Beruniy «Hindiston» asarining Bxarata urushlari haqidagi qirq ettinchi bobida Krishna honodoni va «Maxobhorat» («Bxarata» urushlari) boshlanishining sabablarini aytadi. Zolim hukmdor- Matxura hokimi Kansaning o’limida Vasudeva-Krishna aybdorligidan xabar topgan hokimning kuyovi (Beruniy bu kuyovning ismini keltirmagan) g’azablanib, qo’shini bilan kelib, Matxurani egallaydi. U, Vasudeva - Krishnani mamlakatdan dengiz tomonga haydab chiqaradi. Vasudeva - Krishna dengiz yaqinida devorlari oltindan qurilgan shaharga keladi. Bu erda uning amakivachchalari- Kaurava avlodlari hukmron edilar. Qizig’i shundaki, Beruniy bu erda «Mahobxorat»-Bxaratlar jangnomasi voqealarida Krishna-Vasudevani o’z qarindoshlari –Panduzodalar bilan Kaurova ( yoki Kuru) farzandlarini ziyofat vaqtida qimor o’yinini tashkil etib, o’zaro urushtirib qo’ygan, falokatli, qirg’in urushlarni keltirib chiqargan g’alati odam sifatida ko’rsatadi. Hozirgi zamonimizgacha saqlanib qolgan «Mahobhorat» dostonida va bu epos asosida tayyorlangan ko’p seriyali kinnofilmda qirg’in urushga Vasudeva-Krishna emas, balki Kauravlar avlodidan yovuz Duryodxon sababchi qilib ko’rsatilgan.
«Mahobhorat» («Bxaratlar urushi») eposi-hind halq poetik ijodi durdonasida hindlar tangri, iloh deb ulug’laydigan muqaddas zotni Beruniy ulug’lamaydi. Alloma asar voqealari va qahramonlariga etuk san’atshunos, adabiyotshunos sifatida ilmiy holislik bilan estetik baho beradi. Vasudeva tashkil etgan qimor o’yini tufayli juda katta qirg’in urushi boshlangani, Vasudeva urushayotgan har ikki tomonga yordam berishi, boshqacha aytganda urush olovini avj oldirishi Beruniy talqinida holis tasvirlangan. «Har bir guruh Vasudevadan yordam talab qilardi», - deb yozadi Beruniy. Vasudeva ularga (Pandu avlodlariga): «Sizlarga yolg’iz men yordam berishimni xohlaysizmi yoki akam Balabxadra barcha qo’shini bilan yordam berishini xohlaysizlarmi? deb savol qilganida, Pandu avlodlari Vasudevani tanladilar. Ular (Panduzodalar) beshta edi: «Jazshithira – ularning boshlig’i, ularning botirlari –Arjuna, Sahodeva, Bxemasena(Bhim) va Nakula» Beruniy sal yuqorida aytgan ediki, «Har bir guruh o’z kishilari (etakchilari) bilan birlashib va zo’r kuch to’plab yordamlashuvlari natijasida Tonashar dalasiga hisobdan tashqari qo’shin jam bo’ldi. Ular soni o’n sakkiz akshavhini (o’n sakkiz diviziya deganday) tahmin qilinar edi».20 «Maxobhorat» day keng ko’lamli buyuk eposning to’liq matnini, voqealari va g’oyalarini Beruniy shu qadar mufassal bilgani, jahonda birinchilardan bo’lib , ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etgani hayratlanarlidir. Beruniy talqinlari hozirgi zamon atoqli hind ulamolari, faylasuflarining talqiniga nisbatan ilmiy-nazariy jihatdan holisroq, chuqurroq tadqiq etilgan.
«Maxobhorat» va «Ramayana» ning hozirgi tadqiqotchilaridan Shri-Prabxubada Aurobindaning bu haqdagi kitoblarida ilmiy tahlilga nisbatan fantaziya yoki diniy hurofotlar ustun turadi.
Toneshar vodiysida Bxaratlar urushida qatnashgan 18 akshavhini qo’shin miqdorini ko’pchilik hindshunoslar tasavvur qilolmaydilar. Lekin serqirra va sinchkov olim bo’lgan Beruniy bir akshavhini miqdori dunyodagi boshqa xalqlarning o’lchov mezonlariga qiyoslanganida qancha miqdorda ekanligini aniq -ravshan qilib tushuntiradi. Shunisi qiziqarliki, yunonliklar, rimliklar, ovrupolik xalqlarning yil hisoblariga ko’ra, Yangi era Iso-Masih tavalludi 1-nchi yildan boshlanadi. Bundan avvalgi, ya’ni Yangi eradan avvalgi tarixlarni hisoblashda yunonlar Troya urushlarini miloddan avvalgi X asrda yuz bergan deb, bu haqda dostonlar («Iliada» va «Odisseya») asarlarini yozgan buyuk shoir-baxshi Homer (arablarda-Omir) miloddan avvalgi IX-XIII asrlarda yashagan deb hisoblanadi. Miloddan avvalgi IV asrning 329-yili Makedoniya podshohi Iskandar Gretsiyani, Eronni va O’rta osiyoning ayrim hududlarini bosib olgan.
Bu davrlar, Beruniy «Hindiston» asarida yozishicha, hindlarning tarixni hisoblashlariga nisbatan juda oz vaqtlardir. «Barohim hayoti boshlanishidan to misolga olingan yilimizgacha 26215732948132 yil (ya’ni, 26 trillion, 215milliard, 732 million 948 ming 132 (bir yuz o’ttiz ikki) yil o’tgan.
Beruniy yozadi: «Ammo hindlarning ulamolari tarixiy juda uzoq davrlarni kalpa, manvantara, juga, chaturjuga, tretajuga, ashvamadha, divia, so’zlari bilan ifodalaydilar. Beruniy «Vishnu –Dxarma» kitobidan keltirilishicha, «Har kim bu ishlarni tafsili bilan bilsa (ya’ni, o’sha uzoq davrlarda qanday tarixiy voqealar yuz berganligini, ularning qahramonlarini bilsa-F.B.), etarli darajada tasavvur qila olsa, u orif bo’ladi. «Orif o’zi bir shunday kishiki, u yagona tangriga ibodat qiladi va paramapada (buddaviylar tarixida- dxarmapada) deb atalgan tangri-makoniga ( ya’ni, ilohiy makonga) qo’shni bo’lishni istaydi. Beruniy «Vishnu-Dxarma» kitobidan bunday g’alati yil hisobini keltiradi: «Yigirma to’rtinchi tretojugada Roma (ya’ni, hind e’tiqodicha, tangri Ram) Ravanani (ya’ni, devlar mamlakati –Shri-Lanka, Tseylon podshohini) o’ldirgan, Romaning birodari (ukasi) Lakshmana esa, Rovananing birodari Kambhakarnani o’ldirgan, deyishadi. Bu ikkovi (ya’ni, Ram va Lakshmana) hamma rakshasalarni bo’ysundirgan. (hind poetik tasavvuri va diniy-falsafiy e’tiqodiga ko’ra rakshasalar-devlardir) Shu yillarda rishi (ya’ni, shoir) Volmeki (Valmiki) «Rama va Ramayana» degan asar yozib, unda bu hodisalarning bo’lib o’tganligini bitib, abadiylashtirdi.
Beruniy aniqlashicha, tretojuganing oxiri (uch ming yillikning oxiri) avvalidan ko’ra yaxshi deb hisoblangan. Chunki uning avali yomonlik asriga yaqin. Roma va Romayana voqeasi hindlarga ma’lum bo’lgan. Lekin biz uni (tretojuganing avvalidami, oxiridami ekanligini –N.S.) aniqlay olmadik. Chunki, «Vishnu-Dxarma» kitobining qahramoni Markondeva yashagan juda uzoq poetik vaqt obrazi olti kalpa va ettinchi kalpadan olti manvantara, ettinchi manvantaradan yigirma uch tretojuga vaqt ichida yashagan». Hind kitobida afsonaviy qahramonning yoshi million yillar bilan o’lchanishi hayratlanarlidir. Faraz qilaylik, shu qadar uzoq (ya’ni, bir necha million yoki bir necha milliard yil) yashagan qahramon oddiy inson bo’lmay, farishta yoki hindlar e’tiqodicha, ma’bud bo’lsa, u ancha uzoq yashab, so’ng o’lib ketishi mantiqsiz ko’rinadi. Chunki, hinduviylik, xristianlik va islom dinlariga ko’ra farishtalar yoki ma’budlar o’lmaydi. Beruniy, aniqlashicha, bir kalpa 100 chaturjugadir. Juga esa chaturjuganing to’rtdan bir qismidir. «Shunday qilib,-deydi Beruniy, - Barohim umri boshidan misolimiz vaqtigacha (ya’ni, Ram yashagan vaqtgacha 26425456200000 yil (26 milliard, 425 trillion, 456 million, 200 ming yil) o’tgan. Bizningcha, bunchalik, olis tarixiy davrlarni Bobil, Misr, Gretsiya, Rim olimlari ham tasavvur qilolmaydilar.
Beruniy «Hindiston» kitobining «Tarixlar haqida» deb nomlangan qirq to’qqizinchi bobida yozishicha, «Agar hindlar tarixiy hodisalar jarayonida tartib bilan ish olib borishda beparvo bo’lmasalar edi, podshohlarning ketma-ket kelishi tarixida g’ofil bo’lib, zarurat vaqtlarida hayratda qolib, tahmin bilan (bo’lmag’ur narsalarni) hisoblamaganlarida edi, biz hind tarixchilarining so’zlarini keltirgan bo’lar edik»21 Beruniy «Hindiston» asarining «Tarixlar haqida» deb atalgan bobida yana Shiroq rivoyatiga juda o’xshaydigan bir tarixiy voqeani adabiy tarzda-hikoya qilib keltiradi.Ammo, bu hikoya Shiroq afsonasidan farqi shundaki, bu erda Eron istilochilariga kurash haqida emas, balki, turk (turonlik) istilochilar bilan hind rojasi o’rtasidagi nozik va qaltis diplomatik munosabatlar haqida so’z boradi. «Aytadilarki, Kanavj rojasining Turon podshohi Kanik (ehtimol Kanishka) ga yuborgan sovg’alari orasida ko’rkam ishlangan va maqtashga arziydigan kiyimlik bo’lgan. Kanik undan o’ziga loyiq kiyim qilishni xohlab, tikuvchiga ish buyursa, tikuvchi:
«Bunda odam qadimining suvrati bor, qanday bichib ko’rsam ham u ( odam qadami libos kiyuvchining ) ikki kifti o’rtasiga to’g’ri keladi», deb tikishga rozi bo’lmagan … Shunday qilib, Kanik bilsa, Kanavj hokimi uni xo’rlash va pastga urishga qasd qilgan ekan.
U (podshoh Kanik) tezlikda askari (qo’shini) bilan otlanib, Kanavj tarafga yurish qilgan. Roja uning bostirib kelishi xabarini eshitib hayratga tushadi. Chunki uning Turon podshohiga qarshi turishga toqati (qudrati-N.S.) yo’q edi».22 Hind rojasi dono vaziri bilan kengashadi. Vazir rojaga: «Sen o’zinga lozim bo’lmagan (noloiyq) ishni qilib, tinch turgan yovni qo’zg’ab qo’yding! Endi mening burnimni va labimni kesib, qiynagin, ana shundan keyin bu ishga hiyla qilish uchun yo’l topaman. Oshkora qarshilik ko’rsatishga yo’l yo’q(kuchimiz etmaydi)» deydi.
Hindlar rojasi uning aytganini qiladi va uni o’sha erga tashlab, (o’zi lashkari bilan) mamlakatning uzoq joylariga ketadi.
Nogoh Kanik qo’shinlari vazirga yo’liqib, uni tanishadi, uni Turon podshohi Kanik huzuriga olib kelishadi. Kanik rojaning vaziridan hol-ahvol so’raydi. Vazir bunday deydi:
«Men rojaga hayrihohlik qilib, sizga qarshi turishdan qaytarib, itoat qilishga chaqirgan edim. U (roja) esa, menga tuhmat qilib ( «Sen sotqinsan», deb), quloq va burunlarimni kesib, rosa qiynadi. O’zi esa boshini olib, juda olis joylarga ketdi. Lekin, o’zimiz bilan bir necha kunga suv olib, yurishimiz mumkin bo’lsa, u bilan bizning o’rtamizdagi og’ir mashaqatlar bilan bosib o’tiladigan biyobonni kesib o’tish oson bo’ladi».
Bunga javoban (Turon podshohi) kanik «Bu ish oson» deydi. Keyin podshoh Kanik vazir aytganidek qilib suv olishga buyurdi. Vazir uni o’sha (cho’l, biyobon) tarafga boshladi va qo’shinning oldiga tushib, cheksiz bir biyobonga kirgizdi-olib bordi. Mo’ljallangan kunlar o’tsa ham yo’llar tugamadi.
Keyin (Turon podshohi) Kanik vazirdan «Suvimiz tugadi, dushman izini topolmadik, endi nima qilish kerak? - deb so’radi.
Shunda vazir podshoh Kanikka bunday javob berdi: -Podshohimning (rojaning) dushmanlarini yo’qotib, o’zini himoya qilish yo’lida yurganimdan keyin meni kechirgaylar. Bu biyobondan chiqadigan eng yaqin yo’l-sening kelgan yo’lingdir, meni nima qilaman desang, qil. Bu biyobondan hech kim qutilib chiqqan emas!» Hikoyaning shu joyigacha Shiroq afsonasi voqeasiga o’xshaydi. Ammo, keyin…
«(Turon podshohi) Kanik bir pastlik er atrofida otini choptirib chiqdi. Keyin borib, nayzasini o’sha joyning o’rtasiga sanchdi. U erdan suv otilib chiqa boshladi. U suvdan askarlar ichib, yo’lga g’amlab oldilar. Buni ko’rib vazir:
-Men xiylamdan ojiz bo’ladigan insonlarni (halok qilishga) qasd qilgan edim, ammo bunday ishga (cho’l o’rtasida suv chiqarishga) qodir bo’lgan farishtalarga qasd qilganim yo’q edi. Ish shunday bo’lgandan keyin, menga ne’mat bergan podshohim haqida mening iltimosimni qabul qilib, uning gunohidan o’tgin,-deydi.
Shunda (Turon podshohi) Kanik unga:
-Men bu erdan orqaga qaytaman, iltimosingni qabul qildim, podshohing o’z qilmishiga loyiq jazoni oldi» deydi.
Keyin podshoh Kanik orqasiga qaytdi. Vazir podshohi oldiga borib qarasa, uning ikki qo’li va ikki oyog’i, Kanik nayzasini erga sanchgan kuniyoq, yo’q bo’lib qolgan ekan».23 Nima uchundir, Beruniy bu qadimgi rivoyatning ildizini, qaysi davrlarda, qaysi qabila yoki elatda to’qib chiqarilgani haqida ma’lumot bermagan. Beruniy aytmasa ham, mantiqiy fikr yuritib, tahmin qilish mumkinki, bu hikoya turk podshohligi muhitida, hind rojalari turklar bilan urushda engilgan bo’lsa ham, takabburligi va o’jarligi sababli holokatga uchraganligi g’oyasiga ko’ra, g’oliblar manfatiga hizmat qiladi. Hikoyada hind rojasi vazirining (Shiroq kabi) o’z vatani dushmanlariga qarshi hiyla ishlatib, o’z mustaqilligini saqlab qolishga intilishi ijobiy baholanmagan. Shunga qaramay, hikoyada o’z podshohini, vatanini himoya qilgan dono vazirga Beruniyning hayrihohligi sezilib turadi.
Shu bilan birga, Beruniy hind rojalari tarihiga doir bu hikoyani bayon qilishda turk podshohlarini farishtalar tomonidan himoya qilinishida ham Beruniyning g’oliblar tarafda turgani seziladi. Sulton Mahmud G’aznaviyning g’olib lashkarlari bilan birga Hindistonga kirib kelgan Beruniy g’oliblarday fikrlashi tabiiy hol edi.
Bu ajoyib rivoyat, hikoyaning g’oyaviy, mafkuraviy, siyosiy aspektlarini bir chetga qo’yib turilsa, uning badiiy-estetik qimmati birinchi o’ringa ko’tariladi. Hikoyada tarixiylik, haqqoniylik-realistik tasvirlar bilan bir qatorda xayoliy-fantastik yoki sirli, g’aroyib hodisalar tasviri (mistika) ham uchraydi. Ilohiy karomat yoki mo’jiza hisoblanuvchi-farishtalarning cho’lda suvsiz qolgan odamlarni halokatdan qutqarib, cho’lda suv chiqarishlari haqida diniy-islomiy e’tiqodi mustahkam bo’lgan Beruniy xayrihohlik bilan yozishi ham tabiiydir. Ayni vaqtda bunday xayoliy-sirli, diniy-mistik tugallanma-hikoyaning estetik qimmatini ham belgilaydi.
Agar Beruniyning bu hikoyasini yanada teranroq, nozikroq estetik tahlil qilsak, shu narsa ravshanlashadiki, qudratli turk podshohi Kanik (ehtimol Qoniq) jangda engilgan hind rojasiga jabr-zulm qilmay, sulh tuzgan va do’stona aloqalar o’rnatgan. Shuning oqibatida, hind rojasi g’olib turk podshohiga sovg’a-salomlar yuborib turgan. O’z navbatida turk podshohi bu sovg’alarni qadrlab, xatto roja yuborgan gazlamadan o’ziga kiyim tikish uchun tikuvchiga ish buyurgan. Mana shu o’rinda hikoya voqeasining yana ikki estetik aspekti, qirrasiga e’tibor beraylik:
Hikoya voqeasidan ko’rinadiki, hind xalqi qadim zamonlardayoq gazlamaga gul bosish yoki suvrat solish darajasida estetik ong va estetik faoliyat sohibi bo’lganlar.
Hind rojasi gazlamaning estetik qimmatini yaxshi bilishidan tashqari, yana badiiy ijod maxsulidan siyosat, mafkura, diplomatiya sohasida g’olib kelish uchun foydalanishni bilgan.
Hikoyada turk, turonlik podshoh hind rojasiga nisbatan soddaroq, oqko’ngilroq inson sifatida tasvirlangan. Oqko’ngilligi shundaki, u hind rojasini avvalgi dushmani deb bilmay, do’stiday ko’rgan va u yuborgan sovg’a gazlamadan kiyim tiktirib kiymoqchi edi.
Turonlik podshohning xizmatkori- tikuvchi ustaning estetik ongi va estetik didi ham hind rojasining ongi va dididan kam bo’lmagan. U, hind rojasining hiylasini, ichi qoraligini sezib, anglab etgan va usa o’z podshohining izzat-hurmatini himoya qilgan.
Turon podshohlari oqko’ngil, mard, bag’rikeng bo’lgani sababli, hizmatkorining fikri bilan hisoblashgan. Hizmatkori podshohga o’z ko’nglidagi gapini bemalol ayta olgan (hozirgi zamon tiliga ko’chirsak, turk podshohligida demokratiya tamoyillariga amal qilingan).
XULOSA Beruniy «Hindiston» asarida olamning tuzilishi haqida qadimgi hind miflari, asotirlari bilan qadimgi yunonlarning asotirlarini taqqoslab, bu ikkala halqning qadimiy e’tiqodlarida turli darajada o’xshashlik va yaqinliklar borligini aniqladi. Bu fikr yunonlar va hindlarning Zevs va uning ayoli-Gera, «farzandlari» hisoblanmish Afina, Apollon, Afrodita, Hermes, Zuhal-Saturn, Mirrih-Mars, Mushtariy-Merkuriy va boshqa sayyoralarning «tug’ilish», kelib chiqishiga qarab aloqador. Lekin, ayni vaqtda Beruniy qadimgi hind asotirlari-mifalogiyasida yunon va rumliklar e’tiqodiga o’xshamaydigan, faqat hindlarga xos kosmogonik aqidalar borligini ham ko’rsatgan. Beruniy «Hindiston» asarining «Qutb va unga oid xabarlar» deb atalgan 22-bobida bunday hind afsonasini keltiradi: «Barohim (Qadimgi hindlar barcha olamlarni paydo qiluvchi oliy ruhni, osmonlar mohiyatini Barohim deb, bir shaxsga aylantirib, tushunadilar-N.S.) odamlarni vujudga keltirishni istaganida, o’zini, ikkiga bo’lgan. O’ng tomonining ismi Viroj va so’l tomonining ismi Manu bo’lgan».24 E’tibor bersangiz, qadimgi hindlar birinchi inson –odam ato o’rniga ikkita odamning ismini aytadilar. Nima uchundir, hind mifalogiyasida Viroj qolib ketib, Erdagi barsa odamlarning bobakaloni Manu deb hisoblanadi. Manunining ikki o’g’li bo’lib, biri Priyor-bota, ikkinchisi- cho’loq podshoh Uttonapoda ekan. Shu podshohning Dhruba ismli o’g’li bo’lgan. Dhruba-o’gay onasi tomonidan xo’rlangani evaziga «mukofot» tarzida Oliy Tangri unga osmondagi barcha yoritgichlarni aylantirish qudratini bergan.
Qadimgi hindlarda Manu yashagan ming yillik manvantara deb ataladi. Keyingi uzoq davrlar ham ikkinchi, uchinchi, to’rtinchi va h.k manvantaralar deb yuritiladi. Hindalar Manuning ikkinchi o’g’li shoh Uttonapodaning o’g’li Dhrubani (ya’ni Manuning nabirasini) qadimgi hindlar Qutb yulduzi deb ataydilar, u o’z atrofidagi barcha yulduzlarni aylantiradi, deb tasavvur qilganlar. Erdan qaraganda osmondagi barcha yulduzlarni va yulduz burjlarini bir o’q atrofida aylantiruvchi Qutb yulduzining etti o’rtog’i bo’lib, Etti qaroqchi yulduzlar to’plamidir. Qutb yulduzini turli xalqlar turlicha ataydilar (Katta ayiq va kichik ayiq. Qutb yulduzi mana shu Kichik ayiq to’plamida. Bu to’plamni Cho’mich yulduzlari deb ham ataydilar).
Qadimgi hindlar miflari, asotirlarida bu halqning yuksak rivojlangan poetik ijodi, badiy-estetik tafakkuri maxsullaridan biri bo’lgan quyidagi afsonada olamning tuzulishi haqidagi kosmogonik tasavvur bilan birga ilmi hikmat sohiblari-avliyo, zohidlarning martabasi, izzat –hurmati benihoya yuksak bo’lganini anglash mumkin. «Hindlarning Sumadattha nomli podshohi bo’lib (Bu ismga o’xshash jug’rofiy manzil-Sumanatha nomli poytaxt-shahar va uning asosiy sajdagohi, buti-sanami haqida Beruniy boshqa bir o’rinda fikr bildiradi.), u yaxshi amallari sababli jannatga kirishga haqli bo’lgan, lekin bu dunyodan ko’chganida badanining ruhidan ajralib qolishiga ko’ngli rozi bo’lmagan. Shunda u Vasshitha ismli rishi-zohidning oldiga borib, o’z badanini sevishini va undan ajrashni istamasligini bildirgan». (Ya’ni, bu podshoh narigi dunyoga badani bilan birag ketmoqchi bo’lgan) Zohid Vasishtha unga tuproqdan bo’lgan badanini jannatga olib borishi yaxshi emasligini tushuntirgan. Podshoh Sunadattha zohid Vasishthaning avlodlari, shogirdlariga shu iltimos bilan murojaat qilgan. Bular podshohni mashara qilib, yuziga tuflashgan. Uni jazolab, ikki qulog’iga zirak taqilgan chandalaga (buzoqqa) aylantirib qo’yganlar. Podshoh shu holatda Vishvo-mitra degan juda kuchli zohidga uchragan. Zohid o’sha podshoh ning bu holatiga achinib, (buzoqqa aylanish) sababini so’raganida, u boshidan kechirganini, orzu, tilagini aytib bergan. Shunda zohid (Vishvo-mitra) zohid Vasishthaning va uning avlodlari bo’lgan zohidlarini, brahmanlarni o’z huzuriga chaqirgan. Zohid Vishvomitra brahmanlarga qarab: «Men shu yaxshi podshoh istagiga etishi uchun boshqa olam va boshqa jannat yasamoqchiman» deb, osmondagi janubiy qutbni va janubdagi Etti qaroqchi yulduzlar burjini yasay boshlagan. Farishtalar va ularning boshlig’i Indra bundan qo’rqishib Vishvo-mitraning oldiga kelib, bu ishni to’xtatishini so’raganlar va podshoh Sumadattani badani bilan jannatga olib boramiz deb va’da berganlar. Shunda haligi zohid ikkinchi olam yasashni to’xtatgan. Lekin o’sha vaqtgacha ishlangani qolavergan. Beruniy aytadiki, osmondagi shimoliy qutb bizcha Etti qaroqchi-Banotu Na’sh va janubiy qutb Suhayl ismi bilan ataladi.
Beruniy Hindlarning bu afsonasiga tanqidiy ko’z bilan qarab, hind astronomiya olimlarining soddaligi ustidan kuladi. U, hindlarning o’n to’rt yulduzni bilgan, tanigan odamlarining umri (har oy) o’n to’rt kunga uzayadi, degan fikrini mashara qilib, «Bizda 1020dan ortiq yulduzlarni taniydigan odamlar bor.
Beruniy yulduzli osmon haqidagi afsonalarni hind halqining og’zaki poetik ijodi, badiiy zakovati mevalari sifatida hurmatlab, ularning kelib chiqish sabablarini tushunishga harakat qiladi.