.HUJAYRA MEMBRANALARIDA IONLAR ALMASHINUVI MEXANIZMI. Sitologiya - hujayralarning tuzilishi, takomillashishi va funksiyasi haqidagi fan.
Hujayra (lat. cellula, yunon.- cytos) sitoplazma va yadrodan tashkil topgan sistema bo`lib, o`simlik va hayvon organizmining takomillashishi, tuzilishi va yashash jarayonlarining asosi hisoblanadi. Butun hayot davomida modda almashinishida ishtirok etishi, yangi hujayra hosil qilishi va doimo yangilanib turishi hujayralarning o`ziga xos xususiyatidir.
Hayvon va odam organizmida hujayralardan tashqari, simplast va hujayralararo modda bor. Simplast hujayralarning o`zaro qo`shilishidan hosil bo`lib, sitoplazmada bir necha yadrosi bo`lgan strukturadir. Bunga ko`ndalangtarg`il mushak tolasi, yo`ldosh epiteliysining sinsitotrofoblast qavati va boshqalar misol bo`la oladi.
Hujayralararo modda hujayralar orasida joylashgan bo`lib, suyuqlik holida yoki dirildoq yoki zich konsistensiyaga ega bo`lgan asosiy modda va turli tolalardan tashkil topgan.
Odam va hayvon organizmida hujayralar kattaligi, shakli va tuzilishi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Bajaradigan funksiyasiga ko`ra hujayralar har xil shaklga ega (3-rasm). Suyuq muhitda hujayralar ko`pincha o`zgaruvchan bo`lib, psevdopodiylar hosil qiladi. Bularga qon va biriktiruvchi to`qimalarning hujayralari kiradi.
Bir-biriga yaqin yotgan hujayralar esa ma’lum formaga ega. Masalan, plast hosil qiluvchi teri epiteliysi hujayralari yassi, qisqaruvchan mushak hujayralari esa uzun duksimon shaklda bo`ladi.
Impuls o`tkazuvchi nerv hujayralar esa uzun-uzun o`simtalarga ega bo`ladi. Erkaklar jinsiy hujayrasi – spermatozoidda harakat qiladigan xivchinlari bor va hokazo. Odam va ko`pgina sut emizuvchi hayvonlarning hujayralari 5-7 mkm (mikrometr) dan 200 mkm gacha bo`ladi.
Ko`rinishi va kattaligi bilan hujayralar bir-biridan farq qilsada, ular ko`pincha hujayra tuzilishining asosiy belgilarini saqlab qoladi (4-rasm). Odam va hayvon hujayralarining umumiy tuzilishi bir hujayrali avlodlarni eslatsa ham, ammo ko`p hujayralilar murakkab funktsiyalarni bajarishi bilan bog`liq bo`lgan o`z tuzilmalari bilan ajralib turadi. Har bir hujayra sitoplazma qobig`i (sitolemma, hujayra qobig`i), sitoplazma va yadrodan tashkil topgan. Sitoplazma: organellalar, kiritmalar va gialoplazmadan: yadro: yadrocha, xromatin, yadro shirasi va yadro qobig`idan iborat.
Yorug`lik va elektron mikroskop orqali olingan ma’lumotlarga asoslanib, hujayralarning quyidagi qismlari farq qilinadi