Birinchi bosqichning asosiy namoyondalari: Frans Bopp (1791-1867) – buyuk nemis tilshunosi, Berlin un-ti professori, qiyosiy-tarixiy metod asoschisi. Asarlari: “Sanskrit tilining tuslanish sistemasi va uni grek, lotin, fors va german tillaridagi tuslanish sistemasiga qiyoslash” (1816), “Sanskrit, zend, arman, grek, lotin, eski slavyan, got va nemis tillarining qiyosiy grammatikasi” (3 tom, 1833-1852).
F.Bopp tillarning morfologiyasini qiyoslash asosida qarindoshligini isbotlashga harakat qilgan, hind-yevropa tillari atamasini olib kirgan. U yaratgan agglyutinatsiya nazariyasiga ko‘ra, so‘z o‘zartiruvchilar ilgari mustaqil qo‘llanib kelgan o‘zaklarning keyinchalik asosiy o‘zakka birikishidan, ya’ni agglyutinatsiyasidan kelib chiqadi. Masalan, shaxs-son affikslari olmosh o‘zaklaridan kelib chiqqan. Biroq u fonetikaga e’tibor qaratmadi, malay, polineziya va janubiy kavkaz tillarini ham Hind-Yevropa tillariga kiritib jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi.
Rasmus Xristian Rask(1787-1832) – daniyalik tilshunos, Asarlari: “Island tili bo‘yicha qo‘llanma” (1811), “Island tilining kelib chiqishi” (1818), “Frakiy tili haqida” (1822). Tillarni leksik jihatdan qiyosladi, germanistikaga asos soldi, slavyan tillari mustaqil tarmoq ekanligini isbotladi.
Yakob Grimm(1785-1863) – nemis tilshunosi. Asarlari: “Nemis grammatikasi ” (4 tom, 1819-1837), “Nemis tili tarixi” (1848). U german tillarining tarixiy fonetikasini yaratdi, tildagi o‘zgarish va taraqqiyotni tovushlarning o‘zgarishida ko‘rdi, jumladan, buyuk ko‘chish qonuni asosida undoshlarning siljiganini isbotlab berdi. Xalq tarixini o‘rganishda tilning taraqqiyotini asosiy deb bildi. Tilshunoslik metodologiyasiga tarixiylik tushunchasini kiritgani uchun u tarixiy grammatikaning asoschisi hisoblanadi. “Nemis tili tarixi” asarida: “Bizning tilimiz bizning tariximizdir. Xalqlar haqida suyaklar, qurollar va mozorlarga qaraganda jonliroq bo‘lgan guvoh bor. Bu - ularning tilidir. Til – inson ruhining guvohidir”, - deb yozgan edi.