IDROKNING O’SIShI Bolalarda idrokning o’sishi haqida gapirar ekanmiz, idrokning ravshanligi, rasoligi, ongliligi, sermazmunliligi hamda kuzata bilish qobiliyatining o’sib borishini nazarda tutamiz.
Idrokning o’sishi sezgi organlari va analizatorlarning mukammal o’sishi bilan belgilanadi. Shu bilan birga yuqorida («Sezgilarning o’sishi» bobida 127-bet) aytib o’tilganidek, sezgi organlarining o’sishi ham idrokning o’sishi bilan juda mahkam bog’langandir.
Idrok bolaga beriladigan tarbiya ta’siri, tajriba orttirish, bilim olish tufayli, tafakkur, xayol, diqqat, hissiyot, irodaning bir-biriga ta’sir qilib birgalikda o’sishi yokiumuman shaxsning kamol topib borishi jarayonida o’sib boradi.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar idrokining o’sishi Chaqaloq uch-to’rt oylik davrida idrok qila oladigan narsalar doirasi hali juda tor bo’ladi. Bola bu chog’larda eng avval ko’z oldidagi rang-barang, ovoz chiqaradigan va harakatlanadigan narsalarni ozmi-ko’pmi ravshan idrok qila boshlaydi. Bola onasini uning ovozidan erta bila boshlaydi. Bola buyumlarni qo’liga olib, ular bilan turli harakat qila boshlagach, uning idroki mazmun jihatdan kengayib boradi. Chunki, bu vaqtda uning ko’rish va eshitish sezgilariga teri sezgisi, maza-ta’m bilish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, og’ir-yengilni bilish sezgilari qo’shiladi.
Yarim yashar bola atrofdagi narsalarni, uy ichidagilarni taniydigan bo’lib qoladi. Bu shuni ko’rsatadiki, demak, bola olti oylik bo’lganda tevarak-atrofdagi narsalarni bir-biridan ajratib idrok qila boshlaydi.
Bola u yoqdan-bu yoqqa avval emaklab, so’ngra mustaqil yura boshlagach, idrok qilinadigan narsalarning doirasi hiyla kengayib, idroki takomillashib boradi. Shu bilan bir vaqtda bolaning qo’l harakatlari taraqqiy qiladi, teri sezgisi takomillashadi. Narsalarni faqat ko’z bilan ko’rishning o’zi endi bolani qanoatlantirmaydi: bola har qanday narsalarning oldiga borib ularni ushlab ko’radi, qo’liga oladi, og’ziga eltadi, itaradi, irg’itadi va hokazo.
Bola narsalarning o’zi bilan aktiv ish-harakat qilar ekan, bunda u narsalarning turli-tuman xossalarini – ularning shaklini, katta-kichikligini, qattiq-yumshoqligini, og’ir-yengilligini yaxshiroq bilib oladi. Yurish va yugurish bilan bola masofani ham aniqlay boshlaydi. Ammo bu yoshdagi bolalar narsalarning qanchalik yiroq-yaqin turishini rosa aniqlay olmaydilar. Ko’pincha bolalar o’zlaridan yiroq turgan bir narsani olmoqchi bo’lib qo’llarini uzatadilar, yoki uzoqdagi narsani, masalan, osmondagi oyni olib berishni kattalardan suraydilar.
Bola avvallari narsalar bilan bevosita amal qilib, shu narsalarning xossalarini bilib oladi, keyinchalik shu xossalarni muskul - harakat sezgilari, maza bilish va teri sezgisi organlarining bevosita ishtirokisiz, faqat ko’rish bilan taniydigan bo’lib o’sadi. Masalan, 2–3 yashar bola olmani ko’rganida, uning hamma xossalarini: rangi, mazasi, shakli, kattaligi va boladan qanday masofada turganligini ko’zi bilan tanib bila oladi.
Bola muzikaga oid ritmni va sodda kuylarni, masalan, allani erta yoshdan idrok qila boshlaydi. Bola cholg’u ovozini yoki ashulani eshitar ekan, bunga e’tibor berib jim qoladi, tinchiydi. Ikki-uch yashar bola o’zi ham sodda kuylarni ayta oladigan bo’lib qoladi. Bularning hammasi shu kabi idroklarning yosh bolalarda paydo bo’lish, o’sib borishini isbot qiladi.
Bola ikki yoshga qadam qo’yganda narsalarni suratdagi tasviriga qarab ajrata boshlaydi. Bolaning sur’atda tasvir qilingan narsalarni, umuman, suratlarni tanish qobiliyatining o’sishiga uning xaqiqiy narsalarning o’zini ko’rishdan hosil bo’lgan tajribasi va kattalarning raxbarligi ostida tez-tez rasm va suratlar ko’rib turishi yordam beradi.
Shunday qilib, bolaning idroki yasli yoshidanoq (bir-uch yoshda) mazmunan ancha xilma-xil bo’ladi. Lekin shu bilan bir vaqtda, uning idroki hali aslo to’la takomil topmagan bo’ladi. Masalan, shu yoshdagi bolalar vaqtni yaxshi ajrata (idrok qila) olmaydilar. Ular, odatda, bironta ish-harakat yoki voqyeaning necha vaqt davom etayotganini, bu vaqtning sekin yoki tez o’tayotganligini, bironta voqyea yoki ish-xarakatning «ilgari» yoki «keyin» yuz berganini ajrata bilmaydilar. Bu yoshdagi bola idrok obrazlari ko’pincha tarqoq holda bo’lib, bir-biri bilan to’g’ri bog’lanmaydi, bu obrazlarning ma’nosiga bola tushunib yeta olmaydi, shu sababli, bu yoshda bolaning idroki yetarli darajada ongli bo’la olmaydi. Bola idrok qilar ekan, ko’pincha, narsalarning muhim alomatlariga e’tibor bermay, balki yaqqol ayrilib turadigan tamonlariga: rangi, ovozi, harakati va shakliga e’tibor beradi. Shu bilan birga yosh bolalar ko’rib turgan narsalarining arzimaydigan mayda-chuyda tomonlarini, masalan, shkafning tabaqasida salgina darz ketgan joyini, suratdagi bolaning kiyimida bir tugmasi qadab qo’yilmaganini va hokazolarni ham payqaydilarki, katta yoshli kishilar buni payqamasliklari ham mumkin.