I mavzu. «Ilmiy tadqiqot metodologiyasi» fanining maqsadi va vazifalari



Yüklə 254,42 Kb.
səhifə27/41
tarix21.10.2023
ölçüsü254,42 Kb.
#159308
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   41
I mavzu. «Ilmiy tadqiqot metodologiyasi» fanining maqsadi va vaz-fayllar.org

Savollar va vazifalar.
1. Har qanday tadqiqot oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad nimadan iborat?
2. Empirik tadqiqot usullari nimalarni o‘rganishga xizmat qiladi?
3. Izlanishda empirik tadqiqotni o‘rni va roli nimadan iborat?
4. Empirik va nazariy tadqiqotlar o‘rtasida qanday bog‘lanish mavjud?
5. Kuzatish usulini ta’rifi, uni izohlab ,bering.
6. Kuzatish usuliga oid qanday talablar mavjud?
7. Ijtimoiy-gumanitar fanlarda qo‘llaniladigan kuzatish usulini, uning o‘ziga xos tomonlarini izohlab bering?
8. Tadqiqot ob’ektida miqdoriy qiymatlar qayerda yoki qanday holatda hosil bo‘ladi?
9. O‘lchash nimaga asoslanadi, qanday amalga oshiriladi?
10. Me’yoriy chegara nimani bildiradi?
11. Etalon nima, standart birligi nimani bildiradi?
12. Metrologiya qanaqa fan, nima bilan shug‘ullanadi?
13. Metrologiya fanining asosiy vazifalari nimadan iborat?
14. Qanday o‘lchov shkalalari ishlab chiqilgan, ularni izohlab bering?
15. Taqqoslash usulidan foydalanilganda nimalar aniqlanadi?
16. Taqqoslash usulini tatbiq qilishda qanday qoidalarga rioya qilish kerak?
17. Predmetni tavsiflash qanday usul ekanligini izohlab bering?
18. Tavsiflash usulini qanday funksiyalari va turlari mavjud?
19. Tavsiflash usuliga oid qoidalarni izohlab bering?
20. Tadqiqotda tavsiflash usulini roli, o‘rni va ahamiyati nimadan iborat?

III. EKSPERIMENTAL TADQIQOTLAR

1. Eksperiment va uning turlari

Antik va o‘rta asr fanlari tizimida bilishning asosiy usuli idrok qilingan hodisalar ustida mulohaza yuritish va deduktiv fikrlash bo‘lgan. To‘g‘ri, o‘rta asr alximik izlanishlarda kimyoviy tajribalar o‘tkazilgan, hatto turli priborlar yaratilgan. Lekin, bilish strategiyasi amalga oshirib bo‘lmaydigan maqsadga – «falsafiy tosh» va «hayot, mangu yoshlik» eleksirini (sehrli suyuqlikni) topishga qaratilgan.


Uyg‘onish davrida birinchilardan bo‘lib F.Bekon (1561-1626) tajribaviy fanlar metodologiyasini ishlab chiqdi. Galiley esa eksperimental tabiatshunoslikka asos soldi,tadqiqot usullari xususida ayrim metodologik g‘oyalarni olg‘a surdi.
XX asrgacha olimlar (Nyuton, Faradey, Makeavell va boshqalar) nazariy xulosalar va g‘oyalarni tekshirish uchun o‘zlari oddiy predmetlardan uskunalar yasab eksperiment o‘tkazishgan.
O‘tgan asrni boshlarida olimlar tajriba priborlarini takomillashtirib, oldin ma’lum bo‘lmagan ob’ektlar olamini kashf eta boshladilar.
Fan taraqqiyoti jarayonida tadqiqotlar doirasiga shunday ob’ektlar jalb qilindiki, ular to‘g‘risida kuzatish, idrok qilish orqali axborot olish murakkablashadi, hatto mumkin bo‘lmay qoladi.
1874 yilda Dj. Stoney elektr toki manfiy zaryadlangan zarrachalar oqimi, deb faraz qildi. 1891 yilda olim bu zarrachalarni elektronlar, deb atadi. Bu ko‘rinmas zarrachalar haqidagi ilmiy farazni faktga aylantirish uchun eksperiment o‘tkazishga to‘g‘ri keldi.
Djon Tomson 1897 yilda katod, anod, elektrod va ekrandan iborat bo‘lgan pribor yasab eksperiment o‘tkazadi va elektronni kashf qildi. Lyuminissentli ekranda paydo bo‘lgan dog‘lar, ularning harakatini o‘rganib, olim elektron zaryadi va nisbiy massasini aniqladi. Shunday qilib, eksperiment orqali tadqiqotchilar ko‘rinmas mikroob’ektalar olamiga kirishdi, eksperimental uskunalarni murakkablashtirib, bu olamni o‘zlashtirish, uni inson maqsadiga bo‘ysundirishga olib keladigan atom va elektron texnologiyalar yaratish davrini ochib berdilar.
Endi «eksperiment» tushunchasini talqiniga o‘tamiz. Eksperiment lot. «experimentum» so‘zidan olingan bo‘lib, «sinov», «tajriba» ma’nolarini anglatadi. Tajriba voqelikni empirik bilish turi bo‘lib, unda bilish, tadqiqot amaliyoti va tadqiqotchining mohirligi birlashadi.
Eksperimental ilmiy yo‘nalish vujudga kelgandan keyin «eksperiment» tushunchasi yangi ma’noga ega bo‘ldi. Ya’ni, eksperimentni shunchaki sinov yoki tajriba (tadqiqot amaliyoti) emas, balki ob’ekt sun’iy sharoitga qo‘yilib, unga turli ta’sir ko‘rsatishdan kelib chiqadigan oqibatlarni o‘rganish usuli sifatida talqin qilina boshlandi.
Eksperiment eng faol empirik bilish usulini tashkil qiladi. Bu usulni qo‘llashda ob’ekt sun’iy yaratilgan sharoitga quyiladi, nazorat rejimida(ostida) bo‘lgan ta’sirlar o‘tkaziladi, sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘rganish jarayonida uning tadqiqotgacha ma’lum bo‘lmagan xossalari ochiladi, aniqlanadi.
Shunday qilib, eksperiment – bu ob’ektni sun’iy sharoitga quyib, nazorat qilinadigan ta’sirlar o‘tkazilgandan keyin sodir bo‘lgan o‘zgarish larni o‘rganish, yangi xossala va qonuniyatlarni ochish, olg‘a surilgan ilmiy faraz yoki nazariy xulosani tasdiqlash usulidir.
Eksperimentda tadqiqotchini ob’ekt bilan bog‘laydigan, yangi hodisani ochishga olib keladigan asosiy tomon asbob ( pribor), texnologik uskuna va tizimlardir (masalan, kollayder). Bu usul ilmiy tadqiqot samaradorligini keskin ko‘tarishga, foydalanish maqsadida oldindan belgilangan xossalarni qo‘lga kiritishga, tadqiqot ob’ektiga har tomonlama ta’sir ko‘rsatish qurollari va texnologiyalarini yaratishga olib keldi.
Eksperimentga xos bo‘lgan asosiy hislatlar quyidagilardan iborat: 1) ikkinchi darajali yoki halaqit beradigan omillarni sun’iy yo‘l bilan bartaraf qilib, xodisani «sof» holda o‘rganish; 2) ob’ektni sun’iy tarzda yaratilgan eksperemal (eng past yoki eng yuqori darajadagi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan) sharoitga quyib tekshirish; 3) izlanayotgan natijaga erishish uchun ob’ektga ko‘rsatiladigan ta’sirni reja asosida o‘zgartirish; 4) eksperimental jarayonni qat’iy belgilangan va qaytariladigan sharoitda ko‘p marta takrorlash.Eksperimentning manna shu hislati mikro-,makro-va mega olamlarga kirish,ularni har tomonlama o‘rganish imkoniyatini beradi.

Eksperiment tasnifi. Fan tarmoqlari, tarkibi, namoyon bo‘lishi va funksiyalariga qarab eksperiment bir qator turlarga bo‘linadi:
- tarmoqlar bo‘yicha: fizik, kimyoviy, biologik, psixologik, ijtimoiy va hokazo eksperimentlar;
- sharoitni tashkil qilish bo‘yicha: tabiiy, sun’iy eksperimentlar;
- tadqiqot maqsadiga qarab: o‘zgartiruvchi, aniqlashtiruvchi, nazorat, hal qiluvchi, xulosa yoki farazni to‘g‘riligini tekshiruvchi eksperimentlar;
- ob’ekt va tadqiqot tarkibiga qarab: sodda, murakkab eksperimentlar;
- ob’ektga ko‘rsatilayotgan ta’sirni xususiyatiga qarab: moddiy, energetik va axborotli (axborotni aylanishini tekshiruvchi )eksperimentlar;
- o‘rganilayotgan modellar turi bo‘yicha: moddiy, mushohadali va kompyuterli modellashtirilgan eksperimentlar;
- ob’ektga ko‘rsatilayotgan ta’sirlar miqyosi bo‘yicha: bir yoki ko‘p faktorli eksperimentlar;
- ob’ektni xususiyatiga qarab: matematik, texnologik, sotsiometrik eksperimentlar;
Qayd etilgan turlar barcha tipdagi eksperimentlarni qamrab olmaydi. Fan paradigmasi yoki muammolarini o‘zgarishi, yangi tadqiqot ob’ektlarini ochilishi bois yangi tipdagi eksperimentlar ishlab chiqilishi mumkin. Xususan, tabiat, jamiyat va inson faoliyatida namoyon bo‘ladigan oraliq holat, ob’ekt va strukturalarni tadqiq qilishda vr- eksperiment, ya’ni virtual eksperiment amalga oshirilmoqda. Bunday eksperimentning ilmiy ahamiyati va istiqbolini o‘rganish,samaradorligini belgilash hozirgi kunning dolzarb metodologik muammosi bo‘lib turibdi.


2. Eksperimentni rejalashtirish va tashkil qilish
XX asrni o‘rtalarida ayrim fan tarmoqlarida mehnat taqsimoti yuz berib, tadqiqotchilar 2 guruhga, nazariyotchilar va eksperimentatorlarga bo‘linib ketdi.
Yirik ilmiy markazlarda bitta nazariyotchiga 20 dan 30 gacha eksperimentatorlar to‘g‘ri keladi. Shu bois, eksperimentatorlar jamoasining samarali faoliyati ko‘p jihatdan ilmiy tadqiqot natijasi va sifatini belgilaydi. Bunday sharoitda eksperimentni o‘tkazish rejasini ishlab chiqish muhim ahamiyatni kasb etadi.
Rejada asosan quyidagi ishlar belgilanadi:
- eksperiment maqsadi va vazifalari;
- eksperimentni asoslanishi va parametrlari;
- ob’ektga o‘tkaziladigan ta’sirlar turi va ketma-ketligi;
- o‘tkaziladigan eksperimentni tavsifi;
- eksperiment natijalarini tahlil qilish metodikasi va qayta ishlash yo‘llarini asoslab berish.
Tasdiqlangan rejani bajarishga kirishishdan oldin bir qator tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish kerak:
- tekshirish kerak bo‘lgan gipoteza yoki nazariy g‘oyani eksperimentga mutanosibligini ko‘rib chiqish, miqdoriy qiymat va ko‘rsatkichlarni aniqlash;
- eksperiment dasturi va metodikasini ishlab chiqish;
- ob’ektga ko‘rsatiladigan ta’sirning usuli, vositalari va choralarini belgilab olish;
- eksperiment uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni tayyorlab qo‘yish;
- eksperiment jarayoni va natijalarini qayd qiladigan vositalar bilan ta’minlash;
- eksperiment o‘tkazadigan xodimlar faoliyatini belgilab quyish.
Eksperiment makoni statsionar, shartli statsionar (ko‘chma laboratoriya), harakatchan (stansport vositasi bilan ko‘chiriladigan laboratoriya) bo‘lishi mumkin.
Eksperimentator laboratoriyada eng mas’uliyatli ishni bajaradi, shu bois, uning faoliyatidagi aniqlik, sinchkovlik, eksperiment davomida puxtalik bilan ishlashi hal qiluvchi rolni o‘ynaydi.
Barcha kuzatish natijalari maksimal aniqlik bilan maxsus jurnalda qayd qilinadi. Agar bir statistik qatordagi qiymatlar qo‘shni qatordagi raqamlardan farq qiladigan bo‘lsa, eksperimentator bari bir ularni xatosiz qanday holatda sodir bo‘lganini ko‘rsatib yozishi lozim. Bu yo‘l qo‘yilgan chetlanish (og‘ish) sababini, birlamchi baholashning miqdoriy me’yorini qaytadan aniqlash imkoniyatini beradi.
Eksperiment samaradorligini oshiradigan texnik vositalardan biri monitoringdir. Monitoring (lot. monitor-eslatadigan, nazorat qiladigan) videonazorat yoki displeydan iborat texnik tuzilma bo‘lib, eksperimentni qanday o‘tayotganligini kuzatish imkoniyatini beradigan vositadir. Monitoring ob’ektda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni, unga ko‘rsatilayotgan ta’sir natijasini qayd qilish, nazorat ostiga olish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotni beradi.
Alohida ahamiyatni kasb etadigan narsa eksperiment metodikasidir. Unda eksperiment maqsadi, bajariladigan amallar, natijalarni tartiblash va umumlashtirish vositalari belgilanadi. Shu bilan birga, metodikada eksperiment o‘tkazish jarayonini tavsifi beriladi, eksperimentni amalga oshirishda qo‘llaniladigan vositalar, operatsiyalar izchilligi, o‘lchash uchun zarur bo‘lgan me’yoriy birliklari va matematik apparat aniqlanadi.


3. Eksperiment natijalarini tahlil qilish va baholash
Rejada belgilangan tayyorgarlik va ta’minot ishlari bajarilgandan keyin eksperiment o‘tkaziladi. Eksperimentni turi, o‘tkazish usuli, strukturasi va davom etish vaqti quyilgan maqsad, rejada qayd etilgan ssenariy bilan belgilanadi.
Agarda hal etuvchi eksperiment o‘tkaziladigan bo‘lsa, unda oldindan ishlab chiqilgan g‘oya yoki gipoteza uzil kesil isbotlanadi yoki, aksincha, tasdiqlanmasligi mumkin.
Yana bir turdagi eksperimentda noma’lum bo‘lgan xossa, doimiylik (konstanta), qiymat aniqlanadi. Bunday natijani har tomonlama tahlil qilish fanda yangilikni kashf qilishga olib keladi.
Eksperimentdan olingan ma’lumotlar o‘qish uchun qulay bo‘lgan yozuv va sxema shakllariga( tavsif, jadval, grafik, formulalar ko‘rinishiga) keltiriladi. Bu olingan natijani oldingi empirik ma’lumotlar bilan aniqroq taqqoslash va baholash imkoniyatini beradi.
Eksperiment o‘z nihoyasiga yetgandan keyin, qo‘lga kiritilgan natijalarni tekshirish va qayta ishlash zaruriyati tug‘iladi.
Eksperimentdan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash barcha raqamlarni,shu jumladan, monitoring natijalarini tartiblashtirishdan iborat bo‘lgan amalni bildiradi. Jami o‘zgaruvchan miqdorlar fizik o‘lchamlarning yagona birliklari tizimiga mos ravishda baholanishi lozim.
Eksperimentning miqdoriy ko‘rsatkichlarini qayta ishlashda 3 ta statistik me’yoriy talabga rioya qilish kerak: 1) qiymatlarni baholash aniqligi (matematik tahlil yoki umumlashmalarni izlanilayotgan parametrdan chetlanishi minimal bo‘lishi); 2) baholashlarni asoslanganligi; 3) baholashni og‘ishmasligi (ya’ni, parametrlar hisoblanganda me’yordan ortiq xatoga yo‘l qo‘ymaslik) qoidalari.
Eksperiment natijalarini tekshirish matematik o‘lchash nazariyasi asosida amalga oshiriladi.
Eksperiment qanchalik puxta va aniq o‘tkazilmasin ba’ri-bir ma’lum nuqson yoki xatolik paydo bo‘ladi, xatoliklarning miqdoriy ko‘rsatkichlari:
A) eksperiment qilinayotgan ob’ektning tarkibi;
B) ob’ekt unsurlarini o‘zgarishi tezligi, uning parametrlari;
V) ta’sir ko‘rsatayotgan omil yoki kuchning qiymati;
D) jalb etilgan texnik asboblarning takomil darajasi bilan belgilanadi.
Xatoliklarni baholash, ularga oid qiymatni chiqarish tasodif xatolar nazariyasi asosida yaratilgan matematik hisoblash metodikasi yordamida amalga oshiriladi. Xususan, zarur bo‘lgan o‘lchashlarni minimal miqdori, o‘tkazilgan o‘lchashlarni aniqligi va ishonchli bo‘lishi baholanadi, natijalarning miqdoriy jadvalida berilgan raqamlar qatori korrektirovka (to‘g‘rilash) qilinadi. Shundan keyin eksperimental ma’lumotlarni statistik qayta ishlash amalga oshiriladi, tasodif holat yoki eksperimentning nomukammal o‘lchash matodikasidan kelib chiqqan xatolar aniqlanadi, ayrimlar olib tashlanadi, olingan qiymatlar tartiblashtiriladi, tahlil qilinadi.
Korrektirovka, miqdoriy va statistik qiymatlarni aniqlash amalga oshirilgandan keyin navbatdagi bosqich natijalarini taqqoslash va qayta ishlashdan iborat bo‘ladi. Agar taqqoslash va tahlil qilish natijasida keyingi umumlashtirish uchun material tayyorlansa, unda yangi xodisani ochish, qayd qilish imkoniyatini beradigan ma’lumot hosil bo‘ladi. Oqibatda tushuntirish va anglash uchun yangi ilmiy fakt paydo bo‘ladi, yangi hodisa va qonuniyatni ochishga xizmat qiladigan empirik zamin tayyorlanadi.
Shu tarzda fanda ilmiy kashfiyot qilinadi.



Yüklə 254,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   41




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin