II.Asosiy qism. 2.1.Sohibqiron Amir Temur ulug` zot sifatida. Ma`lumki, Sohibqiron Amir Temur qalamiga mansub "Temur tuzuklari" asari buyuk bobokalonimiz tarixini o`rganishdagi asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Ushbu asar- siz Sohibqiron va uning davri haqidagi bilimlarimiz sayoz bo`lib qolar edi. Sohibqiron bobomiz shunday degan ekanlar "Yozilgan narsa avlodlar xotirasida qilingan ishdan ham uzoqroq yashaydi". Shu hikmatning isboti o`laroq, "Temur tuzuklari" ne-ne taloto`plarni boshdan kechirib, avlodlarga etib keldi. Ma`lumotlarga ko`ra, bu asarning asl nusxasi turkiy tilda yozilgan. Ammo bizning davrimizga qadar uning fors tilidagi nusxalari saqlanib qolgan. Ushbu nodir asar o`tgan asrning 60-yillarida sharq tillarining bilimdoni Alixonto`ra Sog`uniy tomonidan o`zbekchaga mahorat bilan o`girilgan. O`sha tahlikali zamonda "Temur tuzuklari"ni xalqqa qaytarish - qilich tig`iga barmoq urishdek xatarli edi. Buning uchun chinakam temuriy jasorat va jur`at lozim edi.
Ajdodlari asli andijonlik to`ralardan bo`lgan Alixonto`ra Sog`uniy Bolosog`un shahrida, Shokirxonto`ra xonadonida 1885 yil 21 martda dunyoga kelgan. "Sog`uniy" taxallusi Bolosog`un shahri nomidan olingan.
Diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur egallagan. O`ttizinchi yillarga kelib, Sharqiy Turkistonga o`tib ketadi. U yerdagi milliy-ozodlik harakatiga boshchilik qiladi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e`lon qilinib, Sog`uniy muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylanadi. Milliy qo`shin tashabbuskori bo`ldi va unga qo`mondon etib tayinlandi. Ulkan g`alabalari evaziga Alixonto`ra Sog`uniy marshal unvoniga sazovor bo`lgan. Taqdir taqozosi ila Alixonto`ra Sog`uniyning so`nggi 30 yillik umri Toshkentda o`tdi.
Ahmad Donishning "Navodir ul-vaqoe", Darvesh Ali Changiyning "Musiqa risolasi" shuningdek, "Temur tuzuklari" kabi asarlar Sog`uniy hazratlarining tarjimasi orqali xalqimizga yetib bordi. U "Devoni Sog`uniy" she`riy to`plami, "Shifo ul-ilal" ("Xastaliklar davosi"), "Asosul islom" ("Islom asoslari"), "Turkiston qayg`usi" asarlarining ham muallifidir. Ayniqsa, islom olamida katta shuhrat qozongan "Tarixi Muhammadiy" asari orqali Sog`uniy hazratlarining nomi mangulik daftariga yozilganligi shubhasiz. Shu o`rinda ko`pchilikning diliga bir savol keladi: "Nega shu paytga qadar Alixonto`ra haqida hech narsa bilmaganmiz?" Negaki, mustabid tuzum bundan manfaatdor emasdi, millatimiz ulug`larini tan olish - ular uchun mag`lubiyatga teng edi. Buyuk Istiqlol o`z ulug`larimizni tanish va ular hayotini o`rganish imkoniyatini berdi.
O`sha qaltis zamonda "Temur tuzuklari"ni tarjima qilish hazrat Sog`uniyga nima uchun zarur bo`lgan edi? Bu haqda alloma faxr bilan shunday so`zlarni yozganlar: "Ulug` bobomiz sohibqiron Amir Temur hazratlarining "Temur tuzuklari"ni o`z merosxo`rlari - kelajak bo`g`inlarimizga asliday qilib qaytardim. Inshoalloh, bu kitob nashr qilinib, ko`pchilik xalqimizga yetib boradi va ular ongida kimlar naslidan ekanligini bildirib, shonli-sharafli Vatanining haqiqiy tarixidan bir lavha bo`lib xizmat qiladi". Hatto, yuz bergan mushkulotlar ham 80 yoshdan oshgan nuroniy zotni ahdidan qaytara olmaydi. Chunonchi mashaqqatli tarjima yakunlangan kunlarning birida kelgan mehmon qo`lyozmaga qiziqib qolib, o`qishga so`rabdi. Alixonto`ra mehmonning yuzidan o`tolmay qo`lyozmani qo`liga beribdi. Ertasi u kishi kelib, qo`lyozma yo`qolganini, parishonxotirlikda taksida qoldirib ketganini aytibdi. Hammalari Toshkentdagi barcha taksi-motor parklariga borishib, kitobga katta suyunchi belgilashibdi. Ammo qo`lyozma topilmabdi. Shundan keyin Alixonto`ra to`rt oy deganda boshqatdan tarjima qilibdi.
Xullas, 1967 yilda "Guliston" oynomasida "Temur tuzuklari"ning chop etilishi, bulutsiz osmonda chaqin chaqqandek favqulodda voqea bo`ldi. Sho`ro ma`murlari jurnalda "Temur tuzuklari"ning oxirgi qismi chop etilishiga ham toqat qilolmay, uni to`xtatib qo`yadilar.
"Tuzuklar"ning bosilishidan tug`ilgan vahimalar bosilmay turiboq, Tojikistonda chiqadigan "Sadoi Sharq" jurnalida o`zini "olim" sanovchi ikki kimsaning maqolasi bosiladi. Maqolada "Tuzuklar"ga nisbatan g`arazli va o`ta kaltafahmlarcha salbiy munosabat bildirilgan edi. Bu maqola "Guliston" jurnaliga jiddiy ayblar qo`yayotganligi sababli, jurnal xodimlari uni hazrat Sog`uniyga ko`rsatishga majbur bo`ladilar. Alloma maqolani jim tinglaydida, javobiga bir haftadan so`ng kelishlarini tayinlaydi. Aytilgan vaqtda jurnal xodimi kelib, hazrat Sog`uniy yozgan javob xatini oladi. "Oltin kitob himoyaga muhtoj emas, ammo..." deb nomlangan ushbu javob, ta`bir joiz bo`lsa, temuriy zarbaning ilmdagi aksi edi! O`n bir varaqli, keskin va fosh etuvchi javobni bitishda yuzlab noyob ilmiy manbalardan foydalanilgan edi. Javob xati ushbu bayt bilan nihoyalangan:
Tosh urib sindirsa oltin kosani,
Toshning qadri oshmagay, oltin bahosi tushmagay.
Javob xatining zalvori shunchalik ediki, uni Tojikistonning o`sha paytdagi rahbari bo`lgan Rasulovga yetkazadilar. U kishi Markaziy qo`mita byurosi nomidan "Sadoi Sharq" jurnali va har ikki tanqidchining beadab maqolasi uchun Sharof Rashidovga uzr aytgani xabari keladi.
Alixonto`ra Sog`uniy Sohibqiron Amir Temur nomini nihoyatda ulug` hurmat-ehtirom bilan tilga oladi: "... bu jahon qahramoni, islom olamining ulug` qo`mondoni, butkul turk ulusining faxrlanarlik buyuk sultoni, Qur`ondagi "Allohga va uning payg`ambari Muhammadga va ham o`zlaringdan bo`lgan podshohlarga itoat qilinglar", degan Alloh hukmicha, Turkiston va boshqa bo`ysung`an mamlakatlarga haqiqiy sha`riy va qonuniy podshoh ekanligi shak-shubhasizdir". Alixonto`ra Sog`uniy Amir Temur qo`llanmasini zo`r hurmat va ehtiros bilan tarjima qilar ekan, asarni aytib turib ko`chirtirish jarayonida Temurning hayratomuz fikr va iboralaridan ta`sirlanib, goho sukut saqlar, goho ho`ng-ho`ng yig`lashlari atrofdagilarga ta`sir qilmay qolmasdi.
Boshqa bir safar Alixonto`ra Amir Temurning o`z askarlarini Kaspiy dengizi sohilida safga tizib, u boshidan bu boshiga otliq ertadan kech peshingacha yurib o`tganini hikoya qilar ekan, Sohibqiron sarkardalari to`pida hazrat Sog`uniy ham bo`lgandek, jonli tasavvur uyg`otgan edi. Bularning barisi Sog`uniyning buyuk Sohibqiron shaxsiga bo`lgan ulkan hurmati mevalari edi.
Alixonto`ra Sog`uniy "Tuzuklar" haqida shunday yozadilar: "Amir Temur yigirma yetti poytaxtli yerni o`ziga bo`yinsundirib, shunchalik ko`p turlik tashvishlar ichida yashab turganiga qaramay, yana bu kitobni o`zi yozib, bizga esdalik qoldirmishdir". Biz esa, hazrat Sog`uniy haqida shunday yozishga burchlimiz: "Alixonto`ra Sog`uniy nuroniy keksaligiga qaramasdan, tahlikali, mustabid tuzum tazyiqlarini pisand etmasdan, o`zlarining sog`lig`i va xavfsizliklarini o`ylamay, bu kitobni tarjima qilib va yana "Tarixi Muhammadiy", "Turkiston qayg`usi" kabi bebaho kitoblarni yozib, bizga esdalik qoldirmishdir".
Istibdod davrida bu "oltin kitob"ni yuzaga chiqarish baayni temuriy jasoratni talab etardi. Bunday jasorat sohibi sifatida Alixonto`ra Sog`uniydan o`zga zotni tasavvur qilib bo`lmaganidek, hazratning buyuk xizmatini O`zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidovdan o`tkazib ta`riflash ham mushkuldir: "Alixonto`ra Sog`uniy hazratlari Amir Temurni xalqimizga tiriltirib berdilar".