Huquqiy madaniyat va huquqiy tarbiya asoslari


JAMIYAT VA TABIATNING O‘ZARO ALOQADORLIGI. EKOLOGIYA HUQUQI, UNING PREDMETI, TIZIMI VA MANBALAR



Yüklə 148,69 Kb.
səhifə2/9
tarix25.03.2023
ölçüsü148,69 Kb.
#89785
1   2   3   4   5   6   7   8   9
KONSTITUTSIYA VA EKOLOGIK SIYOSAT Kurs ishi

JAMIYAT VA TABIATNING O‘ZARO ALOQADORLIGI. EKOLOGIYA HUQUQI, UNING PREDMETI, TIZIMI VA MANBALAR



    1. Tabiat, jamiyat va inson. Atrof-tabiiy muhitning hozirgi zamon holati



Tabiat – keng ma’noda – borliq, olam va uning xilma-xil shakllari;tor ma’noda – kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish manbai bo‘lgan atrof tabiiy muhit. Jamiyat va tabiat tizimini ko‘rib chiqayotganda ikkinchi tor ma’nodagi tushuncha qo‘llaniladi. Chunki inson o‘zining hayoti davomida butun borliqdan emas, balki uni o‘rab turuvchi va uning ta’siri doirasida turgan atrof tabiiy muhitdan foydalanishi mumkin.
Shu tariqa insoniyat tarixida jamiyat bilan tabiat o‘rtasida to‘xtovsiz va xilma-xil o‘zaro ta’sirlar ro‘y berib kelgan. Ammo tabiat insonlarsiz bu moddiy dunyoda hukm surib kelgan, lekin insonlar tabiatning bir bo‘lagi bo‘lib, ular tabiatsiz hayot kechira olmaydi. Insonlar o‘z hayoti
uchun zarur bo‘lgan, barcha narsani tabiatdan oladi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh uchun xom ashyo, qurilish uchun binokorlik materiallari, nafas olish uchun atmosfera havosi, ichish uchun suv, dam olish uchun go‘zal landshaftlar va h.k. Shunday qilib inson hayoti davomida foydalanilgan barcha narsalarni tabiiy modda va kishilar faoliyatining mahsulidir.
Jamiyat – keng ma’noda insonlarning tarixan qaror topgan birgalikdagi faoliyatlari majmui yoki tor ma’noda – ijtimoiy munosabatlarning konkret tipi. Shunday qilib, aqliy mehnat faoliyatiga ega bo‘lgan insonlar yig‘indisi bo‘lgan jamiyat atrof tabiiy muhit bilan passiv (sust) emas, balki aktiv (faol) ta’sir doirasida bo‘lishi muqarrardir.
Inson – tirik organizmlar turkumiga kiruvchi murakkab ijtimoiy va mehnat faoliyatini yurgazuvchi individ. Inson tarixiy – jamoat jarayoni subyekti bo‘lib, u Yer kurrasidagi moddiy va ma’naviy-madaniy rivojanishning asoschisidir. Inson boshqa turdagi tirik mavjudotlar bilan genetik bog‘langan holatda, lekin ulardan ongining yuqoriligi, mehnat qurollarini ishlab chiqara olishi, nutqning rivojlanganligi, ijodiy faolligi hamda axloqiy, ma’naviy va ruhiy o‘z-o‘zini anglay olishi bilan ajralib turadi.
Ingliz olimi Ch.Darvinning ta’limotiga ko‘ra, insonlar hayvonlarning ma’lum bir turlarini mehnat faoliyati aktivlashuvi, ya’ni kengaytirilishi va chuqurlashtirilishi mobaynidagi evolyutsion rivojlanish mahsuli. Lekin fan va texnika yutuqlari bunday ta’limotning mutloq to‘g‘ri emasligi haqidagi ma’lumotlarga ega va boshqa gipotezalarni oldinga surmoqda. Nima bo‘lganda ham kishilar jamiyati mana bir necha million yildirki Yer kurrasida tabiat bilan o‘zaro uzviy bog‘langan holda yashab kelmoqdalar va bu bog‘liqlik kundan-kunga kuchayib bormoqda.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzida sodir bo‘layotgan tabiiy jarayonlarning 9/10 qismida inson faoliyatining mahsuli aks etmoqda. Bu jarayonlarni doimo ham ijobiy deb bo‘lmaydi. Chunki ekologik xavfsiz muhit, ya’ni insonlarning muhim hayotiy manfaatlari va avvalambor toza, sog‘lom, qulay tabiiy sharoitga ega bo‘lish talabini to‘la qondirishga qodir bo‘la oladigan atrof tabiiy va ijtimoiy muhit holati inqiroz va talafot tomon intilib bormoqda.
Agarda jamiyat va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga inson hayotining tarixi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ularni quyidagi munosabat shakllariga ajratsak bo‘ladi:

1) oddiy;


2) oddiy-iqtisodiy;
3) iqtisodiy;
4) iqtisodiy-ekologik;
5) ekologik.
Jamiyat va tabiat o‘rtasidagi oddiy munosabat shakli – kishilarning ekologik tizimni buzmaydigan soddalashtirilgan hayot tarzi. Ekologik tizim (ekotizm) – tirik organizmlar majmui va ularning yashash muhiti yig‘indisi bo‘lib, tirik organizmlar o‘zaro va atrof tabiiy muhit bilan uzviy aloqadorlik qonuniyatlari asosida bo‘lgan holati. Bu shakl kishilarning ibtidoiy jamoa tuzumidagi hayot tarziga, ya’ni insoniyat tarixining ilk ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyasi davriga xosdir.
Kishilar faoliyatining tabiatga oddiy-iqtisodiy ta’siri davrida ma’lum bir hududlarda sezilarli darajada ekologik xavfsiz muhitga ta’sir etgani uchun ham qadimgi yozuv va qonun kuchiga ega bo‘lgan kitoblarda tabiatga nisbatan insonlarning ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari ko‘rsatilib o‘tilgan. Masalan, zardo‘shtlarning «Avesto» kitobiga binoan bolalar yoshligidanoq daraxt ko‘chatini o‘tkazishlari shart bo‘lgan. Inson butun umri davomida suv, tuproq, olov, umuman dunyodagi jamiki yaxshi narsalarni pok va bus-butun asrashga burchlidir. Yer, suv, havo, olovni asrash qoidalarini buzgan kishi 400 qamchi jazosiga mahkumdir. Lekin bu kitobda ekologik jazo sifatida bir turdagi tabiiy obyektni buzgani uchun ikkinchi bir turdagi tabiiy obyektdan qutulishni ham me’yor qilib qo‘yganlar. Suvni iflos qilgan yoki ov itini o‘ldirgan kishi 10000 ruhiyatni tetiklashtiradigan o‘simlik bargi terishi, 1000 ta echkeemar, 1000 ta suv qo‘ng‘izi va kasallik tarqatuvchi pashshani o‘ldirib, gunohini yuvishi lozim bo‘lgan.
Qadimgi Vavilonda shoh Hammurapi tomonidan «O‘rmonlar muhofazasi»ga oid qonun bor yo‘g‘i shohning tiriklik davrida (eramizdan avval 1792-1750-yillarda) hukm surgan xolos. Xuddi shunday holat er.avval III asrda Hindiston rojasi Ashoki qaroriga «Hayvonot dunyosini ovlash qoidalari» ham taalluqlidir.
Shunday qilib, ekologik xavfsiz muhit inqirozi kishilar faoliyatining atrof-muhitga antropogen ta’sirining uch oqibatlar majmui – tabiiy resurslar kamayishi, atrof-muhit ifloslanishi va ekologik tizimlarni buzilishi mahsulidir.
Tabiiy resurslar kamayishi – kishilarning xo‘jalik va boshqa hayotiy faoliyati manbai bo‘lgan tabiiy obyektlarning yo‘qola borishidir.Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, «insoniyat sivilizatsiyasi» davrida, to‘g‘rirog‘i iqtisodiy madaniyatlashgan kishilarning izchil faoliyati davrida Yer kurrasidagi o‘rmonlarning 2/3 qismi kesilib ketdi, 250 xil turdagi hayvon va o‘simliklar yo‘q bo‘lib ketdi, 3-4 mlrd. gektar yer qishloq xo‘jalik oborotidan chiqarib yuborildi, atmosfera havosidagi kislorodning zaxirasi 10 mlrd. tonnaga kamaydi. Keyingi 100 yil ichida, fransuz olimi A.Gerrenning ma’lumotlariga ko‘ra, tuproq eroziyasi va texnogen buzilishi 2 mlrd. gektar yerni unumdorligini yo‘qotib yuborgan. Shu kunlarda Yer kurrasida 1 daqiqada 20 ta o‘rmon kesilmoqda, kuniga bir turdagi hayvonot yoki o‘simlik turi qizil kitobga kiritilmoqda.
Tabiiy resurslarning kamayib borishidan tashqari atrof tabiiy muhitning ifloslanishi ekologik tizimlarning buzilishiga, modda va energiya almashuvining tabiiy holatda kechishiga keskin ta’sir qilmoqda. Atrof tabiiy muhitning ifloslanishi deb tabiiy moddalar (tuproq, suv, yer osti boyliklari, atmosfera havosi) tarkibining fizik va kimyoviy o‘zgarishiga aytiladi. Agarda bunday o‘zgarish inson hayotining faoliyati bilan kechsa – antropogen ifloslanish, uning ishtirokisiz kechsa – tabiiy ifloslanish deyiladi.
Ekologik inqiroz – jamiyat va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat muvozanatining barqaror ravishda buzilishi natijasida atrof tabiiy muhit holatining yomonlashib borishi, davlat boshqaruv va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yuzaga kelgan holatdan chiqa olmasliklari, ekologik tizimlarni tiklash imkoniyatlarining yo‘qolishi, tabiiy muhit inqirozi yoki ijtimoiy muhitning falokatidir. Ekologik inqirozga misol qilib, Orol dengizi va uning atrofidagi holatini olsak bo‘ladi. Qirq yil mobaynida Orol dengizi akvatoriyasi 7 baravar qisqardi, suv hajmi 13 marta kamaydi, uning minerallashuvi esa o‘nlab baravar oshib, dengizni tirik organizmlarning yashashi uchun yaroqsiz ahvolga keltirdi. Natijada qariyb barcha hayvonot va nabotot olami tanazzulga uchradi va yo‘qoldi.
Aholi soning ko‘payishi va suvga bo‘lgan ehtiyojning ortishi, yangi yerlarni jadal o‘zlashtirish, sug‘orma dehqonchilikni yanada rivojlantirish, suv taqchil bo‘lgan yillarning muntazam takrorlanib turishi eng yangi tarixdagi yirik global ekologik halokatlardan biri sodir bo‘lishiga –sayyoramizdagi eng chiroyli suv havzalaridan birining qurib borishiga olib keldi. Qachonlardir dunyoda eng katta ko‘llar toifasiga kirgan Orol dengizi insoniyat ko‘z ongida halokatga yuz tutib bormoqda.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi sa’yi-harakatlari tufayli 1995-1997-yillarga kelib, Orolga suv quyilishi 15-17 kub km.gacha ko‘paytirildi. Yopiq havzaning suv taqsimoti xalqaro shartnoma va deklaratsiyalar orqali tartibga solinmoqda.Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining ilk bor qabul qilgan ekologik munosabatlarni tartibga solishdagi qonunlaridan biri «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi 1992-yil 9-dekabr qonuni. Bu qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan bir qatorda qabul qilingan bo‘lib, undagi prinsip va me’yorlar tabiat bilan jamiyat munosabatlari o‘zaro uyg‘unlashgan holda bo‘lishini taqozo qiladi. Mamlakatimiz yosh, tez sur’atlar bilan ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tomon olg‘a borayotgan davlatlar toifasiga kiradi. Iqtisodiy rivojlanish, vaqtinchalik, juda boy (100 ga yaqin mineral xom ashyo turidan foydalaniladi) tabiiy resurslardan foydalanishga suyangan holda amalga oshmasdan iloji yo‘q. Shuning uchun ham milliy qonunchiligimiz orqali tabiat in’omlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish shakli iqtisodiy-ekologik ko‘rinishdadir. Qabul qilingan ekologiyaga oid 100 dan ziyod qonunlar tabiatni muhofaza qilishning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qila oladi, lekin bu qonun me’yorlarini hayotga tatbiq qilishning iqtisodiy, huquqiy, siyosiy chora-tadbirlarini ishlab chiqish shu kunning dolzarb masalalari turkumiga kiradi.
Ekologik konsepsiya – tabiat va jamiyatning o‘zaro ta’siri to‘g‘risidagi qarashlar tizimi, ya’ni jamiyat qonunlari bilan tabiat qonunlarining o‘zaro harakat yo‘nalishlari o‘rni, ahamiyati va mohiyati haqidagi dunyoqarash.
Jamiyat qonunlari – kishilarning xatti-harakatlarini yoki biron-bir obyektga nisbatan munosabatini belgilaydigan huquqiy-me’yorlar yig‘indisi.
Tabiat qonunlari – kishilarni o‘rab turuvchi tabiiy muhitda kechayotgan voqea, hodisa, jarayonlarning jamiyat qonunlariga bo‘ysunmaydigan va kishilar faoliyatisiz namoyon bo‘la oladigan kechinmasi. Tabiat qonunlariga quyidagilar kiradi: tabiiy omillarning birgalikda harakat qilishi, tabiiy modda (suv, energiya,kislorod, uglerod va shu kabi)larning katta va kichik aylanishi, modda va energiya saqlanish, tabiiy resurslarning kamaya borishi, evolyutsion tezlanish, tirik organizmlarning evolyutsion rivojlanishi va h.k.
Naturalistik konsepsiya – jamiyatdan ustun turuvchi tabiatni ilohiy kuch, dono yaratuvchi, ideal borliq deb qaraydigan falsafiy oqimlar va maktablar. Bunday qarashlar tizimi tabiat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning oddiy va oddiy-iqtisodiy shakli davridagi kishilarga xos dunyoqarash. Shuning uchun ham ularning xudosi suv, olov, yer va boshqa tabiat obyektlari yoki hodisalari bo‘lib kelgan. Ular shu muhitda tabiatning bir bo‘lagi sifatida yashab kelganlar va o‘zgacha yashashni tushuna olmaydilar ham.
Naturalistik konsepsiyasiga qarama-qarshi dunyoqarash iste’molchilik konsepsiyasi – jamiyat qonunlarini tabiat qonunlaridan ustun yoki kishilarni tabiat ustidan hukmronlik g‘oyasini ilgari suradiganlar. Bunday g‘oya namoyondalari jamiyatni iqtisodiy munosabat shakliga olib kelganlar. Bu oqimga kiruvchilar asosan bozor munosabatlari shakllana boshlagan kapitalizmning boshlang‘ich davrida turgan «yangi biznes» sohiblaridir. Ular haqida buyuk amerikalik yozuvchi Djek Londono‘zining o‘lmas asarlarida aks ettirgan va ularning «oltin orqasidan quvib, butun borliqdagi tabiatni faqatgina iqtisodiy talablarini qondirish manbai deb qaraydiganlar» deb atagan.
Alarmizm namoyondalari ma’lum bir yagona partiyaga birlashmaganlar va aniq bir dunyoqarashga ham ega emaslar, lekin ularning ekologik inqirozning oldini olishga bor kuch va bilimlarini sarf qilayotgan olimlar, ishchilar, maishiy-xizmat va sport sohasida ishlaydigan turli kasb sohiblari bo‘lib, «Grinpis», «Yashillar partiyasi», «Kedr» kabi oqimlarga birlashganlar. Ularning soni 10 dan oshib ketgan va o‘z saflariga 30 mln.dan oshiq kishilarni birlashtirganlar.
Alarmizmchilarga yaqin bo‘lgan dunyoqarash ekologik inqiroz sabablari konsepsiyasi. Ular ham ekologik inqirozning kelib chiqish sabablarini ilmiy-texnik taraqqiyot va aholi sonining tez sur’atlarda o‘sib ketishi deb biladilar. Shuningdek, sivilizatsiya va demografik portlash ekologik xavfsizlik darajasiga teskari proporsional va ekologik inqiroz holatidan chiqib ketish uchun demografik holatni boshqarish va tabiiy resurslarga nisbatan aholi sonini uyg‘unlashtirish kerak deb hisoblaydilar. Bunday tadbirlar har bir mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, tabiiy sharoiti va resurslari imkoniyatlariga monand ravishda olib borilishi lozim, deb e’tirof etadilar.
Tabiatga aralashmaslik konsepsiyasini harakatsizliklar strategiyasiga kiritish mumkin. Chunki, birinchidan – ekologik tizimlarni ayrim hudud va mintaqalarda buzilganligiga befarq, aralashmasdan qarab turib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, Yer kurrasida yashayotgan 7 mlrd.dan ziyodroq aholini moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga majburmiz. Tabiatga aralashmaslik prinsipini alohida bir muhofaza etiladigan tabiiy hududlar biosfera qo‘riqxonasi va qo‘riqxonalarda amalga oshirsa bo‘ladi, lekin ommaviy tarzda tabiatdan ajralgan insonlarning hayotini tasavvur qilish
qiyindir.
Atrof tabiiy muhitga kishilarni moslashtirish orqali ekologik inqirozdan chiqib ketishni tavsiya etayotganlar bir tomonlama ekologik tizimlarni tashqi kuchlarga nisbatan qarshi turish (buferlik) va o‘z-o‘zini tiklash qonuniyatlariga ishongan holda insonlarning harakat doirasini shunga monand ravishda olib borishni tavsiya etsalar, ikkinchi tomondan, kishilarni tarixan atrof-muhitga moslashib borishining evolyutsion jarayonlarini jadallashtirishni yoqlab chiqadiganlar. Bu konsepsiya namoyondalarini tabiat qonunlarini jamiyat qonunlariga ko‘chirishga urinayotganlar desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Afsuski, bu qonunlar hozirgi insoniyat tarixi bosqichida ko‘pincha bir-biriga zid kelmoqda va biri ikkinchisini inkor etishi mumkin.
O‘sish chegarasi va organik rivojlanish konsepsiyasi namoyondalari Yer kurrasi resurslari imkoniyatlariga monand ravishda, ilmiy-texnik va insonlarning o‘sish chegarasini belgilash yoki bunday ilmiy asoslangan o‘sishni chegaralashni ma’lum bir region (mintaqa), hudud yoki ma’muriy chegarada amalga oshirishni tavsiya etadi.
Afsuski, ilmiy-texnikaviy jihatdan rivojlanmasdan turib tez sur’atlarda o‘sib borayotgan aholining hayotiy ehtiyojlarini qondirib bo‘lmaydi. Ilm-fanni «konservatsiya» qilish va insonlarning o‘sishini «nol» variantga tushirish 5-10 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar emas. Bu jarayon uzoq va katta kuchni talab qiladigan tadbirlardandir. Chunki, bu masalani birinchi navbatda aholisi tez o‘sib borayotgan va musulmon diniy e’tiqodi kuchli bo‘lgan davlatlarda amalga oshirish kerak bo‘ladi, lekin bu juda mushkul ishdir. «Rim klubi» a’zolarining modeli (buning filiali «Toshkent klubi») jahon iqtisodiyotining ma’lum bir tipdagi regionlarda maishiy-texnik yutuqlarni hayotga keng tatbiq qilish va oilani rejalashtirishni shu yerdagi iqtisodiy, madaniy, tarixiy, ma’naviy holat darajasiga qarab turib o‘sish va organik rivojlanishni cheklashni tavsiya etadiganlar.
Global boshqaruv konsepsiyasi namoyondalari atrof tabiiy muhit komponentlari yagona bir tizimda harakat qiladi va ular ajralmasdir degan g‘oyani olg‘a suruvchilardir. Shuning uchun ham atrof tabiiy muhitni saqlab qolish ma’lum bir hudud yoki mamlakat doirasida emas, balki xalqaro miqyosda, butun dunyo hamjamiyatining birgalikdagi tadbiri orqali amalga oshirilishini, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish uchun davlatlar ustidan turuvchi yagona bir tashkilotni tuzishni, ushbu tashkilot nafaqat boshqaruv, balki nazorat vakolatiga ega bo‘lishini yoqlab chiqadilar. Ularning fikricha, BMTning YUNEP, YUNESKO, VOZ, MOP degan tashkilotlari hozirgi kunda faqatgina davlatlarning ekologiya borasidagi faoliyatini kuzatadilar va faktlarni keltirish bilan cheklanadilar. Afsuski, bunday oqim namoyondalari Yer kurrasidagi hamma davlatlarning suveren huquqi bo‘lmish tabiiy resurslardan o‘z qonunlariga binoan foydalanish imkoniyatlarini osonlikcha berib qo‘ymasliklarini inobatga olishmaydi. Lekin, bizning fikrimizcha, ekologik global boshqaruv tizimiga insoniyat oldinmi-kechmi albatta yetib boradi. Chunki, ma’lum bir joydagi ekologik inqiroz, (Orol dengizi muammosi, Chernobil AES falokati, Tojikiston Regar aluminiy zavodi, Oxota dengizining radioaktiv moddalar bilan zaharlanishi) mahalliy ekologik inqiroz emas, balki global ta’sir kuchiga ega bo‘lgan inqiroz ekanligi hammamizga ayondir.
Muhofaza qilish va rivojlanish konsepsiyasi namoyondalari jamiyatning ekologik talablarini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish talablariga moslashtirishni taklif qiladilar. Bu oqim qarashlari rivojlangan davlatlarda keng targ‘ib qilinyapti.
Ekologik revolutsiyalar konsepsiyasi – siyosiy tuzum va kishilarning ekologik dunyoqarashlarini keskin ravishda – revolyutsion yo‘l bilan iste’molchilik psixologiyasidan ekologik talablar doirasiga o‘tkazish. Ammo bu taklif qanchalik yaxshi bo‘lmasin, quyidagi qoidani esdan chiqarmaslikka undaydi: kishilik jamiyatida (tabiatdagi singari) revolyutsion yo‘l bilan biron-bir tadbirni amalga oshirish ularda salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Sotsialistik konsepsiya asoschilari K.Marks va F.Engels tomonidan keng ta’riflangan dunyoqarash atrof tabiiy muhit holatini inobatga olib jamiyat kuchlarini bir me’yorda rejali rivojlantirishni yoqlab chiqadiganlar. Albatta, bu dunyoqarash amalda (70 yil Sovet tuzumi hukm surganda) o‘z ifodasini topa olmadi. Tabiatni biron-bir mamlakat darajasida muhofaza qilish yoki undan foydalanish ekologik holatga emas,balki iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy holatga qarab olib borilishini isbot qildi. Tabiiy resurslarning aniq hisobini olish va ulardan rejali foydalanish biron-bir hudud yoki mamlakatda emas, balki butun bir hudud yoki Yer kurrasi bo‘yicha global holda amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.
Yuqorida sanab o‘tilgan ekologik konsepsiyalardan tashqari dunyoning turli joylarida, turli dunyoqarashga ega bo‘lgan qarashlar tizimidagi partiyalar, oqimlar, harakatlar, kengashlar, jamg‘armalar mavjud. Lekin, bizningcha, ekologik konsepsiya – tabiat qonunlari bilan jamiyat qonunlarini o‘zaro uyg‘unlashgan va ilmiy asoslangan holda rivojlanshiini yoqlab chiqadigan qarashlar tizimidir. Aks holda boshqacha qarashlar tizimi noekologik konsepsiyalar tizimiga kiradi.
Shunday qilib, biz tabiat va jamiyat o‘rtasidagi turlicha munosabat shakllarini ko‘rib chiqdik. Lekin insonlarning tabiatga nisbatan dunyoqarashlari ularning xarakteriga o‘xshab turlicha bo‘lishi tabiiy holdir. Buyuk olim o‘rta asrning ulug‘ faylasufi bobokalonimiz A.N.Forobiy aytganidek, «kishilarning dunyoqarashlari, ularning tashqi ko‘rinishiga o‘xshab turlicha bo‘ladi va fazilat ularning ilmiga, hayot tarziga, yashash muhitiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir». Biz ham o‘rta asrning ulug‘ faylasufi A.N.Forobiyning fikriga qo‘shilgan tarzda ekologiya borasidagi dunyoqarashlarni ko‘rib chiqamiz.N.F.Reymers: «ekologiya keng ma’noda insonlarni yashab ketishi haqidagi ta’limot», deb bejiz aytmagan. Chunki insonlarning Yer kurrasida yashash muddati ularning ekologik dunyoqarashlarini amalda tatbiq qila olish imkoniyati bilan belgilanadi.

Yüklə 148,69 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin