to`qimasi» ga q.).