Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari. Quyi Amudaryo okrugi janubi sharqdan shimoli g‘arb tomonga cho‘zilgan bo‘lib, shu tomon kengayib, pasayib boradi. Okrug janubi sharqda Тuyamo‘yin tangligidan boshlanib, Orol dengizigacha davom etadi. Shu masofada uning uzunligi 400 km bo‘lib, kengligi bir xil emas.
Pitnak balandligida (mutlaq balandligi 200 m atrofida) Amudaryo vodiysi juda torayib, Тuyamo‘yin tangligini hosil qiladi. Тuyamo‘yin tangligidan o‘tgach, okrugning kengligi kattalashib, taxminan 10-12 km, mutlaq balandligi 150 m ni tashkil etadi. So‘ngra Amudaryoning qadimiy deltasi boshlanib, kengayadi (75-80 km).
Тaxiatosh tangligidan shimoli g‘arbga qarab Amudaryoning hozirgi zamon deltasi boshlanadi. Delta bu qismda kengayadi (140-150 km) va pasayib, mutlaq balandligi 60-95 m ga tushib qoladi. Bu deltaning maydoni Orol suv sathining pasayishi hisobiga kengayib bormoqda.
Orolning qurigan o‘rnida ulkan sho‘rqum, sho‘rxokli landshaftlar majmuasidan iborat tiрik cho‘l tarkib topdi. Bu cho‘lni Orolqum deb atash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shamol ta’sirida o‘sha qumlar uchib, Quyi Amudaryoga tuz yog‘ini yog‘moqda. Mo‘ynoq shahri atrofidagi har gektar maydonga 1000 kg tuzli changlar tushmoqda.
Quyi Amudaryo yer yuzasi tekis bo‘lganligidan Amudaryo tarmoqlanib, ilonizi bo‘lib oqib, bir nechta o‘zanlar hosil qilgan. Eng muhim qadimiy o‘zanlari o‘ng qirg‘oqdan Orol tomon yo‘nalganlari Qora O‘zak, Shertanboy, Kindiksoy, Qorako‘lsoy kiradi. Chap qirg‘oqdan boshlanuvchi va Sariqamish tomon yo‘nalgan eng qadimiy o‘zanlari esa Ko‘hnadaryo, Daryoliq, Davdan hisoblanadi. Ana shu qadimiy o‘zanlar orasida nisbiy balandliklari 60-80 m ga yetuvchi bir nechta tepalik va qoldiq tog‘lar joylashgan. Ularning eng muhimlari Quyonchiq, Qoratov, Jumirtov, Barlitov va boshqalardir.
Quyi Amudaryo okrugi negizida bo‘r davri yotqiziqlari joylashgan. Uning ustilarini paleogen, neogen va antropogen alluvial yotqiziqlari (gil, gilli qum, qumoq va boshqalar) qoplab olgan. Okrugda qazilma boyliklardan har xil tuzlar, qurilish materiallari, Sulton Uvays tog‘ida marmar, temir koni mavjud.