I BOB. IQTISODIY O‘SISH
Shu narsa kundek ravshanki, iqtisodiy o‘sish favqulodda murakkab hodisa hisoblanadi. Barchani birdek qanoatlantiruvchi iqtisodiy o‘sish nazariyasi tabiiy resurslar, siyosiy institutlar, qonunchilik, shuningdek, bir qator ijtimoiy va psixologik omillarni inobatga olishi lozim. Bu xil keng qamrovli iqtisodiy o‘sish nazariyasini ishlab chiqishning amalda deyarli imkoni yo‘q.
Ben B. Seligmen
Iqtisodiy o‘sishning mazmuni va turlari
Iqtisodiy o‘sishning ko‘rsatkichlari va omillari
Iqtisodiy o‘sishni o‘lchash
O‘qitish maqsadi: iqtisodiy o‘sish tushunchasi va iqtisodiy rivojlanish, iqtisodiy tushunchalar va ularniig mazmuni, iqtisodiy yondashuvlar, ikki tarmokli yondashuvlar, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari to‘g‘risida tushuncha, ularning mazmunini aniqlashga doir nazariy bilimlarni shakllantirish.
Tayanch iboralar: iqtisodiy o‘sish, yalpi ichki mahsulot, yalpi milliy mahsulot, sof milliy mahsulot, ekstensiv omillar, intensiv omillar, talab, taklif, taqsimot, qisqa muddatli o‘sish, uzoq muddatli o‘sish, tabiiy resurs, moddiy resurs, moliyaviy resurs, tarmoq iqtisodiyoti, barqaror iqtisodiy o‘sish.
Iqtisodiy o‘sishning mazmuni va turlari
Har qanday mamlakat hukumati iqtisodiy siyosatining uzoq muddatli maqsadlaridan biri- bu shubhasiz iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdan iboratdir. Ushbu holatda qaysi omillar iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi va qaysi omillar iqtisodiy o‘sishni cheklashi borasida aniq tasavvurga ega bo‘lish lozim. Iqtisodiyot nazariyasida samarali uzoq muddatli iqtisodiy siyosatni ishlab
chiqish va amalga oshirish, muayyan bir mamlakat doirasida iqtisodiy o‘sishning maqbul sur’atlariga erishish imkonini beruvchi iqtisodiy o‘sishning dinamik modellari ishlab chiqilgan.
Iqtisodiy ta’limotlar tarixining taniqli namoyondalaridan biri bo‘lgan B. Seligmanning epigrafda keltirib o‘tilgan fikri shuni angla-tadiki, iqtisodiy o‘sish nazariyalarining mualliflari, taniqli iqtisod-chilar har jihatdan mukammal iqtisodiy o‘sish nazariyasini yaratishga da’vo qilmagan bo‘lsalarda, ular keng qamrovli iqtisodiy o‘sish fenomenini tushuntirishga harakat qilganlar. Shu bois, iqtisodiy o‘sishning mohiyati va unga ta’sir ko‘rsatuvchi ahamiyatli omillarni ochib berishga qaratilgan har qanday nazariya yoki modelda muayyan bir taxmin va farazlarga yo‘l qo‘yiladi
Iqtisodiy o‘sish negizida iqtisodiyotdagi yetakchi tarmoqlarning rivojlanishi turadi. Iqtisodiy o‘sish ishlab chiqarishning ilg‘or tuzilmasiga, yuqori
mehnat unumdorligi darajasiga, ichki va tashqi bozorda talab katta bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga, mahsulotni qulay bozorlarda sotishga tayanadi. Boshqacha aytganda, iqtisodiy o‘sish mahsulot ishlab chiqarishning real hajmini muttasil qo‘paytirib borish va ayni paytda jamiyat taraqqiyotida texnologik, iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarning yaxshilanib borishini anglatadi. Agar muayyan bir mamlakat iqtisodiyoti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘proq yalpi ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lsa, u holda biz kengaytirilgan takror ishlab chiqarish borasida so‘z yuritishimiz o‘rinli bo‘ladi. Aynan, kengaytirilgan takror ishlab chiqarish dinamikasi iqtisodiy o‘sishning tabiiatini ochib beradi. Shu o‘rinda iqtisodiy o‘sish nima? Uni qanday o‘lchash mumkin? Iqtisodiy o‘sishga ta’sir etuvchi omillar nimalardan iborat?-degan savollar tug‘ilishi tabiiydir.
Iqtisodiy o‘sishni aniqlash va hisoblashda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining eng umumiy ko‘rsatkichi bo‘lgan yalpi ichki mahsulot (YaIM) asos bo‘lib xizmat qiladi va iqgisodiy o‘sishning muayyan davr mobaynida real YaIM hajmining ijobiy tomonga o‘zgarishini ko‘rsatadi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlari YaIM o‘sish sur’atlarida o‘z aksini topadi.
YaIMning o‘sish sur’atlari joriy davrdagi va o‘tgan davrdagi real YaIM o‘rtasidagi farqning o‘tgan davrdagi real YaIM qiymatiga nisbati sifatida topiladi: Y=(Yt-Y
t-1)/Y
t-1 *100%=
Yt / Y
t-1 *100% (1)
Bu yerda:
Yt - qarab chiqilayotgan davrda real YaIMning qiymati;
Yt-1
o‘tgan davrdagi YaIMning real hajmi.
Iqtisodiy o‘sish mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining umumiy holatini ifodalaydi. Real YaIM hajmining o‘zgarishi mamlakat iqtisodiyoti holati va dinamikasi to‘g‘risida ma’lumot bersada, iqtisodiy o‘sishni to‘liq aks ettirmaydi. Mamlakat aholisining o‘sish sur’ati 3% ni, real YaIM ning O‘sish sur’ati ham 3% ni tashkil etdi.
Bunday holatda, garchi YaIM hajmi o‘sgan bo‘lsada, kishilarning daromadlari o‘zgarmay qoladi. Shu sababli iqtisodiy o‘sishni to‘laroq aks ettirish uchun boshqa bir ko‘rsatkich — aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan real YaIMning o‘zgarishi qo‘llaniladi. O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning har bir bosqichida makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash asosiy ustuvor vazifa etib belgilab kelindi. Ma’lumki, makroiqtisodiy barqarorlik mamlakatning YaIM da namoyon bo‘ladi va u davlatning iqtisodiy qudratiga baho beradi.
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va uning samarali ijro etilishi orqali iqtisodiy islohotlarning yuqori natijalariga erishildi. O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy- iqtisodiy siyosati tubdan o‘zgardi. Harakatlar strategiyasiga muvofiq, iqtisodiy rivojlanish, avvalo aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi bosqichga o‘tdi. 2021 yilda dunyo bo‘yicha ayrim mamlakatlarning iqtisodiyotlarida tiklanish jarayoni boshlangan bo‘lsa, ba’zi davlatlar pandemiya sababli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozdan hali ham chiqib keta olganlari yo‘q. Global miqyosda davom etayotgan pandemiya hamda iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq mavhumliklar saqlanib qolayotgan shunday sharoitida, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘z vaqtida muvofiqlashtirilgan fiskal va monetar siyosat natijasida 7,4 foiz o‘sishni
qayd etib, jadal ravishda tiklanishda davom etdi. Shuningdek, 2021 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning yirik iqtisodiy hamkor davlatlarining iqtisodiyotlarida o‘sish qayd etilgan. Xususan, Rossiya Federatsiyasining iqtisodiyoti 2020 yilda 3,0 foizga qisqarganidan so‘ng, 2021 yilda 4,3 foizga o‘sganligi hisoblangan.