1.O`yin Hayotining birinchi yillaridayoq bolada faoliyatning oddiy shakllarini o`zlashtirishi uchun dastlabki shart-sharoitlar tarkib topa boshlaydi. Ulardan birinchisi o`yin faoliyati hisoblanadi.
Ma'lumki, o`yin faoliyatini hayvonlarning bolalarida ham kuzatiladi. Bu - ularning turli xildagi xarxashalaridan, urishishni taqlid qilishi, uyoqdan-buyoqqa chopishi va hokazolardan iboratdir. Ba'zi bir hayvonlarning buyumlarni o`ynashlari ham kuzatiladi. Jumladan, mushukcha dumalayotgan ip koptogidan ko`zlarini uzmay qarab o`tiradi va unga tashlanadi, uni dumalatadi va hokazo. Kuchukcha topgan lattasini pol ustida sudrab yurib, titkilay boshlaydi. Hayvon bolalarining o`yin jarayonidagi qilig`ini avvalo ularning organizmidagi faollikka, jamlangan kuch-quvvatni sarflashga bo`lgan ehtiyojni qondirishi deb qarash mumkin. Ular och qolganlarida yoki kamroq oziqa berilganda, yuksak haroratli muhitning ta'siri ostida va, nihoyat, hayvonning tanasi haroratini oshirib yuboradigan yoki miyaning faolligini susaytirib qo`yadigan kimyoviy moddalar ta'siri ostida o`yinni to`xtatishlari ana shundan dalolat beradi. Agar hayvon birmuncha vaqt mabaynida o`ynaydigan sherigidan mahrum etib qo`yilsa, keyinchalik uning qo`zg`alishi va o`yin faoliyati keskin kuchayadi, ya'ni go`yo tegishli kuch-quvvat to`plangani kabi hodisa ro`y beradi. Bu hodisa «o`yinga to`ymaslik» deb ataladi.
Uyin faoliyati bilan organizmda kuch-quvvat almashinuvi o`rtasidagi bog`lanish o`yinga nisbatan maylning tug`ilishiga olib keladi. Lekin o`yin faoliyatini ro`yobga chiqaradigan fe'l-atvor shakllari qanday va qayoqdan paydo bo`ladi? Kuzatishlar shuni ko`rsatadiki, bulardan ba'zi birlari, masalan, mushukchadagi «sichqon ovlash» ishtiyoqi hayvonning tug`ma instinktiv harakatlari jumlasiga kiradi. Boshqa bir xillari esa, masalan, shimpanze bolasining katta yoshdagi maymunlar va odamlarning harakatlarini takrorlashi taqlid qilish orqali yuz beradi. Uchinchi bir xili tevarak-atrofdagi olam bilan o`zaro birgalikda harakat qilish jarayonida hayvonlarning o`zlari tomonidan topiladi. Shunday kilib, hayvon bolalari harakatlarining manbai ham xuddi katta yoshdagi hayvonlarda bo`lgani kabi turlarga xos instinktlarda, taqlid qilishda, o`rganishda mujassamlashgandir.
Shuning uchun ham hayvon bolalarining xatti-harakatlari katta yoshdagi hayvonlarning turlariga oid fe'l-atvorga o`xshamasligi mumkin emas. Lekin bu harakatlar katta yoshdagi hayvonlarda ovqatlanishga, dushmanlardan o`zini himoya qilishga, muhitda to`g`ri mo`ljal olishga, xavf-xatardan saqlanishga va shu kabilarga bo`lgan muayyan real biologik ehtiyojlarni qondirish uchun xizmat qiladi.
Hayvon bolalarida esa xuddi ana shu harakatlar shunchaki «faoliyat» o`rnida sodir bo`ladi va o`zining real biologik maqsadlaridan ajralgandir. Ular o`yin faoliyatining o`ziga xos tub xususiyati ana shunda mujassamlashgandir. Uning maqsadi o`zining yordami tufayli muvaffaq bo`linadigan, amaliy natijalarga ershiishdan emas, balki amalga oshiriladigan «faoliyat» ning o`zidan iboratdir.
Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, o`yin bolalarda ham o`z faolligini ro`yobga chiqarish shakli, hayot kechirish va faoliyat ko`rsatish shakli bo`lib xizmat qiladi. Shu tarzda u funktsional mamnunlik bilan bog`liqdir. Faollikka bo`lgan ehtiyoj uning qo`zg`atuvchisi bo`lsa, taqlid qilish va tajriba esa manbai hisoblanadi. Lekin bolaning o`yin harakatlari avval boshdanoq buyumlardan foydalanishning insoniy usullari va amaliy xulq-atvorning katta yoshdagilar bilan muloqot jarayonida va katta yoshlilar rahbarligida o`zlashtirib olinadigan insoniy shakllari zamirida rivojlana boradi. Bu hol bolalar o`yin faoliyatining printsipial jihatdan muhim xususiyatlarini belgilab beradi, uning shakllari, manbalari, mexanizmlari, funktsiyalari va natijalari hayvonlarning o`yinidan tubdan farq qilishiga olib keladi.
Bola o`z tajribasida qurol buyumlar bilan bir vaqtning o`zida boshqa turdagi buyumlar - o`yinchoqlarga duch keladi. Uyinchoqlarini ishlatishning insoniy usuli - o`yin, ya'ni ular yordamida allaqanday boshqa, haqiqiy buyumlar va harakatlarni ifoda etishdir. Katta yoshdagilar bolalarni o`yinchoqlardan ana shu tarzda foydalanishga o`rgatadi. Ular bolaga qo`g`irchoqqa suv qanday ichirilishini, uni qanday qilib tebratish kerakligini, sayr qildirishni, o`yinchoq ayiq bolasini qanday ovqatlantirishni, mashinani qanday qilib xaydash kerakligini ko`rsatishadi va hokazo.
Lekin bolada o`yinchoqqa nisbatan «haqiqiy» buyumning tasviri sifatidagi munosabatning o`zi o`yin faoliyatiga faqat so`z aralashuvi munosabati bilan hosil bo`ladi.
Kichkina bola (bir yoshdan ikki yoshga qadar) xali, masalan, tebratish, ovqatlantirish va boshka shu kabi harakatlarni qo`g`irchoqdan cho`pga ko`chira olmaydi. U tegishli buyumsiz harakatni tasvirlashni yoki bu harakatni bir buyumdan ikkinchisiga ko`chirishni uddalay olmaydi. Bunday jarayonlar u faqat nutqni egallagandagina yuz berishi mumkin. Bola payraxaga qo`g`irchoq sifatida muomala qila boshlashi uchun uni qo`g`irchog`im deb (masalan, «Katya» deb) ataydigan bo`lishi kerak.
U ovqatlantirish harakatini qo`g`irchoqdan toychaga ko`chirishi uchun unga katta yoshdagi kishilar «toychani ovqatlantir» va hokazo deb aytishi kerak. Keyinroq so`z kattalar «haqiqiy» buyumlarda kuzatadigan harakatlarni bolaning o`zi ham mustaqil ravishda o`yinchoqqa ko`chirishiga imkoniyat yaratadi.
Bola so`zning ahamiyatini amaliy harakatlar orqali yoki katta yoshdagilarning harakatlarini kuzatish natijasida o`zlashtirib olgan holda so`z bilan birgalikda bu harakatlarni o`ynaydigan buyumlariga ko`chiradi. Bu o`rinda o`yin faoliyati buyumning ahamiyatini belgilaydigan harakatlarni o`sha buyumning o`zidan ajratishdan va bu harakatlarni boshqa buyumga - o`yinchoqqa ko`chirishdan iborat bo`ladi.
O`yin faoliyati tufayli so`zning ahamiyatini buyumning tashqi ko`rinishidan amalda ajratiladi va bu mohiyat buyum ustidagi harakatlar bilan, uning kishi faoliyatidagi vazifasi bilan bog`lanadi.
Bu jarayon qanchalik chuqurlasha borgan sari so`z buyumlar bilan bsvosita bog`lanishidan holi bo`la boradi. So`zning ahamiyati tashqi harakatlarda, so`ngra esa harakat to`g`risidagi tasavvurda borgan sari kengroq ifodalana boshlaydi. Buyumlar bilan bajariladigan real harakatlarni nutq harakatlari bilan almashtirish imkoniyatlari paydo bo`ladi. To`rt-besh yoshga yetganda o`yinchoqlar bilan o`ynash choridagi real harakatlar borgan sari yo`qola boradi va nutq xarakatlarga aylana boshlaydi.
Bola qo`g`irchoqni ovqatlantirish jarayonini batafsil tasvirlash o`rniga endi qoshiqchani uning og`ziga bir martagina to`tish va «Ovqatlantiryapman... Endi bas, to`yib qolding», deyish bilan kifoyalanadi va hokazo. Uchinchi yoshning o`rtalariga borib bolada o`z harakatlarini boshqalarning harakatlariga qarshi qo`yish paydo bo`ladi, bola faoliyati va istaklarinint tashqi olamga hamda boshqa odamlarga e'tirozini ifoda etuvchi «meni» ajralib turadi.
Buyumlarga bo`lgan munosabat odamlarning buyumlarga nisbatan funktsiyalarn sifatida namoyon bo`la boshlaydi. Rolli o`yinlar paydo bo`ladi. Rolli o`yinlarda bola katta yoshdagi kishilarning o`zi kuzatgan ijtimoiy funktsiyalarini, ularning shaxs sifatidagi xulq-atvorini aynan takrorlaydi. Jumladan, ikki yashar qizcha qo`g`irchoqni ovqatlantirarkan, ovqat yedirish o`yini bilan ovora bo`lsa, to`rt yashar bola qo`g`irchoqni ovqatlantirayotganda qizini ovqatlantirayotgan ona bo`lib o`ynaydi.
Bolaning sotsial tajribasi kengaya borgan sari maishiy mavzuga oid syujetlar («ona», «tarbiyachi», «kino», «bolalar bog`chasi», «hayvonat bog`i»), ishlab chiqarishga oid syujetlar («uchuvchilar», «kosmonavtlar», «tramvay», «zavod») va so`ngra ijtimoiy-siyosiy («urush», «pionerlar» va shu kabi) syujetlar bilan boyitila boradi. Bunda o`yin mazmuni konkret harakatlarni tasvirlashdan odamlar o`rtasidagi munosabatlariki tasvirlashga tobora ko`proq ko`chiriladi.
Aslida bu o`rinda so`zlar va tevarak-atrofdagi hodisalarning mohiyatini amalda egallash jarayoni yana ham rivoj topadi. Ushbu jarayon esa o`z doirasiga inson funktsiyalari va munosabatlarining sotsial mohiyatini, ularning bola tomonidan kuzatilayotgan xulq-atvorda qay tariqa mujassamlashuvini o`z doirasiga jalb etadi. (Bugungi bolaning - radio tinglovchining, kino va televidenie tomoshabinining shu xildagi kuzatuv doirasi ham juda kengdir.)
Bola vrach bo`lib o`ynarkan, o`zini xuddi «vrach kabi» tutadi. U qalamni xuddi stetoskop singari ushlaydi, qo`g`irchoqni yotqizayotib, boshini chayqab qo`yadi va «Senga ukol qilish kerak ekan» deydi va hokazo. Uning harakatlari mazkur paytda bola ishlatayotgan buyumlar xossasi bilan emas, balki vrachning vazifalari to`g`risidaga tasavvurlar bilan boshqariladi.
Boshqacha so`zlar bilan aytganda, bolada o`z xulq-atvorini sotsial rol va unga tegishli harakatlar to`g`risidagi tasavvurlar bilan boshqarish qobiliyati shakllana boshlaydi. Rolli o`yinlarning rivojlangan bosqichiga yetganda bola boshqa bolalar bilan o`zaro hamkorlikka kirisha boshlaydi. Bolalar o`yin paytida rollarni taqsimlar va bir-biri bilan qabul qilingan rollarga mos keladigan tarzda muomala qilarkan (ona-bola, vrach-bemor tarzida) sotsial xulq-atvorni, Jamoa talablariga bo`ysundirilgan harakatlarni kelishib olishni o`zlashtirishadi.
Qoidali o`yinlar o`ynaladigan keyingi bosqichda xulq-atvorning bu belgilari yana ham rivojlana boradi. Shuni ham e'tiborga olish kerakki, endilikda harakatlar mavhum talablar yoki qoidalar bilan boshqariladi. Tevarak-atrofdagi kishilar, o`yin ishtirokchilari ana shunday qoidalarning sohiblari sifatida namoyon bo`ladilar. Faoliyatning o`zidan ko`zlangan maqsad uning sotsial jihatdan mustaxkamlangan natijasiga ko`chiriladi, ya'ni yo`tib chiqishga qaratilgan bo`ladi. Amalda ana shu o`rinda o`yindan chiqish boshlanadi.
Ijtimoiy belgilariga ko`ra o`yin bo`lib qoladigan (faoliyat hamon biron-bir foydali mahsul bermaydi) bu faoliyat psixologik tuzilishi jihatidan mehnatga (maqsad faoliyat ko`rsatishning o`zidangina emas, balki natijaga erishishdan iborat) va ta'limga (maqsad o`yinni o`zlashtirib olishdan iborat) yaqinlashadi.
Shunday qilib, o`yin bolani buyumlar va hodisalarning nutq amaliyotda mujassamlashgan mohiyatlarini o`zlashtirib olishini va ushbu mohiyatlarni ishlata bilishni mashq qildiradi. Uyin bajarilayotgan harakatlarni aynan jarayon sifatida anglanishini («jo`rttaga») rivojlantiradi, bu jarayonlarning o`zini o`zi idora qilish (qoidalar) asosida bajarilishini o`rgatadi, pirovardida esa o`zini konkret harakatlar sub'ekti sifatida idrok etishdan sotsial rolni bajaruvchi, ya'ni insoniy munosabatlar qiluvchi sub'ekt sifatida idrok etish darajasiga qadar rivojlanganligini anglab yetishiga imkoniyat yaratadi.