Huquqni sharhlash tushunchasi huquqshunoslikda alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, sharhlash faqat yuridik fanlarga tegishli bo’lmay, balki yozma manbalar bilan ishlaydigan barcha ijtimoiy fanlarda ham qo‘llaniladi. Sharhlashning tarix, adabiyotshunoslik va boshqa ijtimoiy fanlarda bilish va talqin qilish jarayoni sifatida tutgan o‘rni beqiyosdir. Sharhlash iborasi lotinchada “interpretatsiya” iborasiga to‘g‘ri keladi. Sharhlovchi subyekt esa interpretator deb ataladi. Ijtimoiy fanlarda “sharhlash” kategoriyasi “talqin qilish”, izohlash”, “tushuntirish” kabi sinonim tushunchalar tarzida qo‘llaniladi.
Huquq normalarini sharhlash jamiyat huquqiy ongi va madaniyatining darajasi bilan bevosita bog‘liq. Huquqiy madaniyatning yuksalib borishi turmushning barcha tomonlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi demokratik huquqiy jamiyatga xos tabiiy qonuniyatdir.2 Jamiyatning huquqiy ongi esa ko’p jihatdan har bir alohida shaxsning va umuman jamiyatning huquqiy normalar, qonun talablarining ma’nosini to‘g‘ri tushunish qobiliyatini, binobarin, qonuniylikka rioya etish darajasini belgilab beradi. Huquq normalarini sharhlash muammosi huquqiy davlat barpo etilayotgan hozirgi sharoitda, ayiqsa, dolzarbdir.
Kundalik hayotimizda doimiy ravishda uchraydigan “sharhlash”, “izohlash” va “talqin qilish” kabi tushunchalar bir xil ma’no kasb etadi va huquq normalarining mazmuni hamda mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi.
Sharhlash – aqliy-ijodiy faoliyat bo‘lib, bu jarayonda ilmiy nuqtayi nazardan huquqning chuqur xususiyatlari anglanadi, huquq normalarida ifodalangan ko‘rsatmalarning mohiyati obyektiv va ishonchli tarzda bayon etiladi.
Sharhlash – muayyan faoliyat, jarayon (aqliy-irodaviy, tashkiliy) bo’lib, u muayyan muddatda amalga oshadi. U o‘z ichiga ikkita mustaqil jihatni, ya’ni anglab olish (o‘zi uchun) va tushuntirish (boshqalar uchun) ni qamrab oladi.1
Huquq normalarini sharhlash deganda davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat tashkilotlari va alohida fuqarolaring huquq normalari mazmunini aniqlash, ularda ifodalangan davlat hokimiyati irodasi mazmunini ochib berishga qaratilgan maxsus faoliyatdir.2
Huquq normalarini sharhlash murakkab, ko’p qirrali faoliyatdir. Uni ikki jihatdan ko’rib chiqish mumkin: anglash (“o’zi uchun”) va tushuntirish (“boshqalar uchun”). Huquqni sharhlash natijasida uning mazmuni, ijtimoiy vazifasi, amaliy ahamiyati aniqlanadi va tushuntirib beriladi.
Sharhlashning maqsadi qonun chiqaruvchi idoraning huquq normasida belgilangan irodasini ifodalash, huquq normasining asl mazmun-mohiyatini yoritish hamda huquq normasini yagona ma’noda, bir xilda tushunilishiga erishishdan iborat.3
Huquqni sharhlash jarayonida sharhlovchi subyekt qonunning asl mazmunini avval o’zi to’liq anglagan holda keyin boshqa shaxslarga tushuntirib beradi.
Tarixiy nuqtayi nazardan huquq normalarining hammasi ham sharhlashga muhtojmi yoki faqat tushunarsiz bo’lgan normalargina sharhlashga muhtojmi, degan savol tug’iladi? Sharhlash qonunlarning noaniqligi bilan bog’liq: u noaniqlikdam paydo bo’ladi, noaniqlik qanchalikkuchli bo’lsa, qiyinchilik shunchalik o’sib boradi. Faqat noaniq qonun emas, balki har qanday qonun sharhga muhtoj.
Zamonaviy yuridik adabiyotlarda barcha normalar sharhlash—aniqlashga tegishli, lekin ularni tushunib olish darajasi muayyan shaxslarning huquqiy ongiga bog’liq, degan fikr hukmronlik qiladi.
Huquq normalarini sharhlash jarayonida huquq normalari yaratilishining tarixiy-siyosiy sharoitlarini, maqsadi va ijtimoiy yo’naltirilganligini aniqlab olish lozim. Huquq normasining asl ma’nosini ochib berishda asosiy e’tiborni matnga, uning muqaddimasiga, dispozitsiyasining mazmuniga qaratish hamda ushbu normaga o’xshash boshqa normalaring mazmunini ham tashkil etish lozim.
Sharhlashni keng ma’noda tushunishda, tabiiy yoki ijtimoiy hodisalarni tushunishda, tabiiy yoki ijtimoiy hodisalarni tushuntirishga qaratilgan har qanday bilish jarayoni nazarda tutiladi. Tor ma’noda esa – so’zlar, iboralar, formula va ramzlarni, ya’ni tabiiy yoki sun’iy til belgilarini aniqlashtirishni anglatadi.
Huquqni sharhlash tushunchasi adabiyotlarda turlicha talqin etiladi. Ba’zi bir mualliflar, huquqni sharhlash deganda—faqat huquq normasi mazmunini aniqlab olishni tushunsalar, boshqalar esa, huquqiy norma mazmunini tushuntirishni sharhlash deb hisoblaydilar. Uchinchi yondashuv tarafdorlarining fikricha, huquqni sharhlash—huquq mazmunini ham aniqlash, ham tushuntirib berishdan iborat.Huquqni sharhlash tushunchasini idrok etishda dastlabki ikki yondashuvda bir tomonlamalikka yo’l qo’yilgan. Aslida, sharhlash—huquq mazmunini aniqlash va tushuntirib berishdan iborat murakkab ijodiy jarayon bo’lib, har ikki jihatning yagonaligida namoyon bo’ladi.
Huquqni sharhlashning ikki jihati quyidagilardan iborat:
1. Huquqning ma’nosini aniqlash va tushunish, ya’ni shaxsning huquq normasini anglash va o’rganish jarayonidir. Bunda shaxs huquq haqidagi dastlabki tasavvurga ega bo’ladi, u haqidagi mavjud ma’lumotlarni o’zlashtiradi.
2. Huquq normasining mazmunini tushuntirib berish—vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning normativ-huquqiy hujjatlarda mujassamlangan davlat irodasini huquqiy munosabatlarning boshqa ishtirokchilariga bayon etish va tushuntirishga qaratilgan maxsus faoliyatidir. Tushuntirishning tashqi ko’rinishidan qat’iy nazar, u huquq normalarini mazmuniga ko’ra muhokama qilish va baholashni o’z ichiga oladi. Bu muhokama va baholashlar sharhlanayotgan normalarning mazmuniga qo’shimcha aniqliklar kiritishning asosiy usulidir. Yurist-amaliyotchilar davlat organlari tomonidan chiqarilgan sharhlash hujjatlaridan tez-tez foydalanadilar. Vakolatli organlar tomonidan chiqariladigan bu turdagi tushuntirishlardan foydalanish huquqiy normalarni to’g’ri qo’llashning sharti hisoblanadi.
Shunday qilib, huquq normalarini sharhlash deganda, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat tashkilotlari va alohida fuqarolarning huquq normalari mazmunini aniqlashga, ularda ifodalangan davlat hokimiyati irodasi mazmunini tushuntirib berishga qaratilgan maxsus faoliyati tushuniladi.2
Sharhlash eng umumiy va mavhum tabiatga ega bo’lgan huquq normalarini, jamiyatda vujudga keluvchi alohida munosabatlarga tatbiq etish ehtiyoji tufayli vujudga keladi. Professor S.S.Alekseyevning fikricha, qonun chiqaruvchi idora normative ko’rsatmalarni shakllantirar ekan, kelajakka, ijtimoiy hayotda vujudga kelishi ehtimol tutiladigan o’zgarishlarni nazarda tutadi.Shunday qilib, huquq normalarini, ayniqsa, yuksak normativ umumlashganlik darajasi bilan ajralib turuvchi normalarni amalga oshirishda, ularni ayrim olingan alohida hodisaga nisbatan qo’llashda bu normalarni sharhlash zarurati yuzaga keladi. Huquqni sharhlash natijasida uning mazmuni, ijtimoiy vazifasi, amaliy ahamiyati aniqlanadi, anglab yetiladi va tushuntirib beriladi.
Sharhlashning maqsadi qonun chiqaruvchi idoraning huquq normasida mujassamlashgan irodasini, ushbu norma bilan bog’liq deb hisoblagan tasavvurlar va tushunchalarni ifodalashdan iborat.
Sharhlashning asosiy vazifasi qonun chiqaruvchi idora qonunchilik hujjatida bayon etgan qoidaning mazmunini ochib berishdir. Huquqning mazmunini aniqlash sharhlashning maxsus usul va yo’llarini qo’llash orqali amalga oshiriladi. Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar matnidagi so’z va iboralarni grammatik, mantiqiy va yuridik jihatdan talqin etish sharhlovchi subyektdan ijodiy va ilmiy yondashuvni talab qiladi. Huquqni sharhlashning amaliy ahamiyati ko’proq sud, prokuratura, ichki ishlar organlari kabi huquqnni qo’llash faoliyati bilan shug’ullanuvchi davlat idoralari uchun muhimroqdir, zero ular kundalik faoliyatida huquqqa oid masalalar bilan bevosita shug’ullanadi va huquq normalarini to’g’ri tatbiq qilish uchun mas’uldirlar.
Yaqin o’tmishda faqat mazmuni mavhum bo’lgan qonunlar sharhlanishi kerak, deb hisoblanib, yangi qonunlarni sharhlash taqiqlab qo’yilgan. Akademik V.S.Nersesyansning fikricha, agar sharhlovchi subyekt tomonidan sharhlash yordamida yangi qoida o’rnatilmasa, u o’zgartirilmasa yoki bekor etilmasa, sharhlashni cheklab qo’yish kerak emas. Huquqning mazmuni qonun sifatida rasmiylashtirilishidan oldin tushunib olinishi, xuddi shuningdek, alohida huquq normasining mazmuni, u tatbiq etilishidan oldin aniqlanishi shart.1
Huquq normalarini sharhlash – bu huquq normalarining mazmuni, maqsadi va mohiyatini aniqlash va tushuntirishga yo’naltirilgan (qaratilgan) faoliyat.
Sharhlashning boshqa turlaridan farqli ravishda huquq normalarini sharhlash maxsus faoliyat bo’lib, u quyidagi bir qator jihatlar bilan tavsiflanadi:
• birinchidan, mazkur faoliyat natijasida har qanday yozma manbalarning emas, balki huquqiy hujjatlarning, ya’ni huquq normalarining mazmun mohiyati sharhlanadi;
• ikkinchidan, huquq normalarini sharhlash o’z oldiga huquqiy ko’rsatmalarni tadbiq etishni maqsad qilib qo’ygan holda huquqiy tartibga solishning zaruriy sharti sifatida maydonga chiqadi;
• uchinchidan, qonunda belgilangan hollarda mazkur faoliyat vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi;
• to’rtinchidan, sharhlash natijalari, agar ularga majburiylik tusi beriladigan bo’lsa, maxsus huquqiy (sharhlash) hujjatlari bilan mustahkamlab qo’yiladi.
Yuridik adabiyotlarda sharhlashga ikki xilda: statik va dinamik yondashuv farqlanadi. Statik yondashuvda sharhlovchi subyekt huquqning barqarorligini saqlashga harakat qiladi, dinamik yondashuvda esa sharhlovchi subyekt huquqning mazmunini yoritishda uni ko’proq hayotiy voqelikka yaqinlashtirishga intiladi. 2
Huquqiy normalarni sharhlash masalasi quyidagi uchta muhim jihatni o’z ichiga oladi:
1. Tatbiq etiladigan huquqiy normalarni sharhlovchi subyektlarni aniqlash (bular—davlat hokimiyatining oily va mahalliy vakillik organlari, Prezident; ijro etuvchi organlar: Vazirlar Mahkamasi, viloyat, tuman, shahar hokimlari; turli vazirliklar va davlat qo’mitalari; sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar—sud, prokuratura, adliya, ichki ishlar idoralari va boshqlar; jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar);
2. tatbiq qilinadigan huquqiy normalarning mazmunini aniqlash uchun mantiqiy, grammatik, tarixiy, sistematik hamda boshqa usullar qo’llaniladi;
3. tatbiq etilayotgan normalarning hajmi bo’yicha va yuridik kuchiga qarab sharhlash.