Ijodiyotning asosi va harakatlantiruvchi kuchi tafakkurdir. Tadqiqot olamiga qadam quygan magistrant izlanishning bunyodkori bo‘lgan tafakkur faoliyati va qonuniyatlarini yaxshi bilsa, o‘zini o‘rganish, ijod qilish potensialini boyitadi.
Tafakkur oliy ruhiy jarayon bo‘lib,bunda so‘z, obraz, tasavvur va tushunchalar harakati, ularning ma’nolarini bog‘lanishi orqali voqelik obrazi, tasviri, g‘oyasi (ongda) hosil bo‘ladi. Tafakkurda hukm, tushuncha va xulosa hosil qilish, mulohaza yuritish jarayonida fikrlash operatsiyasi (amali) sodir bo‘ladi.
Ilmiy tadqiqotda tafakkur faoliyati aqliy bilish sifatida namoyon bo‘ladi. Analiz va sintez, umumlashtirish va farqlash, mavhumlashtirish, gipotezani olg‘a surish, isbotlash, nazariya ishlab chiqish-bularni hammasi tafakkur tufayli amalga oshadigan aqliy bilishdir.
Aqliy bilish tafakkurning ratsionallik (lot.aqliy,oqilonalik) hislatini namoyon etadi. Ratsionallikning asosiy belgisi mantiq qonun qoidalariga rioya qilib fikrlash, anglash, ilmiylik normalariga asoslanib mulohaza yuritishdir. Bu qanday normalar?
Bular quyidagilardir:
1. Isbotlanganlik.
2. Mantiq qonun qoidalariga asoslanib fikrlash.
3. Asoslanganlik.
4. Tushuntirish va bashorat qilishga qobil bo‘lish.
5. Olingan natijalarni tajribada tasdiqlanishi.
6. Eksperimental ma’lumotlarga, faktlarga tayanish.
Asoslanganlik normasiga (talabiga) misol keltiraylik. Mantiqda zarur va yetarli asosni farqlaydilar. Hukmni haqiqat ekanligi asosga bog‘liq bo‘lsa, unda asos zarur hisoblanadi. Asosni borligidan boshqa hukmni haqiqat ekanligi kelib chiqadi, unda bunday asos yetarli bo‘ladi. Masalan, to‘rt burchakni kvadrat bo‘lishi uchun, uning tomonlari teng
bo‘lishi zarurdir. Lekin, bu yetarli asos emas, chunki har qanday rombning tomonlari ham teng bo‘ladi.
To‘rt burchakni kvadrat, deb hisoblash uchun qaysi belgilar yetarli asos bo‘ladi? To‘rt burchakni kvadrat deb hisoblash uchun, unda to‘g‘ri turtburchaklar va teng tomonlarni mavjud bo‘lishini aniqlash lozim, shuni qayd qilinishi zarur va yetarli asos bo‘ladi. Bu yerda biz ilmiy ratsionallik normalariga (qoida va talablariga) mos ravishda fikrlashni namoyish qildik.
Tadqiqot jarayonida olingan faktlar va ma’lumotlarni ratsionallik normalari asosida tahlil qilish va umumlashtirish yangi xulosa, g‘oya yoki tasavvurni hosil bo‘lishiga olib keladi. Izlanishda asoslash, isbot qilish, tushuntirish, yetarli asos keltirish orqali ham yangi bilimga kelish mumkin. Bu yerda ilmiy ijodiyotning ratsionallik hislatlari namoyon bo‘ladi.
Tadqiqot amaliyotida shunday vaziyatlar ham bo‘lib turadiki, ratsionallik normalari (masalan,mantiq qonun-qoidalari) nihoyatda murakkab, ziddiyatli muammolarni xal qilishda,ob’ektni yangicha tushuntiradigan g‘oyani olg‘a surishda yetarli bo‘lmay qoladi. Buni atom fizikasi tarixidan misol keltirib ko‘rsatish mumkin.
XX asrni boshlarida atom strukturasini o‘rganish boshlanganida uni o‘zi qanday shaklga ega ekanligi noma’lum edi. 1897 yilda ingliz olimi Djozef Tomson elektronni kashf etdi. Atom tarkibida elektron bor ekanmi, demak u qandaydir strukturaga ega bo‘lishi kerak. Konkret xulosaga kelish uchun esa faktlar hali yetarli emas edi. Bunday sharoitda tasavvur qilish, ong osti bilish kuchi faollashadi.
O‘zini intuitsiyasiga asoslanib, Tomson atomni olxo‘ridan pishirilgan pudingga (tovada tayyorlanadigan ovqat) o‘xshatdi. Bu mushohadali model bo‘yicha atom elektronlar singdirilgan (o‘rnashgan) va musbat zaryadlangan moddani tashkil qiladi. Mazkur mushohadali modelni ishlab chiqilishi shuni ko‘rsatadiki, aqliy (mantiqiy) bilishni kuchi yetmagan hollarda tadqiqotchilar noratsional bilish shakllaridan,ya’ni, tasavvur yoki g‘oyani bir muammoli sohadan boshqa tarmoqdagi muammoli sohaga ko‘chirish, fantaziya qilish yoki intuitsiyadan foydalanadilar.
Noratsionallikka misol keltirishni davom ettiramiz. Tomson bilan bir vaqtda tadqiqot olib borgan yapon fizigi Xanataro Nagaoka (1865-1950) atomni tuzilishini Quyosh sistemasi tuzilishiga o‘xshatdi. Bunda olim atom fizikasidan yiroqda bo‘lgan Maksvellning Saturn planetasi xalqalarining barqarorligi haqidagi ta’limotidan foydalandi. Bu astronomik ta’limotdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri atom strukturasiga oid g‘oya kelib chiqmaydi. X.Nagaoka noodatiy yondashuvni (noratsional tasavvur qilishni) amalga oshirib, atomda markaz bo‘lishi va u bilan ta’sirda bo‘lgan elektron haqidagi gipotezani intuitiv, nogohon payqash tarzida planetar tizim g‘oyasi bilan bog‘ladi.
Shunday qilib, ratsionallik aql bilan bog‘langan mantiq va ilmiylik normalariga, qoida va talablarga bo‘ysunadigan onglilikdik.
Noratsionallik esa aql nazorat qilmaydigan, mantiq, ilmiylik normalari amal qilmaydigan ruhiy holatdir, anglash jarayonidir. Noratsionallikka nogahon fahmlash, muammoni to‘satdan yechilishi, ong osti tafakkur, ijodiy tush ko‘rish, g‘oyibona (qalban) bilish va boshqalar kiradi.
Biz ikki ruhiy olamni-onglilik va noonglilik (ong osti) jabxalarini mavjudligini aniqladik. Bu ikki olam ratsional (iqliy-mantiqiy) va noratsional (nogahon, intuitiv) bilish darajalarini tashkil qiladi. Noratsional bilish, ong osti qatlamdagi jarayonlar xususiyati va mohiyati hali kam o‘rganilgan. Har ikkala jabxada kechadigan ijodiy bilish jarayonini strukturaviy modeli 1-rasmda berilgan.
Dostları ilə paylaş: |