1.2.Boshlang‘ich sinflarda matematika kursida birinchi o‘nlik sonlarini o‘rganishda ko‘pburchaklar didaktik, ya’ni sanoq vositalari sifatida qo‘llanilishi
Boshlang‘ich sinflarda matematika kursida birinchi o‘nlik sonlarini o‘rganishda ko‘pburchaklar didaktik, ya’ni sanoq vositalari sifatida qo‘llaniladi. So‘ngra esa ko‘pburchaklarning elementlari (tomonlari, burchaklari va uchlari)ni o‘rganishga kirishiladi. Masalan: uchburchak tushunchasini kiritishda o‘quvchilar har xil materiallardan (qog‘ozdan, plastmassadan, yog‘ochdan) qilingan, turli xil kattalikdagi, rangdagi, ko‘rinishdagi (o‘tkir burchakli, o‘tmas burchakli, teng yonli, teng tomonli, turli tomonli) uchburchaklarni o‘quvchilarga ko‘rsatib, ularning muhim bo‘lmagan xossalari (turli xil materiallardan yasalganligi, rangi, katta- kichikligi, turli ko‘rinishga ega ekanligi)dan abstraktlashib, uchburchak uchun asosiy muhim xossalar bu uning uchta uchi, uchta tomoni va uchta burchagi mavjudligi ekanligiga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi.
Metodik qo‘llanmalarda bu ishni quyidagicha amalga oshirish tavsiya etiladi; sinfga olib kirilgan har xil materiallardan qilingan turli xil rangdagi, kattalikdagi, ko‘rinishdagi uchburchaklarni o‘quvchilarga ko‘rsatib, o‘qituvchi: «Bular uchburchaklar. Ular bir-birlaridan rangi, katta-kichikligi, ko‘rinishi bilan farq qilsa ham, ularning hammasi bir xilda «uchburchaklar» deb ataladi. Kim aytadi, nega bu figuralar (barcha olib kirgan uchburchaklarni ko‘rsatadi) uchburchak deyiladi?» (Chunki bularning uchtadan burchagi bor). O‘qituvchi ko‘rsatib turib gapiradi: «Bu uchburchakning tomoni, bu uchburchakning uchi. Uchburchakning nechta tomoni bor, nechta uchi bor?» O‘quvchilar bu savollarga javob berish natijasida uchburchakning uchta tomoniligini anglab yetadilar. Shundan keyin o‘quvchilarning o‘zlaridagi uchburchak modellarida uchburchak elementlarini ajratishadi. Bunda o‘quvchilar uchburchakning uchi bu nuqta ekanligini, uchburchakning tomoni esa kesma ekanini aniq tushunib olishlari muhimdir.
Uchburchakning yana bir elementi-burchagi bilan tanishtirishda o‘quvchilar birinchi marta burchak haqida tasavvurlarga ega bo‘ladilar va bunda burchak uchburchakning «uzib olingan burchagi» sifatida talqin etiladi.
Shuning uchun ham o‘qituvchi uchburchak burchagini ko‘rsatish bilan bir qatorda (ko‘rsatkichning bir uchini uchburchak uchiga qo‘yib, uni burchakning bir tomonidan ikkinchi tomonigacha burib boriladi) katta ko‘rsatmalilik uchun uchburchakning bir qismini-uning burchagini uzib olishi kerak.
O‘quvchilar o‘zlari kog‘ozdan, plastilin va cho‘plardan foydalanib, uchburchaklar modellarini yasashi, daftarlarida uchburchak chizishi va ularni bo‘yashi, boshqa geometrik figuralar ichida uchburchaklarni ajratishga doir mashqlarni bajarishlari muhim ahamiyaitga ega.
Bu mashqlarni bajarish natijasida o‘quvchilar uchburchaklar elementlarini ko‘rsatishni: uchburchakning uchi (nuqtalarni ko‘rsatishadi), uchburchakning tomoni (kesmalarni ko‘rsatishadi, bunda kesmaning bir uchidan ikkinchi uchigacha ko‘rsatiladi), uchburchakning burchaklarini anglab yetadilar.
O‘quvchilarni to‘rtburchaklar, beshburchaklar va oltiburchaklar bilan tanishtirish ham xuddi mana shu reja asosida amalga oshiriladi, bunda o‘quvchilar e’tborini o‘rganilayotgan ko‘pburchak nomi bilan uning elementlari soni o‘rtasida bog‘liqlik mavjud ekanligiga qaratish lozim: uchburchak-uchta burchak, uchta uch, uchta tomon, to‘rtburchak- to‘rtta burchak, to‘rtta uch, to‘rtta tomon va hokazo. Bundan tashqari, o‘quvchilar bu elementlar soni, ya’ni burchaklar, uchlar, tomonlar soni teng bo‘lishini tushunib yetadilar.
Dostları ilə paylaş: |