APPERSEPSIYa Yuqorida bayon qilinganlardan ma’lumki, odamning tajribasi, bilimi, xayol va tafakkurining faoliyati, hissiyot va diqqati, umuman odam psixikasining hamma mazmuni idrokida namoyon bo’ladi. Bu psixik hayotning idrokda aks etuvchi va idrokka ta’sir ko’rsatuvchi mazmunini appersepsiya deb ataladi.
Appersepsiyalarning nerv-fiziologik mexanizmi, aftidan, o’tmishdagi tajribadan hosil bo’lgan bog’lanishlar sistemasidan va ularning yangi hosil bo’layotgan muvaqqat bog’lanishlarga ta’sir ko’rsatishidan iborat bo’lsa kerak.
Nerv bog’lanishlarning tarkib topgan sistemasi (ya’ni dinamik stereotip) bironta bo’shroq hattoki bironta o’xshash qo’zg’ovchining ta’siri bilan ham qo’zg’almog’i mumkin. Bunda qo’zg’algan stereotipdan hosil bo’lgan natija, shu stereotipni vujudga keltirgan jami qo’zg’ovchilar ta’sir ko’rsatgandagi natijasidan sira qolishmaydi.
Ayni bir narsa yoki hodisani ayrim kishilarning idrok etishida ko’rinadigan ba’zi hususiyatlar appersepsiya bilan belgilangan bo’ladi. Bu hususiyatlar odamning tajribasi va bilimlariga bog’liq hususiyatlardir. Kishilar ayni bir narsa yoki hodisani yoshlari, ma’lumotlari, turmush tajribalari, kasblari, sinfiy chiqishlari, temperament, xarakter, qobiliyat va qiziqishlarida ko’rinadigan shaxsiy hususiyatlariga qarab, har xil idrok qiladilar.
Odamning aqlli qanchalik yetuk, muayyan sohaga oid tasavvuri, fikri, tajribasi, bilimi qanchalik boy bo’lsa, uning shu sohada idroki ham shunchalik murakkab, chuqur va sermazmun bo’ladi. Bu hususiyatlar moddiy buyumlarni idrok qilishdayoq namoyon bo’ladi. Masalan, bironta yangi mashinani tegishli ixtisosi bo’lmagan kishi tomonidan idrok qilinishi, ixtisosi bor odamning idrokiga qaraganda, mazmunan torroq, va yuzaki bo’ladi. Ayni bir obyektlarni tegishli ixtisosi bo’lmagan kishining kuzatishlariga qaraganda, olimning chuqur ilmiy kuzatishlari hiyla farq qiladi.
Ayni bir mevali bog’ni rassom, agronom va savdo xodimi har xil, ya’ni har qaysisi o’z nuqtai nazaridan e’tibor berib idrok qilishi mumkin.
Alifbe va boshlang’ich o’qish kitoblari yirik harflar bilan bosiladi, chunki endi savod chiqarayotgan kishilarda (bola va katta yoshlilarda) hali kitob o’qish tajribasi bo’lmaydi. Ko’p o’qigan, bu sohada katta tajribaga ega bo’lgan kishilar mayda harf bilan bosilgan xatni ham (masalan, gazetani) jo’ngina o’qib ketaveradilar. Bizda hosil bo’lgan tajriba va bilim tufayli, biz chala yozilgan so’zlarni, tushib qolgan xarflarni payqamasdan, xato yozilgan bo’lsa ham, baribir, to’g’ri o’qiyveramiz. Masalan, taxistoskop bilan qilingan tajribalar shuni ko’rsatadiki, «avtombrus» deb xato terilgan so’z «avtobus» yoki «avtomobil» deb, «sinoatlantirish» deb terilgan so’z «sanoatlashtirish» deb o’qiyverar ekan va hokazo.
Idrokka subyektiv mazmun berish og’zaki materialni idrok etishda ayniqsa yaqqol ko’rinadi. Masalan, «ildiz» degan so’zni botanik o’simlik ildizi, matematik kvadrat yoki kub ildizi, tish doktori tish ildizi degan ma’noda idrok qilishlari mumkin. Reaksiya degan so’zni tarixchi bir ma’noda tushunsa, ximik yoki psixolog boshqa ma’noda tushunishi mumkin. Appersepsiya badiiy asarlar tekstini, badiiy surat va rasmlarni idrok etishda ayniqsa yaqqol namoyon bo’ladi. Biz bironta suratga ko’z solganimizda to’g’ridan-to’g’ri faqat bo’yoq rang va chiziqlarniig har xil chatishuvini ko’ramiz, xolos. Bu persepsiyadir. Rasm va suratni idrok qilganimizda esa, masalan, istiqbolni, odam va hayvonlarning ish-harakatlarini biz o’tmishdagi tajribamiz, bilimlarimiz va xayolimiz faoliyati natijasida idrok qilamiz. Bu appersepsiyadir. Muzikani idrok qilishda ham xuddi shu hol yuz beradi.
Ayni bir narsa yoki hodisani ayni bir kishi turli vaziyatda turlicha idrok qilavermog’imumkin, bu hol har gal o’sha kishini kayfiyati, hissiyoti, diqqati, manfaati, maqsadi, va hokazolarga qarab ro’y beradi. Bironta murakkabroq vaziyatni idrok qilayotganimizda e’tiborimiz va manfaatimizning talabiga qarab, biz shu vaziyat tarkibiga kirgan yakka bir narsani yoki uning qismini ajrata olamiz. Masalan, o’rmonda biz uchun zarur bo’lgan bironta daraxtni hamma boshqa daraxtlardan ayrim idrok qilamiz. Muzikani eshitganimizda garmoniya ohanglaridan biz uchun tanish bo’lgan bir kuyni ajratamiz.
29-rasm Ikkilangan tasvir
29- rasmga qarasak, qora fon ustida vaza suratini yoki oq fon ustida ikki yuzning yonidan ko’rinishini (profillarni) ko’rishimiz (idrok qilishimiz) mumkin. Bu holda idrokning ikkilanishi diqqatimiz nimaga (rasmning qaysi bir tomoniga) qaratilganligi bilan belgilanadi.
Idrok jarayonida ba’zan uchrab keladigan subyektivizm ham appersepsiya natijasidir. Bu subyektivizm, masalan, vaqtni, harakatni idrok qilishda, qizg’in munozaralar borayotgan paytda bir kishining gapini idrok qilishda ko’proq uchraydi.
Shunday hollar ham uchraydiki, biron narsa yoki hodisa sezgi organlarimizga ta’sir qilib tursa ham, lekin idrok qilinmay qoladi, ya’ni ongimizning chet-chetida qolaveradi. Masalan, bir kishi muayyan bir narsaga tikilgandek ko’rinsa ham, lekin u narsaning o’zini ko’rmaydi, gapni eshitayotgandek ko’rinsa ham, lekin gap uning qulog’iga kirmaydi. Bunday holning sababi diqqatimiz (butun fikri-zikrimiz) ayni vaqtda sezgi organlarimizga ta’sir qilib turgan obyektdan boshqa obyektga chalg’ib, xayol kochganligidadir. Bunday odatda, odamlarning hayotida tez-tez uchrab turadi.
Bunday holning fiziologik sababi shundaki, obyektning (qo’zg’ovchining) analizatorlarga ta’siri birinchi signal sistemasi yo’li bilan boradi, ayni vaqtda ikkinchi signal sistemasida ilgari hosil bo’lgan bog’lanishlar tormozlanib qoladi, shu sababli, narsaning (qo’zg’ovchining) mavjudligi fahmlanmay qoladi. Appersepsiyani faqat o’tmishdagi tajriba va bilimlarni idrok mazmuniga kiritaverish deb tushunish yaramaydi.
Shunday qilib, idrok jarayonlari faqat sezgi organlarining faoliyati bo’lib qolavermaydi. Olamdagi narsa va hodisalarni odam bir butun shaxs sifatida idrok etadi va bunda shaxsga xos bo’lgan hamma sifatlar, uning ahvoli, mayl va maqsadlari, shuningdek, individual va yosh hususiyatlari namoyon bo’ladi.
Appersepsiya fazo, vaqt hamda harakatni idrok qilishda katta rol o’ynaydi. Illyuziyalar esa hiyla darajada appersepsiya natijasidir.