2.2 Markaziy Osiyoda Afg’oniston masalasi mintaqaviy xavfsizlikning bosh maqsadi
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega bo‘lib, milliy urf-odatlarimiz hamda an’analarimiz o‘xshash. Afg‘on va o‘zbek xalqlarini bir necha ming yillik tarix bog‘lab turadi. Mintaqada tashkil topgan Parfiya, Baqtriya, Kushon, Eftalitlar kabi buyuk davlatlar har ikki xalqqa birdek taaluqlidir. Xalqlarimiz birgalikda buyuk madaniyat yaratishgan. X asrda buyuk ajdodlarimiz tuzgan G‘aznaviylar davlatining gullab yashnashiga mintaqadagi boshqa xalqlar kabi o‘zbeklar ham, afg‘onlar ham katta hissa qo‘shishgan. Buyuk Amir Temurning o‘g‘li Shohruh aynan Afg‘oniston hududlarida hukmronlik qilgan. Yevrosiyo markazidagi strategik holati sabab Afg‘oniston hamisha buyuk davlatlarning kurash maydoni bo‘lib kelgan. Bu jihat 18 asrdan boshlab yaqqol ko‘zga tashlana boshlandi. Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida Buyuk Britaniya uch marta urush olib borgan. 1919-yilning 19-avgustida Afg‘oniston Buyuk Britaniyadan ozod bo‘ldi. 1973-yil 17-iyul kuni Afg‘onistonda davlat to‘ntarishi yuz berib, monarxiyaga barham berildi va respublika deya e’lon qilindi. Mana shu davrdan boshlab Afg‘oniston tarixida siyosiy beqarorliklar boshlandi. Prezident Muhammad Dovud islohotlar o‘tkazish orqali mamlakatni modernizatsiya qilishga urindi, biroq buning uddasidan chiqa olmadi. Bundan roppa rosa 40 yil muqaddam — 1978-yilning aprel oyida Afg‘onistonda inqilob boshlandi. Prezident Muhammad Dovud oila a’zolari bilan qatl etiladi, hokimiyatga Afg‘oniston Xalq demokratik partiyasi keladi.
1978-yilning aprelida yuz bergan Savr inqilobidan so‘ng Afg‘oniston Demokratik respublikasi e’lon qilinib, uning rahbari etib Nur Muhammad Taraki, Inqilobiy Kengash raisi etib esa Hafizulla Amin saylanadi. Hukumat radikal islohotlar o‘tkaza boshlaydi, bu o‘z navbatida, ananaviy turmush tarzini kechirishga odatlangan jamiyatda noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqaradi. Shu tariqa mamlakatda fuqorolar urushi boshlanib ketadi. Hukmron Xalq Demokratik partiyasi 1967-yildayoq ikkita — Xalq va Parcham fraksiyalariga bo‘lingan edi. Xalq fraksiyasining rahbari Nur Muhammad Taraki maxfiy tarzda o‘z tarafdorlari tomonidan o‘ldiriladi. Davlat rahbarligiga Hafizulla Amin keladi. U Moskva tomonidan istalgan vaqtda G‘arb tomon og‘ib ketuvchi rahbar sifatida ko‘rilar edi, shu sababli undan voz kechishga qaror qilindi. Shu tariqa Afg‘onistonga “sho‘roviy”lar harbiylari kiritildi. Natijada “sho‘roviy”lar fuqorolar urushiga bevosita aralashdi, to‘g‘ri keyinchalik (1989-yilda) chiqib ketgan bo‘lishiga qaramay, Afg‘onistonda mana 40 yil bo‘layaptiki, fuqorolar urushi davom etmoqda. “Sho‘roviy”larga qarshi kurashayotgan afg‘on mujohidlarini g‘arb mamlakatlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. 1989-yildan keyin ham fuqorolar urushi to‘xtamadi, balki kuchga to‘ldi. Mamlakat shimolida dala qo‘mondonlaridan tashkil topgan guruh paydo bo‘ldi. Shimoliy alyans 1992 yilning aprelida poytaxt Qobulga kirdi va Afg‘oniston Demokratik Respublikasi tugatildi. Poytaxtda Ahmad Shoh Ma’sud va Gulbiddin Hikmatyor o‘rtasida hokimiyat uchun kurash ketar ekan, mamlakat janubida asosan pushtunlardan iborat, ammo o‘zlarini butun afg‘on xalqini himoyachisi deya e’lon qilgan “Tolibon” harakati kuchga to‘la boshladi. Ularning maqsadi Afg‘onistonda Islom davlatini qurish edi. 1996-yilda Toliblar mamlakatning katta qismini o‘z nazoratlariga olishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular sentabrda Qobulni egallashdi, prezident Muhammad Najibullani qatl etishdi, Shimoliy alyans esa shimoliy viloyatlarga chekinishga majbur bo‘ldi. Toliblar hukmonligi davrida Afg‘onistonning qadimiy yodgorliklari yo‘q qilindi, xotin-qizlarning ta’lim olishlari taqiqlandi.8
2001-yilning 11-sentabr hodisalaridan so‘ng xalqaro terrorchi Usama ben Ladenga Afg‘oniston toliblari boshpana berdi. Bu o‘z navbatida, AQShning Afg‘onistonga qo‘shin kiritishiga bahona bo‘ldi. Buning natijasi o‘laroq 2002-yil boshlarida toliblar rejimi quladi, biroq “Tolibon” harakati butunlay yo‘q qilinmadi. Harakatning asosiy kuchlari Vaziriston tog‘lariga chiqib ketishdi, qolgan qismi esa Afg‘oniston va Pokiston hududlarida partizanlik urushini davom ettirdi.
Toliblar rejimi qulagandan so‘ng zamonaviy Afg‘oniston Islom Respublikasi tuzildi. 2001-yil dekabrida Bonn konferensiyasida afg‘on siyosiy namoyandalari tomonidan Hamid Karzay Afg‘oniston O‘tish ma’muriyati rahbari etib saylandi. 2002-yilning iyunida Loyya-jirg‘a (mamlakatdagi barcha guruh, elat, qabila vakillari kirgan Oliy Kengash) uni Afg‘onistoning Muvaqqat prezidenti etib sayladi. 2004-yilda yangi Konstitutsiya qabul qilindi va ilk bor prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, saylovda Hamid Karzay g‘alaba qozondi. 2009-yil 20-avgustda bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovida Hamid Karzay ikkinchi muddatga prezident etib saylandi. 2014-yilgi saylovda Ashraf G‘ani Afg‘oniston prezidenti lavozimini qo‘lga kiritdi. Shunga qaramay, mamlakatda hamon fuqorolar urushi davom etmoqda.
Afg‘oniston prezidenti «Tolibon» radikal harakati bilan tinchlik muzokaralari tarafdori, shuningdek, uni siyosiy guruh sifatida tan olishga tayyor. Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani 28 fevral kuni Kobulda «Kobul jarayoni» ikkinchi xalqaro konferensiyasining ochilishida mazkur bayonot bilan chiqish qildi.
Xabarlarga qaraganda, afg‘on toliblari Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining “Tolibon”ni siyosiy tashkilot deya tan olish va tinchlik borasidagi taklifini sovuqonlik bilan kutib olishdi. Ma’lumki, 20 dan ortiq mamlakat vakillari tinchlikni qo‘llab-quvvatilashga qaratilgan mazkur rejani qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan edi. Prezident G‘ani qamoqdagi toliblarni ozod qilish, sanksiyalarni bekor qilish va “Tolibon”ni siyosiy tashkilot sifatida tan olish kerakligi borasida taklif bilan chiqdi. Bir kunlik konferensiya yakunida uning ishtirokchilari qo‘shma bayonot qabul qildilar va toliblarni “zo‘ravonliklarga tezlik bilan chek qo‘yib”, Afg‘oniston boshchiligidagi tinchlik sa’y-harakatlariga qo‘shilishga, o‘z maqsadlariga yetishish yo‘lida Qobul xukumati bilan muzokoralar o‘tkazishga chaqirishdi. «Tinchlik shartnomasi barcha ishtirokchilar uchun g‘alaba bo‘ladi va biror bir tomoning mag‘lubiyatini anglatmaydi», deyiladi bayonotda. BMTning Afg‘onistondagi Missiyasi G‘anining taklifini qo‘llab-quvvatladi va “afg‘onlararo muloqot orqali tinchlikka erishish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi” borasida bayonot berdi.
O‘zbekiston Afg‘oniston muammosini hal qilishda o‘zining maqsad va prinsipial pozitsiyasiga sodiq qolmoqda. O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘mak berishda tinchliksevar loyihalarni amalga oshirish, qo‘shni davlatning uzoq muddatli urushdan vayron bo‘lgan iqtisodiyotini tiklashda ishtirok etish orqali o‘z qat’iyatini namoyish qilib kelayapti. O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning strategik ahamiyatini inobatga olib, eng yuqori martabali minbarlardan turib, jahon afkor ommasining e’tiborini afg‘on mojarosini hal qilish zaruratiga qaratayotir. Xususan, Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida hamda 2017-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, “Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir. Afg‘oniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida bo‘lishi lozim. Xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari, birinchi navbatda, Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerak”.
O‘tgan yili ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev hamda Ashraf G‘ani Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti sammitlari, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi doirasida 5 marta uchrashdi. 2017-yilning 4 — 6 dekabr kunlari Afg‘oniston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi, tashrif davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarga oid 20 hujjat imzolandi. 2017-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 39,6 foiz oshib, 599 million AQSh dollarini tashkil qildi.
19-yanvar kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarida O‘zbekiston tomoni joriy yil mart oyining oxirida Toshkentda “Afg‘oniston — tinch kelajak sari yo‘l” mavzuida xalqaro vazirlar konferensiyasi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Xalqaro anjuman Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralarining asosiy tamoyillarini muvofiqlashtirish, Afg‘oniston hukumati hamda qurolli muxolifat o‘rtasida muzokaralar olib borish mexanizmini ishlab chiqish, muzokaralar jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro qo‘shma tadbirlarni muvofiqlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Toshkent konferensiyasining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamichi Yamamoto, Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek, Rossiya, Xitoy, AQSh, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi ishlar idoralari rahbarlari qatnashishi kutilmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashining Afg‘onistonda vaziyatni bartaraf etishga bag‘ishlangan uchrashuvi ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yillik tajribaga tayanilsa, Afg‘oniston Islom Respublikasidagi mavjud muammolarni kuch bilan hal qilishga urinishlar samarasizligini ko‘rsatgan. Afg‘onistondagi tinchlik hamda xavfsizlikning asosiy masalalari, shuningdek, markaziy hukumat va qurolli muxolifat kuchlari o‘rtasida bevosita muloqot orqali o‘zaro kelishuvga erishish bo‘yicha keng miqyosli xalqaro konsensusga erishish har qachongidan ham ko‘proq zaruratdir. Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan konferensiya borasidagi tashabbus Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish jarayoniga jalb qilingan ko‘plab davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentidan joriy yil 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga oid maktub keldi. AQSh Prezidenti O‘zbekiston Prezidentining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ta’rifi bayon etilgan maktubini olganidan mamnun bo‘lganini qayd etdi. Maktubda AQShning Janubiy Osiyodagi strategiyasi mintaqa mamlakatlarini Afg‘onistondagi nizoni tartibga solish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun birdek mas’uliyat his qilishga undashi ta’kidlangan. Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu esa o‘z navbatida, vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiyot, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishini qayd etdi.
Bugun Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi Yevrosiyo mintaqasining barcha mamlakatiga katta naf keltirishi hech kimga sir emas. Shu o‘rinda 1999-yil 19-20-iyulida nizolashayotgan tomonlar vakillari, xususan, “Tolibon” hamda Afg‘onistonning qo‘shni mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari ishtirokida Toshkentda O‘zbekiston tashabbusi bilan “6+2” muloqot guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tganligini eslatib o‘tamiz. Muzokaralar yakunida Afg‘onistondagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Afsuski, 2011-yil 11-sentabrda AQShda sodir etilgan terroristik harakatdan so‘ng NATO harbiy kuchlari Afg‘onistonga kiritilib, Hamid Karzay boshchiligidagi yangi hukumat tashkil etilgach, “6+2” guruhi faoliyati to‘xtab qolgan edi. Afg‘on muammosini harbiy kuch bilan hal qilish yo‘li yo‘qligiga urushda qatnashayotgan tomonlar tobora ko‘proq iqror bo‘lishmoqda. Mintaqadagi urushni tezroq tugatish, Afg‘onistonda tinchilik o‘rnatish bugun butun dunyo bong urmoqda. Vaziyat shu darajaga yetdiki, bir paytlar bu mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etishga mutlaqo qarshi chiqqanlar ham endi fikrini o‘zgartirmoqda.
Markaziy Osiyoning dardli, og‘riqli nuqtasi bu — Afg‘onistondir. Afg‘oniston nainki mintaqamiz, balki dunyoning eng tashvishli, chigal va qarama-qarshilikka to‘la muammosidir.
Ayni damda bu yerda Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash xalqaro kuchlari (ISAF) faoliyat yuritadi. Davlat byudjeti 3,3 milliard dollarni tashkil qiladigan Afg‘oniston juda ham qashshoq bo‘lib, tashqi yordamga muhtoj. AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistonga kirganidan so‘ng giyohvand moddalar yetishtirish bir necha barobar oshib ketdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda jahon bozoriga yetkaziladigan opiumning 90 foizi yetishtiriladi.
Afg‘oniston ko‘p millatli davlat bo‘lib, 34,1 mln aholiga ega. Savodxonlik erkaklar orasida 43%ni, ayollar orasida esa 12 %ni tashkil qiladi. The AsiaFoundation[en] tomonidan 2012-yilda o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, pushtunlar 40%, tojiklar — 33 %, xazariylar — 11 %, o‘zbeklar — 9 %ni tashkil qiladi.9
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 13-oktabrda o‘rnatilgan. Ikki tomonlama hamkorlik 2016-yilga kelib, izchil rivojlana boshladi. 2017-yil yanvarda Toshkentda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili tayinlangani mamlakatimizning ikki tomonlama munosabatlarga ajratayotgan e’tibori namunasi bo‘ldi.
O‘zbekiston yon qo‘shnimiz bo‘lmish afg‘on diyorida hamisha tinchlik va osoyishtalik hukm surishini istab kelgan, bu o‘lka xalqiga doimo yordam qo‘lini cho‘zgan. O‘zbekistonlik quruvchi va mutaxassislar tomonidan “Termiz — Hayraton — Mozori Sharif” temir yo‘li qurilib, foydalanishga topshirilganini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan “Mozori Sharif – Hirot” temir yo‘li va “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojlanishiga xizmat qiladi.
Termiz shahridagi ixtisoslashgan shifoxonada Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Afg‘onistonliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish, temir yo‘l hamda boshqa sohalar mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Surxondaryo viloyatida maxsus ta’lim markazi tashkil etilgan. Joriy yilning 21 yanvar kuni 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yoshlar Termiz xalqaro aeroportida kutib olindi. Ular O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazida tahsil olish uchun tashrif buyurishdi. Afg‘onistonlik yoshlar mazkur markazda ikki yil davomida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida pedagogik tahsil olishadi. Shundan so‘ng o‘z yurtlariga qaytib, sohalari bo‘yicha afg‘on o‘quvchilariga dars berishadi. Markazda dastlabki bosqichda o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 97 nafar talaba, shu jumladan, 86 nafar o‘g‘il bola va 11 nafar qiz bolani o‘qitish nazarda tutilgan.
O‘tgan yili dekabrida Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘ani ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokoralarda Afg‘oniston Prezidenti o‘zbek tilida lutf qildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev buni olqishlab, bu xalqlarimiz tarixi, tili, madaniyati yaqinligining dalolati ekanini ta’kidladi. Uchrashuvda umumiy madaniy-ma’naviy merosimiz ramzi bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalarimiz qadamjolarini birgalikda qayta tiklash, ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha ham kelishib olindi. 2018-yil Afg‘onistonda Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro konferensiya, Toshkentda olima ayollarga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Afg‘oniston uchun zarur mutaxassislarni mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishga tayyorligini bildirdi.
Tadbirda samimiy do‘stlik munosabatlarining ifodasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 dona “Isuzu” rusumli avtobus va “New Holland” markali 3 ta traktor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan birodar Afg‘onistonga hadya etilgani e’lon qilindi. Shu yilning 10-yanvar kuni Afg‘oniston Islom Respublikasining Hayraton shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika Afg‘oniston xalqiga hadya qilinishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari, Afg‘oniston Prezidenti ma’muriyati va hukumati, ushbu mamlakat jamoatchiligi va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.10
Kirish
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshiriq va ko‘rsatmalariga muvofiq, yagona tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda TIVning O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan o‘zaro aloqalari kuchaytirildi. Ikkala vazirlikning birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish uchun tegishli tuzilmalar tashkil qilindi. Mahsulot va xizmatlar eksportini diversifikatsiyalash, respublikaga investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Vazirlik va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ish uslubi va tizimiga yangi yondashuvlar joriy qilinmoqda.
TIV tizimida Iqtisodiy diplomatiya departamenti tashkil etilib, u bevosita mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, xorijiy investitsiyalar va moliyaviy-texnik ko‘makni jalb etish, turizm sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Xalqaro ishbilarmon doiralari bilan aloqalarni faollashtirish, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa yirik xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni jadallashtirish iqtisodiy diplomatiyaning muhim yo‘nalishlariga aylandi.
2020-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston hukumati va kompaniyalari rasmiy delegatsiyalarining dunyoning 48 davlatiga tashriflari tashkil etildi. Xorijiy davlatlarning savdo-iqtisodiy idoralari rahbarlari va vakillari bilan 250 dan ortiq uchrashuv va biznes-forumlar o‘tkazildi. O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot marosimlari uyushtirildi.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun xorijiy davlatlardan 11,6 mln. dollar miqdoridagi insonparvarlik yordami, moliyaviy-texnik ko‘mak va grantlar jalb qilindi.
O‘zbekistonning 2019-yil 15-oktabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (TDHK, Turkiy kengash) a’zo bo‘lishi turkiy sivilizatsiyaning rivojlanishida yurtimizning tarixiy roli hamda Toshkentning ko‘p tomonlama diplomatiyasi faollashuvi nuqtai nazaridan muhim voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston o‘tgan qisqa davrda Turkiy kengashdagi ishtiroki doirasida qator muhim tashabbuslarni amalga oshirishga erishdi. Xiva shahri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilindi, TDHKning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruhi va Transport sohasida hamkorlik bo‘yicha Ishchi guruhi tashkil qilindi. TDHK va JSST o‘rtasida Memorandum loyihasi tayyorlanmoqda.
Mamlakatimizning Turkiy kengashda ishtiroki nafaqat Markaziy Osiyo, balki Kavkaz va Yevropa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning rivojlanishi va kengayishiga xizmat qiladi. Bu bilan mazkur mintaqalar transport-logistika yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash uchun yangi istiqbollar yaratilmoqda, hududlararo savdoni rivojlantirish bilan birga mamlakatlarga yangi bozorlarga chiqish, transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish imkoni yaratilmoqda.
Biz, shuningdek, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashiga qator a’zo davlatlar, xususan Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va O‘mon bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish niyatidamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 31 yilligini izchil ichki islohotlar va yangilangan tashqi siyosat bilan kutib olmoqda. Mamlakat ichki hayotida kuzatilayotgan ochiqlik, innovatsiya va yangilanishlar, shuningdek, iqtisodiy liberallashtirish, bozorni rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, raqamlashtirish, yangi texnologiyalarni joriy qilish, ta’lim va ma’rifat, fuqarolar faolligi va inson huquqlari himoyasiga e’tibor – bularning barchasi, shubhasiz, mamlakatimizning tashqi siyosatiga ta’sir etmoqda.
Aksariyat xalqaro ekspertlar va xorijiy siyosatchilar fikriga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Respublikasi o‘zining misli ko‘rilmagan ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, aniq va konstruktiv siyosatni olib bormoqda.
Mamlakatning iqtisodiy ochiqligi hamda investitsiyalar va biznes uchun jozibadorligi, barcha muammoli masalalarni yakdillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik asosida hal etishga intilish, dunyoning yetakchi davlatlari va boshqa mamlakatlari bilan muvozanatli va o‘zaro manfaatli aloqalar yuritish, siyosiy ishonch va xalqaro huquqqa rioya etilishi asosidagi o‘zaro hamkorlikka intilish – bizning xorijiy sheriklarimiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosiy kursni aynan ana shunday tavsiflamoqda.
Aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan, qaysi sohaga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda yosh avlod, farzandlarimizning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish Prezidentimiz tomonidan ustuvor yo‘nalish etib belgilangan O‘zbekiston uchun bu ayniqsa muhimdir.
Jahon hamjamiyatida O‘zbekiston Prezidentining yoshlarni islohotlar va modernizatsiya jarayonlariga jalb qilmasdan, davlatlarni rivojlantirish va xususan insoniyat duch kelayotgan ko‘plab muammolarni hal qilish mumkin emasligi haqidagi g‘oyasi keng e’tirof etildi. Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirini kamaytirish, pandemiya va boshqa tabiiy ofatlar bilan kurashish shular jumlasidandir. Muhtaram Prezidentimizning so‘zlari bilan aytganda, ushbu masalalarning barchasi “o‘zaro kelishilgan global hamkorlikni va mavjud muammolarni hal etish jarayonlariga yoshlarni faol jalb qilishni talab etmoqda”.
Islom hamkorlik tashkiloti va BMT doirasida ilgari surilgan yuqorida zikr qilingan takliflardan boshlab, yoshlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish masalalariga bevosita aloqador bo‘lgan bugungi kunda barchaga ma’lum qator xalqaro tashabbuslar O‘zbekiston rahbariga tegishlidir.
Keng doiradagi ushbu forum qatnashchilari O‘zbekiston rahbarining 2017-yil BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusini bir ovozdan ma’qulladi. Ushbu taklif, asosan, insoniyatning yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, uning erkin bo‘lishi va barcha sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini qonuniy ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
BMT, Venetsiya komissiyasi, YXHT rahbarlari, xalqaro ombudsmanlar va forumning boshqa taniqli ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Samarqand forumining natijalari “kelajak uchun huquqiy vositalar”ni ishlab chiqish va ilgari surishda yoshlarni jalb qilishga hamda “barqaror rivojlanish loyihalarida ular faolligini oshirishga qaratilgan 2030-yilgacha BMTning yoshlar strategiyasi barqarorligini ta’minlash”ga xizmat qiladi.
Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning qabul qilinishi esa hozirgi zamonda yoshlarning qonuniy manfaatlarini e’tirof etish va inobatga olish, dunyoda yosh avlodning har tomonlama shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga imkon yaratadi.
Foydalangan adabiyotlar:
1.Каримов И.А. Ўзбекистон: миллий истиқлол, иқтисод, сиёсат, мафкура. Асарлар, 1-жилд. – Т.: Ўзбекистон, 1996.
2. Каримов И.А. Юксак маънавият – енгилмас куч. – Т.: Маънавият, 2008.
3.Ўзбекистоннинг янги тарихи. Биринчи китоб. Туркистон Чор Россияси мустамлакачилиги даврида. –Т.: Шарқ, 2000. –Б. 259-318; 426-444.
4. Usmonov Q. Ozbеkiston tarixi. –T.: IQTISOD – MOLIYA,2006. –B. 231- 247.
5.Shamsutdinov R. va boshq. Vatan tarixi. (XVI – XX asr boshlari); K.2 / Mas’ul muharrirlar: O’. Mavlonov, Q. Usmonov. – T.: Sharq, 2010. – B. 278-344. 62
6.Shamsutdinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi (O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida). UChINChI KITOB. (– T.: “Sharq”, 2010.)
7.O’zbekiston tarixi. T. Yangi asr avlodi. 2003.
O`zbekiston tarixi. 3-kitob. Mustaqil O`zbekiston tarixi.T.Sharq. 2011
8. Mustaqil O'zbekiston tarixi zaif saxifalarini beradi. - Toshkent, 2000 yil.
9.Mustaqillik: Isohli ilmiy-ommabop lugat // M.Abdullaev va boshqalar: tẖtoklik ishlab chiqarish nashr. - Toshkent: Sharq, 2006 yil.
10. O'zbekistonning yangi tarixi. Loyiha rahbari va muharriri: M.A.Rahimov. – Toshkent: “Adabiyot uchqunlari”, 2018 yil.
11. Usmonov K. va boshkalar. Uzbekiston karamlik va mustakillik yillarida. T., Okituvchi, 1996 yil.
12. O'zbekiston Respublikasi: Mustaqil davlatning bunyod bulishi. T., O‘zbekiston, 1992 y
13. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. T., O‘zbekiston, 2012 yil
14. O'zbekiston tarixi. R.H.Murtazoevaning umumiy taxriri ostida. - Toshkent, 2005 yil.
15. Uzbekiston halqining dini, madaniyati va urf-odatlari: tarixi va xozirgi holat. - Toshkent: TIU, 2011 y.
16. O'zbekistonning yangi tarixi. Mustaqil O'zbekiston tarixi. T.: Shark, 2000 yil.
17. Erkaev A. O'zbekiston yo'li. – Toshkent: Ma’naviyat, 2011 yil.
Dostları ilə paylaş: |