Huquq normalarini sharhlash usullari


Huquq normalarini hajmiga ko’ra sharhlash



Yüklə 29,56 Kb.
səhifə5/6
tarix28.11.2023
ölçüsü29,56 Kb.
#167526
1   2   3   4   5   6
HUQUQ NORMALARINI SHARHLASH USULLARI

4. Huquq normalarini hajmiga ko’ra sharhlash
Huquqni amalga oshirish jarayonida shunday holatlar uchraydiki, bunda huquq normasini sharhlovchi subyekt bir qarashda qonun matnidan kelib chiqadigan normaning haqiqiy mazmunini mumkin bo’lganidan yo torroq, yoki aksincha, kengroq tushunishi lozim bo’ladigan vaziyat bilan to’qnashadi. SHu bois, huquq normalarini aynan, kengaytirilgan va cheklangan sharhlash zarurati tug’iladi. Huquq normalarini sharhlash hajmi bo’yicha uch xil bo’ladi:
1. So’zni tom ma’nosida (aynan) sharhlash - bunda turmushga tatbiq etilayotgan huquqiy normaning mazmunini yozilgan matniga qarab, hech narsa qo’shmasdan qo’llash tushuniladi. Huquq normalarini aynan sharhlash sharhlanayotgan huquq normasi ma’nosini tushunish huquq manbai matniga to’liq mos kelishida o’z ifodasini topadi.Bunday sharhlashning natijasi huquqiy ko’rsatmaning so’zlardagi ifodasiga to’liq mos keladi. Ya’ni, “qonun shakli bilan mazmuni” bir-biriga to’g’ri kelganligi yaqqol namoyon bo’ladi. Bunga misol qilib O’zbekistan Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasini ko’rsatish mumkin. Unda shunday deyilgan: «O’zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o’rnatiladi. O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo’lganlikdan qati nazar, hamma uchun tengdir».Shuningdek, huquqiy normalarni so’zning tom ma’nosida sharhlashga O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasini keltirish mumkin.Bunda «O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi», deb ko’rsatilgan.
2. Cheklangan sharhlashda huquq normasining so’zda ifodalangan va rasmiylashtirilgan ma’nosi uning mantiqiy ma’nosi va mazmunidan keng bo’lgan hollarda qo’llaniladi. Ayrim hollarda huquq normasining mazmuni uning matndagi ifodasidan torroq bo’lishi mumkin.Xususan, O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksi moddalaridan birida, er-xotinlar nikohda bo’lgan vaqtlarida orttirilgan mol-mulk ularning birgalikdagi mulki hisoblanadi, deyilgan.Biroq shunday holatlar ham bo’ladiki, er-xotinlar hali ajralmay turib, alohida yashashadi.SHunday holatlarda ular orttirgan mol-mulk ularning birgalikdagi mulki bo’lib qolaveradimi? Ushbu o’rinda, mazkur normani cheklangan holda sharhlashga to’g’ri keladi (ya’ni nikohdagi vaqtda orttirilgan har qanday mulk ham birgalikdagi mulk hisoblanmaydi).
Cheklangan sharhlash - bunda tatbiq etilayotgan huquqiy normaning o’z matnida cheklanganligi belgilab qo’yiladi.Masalan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida «Ota-onalar o’z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga mayburdirlar», deyilgan. Bu yerda ota-onalar o’z farzandlarini doimo boqish emas, balki voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar, deb cheklab qo’yilgan.
Kengaytirilgan sharhlash huquq normasi ma’nosi uning matndagi ifodasidan kengroq bo’lgan holatlarda amalga oshiriladi. Kengaytirilgan sharhlashni talab qiluvchi holatlar ro’yxatida ko’pincha “va hokazo”, “va boshqalar” degan so’zlar uchraydi.
Kengaytirilgan sharhlash qonunda ko’zda tutilmagan hollarda ham uchrashi mumkin.Xususan, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 142-moddasida fuqarolar uy-joylari daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Biroq u chet el fuqarolari yoki fuqarolikka ega bo’lmagan shaxslarga nisbatan ham qo’llanilishi yoki qo’llanilmasligi masalasi ochiq qolgan (ushbu o’rinda “fuqarolar” so’zini batafsil izohlash kerak bo’ladi). Keng ma’noda sharhlashda qo’llaniladigan huquqiy normaning mazmuni uning yozilgan matniga nisbatan kengroq qilib sharhlanadi. Masalan: O’zbekiston Respublikasi Konstituiiyasining 112-moddasida «sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo’ysunadilar», - deyilgan. Buni kengroq qilib sharhlaydigan bo’lsak, sudlar o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi - oliy davlat vakillik organi tomonidan chiqarilgan qonunlar, davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshlig’i Prezidentning chiqargan Farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va boshqa davlat organlari tomonidan chiqarilgan normativ huquqiy hujjatlarga amal qiladi. Yoki bo’lmasa, keng ma’noda huquqiy normalarni sharhlab tatbiq etishda O’zR JKning 55-56-moddalarini - jazoni yengillashtiruvchi va og’irlashtiruvchi holatlarni olish mumkin. 55-moddada jazoni yengillashtiruvchi holatlarga quyidagilar kiritilgan: aybini bo’yniga olish yoki jinoyatni ochish uchun faol yordam berish, yetkazilgan zararni to’lash, agar shaxsiy va oilaviy sharoitlar oqibatida, majburlash yoki moddiy tomondan, xizmat jihatidan qaramlik sababli va boshqa bir qancha sabablar natijasida jinoyat sodir etish, voyaga etmaganligi, homilador ayolligi sababli. 56-moddada jazoni og’irlashtiruvchi holatlarga quyidagilar kiritilgan: homiladorligi aybdorga ayon bo’lgan ayolga nisbatan, yosh bola, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan, aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo’lsa jinoyat natijasida og’ir oqibatlar kelib chiqqan bo’lsa, umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda yoki favqulodda holat vaqtida yoxud ommaviy tartibsizliklar jarayonida, mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari yordamida va boshqa holatlarda jinoyat sodir etilgan bo’lsa.
Sud har bir jinoyat ishini ko’rganda yuqoridagi jazoni yengillashtiradigan va og’irlashtiradigan holatlarni keng sh’noda sharhlaydi. Bu holatlar hamma jinoyatchilar uchun bir xilda qo’llanilmaydi.Har bir jinoiy ish bo’yicha jinoyatchining shaxsiga oid xarakteri hisobga olinadi.
O’zbekiston bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan hozirgi davrda kishilar o’rtasidagi turli ijtimoiy munosabatlar huquq normalari bilan tartibga solinadi. Bunda huquq normalarini sharhlash-avvalo turli usullar bilan ularning mazmunini aniqlash va huquqiy normalarning hajmi, yuridik kuchiga qarab sharhlash katta yordam beradi. Bu esa aholining huquqiy normalarni yaxshiroq tushunib, ularga amal qilishlikka, huquqiy tarbiya va huquqiy madaniyatning yuqori darajada bo’lishligiga olib keladi.
Huquq normalarini sharhlash maxsus faoliyat bo’lib, u rasmiy ko’rinishga, shuningdek, hujjatlardagi matnli shaklda ifodalanishi mumkin. Bunday hujjatlar rasmiy hujjat bo’lib, ular vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinadi. Ushbu hujjatlar huquq normalarining mazmunini to’g’ri va aniq shaklda o’rnatishga qaratilgan bo’ladi.
Huquq normalarini sharhlash aktlari huquqiy hujjatlarning bir turi bo’lib, u quyidagi o’ziga xos xususiyatlarga ega:
1. u yangi huquq normalarini yaratmaydi, ularni bekor qilmaydi va amaldagi huquq normalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritmaydi;
2. mazkur hujjatlar amaldagi huquq normalarini aniqlashtiradi, ularni qanday tushunish va qo’llash lozimligini ko’rsatib beradi;
3. ushbu hujjatlar mustaqil ahamiyatga ega bo’lmasdan, balki o’zi sharhlayotgan huquq normalari bilan birgalikda amalda bo’ladi;
4. mazkur hujjatlar hatti-harakatlari sharhlanayotgan huquq normalari bilan tartibga solinadigan sub’ektlarga emas, balki ularni qo’llayotgan organlarga qaratilgan bo’ladi;
5. huquq normalarini sharhlash aktlari majburiy xarakterga ega bo’ladi, chunki ularni qabul qilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar davlat hokimiyati vakolatiga ega va boshqalar.
Huquq normalarini sharhlash hujjatlarini quyidagi mezonlar bo’yicha tasniflash mumkin:
• huquq sohalari bo’yicha (konstitutsiyaviy-huquqiy, jinoyat huquqiy, ma’muriy huquqiy);
• qabul qilgan subyektga ko’ra (autentik, ya’ni huquq normasini qabul qilgan organning o’zi tomonidan, legal, ya’ni vakolat berilgan subyekt tomonidan, masalan, jinoyat kodeksi normalarini O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan sharhlanishi);
• ifoda etish shakliga ko’ra (yozma shakldagi huquqni sharhlash aktlari muayyan rasmiy rekvizitlarga ega bo’ladi va og’zaki);
• yuridik ahamiyati bo’yicha (normativ sharhlash aktlari va aniq kazual holatlarga nisbatan chiqariladigan sharhlash hujjatlari) va boshqalar.


Xulosa
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda tub o’zgarishlar o’tkazish, huquqiy demokratik davlat qurish davriga kirdi. O’zgarib borayotgan shart-sharoitlarni hisobga olib, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi va shu asosda huquqiy islohot o’tkazilib, ko’pgina yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Bu haqda Prezident I.A.Karimov shunday deganlar: “Qabul qilingan bu muhim qonunlar milliy davlatchilikni barpo etishga, erkin bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga, jahon hamjamiyatidagi mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilishga qaratilgandir”.
Huquqiy davlatni shakllantirish vazifasini yuksak huquqiy madaniyatsiz amalga oshirib bo’lmaydi. Xuddi shuningdek, huquq o’ziga munosib oliy qadriyat o’rnini olmas ekan, demokratik fuqarolik jamiyatini yaratib bo’lmaydi. Hozirgi vaqtda xalqaro huquqning jahonda tan olingan prinsiplari va normalarining ustunligi e’tirof etilmoqda, xalqaro huquq o’z ifodasini topgan umuminsoniy qadriyatlar va ideallar huquqiy munosabatlarimiz rivojlanishi uchun mezon va mo’ljal sifatida tasdiqlamoqda.
SHuningdek, bugun mamlakatimizda mukammal qonunchilik mexanizmining shakllanganligi mavjud huquq tizimini takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Shu boisdan ham qonunchilik tizimi va huquq tizimi huquqiy hodisalarini o’zaro aloqadorlikda o’rganish mavjud ijtimoiy munosabatlarni samarali tartibga solish imkonini beruvchi muhim ilmiy yondashuv hisoblanadi.
Ushbu kurs ishini tayyorlash davomida shunga amin bo’ldimki, huquqiy normalarni sharhlash o’rganilayotgan hodisa to’g’risida ilmiy asoslangan xulosa chiqarishga ko’maklashadigan, hayot sinovlaridan o’tgan usullar orqali amalga oshiriladi. Huquqni sharhlash usullari orqali sharhlovchi subyekt huquq normasi haqida to’liq tasavvur hosil qiladi va u haqida batafsil ma’lumotlar to’playdi, huquqiy munosabatlar ishtirokchilariga yetkazadi. Huquqni sharhlash usullarini yaxshi bilish huquq normalarining mazmunini to’g’ri anglash va tushuntirishga hamda ushbu normalarni kelajakda tatbiq etishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy hayotning turli sohalarida olib borilayotgan islohotlardan ko’zlangan asosiy maqsad, albatta, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda huquqiy demokratik davlatni barpo etishdir.
Qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar, hukumat qarorlarini hamda davlat tomonidan olib borilayotgan siyosatning mohiyatini fuqarolarga yetkazish, aholining iqtisodiyot, siyosat va davlat qurilishi sohalarida olib borilayotgan islohotlarning mazmunini teran tushunib yetishlariga hamda jamiyatda qonun nor¬malarini hurmat qilish va unga qat’iy rioya qilishni ta’minlashga erishish huquqiy davlatning, siyosiy va huquqiy tizimlar samarali faoliyat ko’rsatishining asosiy omillaridan biri bo’lib hisoblanadi.



Yüklə 29,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin