HUJAYRA YUZASINING MAXSUS TUZILMALARI Elektron mikroskopik o`rganishlar plazmatik membranani har xil hujayralarda emas, balki bir hujayraning o`zida ham murakkab tuzilishga ega ekanini ko`rsatib berdi. Hujayra qobi-g`ining maxsus strukturalari turli xil bo`lgani uchun hujayraning qaysi qismida joylashganiga qarab ular uchta asosiy turga bo`linadi. Bular hujayraning ustki yuzasida, yon yuzasida va bazal qismida joylashgan maxsus tuzilmalardir.
Hujayra ustki yuzasining maxsus tuzilmalari. Ko`pgina hujayralarning ustki yuzasida - apikal plazmatik membrananing mayda o`simtalari bo`lgan mikrovorsinkalar ko`rinadi. Ko`pincha mikrovorsinkalar betartib joylashadi. Ingichka ichak jiyakli hujayrasining apikal qismidagi mikrovorsinkalar tartibli joylashgan.
Oddiy mikroskopda mikrovorsinkalar jiyaklar holida ko`rinadi, har bir hujayrada mikrovorsinkalar taxminan 3000 ta bo`lib, hujayraning apikal qismi maydonini o`ta kattalashtiradi.
Mikrovorsinkalar murakkab tuzilma hisoblanib, unda yuqorida aytib o`tilgan uch zonani (glikokaliks, plazmatik membrana va ichki zonani) farq qilish mumkin (7-rasm).
Mikrovorsinkaning glikokaliks zonasi nozik ipsimon va donador elementlardan tashkil topgan bo`lib, u glikoproteid va glikolipidlardan iborat. Glikokaliks enterotsit mahsuloti bo`lib, u sitoplazma qobig`ining tarkibiy qismidir. Plazmatik membrana tarkibida juda ko`p gidrolitik va transport ferment sistemalar joylashgan. Bu fermentlar glikokaliks fermentlari bilan bir qatorda moddalarning hujayra ichiga o`tishida katta rol o`ynaydi.
Ichki zona (matriks yoki membrana osti qavati) donachalar, markazda joylashgan 20-40 parellel mikrofibrillalardan va amorf qismdan tashkil topgan. Mikrofibrillalarning bir uchi mikrovorsinkalar uchidagi zich donachada tugab, ikkinchi uchi terminal to`rni hosil qiladi. Tadqiqotchilar fikricha, matriks va mikrofibrillalar ba’zi bir moddalarning so`rilishida muhim o`rin tutadi.
Nafas olish (burun bo`shlig`i, traxeya, bronx) va boshqa ba’zi bir a’zolar hujayralarining apikal qismida kiprikchalar joylashgan bo`lib, ular harakat qilish qobiliyatiga ega (hujayra markazi maqolasiga qarang).